Jahon | 13:57 / 12.01.2024
6404
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina uchun millionta snaryad: YeI muammoni ma’lum qildi

Yevrokomissiya Ukrainaga snaryadlarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammo ishlab chiqarish quvvatida emas, deb ishontirmoqda, u o‘z vaqtida milliontaga yetkaziladi. «Hammasi YeIga a’zo davlatlarga bog‘liq», deydi Bryusseldagilar.

Foto: Picture Alliance

Yevropa Ittifoqi bahorgacha artilleriya snaryadlari ishlab chiqarishni bir millionga yetkazishga qodir, biroq bu snaryadlarning qanchasi Ukrainaga uzatilishi unga a’zo mamlakatlarga bog‘liq. Bu haqda Yevrokomissiya rasmiy vakillari 11 yanvar, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

«Yevropa komissari (Terri Breton) ta’kidlagan narsa bo‘yicha bizning ishonchimiz komilki, Yevropa Ittifoqi mudofaa sanoati ishlab chiqarish quvvati yiliga bir million snaryadni tashkil etadi. Bretonning bayonoti shu asosda berildi», - deya DW'ning savoliga Yevropa komissiyasining ichki bozor masalalari bo‘yicha vakili Yoxanna Bernsel javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevni bir yil ichida million snaryad bilan ta’minlash siyosiy qaror bo‘lib, uni amalga oshirish Yevropa Ittifoqi a’zolariga bog‘liq.

Bu maqsad YeIga a’zo davlatlar tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan, deb eslatdi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati vakili Peter Stano. «Hamma narsa a’zo davlatlarga bog‘liq, chunki ular snaryadlarni topshiradi va korxonalarga buyurtma beradi», - deya ta’kidladi u hamda Rossiya havo hujumlari va davom etayotgan urush tufayli Ukrainaning o‘q-dorilarga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotganidan xabardor ekanligini qo‘shimcha qildi. «Ammo kompaniyalar - tijorat korxonalari, va ularga buyurtma kerak. Shuning uchun biz qo‘shma xaridlarga ko‘p kuch sarflaymiz. O‘q-dorilarni Yevropa Ittifoqi emas, balki a’zo davlatlar ta’minlaydi», - dedi Stano.

Ukrainaga va’da qilingan narsaning faqat uchdan bir qismi berildi

Yevrokomissiyada Ukraina qurolli kuchlariga yetkazib berilgan snaryadlar soni haqida so‘nggi ma’lumotlar yo‘q. Dekabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainaga Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan mavjud zaxiralardan va buyurtmalarni qayta taqsimlash orqali 300 mingdan ortiq «yer-yer» sinfidagi o‘q-dorilar va 3300 ta raketa yetkazib berilgan. Stanoning so‘zlariga ko‘ra, hozirda qo‘shimcha yetkazib berishlar amalga oshirilmoqda va 20 dan ortiq hadli shartnomalar tuzilgan. Dekabr oyining oxiriga kelib, shartnomalar kamida 180 000 o‘q-dorilarni yetkazib berishni nazarda tutgan, ammo ular hali Kiyevga o‘tkazilmadi. Bu raqamlar har hafta biroz ortib boradi, dedi u.

Agar faqat Yevropa Ittifoqi mudofaa sanoatining ishlab chiqarish quvvatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, minomyot snaryadlari bo‘yicha u allaqachon yiliga bir milliondan oshgan, artilleriya bo‘yicha esa bahorgacha bu ko‘rsatkichga yetadi, dedi Bernsel.

YeI bir yil oldin Ukrainaga bir million snaryad va’da qilgan

9 yanvar kuni Yevropaning ichki bozor bo‘yicha komissari Terri Breton Ukrainaga 2024 yil bahorida 1 million artilleriya snaryadlarini yetkazib berish «mutlaqo real» ekanligini va Yevropa Ittifoqi «bu va’daga sodiq qolishini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu maqsadga erishish uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari uchinchi davlatlarga qurol eksportini kamaytirishi, shuningdek, milliy hukumatlar ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun mudofaa kompaniyalariga bosim o‘tkazishini ta’minlashi kerak. Breton, shuningdek, Yevropa Ittifoqi o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga va bir yarim-ikki yil ichida bu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya bilan tenglashishga qodirligini bildirdi.

2023 yil martida Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 12 oy ichida 1 million artilleriya snaryadini yetkazib berishni va’da qilgan edi. Biroq o‘tgan yilning noyabr oyida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va’da qilingan o‘q-dorilarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qiyinchiliklar borligini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid