Jahon | 21:53 / 08.01.2024
6519
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda zo‘ravon erlar uydan vaqtincha haydab chiqarilishi mumkin 

Mamlakatda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi choralar kuchaytirilmoqda. 

Qozog‘iston Majilisi (parlament quyi palatasi) deputatlari Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda oilaviy zo‘ravonlik holatlarining oldini olish uchun «mushtumzo‘rlar»ni uydan vaqtinchalik chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi qonunni tayyorladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy politsiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Renat Zulxairov ma’lum qildi. 

Unga ko‘ra, qasddan badanga yengil shikast yetkazish va do‘pposlash uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Hozir bunday harakatlar ma’muriy huquqbuzarlik sifatida talqin qilinadi. 

«Huquqbuzarning xulq-atvoriga qo‘yiladigan maxsus talablar doirasida sudga tajovuzkorni uydan vaqtincha chiqarib yuborish huquqi beriladi. Shu bilan birga, uni ijtimoiy moslashuv markazlariga joylashtirib, o‘z harakatlari haqida o‘ylab ko‘rish uchun imkon beriladi. Shuningdek, sud tajovuzkorni sog‘liqni saqlash tashkilotlarida majburiy psixokorreksiya kurslaridan o‘tishga majburlash huquqiga ega bo‘ladi», deb tushuntirdi u. 

2024 yilda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligida oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bo‘linma tashkil etilishi, shuningdek, maishiy sohadagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olishda inqiroz markazlarini ko‘paytirish, ijtimoiy-psixologik korreksiya amaliyotini joriy etish ko‘zda tutilgan. 

2023 yilda Qozog‘iston oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlikni qonunchilik bilan kuchaytirdi. Yangi qonunchilik doirasida 50 ming murojaat ko‘rib chiqildi va materiallarning 64 foizi bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Shu bilan birga, ma’muriy qamoqqa olinganlar soni ikki baravar ko‘paydi. Sudda 27 mingdan ortiq oila yarashtirildi.

Mavzuga oid