O‘zbekiston | 18:31 / 16.01.2024
19559
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokurorda yangi o‘rinbosar paydo bo‘ldi

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytirilmoqda. Departament rahbari Shamsiddin Sohibnazarov endi bir vaqtning o‘zida Bosh prokuror o‘rinbosari hisoblanadi.

Foto: Bosh prokuratura

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga asosan adliya katta maslahatchisi Shamsiddin Sharafidinovich Sohibnazarov Bosh prokuror o‘rinbosari - Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shamsiddin Sohibnazarov 2023 yil oktyabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Bundan oldinroq prezident raisligidagi videoselektorda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytirilishi, departament chuqur tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va o‘zi tergov qiladigan idoraga aylanishi, uning rahbari bir vaqtning o‘zida Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lishi ma’lum qilingandi.

Bundan tashqari, departamentga eng zamonaviy axborot tizimlari va maxsus vositalar olib beriladi, ushbu organda ishlash uchun iqtisodiy sohalar va xorijiy tillarni mukammal biladigan mutaxassislar tanlab olinadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshevning o‘rinbosarlari soni sakkiz nafarga yetdi. Bungacha ushbu lavozimda Bahriddin Valiyev (birinchi o‘rinbosar), Salom Samadov, Shohrux Aminov, Svetlana Ortiqova, Botir Qudratxo‘jayev, Sherzod To‘xtaboyev hamda Jahongir Xatamov ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid