Trenddagi ismlar, ekologiya inqirozi va ishdan olingan Inoyatov - hafta dayjesti
Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan eng muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.
Eng ko‘p qo‘yilayotgan ismlar
Adliya vazirligi an’anaga ko‘ra o‘tgan yili tug‘ilgan chaqaloqlarga eng ko‘p qo‘yilgan ismlar top-o‘ntaligini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Muhammadali va Soliha 2023 yilda ham eng trenddagi ismlar bo‘lgan. O‘tgan yili 24 mingdan ortiq qizaloqqa Soliha deb, 27 mingdan ortiq chaqaloqqa esa Muhammadali deb ism berilgan. Bu ismlar qatorasiga 5-6 yildan buyon top-o‘ntalikda birinchi o‘rinni egallab kelyapti.
Qizlarning ismlari orasida Yasmina ismi oxirgi ikki yilda ancha ommalashdi. 2022 yilgacha biror marta to‘p-o‘ntalikka kirmagan bu ism o‘sha yili 6-o‘rinni, 2023 yilda esa 2-o‘rinni egalladi. Qatorasiga to‘rt yil mashhurligi bo‘yicha Solihadan keyin 2-raqamli ism bo‘lib kelgan Muslima o‘tgan yili uchinchi o‘ringa tushgan. 2023 yilda eng ko‘p qo‘yilgan qiz bolalar ismi o‘ntaligidan, shuningdek, Hadicha, Imona, Shukrona, Sumayya, Ifora, Sa’diya va Mubina ismlari joy olgan.
O‘tgan yili o‘g‘il farzandli bo‘lgan ota-onalar eng ko‘p tanlagan uchta ism – Muhammadali, Mustafo va Abdulloh bo‘ldi. Yana o‘n mingdan ortiq chaqaloqqa Muhammad, Muhammadyusuf va Muhammadamin deb ism qo‘yilgan. Top-o‘ntalikdan Nurmuhammad, Muhammadjon, Imronbek va Muhammadziyo ismlari ham o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, Muhammadali ismi trendga chiqquniga qadar, o‘g‘il bolalar orasida Azizbek ismi birinchi o‘rinda bo‘lgan, lekin oxirgi to‘rt yilda bu ism o‘nlikka ham kira olgani yo‘q. 2014-2015 yilgi reytinglarda o‘g‘il bolalarga Asilbek, Umid, Ozod, Shohjahon, Sardor, Jahongir, Javohir, Ulug‘bek kabi ismlar ko‘p qo‘yilgan.
“Dok-1 Maks”: Qurbonlar soni oshgan, kamida 18 bola jarohatlangan
“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha ochilgan ikkinchi jinoyat ishi ham sudda ko‘rila boshlandi. Bu ish yo‘talga qarshi siropdan zaharlanish oqibatida bolalarning nogiron bo‘lib qolgani bilan bog‘liq. Tergov xulosasiga ko‘ra, 16 nafar bola hayot uchun xavfli darajada jiddiy jarohatlangan, 2 nafar bola yengil jarohat olgan, yana 3 nafar bola zaharlanish oqibatida vafot etgan.
Shu tariqa, jami qurbonlar soni kamida 68 nafarga yetdi. Bungacha 65 bolaning o‘limi bilan bog‘liq holatlar birinchi jinoyat ishi doirasida sud qilinayotgan edi. Endilikda bu ikkita jinoyat ishi bitta sud jarayoniga birlashtirildi. 5 yanvar kuni prokuror yana 2 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingani va sudlanuvchilar soni 23 nafarga yetganini ma’lum qildi.
Sudlanuvchi sifatida jalb etilganlar orasida Sardor Kariyevning sobiq birinchi o‘rinbosari, u ishdan olinganidan keyin bir muddat Farmagentlik direktori bo‘lib ishlagan Ulug‘bek Egamov yo‘q. U avvalroq sud majlislarida guvoh sifatida ishtirok etgan, o‘shanda Kariyevning advokatlari uni ham javobgarlikka tortishni so‘ragan va sudya bu masala ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.
SSVda yana rahbar almashdi
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ishdan olindi. Bu haqda 4 yanvar kuni bosh vazir Abdulla Aripov o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilingan. Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarish Prezident administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari birinchi o‘rinbosari Asilbek Xudoyorovning zimmasiga yuklangan. U muqaddam sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Vazir lavozimida bir yil ishlagan Amrillo Inoyatovning iste’fosi sababi haqida ochiq izohlar bo‘lmadi. U faoliyati davomida shifokorlarga va jurnalistlarga bergan ikkita maslahati bilan ko‘pchilikning yodida qoldi. Bir yil oldin farg‘onalik shifokorlar bilan uchrashuvda: “Bemorni mehr bilan davolasangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga barakasini berib ketadi”, degan bo‘lsa, keyinchalik yod preparatidan yuzlab bolalar zaharlangan, ustiga ustak vazirlik bu preparatni karrasiga qimmat narxlarda sotib olgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘lganida, jurnalistlarga “bu masalaga chuqur kirmaslik”ni tavsiya qilgan edi.
Bundan tashqari, Amrillo Inoyatov tibbiyot oliygohlarida superkontrakt tizimini bekor qila olmagani, o‘zi bir amaldorni poraxo‘r deb aytib, keyin uning lavozimini oshirgani kabi holatlar bilan ham yodda qoldi. Uning iste’fosi bilan, Sog‘liqni saqlash vazirligida 2016 yildan beri oltinchi marta rahbar almashdi.
Toshkentda ekologiya inqirozi
Oxirgi yillarda Toshkentda ro‘y berayotgan holatlarni hech qanday mubolag‘asiz, ro‘y-rost ekologik inqiroz deb atasa bo‘ladi. Havo ifloslanishi ayniqsa qish oylarida o‘ta xavfli darajaga chiqyapti. 3 yanvar kuni poytaxt havosi tarkibidagi PM2,5 zarralari miqdori me’yordan 35 barobarga oshib ketib, Toshkent havo ifloslanishi reytingida dunyo shaharlari orasida ikkinchi o‘ringacha ko‘tarildi.
Eng achinarlisi, bu holatlar takrorlanmasligi bo‘yicha biror amaliy chora ko‘rish masalasida rasmiylardan hech qanday sado chiqmayapti. Shahar hokimligi bunday paytlarda qilinishi kerak bo‘lgan eng elementar chora – odamlarga zarur tavsiyalar berishni ham o‘ziga ep ko‘rmayapti. Boshqacha aytganda, muammoni yechish tugul, uning borligini tan olish bosqichiga ham yetib kelingani yo‘q.
Kun.uz O‘zgidrometdan olgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent havosining ifloslanishiga bir nechta omillar yig‘indisi sabab bo‘lyapti. Ulardan birinchisi – yashillikning yo‘qolishi. Ikkinchi sabab – tartibsiz qurilishlar va ularda SanPin talablariga rioya etilmayotgani. Uchinchi sabab esa mashinalardan chiqayotgan zaharlar bilan bog‘liq. Shuningdek, antropogen omillar qatorida jamoat transportining rivojlanmagani, sanoat korxonalaridagi tozalovchi uskunalar eskiligi, ko‘mir va mazutdan foydalanish ko‘paygani ham poytaxt havosini halokatli darajaga olib kelyapti.
Shunday sharoitda, biror hafta yo‘qki, shaharda daraxtlar kesilmagan bo‘lsa. Yakunlanayotgan haftada ham shahrimizda yana bir daraxtzordan ayrildik. “Shahriston” metro bekati yaqinidagi yashil hududdagi daraxtlarning ayrimlari kesilib, ayrimlari noqonuniy ko‘chirib o‘tkazildi. Huquqbuzar jarimaga tortilib, unga 100 tup ko‘chat ekish majburiyati yuklatilgan bo‘lsa-da, eng asosiy aybdorlar – daraxtzor yerni tadbirkorga sotib yuborganlarga hech qaysi organ hech narsa demayapti. Yunusobod tuman hokimligi hudud kimga qarashli ekani, unda yerga egalik qilish huquqi bor-yo‘qligi haqidagi savollarimizni javobsiz qoldirdi.
Noqonuniy daraxt ko‘chirish Yunusobod tumanining boshqa bir nuqtasida ham ro‘y berdi. Yangi qurilgan “domlar” orasida qolib ketgan ulkan eman daraxti, tegishli talablarga amal qilinmagan holda, ko‘chirib ketildi. Holatga prokuratura aralashib, tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Lekin yana o‘sha savollar javobsiz: uzoq yillik azim eman daraxti turgan joyni kim auksionga chiqargan? Auksionga chiqarilishiga ekologiya organlari nega rozilik bergan?
Toshkentda moratoriyga qaramay bunday holatlar davom etayotgani sababli Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov bir oyga lavozimidan chetlashtirildi. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov uning oxirgi 2 yildagi faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazishga buyruq bergan. Shu bilan birga, boshqarmaning daraxt kesish va ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berish vakolatlari cheklanib, vaqtincha vazirlikning o‘ziga o‘tkazildi. Boshqacha aytganda, vazirlik o‘zining hududiy boshqarmasiga ishonmay qo‘ygan.
Rasmiy inflatsiya – 8,8 foiz
Statistika agentligining hisobotiga ishonadigan bo‘lsak, 2023 yilda O‘zbekistonda inflatsiya 8,8 foiz bo‘lgan. Bu – 2016 yil avgust oyidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich. Agentlikka ko‘ra, oxirgi 12 oyda oziq-ovqatlar narxi 9,7 foizga, nooziq-ovqat tovarlar 7,7 foizga, xizmatlar esa 8,7 foizga qimmatlashgan.
Asosiy iste’mol tovarlaridan mol va qo‘y go‘shti 9 foizga, guruch 39 foizga, mevalar va yong‘oqlar narxi esa 37 foizga oshgan. Un 1 foizga, kungaboqar yog‘i 18 foizga arzonlashgan. Yil davomida benzin 19 foizga, propan 29 foizga, metan narxi 22 foizga ko‘tarilgan.
Oziq-ovqat inflatsiyasi 10 foizdan past deb aytilayotgan bir paytda, osh markazlaridagi bir porsiya palov narxlaridagi o‘zgarish bundan ancha farq qiladi. Statistika agentligi kuzatuvlariga ko‘ra, 2023 yil davomida palov narxi Buxoroda 32 foizga, Qashqadaryoda 31 foizga, Namanganda 30 foizga qimmatlagan. Osh markazlaridagi narxlar Samarqandda 10 foizga, Toshkentda 13 foizga ko‘tarilgan.
Narxlar va soliqlar: Temiryo‘l, yoqilg‘i, dori-darmon va gazli ichimliklar
Hafta davomida ayrim narx o‘zgarishlari ro‘y berdi. 20 yanvardan boshlab, “Afrosiyob”, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” poyezdlarining chipta narxlari 20 foizga oshadi. Toshkent–Samarqand–Toshkent yo‘nalishida bir tomonga “Afrosiyob” chiptasi ekonom klassda 204 ming so‘m bo‘ladi. Bu narx oshishi 2024 yildan boshlab temiryo‘llarda tariflarni davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatilgani bilan bog‘liq.
1 yanvardan boshlab, shuningdek, AI-80 benzinini aksiz solig‘idan ozod etish bo‘yicha imtiyoz muddati yakunlandi. Shu munosabat bilan, “O‘zbekneftgaz”ning UNG Petro shoxobchalarida bu markadagi benzin narxi 6800 so‘m deb belgilandi. Xususiy shoxobchalarda narxlar bundan yuqoriroq. Energetika vazirligiga ko‘ra, ayni paytda xususiy shoxobchalarda AI-80 narxini 8 ming so‘mdan oshirmaslik bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilyapti. Benzin bozorida raqobatni oshirish o‘rniga, davlat nazoratining qaytishini anglatadigan bu qaror agar qabul qilinsa, hozir 7500 so‘mdan sotayotgan AYoQShlar ham narxni 8000 so‘mga chiqarishi va boshqa oqibatlarni kutish mumkin.
Shuningdek, 1 apreldan boshlab, aksiz solig‘idagi o‘zgarishlar hisobiga AI-80 benzini yana biroz qimmatlashi kutilyapti. 2024 yilgi budjet va soliq qonunchiligiga ko‘ra, 1 apreldan e’tiboran benzinning AI-80 markasi, dizel, metan va propan uchun aksiz solig‘i stavkalari 12 foizga indeksatsiya qilinadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, buning natijasida AI-80 narxi 88 so‘mga, metan narxi esa 84 so‘mga oshishi mumkin.
Shunisi e’tiborliki, deyarli barcha yoqilg‘i mahsulotlari uchun aksiz solig‘i oshsa ham, asosan o‘ziga to‘q qatlam foydalanadigan AI-91 va undan yuqori oktanli benzin uchun stavkalar o‘zgarishsiz qoladi. Vazirlik buni yuqori oktanli benzin mahsulotlari yevrostandart talablariga javob berishi, AI-80 esa ekologiyaga zarar keltirishi bilan izohladi. Lekin ekologiya uchun yuqori oktanli benzindan ko‘ra zararsizroq bo‘lgan metan uchun ham stavkalar oshayotgani rasmiylarning izohi samimiy ekaniga shubha uyg‘otadi. Ya’ni agar gap ekologiya haqida ketayotgan bo‘lsa, unda suyultirilgan va siqilgan gaz uchun ham stavkalar o‘zgarmay qolishi mantiqliroq bo‘lardi.
Soliqdagi o‘zgarishlar sabab dori vositalari va gazlangan ichimliklar narxida ham ko‘tarilish bo‘lishi mumkin. 1 yanvardan boshlab, tibbiy xizmatlar va dori vositalariga berilgan QQS imtiyozlari bekor qilindi. 1 apreldan boshlab esa, salomatlik uchun zararli mahsulotlar – shirin gazli ichimliklar va energetiklar uchun aksiz solig‘i joriy qilinadi. Soliq miqdori shirin gazli ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m, energetiklarga esa 1 litr uchun 2 ming so‘m deb belgilandi.
Bu soliqning joriy etilishi bo‘yicha turli bahs-munozaralar bo‘lyapti. Hukumat vakillari tarkibida shakar bo‘lgan gazli va energetik ichimliklar salomatlik uchun zararli ekani, bunday mahsulotlarga nisbatan aksiz solig‘i bir qator xorijiy davlatlarda ham borligi, bunday soliq kiritishni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham tavsiya qilganini aytyapti. JSST bu borada o‘tgan oyda ham bayonot chiqarib, dunyo davlatlarini shakarli ichimliklar iste’molini kamaytirish uchun ularga nisbatan soliqlarni oshirishga chaqirgan edi.
Boshqa tomondan, JSST tavsiyalarida faqat shakarli ichimliklar haqida gap ketgan. O‘zbekiston esa shakar qo‘shilmasdan, uning o‘rnini bosuvchi shirinlashtiruvchi moddalar bilan tayyorlangan, ya’ni “Zero Sugar” toifasidagi gazirovkalarni ham soliqqa tortayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, shakarli va tetiklashtiruvchi ichimliklarni doimiy iste’mol qilish nafaqat ortiqcha vaznga olib kelishi, balki agressivlik va depressiyani kuchaytirishi, qarish jarayonini tezlashtirishi, saraton va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishi bir qator tadqiqotlarda o‘z tasdig‘ini topgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Qo‘yliq ulgurji bozori yopilyapti. Toshkent shahar hokimligi buni bozorning rekonstruksiya qilinishi bilan izohladi. Tadbirkorlarga ikki yil oldin bo‘lgani kabi yana Food City va Tashkent Index'ga ko‘chib o‘tish taklif qilinyapti. Kun.uz manbalariga ko‘ra, rasmiy e’lon berilishidan oldin shahar hokimi va IIBB boshlig‘i “Food city”ga borib, eski Qo‘yliq bozorining ko‘chirilishini aytishgan. Ayni paytda bozorda buzish ishlari boshlangan. Rekonstruksiya qachon tugaydi, bu bilan qaysi kompaniya shug‘ullanadi, loyihaning qiymati qancha kabi savollarga javob berilmayapti.
Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish taqiqlangan bo‘lsa-da, ko‘plab amaldorlar haligacha biznesini davom ettiryapti. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lum qilishicha, shunday mansabdorlardan bir guruhining tadbirkorlik faoliyatiga chek qo‘yilgan. Ular orasida energetika vaziri o‘rinbosari, Farmagentlik direktori, Antidoping agentligi rahbari, Milliy PR-markazi boshlig‘i, Mirobod va Bo‘ston tumanlari hokimlari ham bor.
Skuterlarni avtoraqam va haydovchilik guvohnomasi bilan haydash talabi kuchga kirdi. 1 yanvardan e’tiboran moped, skuter va shunga o‘xshash elektr bilan harakatlanuvchi transport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va ularni boshqarish uchun “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi. Yangi qoidalarga ko‘ra, samokat va elektrosamokatlarni trotuarda 6 km/soat tezlikdan oshirmasdan haydash kerak; piyodalar yo‘lkasi bo‘lmagan holatlarda esa yo‘lning chetki qismida tezlikni 20 km/soatdan oshirmay harakatlanishga ruxsat beriladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining sobiq sudyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Davlat xavfsizlik xizmati uni aybsiz kishini javobgarlikka tortishda ayblayapti. Sudyalar oliy kengashi shunday jinoyat ishini ochilganini tasdiqladi, lekin sobiq sudya tezkor tadbir vaqtida ushlangani haqidagi xabarlarni rad etdi. Hafta davomida, shuningdek, Investitsiyalar vazirligi xodimi 10 ming dollar olayotganida ushlandi. Xabar qilinishicha, u jami 14 ming dollar evaziga fuqaroni AQShga yuborishni va’da qilgan.
Turkiyada qo‘shmachilik bilan shug‘ullangan o‘zbekistonlik ayol ushlandi. Nilufar Mirxonova turk matbuotida “Fahsh baronessasi”, “Madam Klod” deb ta’riflanyapti. U Turkiyaga Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan fohishalar olib kelib, ularni fohishaxonalarga sotish bilan shug‘ullangan. Interpol qidiruvida bo‘lgan 40 yoshli ayol Chanoqqal’a viloyatida ushlangan. Nilufar Mirxonova faoliyati orqali oyiga 1 mln liradan pul olib turgani aytilmoqda.
Mavzuga oid
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
22:40 / 19.10.2024