Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IShID uyushtirgan terakt, Zalujniyning Radaga zardasi va Lukashenkoning tadorigi - kun dayjesti
Jahonda ro‘y bergan eng muhim voqealar, hodisalar va bayonotlar jamlangan kunlik yangiliklarimizni odatdagidek e’tiboringizga havola qilamiz.
Erondagi terakt
Eronning Kirmon shahrida ro‘y bergan va 100 dan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘lgan terrorchilik akti uchun «Islom davlati» terrorchilik harakati mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
«Al-Arabiya» telekanali xabariga ko‘ra, terrorchilik tashkiloti o‘zi bilan bog‘liq Telegram-kanallarda shunday bayonotni joylashtirgan.
3 yanvar kuni ro‘y bergan terrorchilik aktida ayrim manbalarda 84 kishi, boshqalarida 103 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Portlash ortida «Islom davlati» terrorchilari turganini razvedka ma’lumotlariga asoslanib avvalroq AQSh mulozimlari xabar qilgan edi.
Eron tomoni kameradagi yozuvlarni ko‘tarib, portlashlar ikki nafar xudkush tomonidan amalga oshirilganini ta’kidlagan.
Eronning Kirmon shahridagi Gulzori Shahidaiy qabristonida portlash Iroqda AQSh aviazarbasi natijasida o‘ldirilgan general Qosim Sulaymoniyning o‘limiga 4 yil to‘lishi munosabati bilan uyushtirilgan xotira yurishi chog‘ida sodir bo‘lgan. Qosim Sulaymoniy Islom inqilobi muhofizlari korpusi generali bo‘lib, Eronning tashqi siyosati mafkurachisi edi.
G‘azodagi vaziyat
AQSh senatori Berni Sanders Amerika ma’muriyatini falastinliklarni o‘ldirishda ko‘rsatilayotgan yordam uchun tanqid qildi: «AQShning Isroilga 10 mlrd dollarlik yordami Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning noinsoniy urushini moliyalashtiradi. Buni to‘xtatish kerak. Isroilning G‘azodagi harakatlari halqaro huquqqa zid», — degan Sanders.
Senator Elizabet Uorren esa Isroilning hozirgi hukumatini qoralagan: «Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning o‘ng radikal harbiy kabineti G‘azoda tinch aholini qirg‘in qilib, humanitar falokat keltirib chiqarmoqda. G‘azoni bombalashni hoziroq to‘xtatish kerak», — degan Uooren.
Isroil armiyasi tomonidan G‘azoda amalga oshirilayotgan bosqin qurbonlari 22 ming 438 kishiga yetdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bosqinning 90-kuniga kelib, qamal qilingan eksklavda o‘lganlar soni 22 ming 438 kishiga, yaradorlar esa 57 ming 614 kishiga yetgan. Vazirlikning qayd etishicha, qurbonlar va yaradorlarning 70 foizi ayollar va yosh bolalardir.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil okkupatsion qo‘shinlari 13 ta ommaviy qirg‘inni amalga oshirgan va 125 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 318 nafar tinch aholi vakillari yarador bo‘lgan.
Isroil armiyasi ham yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon bu okkupatsion armiyaning 509 askari o‘ldirilgan. 2309 nafar askarlar yarador bo‘lgan. Askarlarning 175 nafari G‘azoga yer usti operatsiyasi boshlanganidan buyon o‘ldirilgan.
HAMAS tomoni Isroil armiyasining yo‘qotishlari TsAHAL e’lon qilayotganidan bir necha barobar ko‘proq ekanini iddao qilib kelmoqda.
Isroil okkupatsion armiyasi 2023 yilning oktyabridan buyon G‘azo sektoriga umumiy og‘irligi 65 ming tonnadan ziyod bo‘lgan 45 mingta raketa va bombalarni yog‘dirgan, deyiladi G‘azo tomoni bayonotida. Unga ko‘ra, hujumlar asnosida qariyb 1 tonnalik bombalar ham ishlatilgan.
Ukrainaga yordam
AQShning 27 dekabr kuni Ukrainaga taqdim etilgan yordam paketi Kongress yangi qaror chiqargungacha so‘nggisi bo‘lib turadi, degan Oq uy milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.
Lekin AQSh Kongressining quyi palatasi Ukrainaga 61 mlrd dollarlik yordam taqdim etish masalasini ustuvor deb bilmayapti, uning o‘rniga AQShning janubiy chegaralaridagi muammolarni ko‘proq muhokama qilmoqda. Yevropa Ittifoqi yetakchilari ham dekabrda Kiyevga 50 mlrd yevro ajratish masalasi bo‘yicha kelisha olmagan edi.
Agar Kongress yangi yordam hajmini tasdiqlasa, AQSh Ukrainaga eng birinchi navbatda qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari va unga raketa hamda o‘q-dorilar yetkazib beradi.
Jon Kirbi Ukrainaga taqdim etilgan harbiy yordam mablag‘lari maqsadsiz ishlatilganiga guvoh bo‘lmaganini ta’kidlagan.
«Biz ukrainalik harbiylar tomonidan qandaydir keng miqyosdagi korrupsiya yoki suiiste’mol qilish holatlarini ko‘rmadik», — degan Kirbi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki yil ichida Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun 54 ta davlat 203 mlrd dollar sarflagan. Ukraina qurolli kuchlariga 500 dan ortiq kosmik apparatlar, jumladan 70 tacha razvedka sun’iy yo‘ldoshlaridan axborot berib turilibdi. Kiyev 20 mingdan ortiq Starlink terminallaridan foydalanmoqda.
Ukrainaga qariyb ikki yil mobaynida 1,6 ming raketa va artilleriya qurol-yarog‘lari, 200 dan ziyod zenit raketa komplekslari, 5220 ta zirhli tank qurol-yarog‘lari, 23 mingta pilotsiz parvoz qurilmalari taqdim etilgan.
Jumladan, Germaniya Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketini yubordi. Rasmiy Berlinning bu safargi yordam paketidan 10 dona Marder piyodalar jangovar zirhli mashinasi, Leopard-2 tanklari uchun o‘q-dorilar, Biber ko‘prik quruvchi mashinasi va yuk mashinalari o‘rin olgan.
Qolaversa, 10 yanvar kuni Ukraina-NATO kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Rossiyaning mamlakatga yoppa raketa zarbasidan so‘ng yig‘ilishda Ukrainaga qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari va unga o‘q-dorilar yetkazish masalasi muhokama qilinishi mumkin.
Zalujniyning Radada chiqishi
Ukraina qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni, genaral Valeriy Zalujniy harbiy safarbarlik masalasi muhokama qilinayotgan Ukraina parlamentida chiqish qildi.
Zalujniy armiya uchun to‘ldiruvchi kuchlar topilmasa, deputatlarning o‘zlariga frontga borishni taklif qilgan.
«Menga odamlar kerak. Men kim bilan urush qilaman? Jahonga murojaat qilib, odam berishni so‘raymi? Yoki o‘zlaring jang qilinglar yoki armiyani to‘ldirib qo‘yishni ta’minlanglar», — degan Zalujniy.
Oliy Rada deputati Oleksiy Goncharenkoning aytishicha, Zalujniy bilan birga parlament yig‘ilishida ishtirok etgan Ukraina Mudofaa vaziri «harbiy safarlikni kuchaytirish urushning tarkibiy qismi» ekanini ta’kidlab, «agar armiyani kuchaytirish bo‘lmasa, davlatni himoya qilish imkonsiz bo‘lib qolishi»ni ta’kidlagan.
«Menga odamlar kerak. Rossiya 400 ming odamni allaqachon armiyaga chaqirib bo‘ldi. Iyun oyigacha yana 400 ming odamni chaqirishga tayyorlanmoqda. Men kim bilan urushaman?» — degan Zalujniy.
Zalujniy Rossiya singari frontga mahbuslarning jalb etilishi taklifiga keskin qarshilik bildirgan.
«Armiya yomon insonlar uchunmi? Aslo bunday emas», degan general.
Rossiyaga yordam va sanksiyalar
Shimoliy Koreya so‘nggi haftalarda Rossiyaga yaqin masofalarga uchuvchi ballistik raketalar yetkazib bergan, deb xabar beradi The Wall Street Journal.
Rossiya KXDRda ishlab chiqarilgan KN-23 raketalaridan 29 dekabr va 2 yanvar kungi Ukrainaga yoppa raketa hujumida foydalanishga ham ulgurgan.
KN-23 500 kiloli jangovar kallakni 450 km masofaga eltishi mumkin. U Rossiyaning «Iskarder» ballistik raketasiga o‘xshaydi, lekin undan yaxshiroq xususiyatlarga ega.
Bahordan boshlab Rossiya Erondan ham ballistik raketalar xarid qilishi mumkin. O‘rta masofaga uchuvchi bu raketalardan Rossiya Ukrainaning infratuzilmasiga zarba berishda foydalanadi. Dekabr oyi o‘rtalarida Rossiya delegatsiyasi Erondagi poligonga borib, ballistik raketalar, jumladan «Abobil» raketasining parvozini tomosha qilgan.
AQSh Rossiyaning KXDR va Eron bilan harbiy-texnik hamkorligi bois yangi sanksiyalar joriy etish niyatida. Bu haqda Oq uy vakili Jon Kirbi aytib o‘tgan.
KXDR tahdidlari
Shimoliy Koreya harbiylari Janubiy Koreya tomoni 200 dan ortiq snaryad uchirgan. Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya hukumati Yonpyongdo orolidan evakuatsiyani boshlagan.
Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining bayonotiga ko‘ra, 5 yanvar kuni ertalab shimoliy koreyalik harbiylar yoppa artilleriya otishmalarini uyushtirgan. Snaryadlar Sariq dengizdagi ajratuvchi chiziq, ikki davlat o‘rtasidagi dengiz chegarasiga kelib tushgan.
Janubiy koreyalik harbiylar otishmalardan hech qanday ziyon ko‘rmagan bo‘lsa ham, KXDRning bu harakatlarini provokatsion deb atab, Pyongyangdan bunday harakatlarni to‘xtatishni talab qilgan.
KXDR bu otishmalarni Janubiy Koreya armiyasining AQSh harbiylari bilan chegara zonasida qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazishni rejalashtirgan paytda amalga oshirgan.
Lukashenkoning tadorigi
Aleksandr Lukashenko lavozimni tark etgach o‘zini sudlashlarini taqiqladi. U prezident to‘g‘risidagi qonunga yangi qo‘shimchalar qo‘shdi. Demak prezident o‘z lavozimini tark etgach:
▪️ umrbod davlat tomonidan qo‘riqlanadi;
▪️ hibsga olinishi va sudlanishi mumkin emas, uning oila a’zolari ham immunitetga ega;
▪️ uning turarjoylari va transporti ham daxlsiz;
▪️ umrbod oylik nafaqasi va tibbiy yordam ko‘rsatiladi;
▪️ u iste’foga chiqqach, davlat tomonidan berilgan ko‘chmas mulkni sovg‘a tariqasida o‘z mulki qilib oladi.
AQShdagi otishma
AQShning Perri shtatidagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada bir kishi o‘lgan, 5 kishi yaralangan. O‘qotar quroldan foydalangan shaxs o‘zini o‘zi o‘ldirgan.
Politsiyachilar maktabni ko‘zdan kechirib, qo‘lbola portlash qurilmasini ham topishgan. Portlovchi qurilma zararsizlantirilgan.
Otishmani 17 yoshli o‘quvchi Dilan Batler uyushtirgan. U pompali sochma o‘qli qurol va kichik kalibrli to‘pponcha bilan qurollangan. Uning bir o‘zi harakat qilgan.
Argentinaning talabi
Argentina Buyuk Britaniyadan Folklend orollarini qaytarishni so‘radi. Argentinada bu orollar Malvin orollari deb ataladi. Yangi hukumat orollar borasida muzokaralarni boshlashni taklif qilishgan.
Argentina Tashqi ishlar vaziri bayonotiga ko‘ra, Argentina Buyuk Britaniya Malvin orollarini «noqonuniy okkupatsiya» qilgan deb hisoblaydi. Buenos-Ayres garchi orollarning tegishliligi bo‘yicha bahslar mavjud bo‘lib turgan bo‘lsa ham, London bilan o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha «balog‘atli munosabatlar» saqlab qolishni istayotganini ham bildirgan.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025