Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Leningrad oblastidagi «Novatek» terminaliga hujum: bu haqda nimalar ma’lum?
Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi Leningrad oblastining Ust-Luga port posyolkasida yong‘in ro‘y berdi. Guvohlar va OAV dunyodagi eng yirik gaz va neft mahsulotlari eksportchisi sanalgan «Novatek» kompaniyasi dengiz terminaliga hujum qilgan dronlar haqida xabar qilgan. «RBK-Ukraina» manbalari buni Ukraina xavfsizlik xizmatining maxsus amaliyoti deb atagan.
Yakshanbaga o‘tar kechasi taxminan soat uchlarda Leningrad oblasti gubernatori Aleksandr Drozdenko o‘z telegram-kanalida «Novatek» kompaniyasining Ust-Luga portidagi terminalida yong‘in boshlangani haqida xabar qildi.
«„Novatek“ kompaniyasining Ust-Luga portidagi terminalida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. Xodimlar evakuatsiya qilindi», — deya aniqlik kiritgan u.
Rasmiylar yong‘inni o‘chirish ishlariga FVV va oblast yong‘inga qarshi qutqaruv xizmatini (Lenoblpojspas) jalb etgan va tongga kelib qutqaruvchilar yong‘in o‘chog‘ini o‘rab olishgan. Kunning ikkinchi yarmida ham 100 kub metr hajmli sisternalardan biri yonayotgandi.
Yong‘in oqibatida ikki sisterna va nasos stansiyasi shikastlangan, deya xabar bergan TASS agentligi Kingisepp rayoni ma’muriyati navbatchilik xizmatiga tayanib.
«Fontanka» nashri esa yirik gaz saqlash omboriga ham zarar yetgani haqida yozgan.
«Kingisepp rayonida yuqori shaylik rejimi joriy etildi. Rayon ma’muriyati rahbari Yuriy Zapalatskiy operativ shtab yig‘ilishini o‘tkazmoqda. Leningrad oblasti ma’muriyatining mas’ul mutaxassislari mening topshirig‘im bilan voqea joyiga borishgan», - deya hisobot berdi region rahbari.
Tunda Sankt-Peterburg atrofida mahalliy aholi vakillari dronlarni videoga olishgan. Guvohlarning hikoyalariga ko‘ra, ular Ust-Luga portidagi terminallar joylashgan Kingiseppskiy rayoni tomon yo‘l olishgan.
«Ostorojno Sobchak», Baza va Shot telegram-kanallari yozishicha, mahalliy aholi vakillari dronlar va portlashlar ovozlarini eshitishgan.
Yong‘in vaqtida portda Panama, Belgiya, Ummon va Liviyadan kelgan kemalar va tankerlar bo‘lgan, deb xabar qiladi «Fontanka».
Ukrainaning «RBK-Ukraina» nashri o‘z manbalariga havola qilgan holda xabar berishicha, «nishonlar Ukraina xavfsizlik xizmati dronlari aniq nishonga olgan».
«Leningrad oblastidagi «Ust-Luga Oyl» neft terminali - dushman uchun muhim obekt. U yerda RF qo‘shinlari uchun ham yetkazib beriladigan yonilg‘i qayta ishlanadi», — deya UXXdagi manbasidan iqtibos keltiradi nashr.
Ukraina tomoni hozircha bu borada rasmiy bayonot bermadi.
Keyinroq Rossiyadagi RBK nashri «Novatek» matbuot xizmatining izohini e’lon qildi. Kompaniyadagilar Ust-Lugadagi yong‘in «tashqi ta’sir» sababli yuzaga kelganini bildirgan.
«NOVATEK-Ust-Luga»da texnologik jarayon to‘xtatilgan, oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha operativ shtab tashkil etilgan. Zararni baholash ishlari keyinroq o‘tkaziladi», — deya xabar bergan kompaniya RBK so‘roviga javoban.
Foto: Kingisepp rayoni ma’muriyati rahbari Yuriy Zapalatskiy
Ust-Luga Rossiya energiya eksporti tizimidagi muhim tugun hisoblanadi va gazni qayta ishlovchi zavod hamda neft mahsulotlarini xorijga yuborish uchun yirik portni ham o‘z ichiga oladi, deya qayd etadi Financial Times.
O‘tgan yilda «Novatek» majmuada 7 mln tonna barqaror gaz kondensatini yonilg‘iga qayta ishlagan.
Nashr baholariga ko‘ra, portlash Rossiyadan energiya eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon, chunki neft mahsulotlari uning faqat kichik qismini tashkil etadi. Yong‘in «Novatek» faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki, kompaniyaning 2022 yil uchun ma’lumotlariga ko‘ra, Ust-Lugada qayta ishlash uning umumiy sotuvining (ham ichki, ham tashqi) 40 foiziga yaqinini tashkil etgan.
Rossiya mudofaa vazirligi hodisa yuzasidan munosabat bildirmagan.
Shu hafta boshida Leningrad oblastida dronlarning ilk hujumi kuzatilgandi. 18 yanvar kuni Rossiya harbiy idorasi ukrainlar droni havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani, bu hujum nishoni Peterburgdagi neft terminali bo‘lganini bildirgandi. Dron hujumi haqidagi ma’lumot korxona tomonidan ham tasdiqlangan edi.
Ukraina bilan chegaradan Peterburgga qadar masofa 900 kilometrga yaqinni tashkil etadi. Shu vaqtga qadar ukrainlarning dronlari bu qadar shimoliy nuqtaga uchishi ro‘y bermagandi. Oldingi rekord 2023 yil avgust oyi oxirida Pskovdagi aerodromga (Ukraina chegarasidan 700 km masofada) qilingan hujumda qayd etilgandi, o‘shanda bu yerda Il-76 harbiy-transport samolyotlari yonib ketgandi.
Dam olish kunlarida Rossiya hukumati Smolensk, Tula va Orlov oblastlarida ham dronlar urib tushirilgani haqida xabar tarqatgan.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025