Jahon | 20:17 / 20.01.2024
11457
5 daqiqa o‘qiladi

Fyurerga mengzalgan Netanyahu, sug‘urtasi 10 barobar oshgan kemachilik va ko‘knorini taqiqlagan «Tolibon» - kun dayjesti

So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli yangiliklar, voqea-hodisalar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan kun dayjestida tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni zamonaviy fyurer deb atab, g‘arbning ikkiyuzlamachiligiga ishora qildi

«Ular zamonaviy fyurer Netanyahu va uning jamoasining Falastin xalqiga nisbatan qon va adovatga yo‘g‘rilgan, genotsidga teng vahshiyligiga indamasdan qarab turishibdi», — degan Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘anning aytishicha, «inson huquqlari va erkinliklariga nisbatan doim pand-nasihat qilib keladiganlar 105 kundan buyon go‘daklar, bolalar va ayollarning o‘ldirishini ko‘rib ko‘rmaslikka olishmoqda».

BMT ham Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga nisbatan xalqaro suddagi da’vo arizasini qo‘lladi. BMTning Falastin masalasi bo‘yicha maxsus dokladchisi Francheska Albaneze G‘azoda genotsid amalga oshirilayotgani ehtimoli juda kattaligini ta’kidlagan.

«Men JARning dastlabki choralar ko‘rish to‘g‘risidagi arizasini qat’iy qo‘llab-quvvatlayman, chunki G‘azoda genotsid amalga oshirilayotgani ehtimoli katta, deb hisoblayman. Uch oylik bombalashlar oqibatlariga qarang. Aholi zich joylashgan hududlarda qo‘llanishi taqiqlangan qurollardan ham foydalanilgan», – degan Albaneze.

Qizil dengizdagi vaziyat

Husiychilar Isroil bilan bog‘liq bo‘lmagan kemalarga hujum qilmaslikni va’da qilishdi. «Ansuorulloh» vakili Muhammad al Buhaytiy Yaman atrofidagi suvlar ma’lum bir davlatlar, jumladan Isroil bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa davlatlarning kemalari uchun xavfsizligini aytdi.

«Qolgan davlatlar, jumladan, Rossiya va Xitoy kemalari uchun mintaqada hech qanday tahdid yo‘q. Biz ularning kemalari Qizil dengizdan eson-omon o‘tib olishini ta’minlaymiz, chunki kemachilik mamlakatimiz uchun katta ahamiyatga ega», — degan husiychilar vakili.

Bunaqa tahdidlardan so‘ng jahondagi sug‘urta kompaniyalari Qizil dengiz orqali suzuvchi AQSh, Britaniya va Isroil kemalarini sug‘urtalashdan bosh tortmoqda.

Nufuzli Marsh sug‘urta kompaniyasi vakili Markus Beykerning so‘zlariga ko‘ra, sug‘urtachilar nafaqat Vashington, London va Tel-Avivga to‘g‘ridan tug‘ri tegishli bo‘lgan, hattoki biroz aloqasi bo‘lgan kemalarni ham sug‘urtalashni rad etishmoqda. Qizil dengizdagi taranglik tufayli sug‘urta narxlari ham keskin, 10 martaga oshgan. U so‘nggi 10 yil ichida ilk marta yuk ortgan kema qiymatining 0,1 foizidan 1 foizigacha ko‘tarilgan. Masalan, 100 mln dollarlik yuk ortib ketayotgan kema 1 mln dollar sug‘urta badali to‘lashi kerak.

Eron-Pokiston qarama-qarshiligi

Pokiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Eron bilan diplomatik munosabatlarni to‘liq tiklashga qaror qildi, deb yozdi Reuters o‘z manbasiga tayanib.

Har ikkala davlat bir-birining hududiga raketa zarbasini berganidan so‘ng munosabatlarda keskinlik ortgan edi.

Bundan sal oldin Pokiston va Eron tashqi ishlar vazirlari Jalil Abbos Jiloniy va Husayn Amir Abdullohiyon telefon orqali gaplashib, xavfsizlik choralarini muhokama qilgan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, suhbat chog‘ida vazirlar terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Reuters xabariga ko‘ra, diplomatik munosabatlarni tiklash doirasida avval chaqirib olingan elchilar Islomobod va Tehronga qaytadi.

O‘rtadagi taranglik 16 yanvar kuni Eron harbiylari Pokistondagi «Jayshul-Adl» baluj terrorchilik guruhi qarorgohiga raketa hujumlarini uyushtirganidan boshlangan edi. Oradan 2 kun o‘tib Pokiston Eronning Seiston va Balujiston viloyatida joylashgan «baluj terrorchilari boshpanalari»ga raketalar va dronlar bilan hujum qilgan va kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgandi.

Giyohvandlikka qarshi «tolibon»

Toliblar hokimiyati ostida Afg‘oniston dunyodagi eng yirik narkotik moddalar uchun xomashyo yetishtirib beruvchi davlat maqomidan xalos bo‘ldi.

BMTning narkotik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining aerofotosuratlarga qarab qilgan hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish 95 foizga yoki 330 tonnagacha kamaygan.

2022 yilda bu ko‘rsatkich 350-580 tonnani tashkil etgan. Buncha miqdordan 24-38 tonna geroin tayyorlash mumkin.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu borada yetakchilikni Myanma o‘z qo‘liga olgan. Bu davlat 1080 tonna ko‘knori yetishtirgan. 2020 yilda Afg‘onistonda jahondagi qoradorining 70 foizi yetishtirilgan. AQSh qo‘shinlari chiqib ketgach, toliblar ko‘knori yetishtirishni taqiqlay boshlagan.

Mavzuga oid