Jahon | 20:32 / 09.01.2024
14926
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoga hujumni susaytirayotgan Isroil, Rossiyaning pulidan umidvor Ukraina va it o‘ldirib yeyishga qarshi Koreya - kun dayjesti

Dunyoda so‘nggi sutka ichida sodir bo‘lgan eng muhim va e’tiborga molik voqea-hodisalar, bayonotlar jamlangan yangiliklarimizni dayjest shaklida taqdim etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azodagi havo hujumlarini kamaytirish rejalarini e’lon qildi. Shuningdek, qo‘shinlar soni ham qisqarishi ta’kidlanmoqda.

TsAHAL G‘azo sektoridagi amaliyoti kamroq askarlardan foydalanish va havo hujumlari sonini kamaytirishdan iborat yangi bosqichga o‘ta boshladi, degan TsAHAL vakili Daniel Hagari.

Hagarining so‘zlariga ko‘ra, TsAHAL yanvar oyida G‘azo sektoridagi qo‘shinlari sonini qisqartirishni boshlagan va bu jarayon kelgusida ham davom etadi. Isroil harbiylari keng ko‘lamli manyovrlar o‘tkazishdan bir martalik reydlar o‘tkazishga o‘tgani sababli, G‘azo shimolidagi amaliyotlar intensivligi ham pasaya boshladi.

Isroilning kelajakdagi rejalari haqida gapirar ekan, TsAHAL vakili harbiylar asosiy e’tiborni HAMAS harakatining janubiy va markaziy tayanch nuqtalariga, xususan, Xon Yunus va Dayr al-Baloh atrofidagi hududlarga qaratishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Qayd etish kerak, G‘azoda Isroil tomonidan o‘ldirilganlar soni bugungi kunga kelib 23 ming kishidan oshgan. Ularning katta qismi ayollar va yosh bolalar. Minglab falastinliklar bedarak ketgan, ularning jasadi vayronalar ostidan chiqarib olinmagan. 

Isroildagi vaziyat

Iroqning «An-Najba» harakati Isroilning Hayfa portiga uyushtirilgan hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. «An-Najba» harakati vakilining so‘zlariga ko‘ra, Hayfaga hujum — iroqlik qarshi turuvchilarning bu shahardan ham uzoqroqda joylashgan joylarni nishonga ola bilishi to‘g‘risidagi signal bo‘lgan.

«Bizning maqsadimiz — AQShning mintaqadagi rejasini barbod qilish va G‘azo sektorida sionistik rejimning harakatlarini susaytirish», degan harakat vakili.

Isroil «Hizbulloh»ning yuqori martabali a’zosini yo‘q qildi. O‘ldirilgan Javod at-Tavil Livan shialarining «Hizbulloh» harakati «Rizvon kuchlari» maxsus bo‘linmasi qo‘mondonining yordamchisi edi. U isroil harbiy havo kuchlarining zarbasi natijasida o‘z avtomobilida yondirib yuborilgan. Javod at-Tavil Livanning janubida «Hizbulloh»ning operatsiyalarini boshqarishda yetakchi rolni o‘ynayotgan edi. 

Ukrainani tiklash

Rossiyaning muzlatilgan aktivlari Ukrainani qayta tiklash xarajatlarini 80 foizga qoplaydi, degan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba.

Kulebaning aytishicha, Ukraina mamlakatni qayta tiklash uchun mablag‘larni Rossiyaning muzlatilgan pullaridan olishi aniq. Dastlabki pullar Rossiya bilan urush yakunlangunga qadar kelib tushishidan umid qilmoqda.

«Bu narsa amalga oshishi 100 foiz aniq, u qanday hajmda bajarilishi masala bo‘lib turibdi. Chunki uchta element bor: o‘sha muzlatilgan aktivlarning o‘zi, ulardan daromadlar va daromadlardan soliqlar. Muzlatilgan aktivlar qayta tiklashga mablag‘ ehtiyojlarining 80 foizini qoplashga yetadi. Biz maktablar, kasalxonalar, infratuzilmani ularni vayron qilgan mamlakat hisobiga qayta qurib olamiz», — degan Kuleba. 

AQShning Ukrainaga yordami

AQSh kongressi Kiyevga yordam ajratilishi uchun prezident Jo Baydendan Ukrainadagi urush qanday yakunlanishini tasvirlab berishni talab qilmoqda.

Prezident administratsiyasi Ukraina bo‘yicha aniq strategiyani shakllantirishi kerak, degan AQSh Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson.

«Ukrainadagi final qanaqa bo‘ladi? Bizning strategiyasi qanday? Maqsadimiz nima? Soliq to‘lovchilarning qimmatbaho dollarlari ustidan kerakli nazoratni qanday o‘rnatamiz?» — degan Jonson CBS News telekanaliga.

Uning eslatishicha, AQShning davlat qarzi 34 trln dollarga yetgan va Ukrainaga pul ajratish uchun Vashington yana qarz olishiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli Kiyevga yordam «ratsional tarzda» taqdim etilishi kerak. 

Rossiyaning urushdagi yutug‘i

Rossiyaning radioelektron kurash tizimlari Ukrainaning HIMARS raketalari va yuqori aniqlikdagi Exalibur raketalarini yo‘ldan adashtirishni o‘rganib olgan, deb yozadi Financial Times nashri.

Qayd etilishicha, Rossiya radioelektron kurash tizimlari bu borada Ukrainanikidan katta ustunlikka ega.

«Moskva radioelektron kurash tizimlaridan raketalar otilganini imitatsiya qilib, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlarini chalg‘itish va ularning joylashgan o‘rnini aniqlab olishda ham foydalanmoqda», — degan Ukraina bosh shtabi vakili Pavlenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari ayni damda Rossiya tomonidan dronlarning ommaviy ishlatilishi tufayli ham katta muammolarga duchor bo‘lmoqda. 

Finlandiya-Rossiya chegarasi

Finlandiya vazirlar mahkamasi shu hafta ichida Rossiya bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish masalasini ko‘rib chiqishi kerak edi. Lekin chegaralarni yopiqligicha qoldiraverish ehtimoli katta bo‘lib turibdi, deb yozadi Helsingin Sanomat gazetasi.

Nashrning aniqlik kiritishicha, hukumatga jamoatchilik katta bosim o‘tkazmoqda. Dekabr oyida aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, finlarning juda katta qismi Rossiya bilan chegaralar umuman ochilmasligini qo‘llab-quvvatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya tomoni Yaqin Sharq va Afrikadan migrantlarni olib kelib, Finlandiya chegarasiga tashlab, sun’iy migratsion krizis yaratgani sababli Finlandiya hukumati chegaradagi 9 ta nazorat o‘tkazish punktini 15 yanvargacha vaqtinchalik yopish to‘g‘risida qaror chiqargan edi. 

Arman-Ozarboyjon sulhi

Armaniston Ozarboyjonning sulh tuzish to‘g‘risidagi taklifiga javob bergan. Rasmiy Yerevan Bokuning sulh shartnomasi bo‘yicha takliflariga javob bergan.

Armaniston Xavfsizlik Kengashi kotibi Armen Grigoryanning bayonotiga ko‘ra, yanvar oyining oxirida chegaralarni delimitatsiya qilish uchun komissiyalarning yangi uchrashuvi ham o‘tkaziladi.

«Sulh shartnomasi bo‘yicha ijobiy dinamika bor, biroq ayrim masalalar ham borki, ular bo‘yicha yaqin orada siljish bo‘lishidan umidvormiz. Qisqa fursatlarda sulh shartnomasini yakunlab, imzolanishidan umid qilib turibmiz», — degan Grigoryan. 

Venesuela-Gayana mojarosi

Janubiy Amerikada yana bir qaynoq nuqta paydo bo‘lish xavfi hamon chekingani yo‘q. Gayana mojarosi yana avj olishi mumkin.

Venesuela rahbari Nikolas Maduro Venesuelaning Gayana bilan bahsli hududlariga tarixiy huquqini tasdiqladi.

Maduro mamlakat parlamenti — Milliy assambleya tomonidan ikkinchi o‘qishda Gayana-Essakiboni Venesuelaning 24-shtati deb qabul qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni ham ma’qulladi. 

Texasdagi portlash

AQShning Texas shtatidagi Fort-Uert shahridagi Sandman Signature hotelida yuz bergan portlash oqibatida kamida 21 kishi jabrlangan, deb xabar beradi Fox News.

Telekanalning xabar berishicha, bir kishining ahvoli o‘ta og‘ir, to‘rt kishi jiddiy jabrlangan, lekin ularning hayotiga hech narsa xavf solmayapti. Qolganlar yengil jarohat olgan. O‘lganlar yo‘q.

Voqea sodir bo‘lgan joyda ishlayotgan o‘t o‘chiruvchilar hotelda gaz portlaganini ta’kidlagan. 

Turkiyaning ilk fazogiri

Turkiyalik kosmonavtning koinotga ilk parvozi sanasi ma’lum bo‘ldi.

Turkiyaning sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fotih Kachirning ma’lum qilishicha, ilk turk fazogiri Alper Gezeravchi 2024 yilning 18 yanvar kuni kosmosga uchadi.

Alper Gezeravchi ispan, italyan va shved kosmonavtlari bilan birga uchadi. AX-3 missiyasi xalqaro kosmik stansiyaga AQShning Florida shtatidagi Kennedi kosmik markazida SpaceX Falcon 9 raketasida uchuvchi SpaceX Dragon kosmik kemasida parvoz qiladi. 

Janubiy Koreyada go‘shtini yeyish uchun it yetishtirish va uni o‘ldirish taqiqlanmoqda

Mamlakat parlamenti tegishli qonunni qabul qildi. Qonun loyihasi qariyb bir ovozdan qabul qilindi. 208 nafar deputat yoqlab ovoz berdi, faqat ikki kishi o‘ylanib qoldi. Endi hujjatni prezidenti Yun Suk Yol imzolashi kerak.

Qonunga ko‘ra, itni yeyish uchun o‘ldirgan insonga uch yilgacha qamoq jazosi va 30 mln von (23 ming dollarga yaqin) jarima solinishi mumkin.

Itlarni so‘yish uchun boqayotganlarga ham jarima va qamoq jazosi beriladi. Faqat it go‘shtini iste’mol qilganlik uchun qonunda jazo nazarda tutilmagan.

Fermalar va restoranlar eshak va it go‘shtini sotish bilan shug‘ullanuvchi industriya bilan bog‘liq biznes egalariga biznesini yopish yoki faoliyatini o‘zgartirish uchun uch yil vaqt beriladigan bo‘ldi.

Mavzuga oid