Jamiyat | 19:03 / 10.01.2024
12748
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sirtdan qamalgan Niyetbay Urazbayev Qozog‘istonda vafot etdi

Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Niyetbay Urazbayev Olmaotada vafot etdi. U Nukus voqealari bo‘yicha O‘zbekistonda sirtdan qamalgandi.

Foto: Bureau.kz

Qozog‘istonning Mang‘istau oblastidagi qoraqalpoq diasporasi rahbari Niyetbay Urazbayev 9 yanvar kuni 54 yoshida Olmaotadagi kasalxonada yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar tarqatgan.

Niyetbay Urazbayev 1969 yilda Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida tug‘ilgan. U 2004 yildan Qozog‘istonda yashab kelgan, Mang‘istau oblasti «Allayar joli» qoraqalpoq etnik-madaniy birlashmasi raisi bo‘lgan, 2017 yilda O‘zbekiston fuqaroligidan chiqib, Qozog‘iston fuqaroligini olgan.

O‘zbekiston 2022 yil oktyabrida unga konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgani uchun davlatlararo qidiruv e’lon qilgan.

Urazbayevga 2023 yil 10 may kuni Qoraqalpog‘iston sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2022 yil iyulidagi Nukus voqealari bo‘yicha jinoiy ishda ayblov e’lon qilingan va keyinroq sirtdan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Mavzuga oid