Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dubayga vizasiz rejim, “e’zozlangan” rus blogeri va sotiladigan “Paxtakor” - hafta dayjesti
O‘zbekistonliklar BAAga viza olmasdan borishi mumkin bo‘ladi. Endi avtomobilni sotish uchun notariusga borish shart emas. Hokimlik Toshkent havosini yaxshilash bo‘yicha “ilmiy asoslangan” va “keskin” choralarni va’da qildi. Prezident agar konvertatsiyani davom ettiramiz desak, eksportni oshirish kerakligini aytdi. O‘tgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
BAAga sayohat qilish taxminan 80 dollarga arzonlashadi
O‘zbekiston fuqarolari viza olmasdan borishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 29 taga yetmoqda. 2024 yil 16 fevraldan boshlab, Birlashgan Arab Amirliklari o‘zbekistonliklar uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etadigan bo‘ldi. Shu tariqa, asosiy sayohat yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Dubayga borish xarajatlari biroz arzonlashadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonning 120 mingga yaqin fuqarosi amirliklarga borgan va ular viza rasmiylashtirish uchun 9,2 mln dollar sarflagan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq imzolangan boshqa bir kelishuvga ko‘ra, 2024 yil 27 yanvardan e’tiboran, ikki davlat milliy haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olishni boshlaydi.
Amirliklar bilan erishilgan kelishuv natijasida, O‘zbekiston pasportining mavqeyi dunyo pasportlari reytingida 71-o‘ringa ko‘tarilib, Qirg‘iziston, Uganda va Gambiya bilan tenglashadi. Hozirda vatandoshlarimiz 28 ta davlatga viza olmasdan borishdan tashqari, 44 ta davlatga vizani o‘sha mamlakatga kirib borish vaqtida rasmiylashtirishi mumkin. Taqqoslash uchun, qo‘shni Qozog‘iston fuqarolari 42 ta davlatga vizasiz borishi, yana 47 ta davlatga borganidan keyin viza olishi mumkin. Dunyo bo‘yicha esa, 60 dan ortiq davlatlarning fuqarolarida 100 dan ortiq davlatga vizasiz kirish huquqi bor.
Endi avtomobilni notariusga bormasdan sotish mumkin
Video-aloqa va shaxsni masofadan turib identifikatsiyalash imkoniyatlari hayotimizni ancha osonlashtiryapti. Endilikda avtomobil oldi-sotdisini ham notariusga bormasdan amalga oshirish mumkin. Buning uchun sotuvchi e-notarius.uz saytiga kirib, tegishli xizmatni tanlashi, keyin sotilayotgan avtomobilni ko‘rsatib, uning narxini va xaridorning ma’lumotlarini kiritishi kerak. Sotib oluvchi esa o‘ziga kelgan SMS-xabarnomadagi havolaga kirib, Face-ID orqali shaxsini tasdiqlaydi va o‘z roziligini bildiradi.
Shundan keyin oldi-sotdini tasdiqlash uchun notarius avtomatik yoki ixtiyoriy tarzda tanlanadi. Tanlangan notarius bitimni tasdiqlash vaqtini belgilab, bu haqda ikki tomonga SMS xabar yuboradi. Belgilangan vaqtda tomonlarning video-aloqa shaklidagi ishtiroki orqali notarial harakat amalga oshiriladi. Bitimning asl nusxalari taraflarga kurerlik-pochta xizmati orqali yuboriladi.
Hafta davomida yangragan ijobiy yangiliklardan yana biri – fuqarolar davlat amaldorlarining harakatlari va qarorlari ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilganida davlat boji to‘lamaydigan bo‘ldi. Aniqrog‘i, sudlar ishni ko‘rib chiqishga qabul qilayotganda boj to‘langani haqidagi kvitansiyani so‘ramaydi. Davlat boji ish ko‘rib chiqilganidan keyin, aybdor deb topilgan tomondan undiriladi. Ariza bergan fuqaro sudda yutqazgan taqdirda ham, avvalgidek bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari emas, 0,7 barobari, ya’ni 238 ming so‘m boj to‘laydi.
Rossiyalik bloger: U nafaqat teleminora tomiga chiqqan, balki olgan videosini o‘zida saqlab qola olgan
Oxirgi vaqtlarda chet ellik blogerlar O‘zbekistonga kelib, yutuqlarimiz qatori kamchiliklarimizni ham ko‘rsatib ketishi tez-tez uchrab turibdi. Shu hafta ular bizga ko‘rsatib bergan yana bir holat shu bo‘ldiki, eng qattiq qo‘riqlanadigan obektlardan biri bo‘lmish Toshkent teleminorasi aslida biz ishongan darajada yaxshi qo‘riqlanmagan ekan.
Ma’lum bo‘lishicha, Raksmane taxallusiga ega rossiyalik ekstremal-bloger 2022 yilda Toshkent teleminorasining begonalar chiqishi taqiqlangan eng yuqori qismiga chiqqan. U bu yerdan olgan videosini bir necha kun oldin Instagram'ga joyladi. Blogerning yozishicha, teleminoraga kirishda qo‘riqlash xizmati xodimlari metallodetektorlar orqali uning hamma narsasini olib qo‘ydik deb o‘ylagan, lekin u yashirincha tasvirga oluvchi texnikalarini olib kira olgan.
Bloger teleminoraning “Alvon” zali, ya’ni restoran qismiga ovqatlanish uchun chiqib, bundan teparoqqa chiqa olishiga ishonchi komil bo‘lmagan, lekin kutilmaganda, nazoratsiz koridor orqali, qo‘riqchilar ko‘zini shamg‘alat qilib, faqat texnik xodimlar uchun mo‘ljallangan joydan tomga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Bir nechta kameralar oldidan o‘tgan bo‘lsa ham, qo‘riqchilar darrov yetib kelmagan, bloger esa “Gopro” kamerasida bemalol o‘z muvaffaqiyatini syomka qilib olgan.
Teleminora ma’muriyatining ma’lum qilishicha, hozirgi kunda minoraning taqiqlangan qismlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda qat’iy nazoratga olingan. Rossiyalik blogerga nisbatan biror chora ko‘rilgani yoki yo‘qligi esa ma’lum emas. Bu o‘rinda, o‘zimizning blogerlar yozganidek, agar xuddi shunday ishni biror o‘zbekistonlik qilganida, kamerasi olib qo‘yilib, xotirasidagi video o‘chirib tashlangan bo‘lishi aniq edi. Bundan tashqari, albatta qat’iy jazoga tortilgan bo‘lardi: ehtimol 15 sutkaga qamalib, qo‘shimchasiga uzr so‘ragan videosi chiqardi.
Teleminoraning taqiqlangan qismiga chiqib, u yerdan olgan videosini o‘zi bilan olib keta olgan rossiyalik blogerning ma’lum qilishicha, voqeani Instagram'ga joylaganidan keyin, teleminora ma’muriyati undan videoni o‘chirib tashlashni so‘ragan.
Havo ifloslanishi: hokimlikdan sado chiqdi
Toshkent shahri bu hafta ham havosi eng iflos shaharlar o‘ntaligiga kirdi va afsuski, bu endi yangilik emas. O‘tgan yakshanba kuni bir guruh faollar #TozaHavoKerak heshtegi bilan fleshmob o‘tkazdi. Ular daraxtkesarlikni to‘xtatish, zavodlarga filtrlar qo‘yish, qurilishlarni kamaytirish chaqiriqlari bilan chiqdi. “Yuksalish” umummilliy harakati esa O‘zbekiston havosini yaxshilash bo‘yicha so‘rov o‘tkazib, 10 ta taklifni ilgari surdi.
Eng asosiy takliflardan biriga ko‘ra, bosh reja tasdiqlanmagan shaharlarda qurilishlarga moratoriy kiritish, bosh reja tasdiqlanganidan keyin ham faqat “yashil” standartlar asosida qurilish qilishga ruxsat berish kerak. Kun.uz suhbatlashgan shaharsozlarning so‘zlariga ko‘ra, bosh rejasiz Toshkentdagi tabaqalashuv shu zaylda davom etsa, yaqin kelajakda shaharda gettolar paydo bo‘la boshlaydi.
O‘tgan hafta Ekologiya vazirligi va Bosh prokuratura havo iflosligi masalasida ilk marta izoh va bayonotlar bergan bo‘lsa, bu hafta yana bir nechta idoralar uzoq davom etgan sukunatini buzdi. Avvalo, poytaxt hokimligi “tilga kirgani”ni ta’kidlash kerak. Hokimlikning ma’lum qilishicha, shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chet ellik mutaxassislar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilyapti. Bu reja tez orada e’lon qilinadi. Taklif etiladigan amaliy choralar qatorida “keskin qarorlar” ham bo‘ladi. Shahar hokimligi bu qarorlar ilmiy tadqiqotlar va tahlillarga asoslanib qabul qilinishiga va’da berdi.
O‘z navbatida, Qonunchilik palatasi Toshkent havosining ifloslanib ketgani bo‘yicha hisob berish uchun ekologiya vazirini chaqirtirishga qaror qildi. Deputatlar savol-javob qattiq bo‘lishiga ishora qilib, Aziz Abduhakimovning parlamentga chaqirilishi “ko‘rgazma uchun” bo‘lmasligini alohida ta’kidlashdi. Ekologik partiya esa bosh prokurorga so‘rov jo‘natib, Toshkentda daraxtlarni kesish bo‘yicha berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligini o‘rganib chiqishni so‘radi. Partiyaning ma’lum qilishicha, 2022−2023 yillarda moratoriy amal qilayotganiga qaramay shaharda 600 dan ortiq daraxtni kesishga ruxsat berilgan. Avvalroq ekologiya vaziri bu ruxsatnomalarni bergan Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘ini vaqtincha ishdan chetlatib, uning faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazishga buyruq bergandi.
Yana 22 ta sement zavodi qurish taklif qilingan
O‘zbekistonliklar havoni ifloslantirayotgan sement zavodlaridan shikoyat qilayotgan bir paytda, rasmiylar mamlakat bo‘ylab yana naq 22 ta sement zavodi qurishni taklif qilyapti. Muhimi, prezident Shavkat Mirziyoyev bunga qarshi ekanini bildirib, bunday taklif berayotganlarni tanqid qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozir mavjud sement ishlab chiqarish zavodlarining quvvatlari ichki ehtiyojni ortig‘i bilan qondira oladi. “Lekin, mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga, yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli”, – dedi prezident 18 yanvar kungi selektorda.
Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, 2023 yilda davlat budjeti daromadlarining o‘sishi keskin sekinlashib, atigi 15 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, hatto pandemiya ro‘y bergan 2020 yilda ham budjet daromadlari bundan ko‘proqqa oshgan edi. Buning sement zavodlariga taalluqli jihati shundaki, hatto shunday og‘ir budjet sharoitida ham 2024 yildan boshlab sement ishlab chiqaruvchilar uchun soliq stavkalari 4 barobarga pasaytirib berildi. Biz avvalgi dayjestimizda aytib o‘tgan boshqa bir soha – elektrotexnika korxonalariga yana soliq va bojxona imtiyozlari berilayotgani kabi holatlar ham budjet daromadlarining kamayishiga olib kelmoqda.
“Konvertatsiyani davom ettiramiz desak, eksportni barqaror ushlab turishimiz kerak”
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, departament yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqishi kerak. Shu maqsadda bu organga tergov qilish vakolati berilib, uning rahbari bir vaqtning o‘zida bosh prokuror o‘rinbosari ham bo‘lishi belgilandi. Xalq tilida “KRU” deyiladigan Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi departament huzuriga o‘tkaziladi.
Iqtisodiy yo‘nalishdagi yig‘ilishlarda yana boshqa bir qator yangiliklar ham e’lon qilindi. Xususan, Soliq qo‘mitasida soliq qarzlarini undirish inspeksiyasi tashkil etilib, unga MIBda mavjud vakolatlar beriladi. Eksport bo‘yicha chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkaziladi. Texnik tartibga solish agentligi Investitsiyalar vazirligi tarkibidan chiqarilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga qaytariladi va to‘liq isloh qilinadi. Agentlik direktori Dilshod Sattorov faoliyatidagi kamchiliklar sababli ishdan olindi.
Shuningdek, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov hamda vazirlik huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Murod Mirzayev ham lavozimidan ozod etildi. Bosh vazirning investitsiyalar va eksportni ko‘paytirishga mas’ul o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev 1-chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, lavozimidan ozod etilishi haqida ogohlantirildi. Bosh vazir Abdulla Aripovga investitsiyalarni ko‘paytirish va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati qoniqarsiz bo‘lgan 26 ta tuman-shahar hokimining lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish topshirildi.
“Eksport bu hayot-mamotimiz. Agar valuta balansimiz, investitsiya yoki konvertatsiyani davom ettiramiz desak, importga nisbatan eksportni barqaror ushlab turishimiz kerak. Xo‘jayev, Qudratov va hokimlarning 2024 yilda 18 mlrd dollarlik eksport rejasi menga mutlaqo ma’qul emas. Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borishimiz zarur”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligini ham tanqid qildi. Ma’lum qilinishicha, Yevropa va Osiyoning rivojlangan davlatlari bilan kelishuvlar doirasida 150 mingta ishchiga buyurtma berilgan bo‘lsa ham, hozirgacha ularga bor-yo‘g‘i 9 ming nafar ishchi yuborilgan. Shu munosabat bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 100 ming ishchiga kasb-hunar va til o‘rgatib, uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborish topshirig‘i berildi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Toshkentda aholi murojaatini o‘rganishga borgan jurnalist asossiz ayblov bilan jarimaga tortildi. Uchtepa tumanida ro‘y bergan voqeada ichki ishlar xodimlari jurnalist Mixail Dovlatovni idoraga olib borib, unga chekish taqiqlangan joyda sigareta chekish aybini qo‘ygan va ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Holatga AOKA aralashgach, prokuratura jarimani bekor qildi, chunki voqea joyida chekish taqiqlangani haqidagi belgi bo‘lmagan. Shuningdek, ichki ishlar xodimlarining harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Huquq organlari xodimlarining videolarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida tarqatganlik uchun jazo belgilash masalasini Senat ko‘rib chiqishda davom etyapti. 15 yanvar kuni bu borada faollar va mas’ullar o‘rtasida ochiq muhokama bo‘lib o‘tdi. Senatning mas’ul qo‘mitasi qonunga xayrixohlik bildirayotgani xavotirli. Ayni paytda, fuqaro organ xodimining videosini qaysi maqsadda tarqatgani qanday aniqlanadi, jamoatchilik nazoratini ta’minlamoqchi bo‘lganlar qamalib ketmasligiga kafolat bormi, kabi savollar ochiq qolmoqda.
“Paxtakor” futbol klubi xususiylashtirilishi mumkin. 17 yanvar kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi klub sotuvga qo‘yilganini e’lon qildi. Ertasiga esa tanqidlar sabab jarayon vaqtincha to‘xtatildi. Xususiylashtirish shartlarida investor klub balansidagi stadiondan faqat sport maqsadlarida foydalanish keltirilgan bo‘lsa-da, jamoatchilik poytaxt markazidagi yashil hududning kelgusi taqdiridan xavotirda.
Qishloq xo‘jaligi yerlarining ijara huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishga ruxsat berilmoqda. Bu – qishloq xo‘jaligida ikkilamchi ijara bozori vujudga kelishiga yo‘l ochadi. Ya’ni muayyan yerni muayyan muddatga ijaraga olgan fermer va dehqonlar bu ijara huquqini sotishi mumkin bo‘ladi. Prezident farmoniga asosan, bu tartib 2024 yil 1 martdan boshlab yo‘lga qo‘yiladi. Shu sanadan boshlab, qishloq xo‘jaligi yerlarini elektron tanlov emas, onlayn auksion orqali ijaraga berishga o‘tiladi.
Toshkentda uch nafar xotiniga aliment to‘lamay yurgan shaxs qo‘lga olindi. Yashnobod tuman sudi unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Lekin e’tiborlisi, erkakni uning to‘rtinchi xotini qutqarib qoldi. Huquqbuzarning amaldagi turmush o‘rtog‘i erining 25 mln so‘mlik aliment qarzdorligini to‘lab bergach, erkak muddatidan avval ozodlikka chiqarildi.
Mavzuga oid
09:39 / 25.05.2025
AQSh bilan viza muzokarasi, Rossiyaning talablari va bilimli yoshlarga mukofot - hafta dayjesti
09:00 / 18.05.2025
“Ijtimoiy tarmoqlar qonuni” va grin-kartadagi liderlik - hafta dayjesti
21:33 / 10.05.2025
Andijondagi toshqin, oliy ta’limdagi o‘zgarishlar va do‘xtirlarga $1500 oylik - hafta dayjesti
22:51 / 03.05.2025