Janubiy Koreya razvedkasi: Kim Chen In 10 yoshli qizini vorislikka tayyorlamoqda
So‘nggi vaqtlarda Kim Chen Inga hammayoqda, raketa sinovlaridan tortib harbiy paradlargacha hamrohlik qilayotgan yosh qizi, Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, «katta ehtimol bilan» uning vorisi bo‘ladi.
Shu bilan birga, Milliy razvedka xizmati (NIS) Pxenyan hamon «taxt vorisligi»ning (hozirda mamlakatni Kimlarning uchinchi avlodi boshqarmoqda) turli variantlarini ko‘rib chiqayotganini qayd etgan.
Kim Ju E ilk bor 2022 yil noyabrida otasi bilan yangi qit’alararo «Hvasong-17» ballistik raketasi sinovida jamoatchilik qarshisiga chiqqan va shundan buyon barcha muhim tadbirlarda muntazam ravishda ko‘rinish berib keladi. U 10 yosh atrofida ekani taxmin qilinadi, lekin Kimning o‘zining ham, rafiqasining ham, farzandlarining ham tug‘ilgan sanalari haqida rasmiy aniq ma’lumot yo‘q.
«Uning jamoat faoliyati va omma qarshisida paydo bo‘lganidan buyon unga ko‘rsatilayotgan hurmat darajasini tahlil qilgan holda taxmin qilish mumkinki, Kim Ju E eng ehtimoliy voris hisoblanadi, — deyilgan NIS bayonotida. — Ammo biz barcha imkoniyatlarni ko‘rib chiqishda davom etamiz, chunki Kim Chen In hali ancha yosh, uning sog‘ligida jiddiy muammo yo‘q va ko‘plab o‘zgaruvchan omillar mavjud».
Koreya Respublikasi Birlashish vaziri Kim Yon Ho ham dekabr oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Shimoliy Koreyadagi vorislik mavzusida shunga o‘xshash baho bergandi.
«Kim Chen Inning qiziga muntazam e’tibor qaratilishini Shimoliy Koreya ichkarisidagi og‘ir sharoitda hokimiyat vorisligi bo‘yicha niyatini namoyish etishga shoshilayotgani belgisi sifatida ko‘rish mumkin», — degandi u.
Tashqi kuzatuvchilar esa, mahalliy nashrlar avvaliga malika Ju Eni rasman Kimning Sevimli qizi deb atagani, endi esa uni Hurmatli deb atay boshlaganini qayd etgan. Bu mamlakatdagi eng sharafli murojaat hisoblanadi: Kim Chen Inning o‘zini ham faqat mamlakatning bo‘lajak rahbari sifatida tasdiqlanganidan keyingina «hurmatli o‘rtoq» deb atay boshlashgan.
Shimoliy koreyaliklarga tug‘ilganidan boshlab Kimlarning qonida qariyb ilohiy qon oqishi va mamlakat boshqaruvi ularga yuqoridan yuborilgani haqidagi fikr singdirib kelinadi. Shunday ekan, Kim Chen In bu an’ana davom ettirilishi va avlodining to‘rtinchi vakili ham hokimiyatga kelishiga ishonch hosil qilishni istaydi.
Hozircha esa qiz otasining izidan qolmayapti. Yaqinda, dekabr oyida ular yangi qit’alararo «Hvasong-18» ballistik raketasi sinoviga birgalikda kelishdi.
Avvalroq, noyabr oyida ular «Malligyon-1» ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi (Pxenyandagilar u Oq uyni ikir-chikirigacha fotosuratga olishga qodirligini aytishgan) orbitaga chiqarilishini birgalikda kuzatgandi.
Tahlilchilarning fikricha, Kim Chen In o‘z qizini keng jamoatchilikka bunday erta yoshda ko‘rsatish orqali hokimiyatga kelgunicha unga hamma ko‘nikishi va u o‘z yetakchilik mavqeyini mustahkamlab olishini maqsad qilgan.
Shuningdek, Kim shu yo‘l bilan Shimoliy Koreyaning patriarxal jamiyatida rahbarlik lavozimlarini egallagan ayollarga nisbatan shakllangan noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etishga umid qilayotgan bo‘lishi ham mumkin.
Mavzuga oid
22:13 / 31.10.2024
Ukraina Kim Chen Inni hibsga olish orderi bo‘yicha XJSga murojaat qiladi
21:26 / 29.10.2024
KXDR rahbari Kim Chen Inning xavfsizligi kuchaytirildi – OAV
23:22 / 17.10.2024
Shimoliy Koreyada chuchxe kalendari bekor qilindi
21:47 / 06.10.2024