Yuristlaridan faxrlangan JAR prezidenti, Tayvan saylovi yakunlari va Ukraina urib tushirgan samolyotlar - kun dayjesti
Jahonda ro‘y bergan voqea-hodisalar, bayonotlar tafsilotlari va e’tiborga molik voqealarni odatdagidek kundalik dayjestimizda taqdim etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning G‘azoga nisbatan agressiyasi qurbonlari qariyb 24 mingga yetgan. Qurbon bo‘lganlarning aniq soni 23 ming 968 nafarga, yaradorlar esa 60 ming 582 nafarga yetgan. Bu haqda G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy vakili Ashraf al-Qudrat ma’lum qilgan.
So‘nggi tun davomida Isroil armiyasining hujumlari oqibatida 100 dan ziyod falastinliklar nobud bo‘lgan.
G‘azoda o‘ldirilgan Isroil askarlari soni esa 522 nafarga yetgan. Bu Isroil tomoni tan olgan rasmiy ma’lumot. HAMAS tomoniga ko‘ra, yo‘q qilingan isroillik askarlarning soni aslida 10 barobarga ko‘proq.
Vashington ma’muriyati Isroil tomonidan G‘azo sektorida harbiy harakatlar intensivligini pasaytirish vaqti yetdi deb hisoblamoqda.
AQSh buni Isroil rasmiylari bilan muhokama qilmoqda, deya xabar bergan SBS telekanali Oq uy milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbiga asoslanib.
Bayden va uning yordamchilari Netanyahu Amerika tomonining G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha tavsiyalariga rioya qilmayotganidan tobora norozi bo‘lishmoqda, deb xabar beradi Axios portali.
Portal manbalaridan birining xabar berishicha, AQSh ma’muriyatidagilar prezident Baydenning sabri tugab borayotgani, Vashingtonning «hafsalasi pir bo‘lgani»ni aytishgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu toki Isroil G‘azoning Misr bilan chegarasini nazoratga olmas ekan, anklavda urush tugamasligini ta’kidladi.
«Biz bu tuynukni yopmasdan urushni tugatmaymiz. Yo‘qsa biz HAMASni yo‘q qilib, G‘azoni qurolsizlantirsak ham, bu tuynukdan boshqa jangchilar o‘taveradi, yangi harbiy texnika, qurollar ham yetkaziladi. Shuning uchun biz uni yopishimiz kerak», — degan Netanyahu.
Isroilga qarshi sud
Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa o‘z mamlakati yuristlari G‘azo sektorida genotsid amalga oshirganlikda ayblanayotgan Isroilga qarshi xalqaro sudda qanday ishlashayotganidan mamnunligini bildirgan.
«Bizning advokatlarimiz Haagada ishni himoya qilishganda, men vatanimizning o‘g‘loni Ronald Lamolani ko‘rganimda, bu qadar faxrni hech qachon his qilmaganimni tushundim», — degan Ramafosa.
Ramafosaning qayd etishicha, uning mamlakati Haaga sudida ishni olib borish uchun juda kuchli yuristlar jamoasini shakllantirgan.
«Ayrim odamlar biz bosgan qadamlar xavfli ekanini aytishmoqda. Go‘yoki biz kichik davlatmiz, iqtisodiyotimiz ham katta emas. Ular bizga qayta hujum qilishlari mumkin ekan. Lekin biz o‘z prinsiplarimizdan qaytmaymiz. Bizni demokryatimiz otasi o‘rgatganidek, toki Falastin xalqi ozod bo‘lmas ekan, biz haqiqatan ham erkin bo‘la olmaymiz», — degan Ramafosa.
Yamanga hujum
AQSh va Buyuk Britaniya Yamanning Al-Hudayda viloyatida joylashgan husiychilarning obektiga bittadan hujum uyushtirishdi, deb xabar bergan Sky News Arabia husiychilarning bayonotiga asoslanib.
Bu orada AQSh husiychilarga zarbalar borasida ma’lumotlarni sizdirgani uchun Britaniyadan g‘azablangan. Bu haqda The Daily Telegraph gazetasi yozmoqda.
Nashrning qayd etishicha, 11 yanvar kuni kechasi The Times nashri Qirolli vazirlar mahkamasining shoshilinch yig‘ilishi o‘tkazilgani, unda bosh vazir Rishi Sunak Britaniya kuchlari AQShning husiychilarga qarshi operatsiyasida ishtirok etishiga rozilik bergani e’lon qilingan. Amerika harbiy idorasidagilar britaniyalik hamkasblariga bu ma’lumot sizdirilganidan norozilik bildirishgan. Chunki barcha ma’lumotlar qiruvchi samolyotlar zarba berib bo‘lganidan so‘ng ochiqlanishi nazarda tutilgan bo‘lgan.
The Daily Telegraph’ning qayd etishicha, London ma’lumotni sizdirgan insonni faol qidirmoqda.
Bu orada AQSh o‘zining esminets kemasi Qizil dengizda husiychilar zarbasiga duchor bo‘lganini xabar qildi. Biroq Amerikaga tegishli qiruvchi samolyot Yaman hududidan turib «Ansorulloh» tomonidan uchirilgan raketani urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.
Ukrainadagi urush
Ukraina qurolli kuchlari tomonidan kassetali o‘q-doridan foydalanish samaradorligi pasayib bormoqda, deb yozmoqda The New York Times gazetasi.
O‘z nomini oshkor etmagan Ukraina vzvodi qo‘mondonining aytishicha, avval AQShdan jo‘natilgan kassetali snaryadlardan «Rossiya qo‘shinlarining yirik guruhlariga zarba berish» uchun foydalanilgan, biroq endi janglarda ancha kichik bo‘linmalar ishtirok etmoqda. Qayd etilishicha, Rossiya qo‘shinlariga samarali zarba berishda ular tomondan qazilgan chuqur transheyalar xalaqit bermoqda.
Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi Azov dengizi uzra Rossiyaning A-50 razvedkachi samolyotini urib tushirgani va havo qo‘mondonligi olib boruvchi Il-22 samolyotiga zarba berib zarar yetkazganini ta’kidlashmoqda.
Biroq bu ma’lumotlarni Rossiya tomoni tasdiqlagani yo‘q. Faqat harbiy pabliklarda Il-22 samolyoti pilotlarining zudlik bilan Anapaga avariyaviy qo‘nish to‘g‘risidagi so‘zlashmalari audiosi tarqatildi. Keyinroq Anapaga avariyaviy qo‘nish amalga oshirgan Il-22 ning jiddiy ziyon yetkazilgan fotolari tarqaldi.
Rossiyalik urush targ‘ibotchisi bo‘lgan Telegram-kanallar A-50 va Il-22 samolyotlariga ruslarning Qrim ko‘prigini qo‘riqlayotgan havo hujumidan mudofaa tizimlari adashib zarba bergan bo‘lishi mumkinligi haqida yozishdi.
Tayvandagi saylov
Tayvan orolida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi va unda Lai Ching-te g‘alaba qozondi. U hudud mustaqilligi tarafdori bo‘lib, saylovchilarning 40,3 ovozini to‘plagan.
Ikkinchi o‘rindagi, Pekin bilan munosabatlarni normallashtirishni yoqlovchi muxolifatdagi Gomindan partiyasi vakili Hou Yu-ih 33,4 foiz ovoz to‘plagan.
Pekindagilar bu ovoz berish jarayonini «urush va tinchlik, farovonlik va tanazzul» o‘rtasidagi tanlov deb atagan va tayvanliklarni «dengiz bo‘g‘ozining ikki tomonidagi munosabatlar chorrahasida to‘g‘ri tanlov qilish»ga chaqirgan.
Tayvan 1949 yildan buyon o‘zining mustaqil ma’muriyati tomonidan boshqariladi.
Pekin «Bir Xitoy pritsipi»ga amal qilishni talab qilib keladi. XXR fikricha, bir vaqtning o‘zida ham Xitoy xalq respublikasi va Tayvandagi Xitoy respublikasini tan olish mumkin emas. Biroq barcha yirik davlatlarda Taybeyning norasmiy madaniy va iqtisodiy vakolatxonalari ochilgan.
Tayvan masalasi o‘tgan yilning noyabrida San-Fransisko shahrida AQSh prezidenti Jo Bayden va XXR raisi Si Jinping o‘rtasidagi muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘lgan. Shu kunlarda Jo Bayden AQSh Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamasligini ham ta’kidlagan.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang I esa Tayvan Xitoyning bo‘linmas qismi ekani, u hech qachon alohida davlat bo‘la olmasligi va orol, albatta, Xitoy tarkibiga qaytishini ta’kidlagan.
Yangi epidemiya xavfi
Har yili o‘tkaziladigan Davos iqtisodiy forumida qirg‘in keltirishi bo‘yicha COVID-19 dan 20 barobar og‘ir o‘tuvchi kasallik muhokama qilinadi.
«Koronavirus pandemiyasidagidan 20 barobar ko‘proq o‘lim olib keluvchi «X kasalligi» xususidagi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi ogohlantirishlarini hisobga olib, sog‘liqni saqlash tizimini bo‘lajak ko‘plab xavf-xatarlarga qarshi tayyorlash uchun qanday sa’y-harakatlar amalga oshirilishi kerak», — deyiladi forum saytida.
Qayd etilishicha, bu boradagi muhokamalar 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. So‘zga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus, Braziliya sog‘liqni saqlash vaziri Niziya Trinidadi, Astrazeneca farmatsevtika kompaniyasi boshqaruvi raisi Mishel Demare va boshqa ekspertlar chiqishi kutilmoqda.
Islandiyada otilgan vulqon
Islandiyada butun bir shaharcha yonib ketishi mumkin. Orolning janubidagi Reykyanes yarimorolida joylashgan, aholisi asosan baliqchilik bilan kun ko‘radigan Grindavik shaharchasi yaqinida ikki hafta muqaddam otila boshlagan vulqon kuchayib, qaynoq lavalar shahar ko‘chalarigacha bostirib kelmoqda.
Vulqon otilishidan avval 200 ga yaqin kichik zilzilalar ham ro‘y bergan.
Hozir shahardagi binolar va uylar yonmoqda. Tabiiy ofat natijasida hech kim jabrlanmagan, chunki shahar aholisi vulqon otilishi xavfi tufayli oldinroq evakuatsiya qilingan.
Mavzuga oid
13:47 / 11.11.2024
G‘azo shimolidagi so‘nggi shifoxona, Yamanga aviahujum va jinoyatini tan olgan Netanyahu - kun dayjesti
14:13 / 09.11.2024
G‘azodagi harbiy jinoyatlar, NATOdan Ukrainaga yangi yordam va G‘arbni ochko‘zlikda ayblagan Putin - kun dayjesti
15:34 / 08.11.2024
G‘azodagi kasalxonalarga hujum, husiychilarning ogohlantirishi va Trampdan umid qilayotgan Gurjiston - kun dayjesti
13:12 / 07.11.2024