Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maqsadiga yetolmayotgan Isroil, Rossiya g‘alabasidan cho‘chiyotgan va rus gazidan qutulgan Yevropa - kun dayjesti
So‘nggi kun mobaynida jahonda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea va hodisalarning tafsilotlari bilan odatiy kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
AQSh, Misr hamda Qatar Isroil va HAMASni mojaroni bosqichma-bosqich diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi — The Wall Street Journal
Bunda ish garovga olinganlarning ozod qilinishidan boshlanishi kerak, alaloqibatda Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridan chiqarilishi va urushning tugashi bilan yakunlanishi kerak. Bu taklif qurolli mojaroni hal etishga yangicha yondashuvdir, deya qayd etadi gazeta.
Ammo Misr tomoniga ko‘ra, Isroil hozirgacha urushni to‘liq tugatish masalasini muhokama qilishdan bosh tortib kelmoqda.
HAMAS esa Isroilga qarshi oylar davomida kurasha olish qobiliyatiga ega, deyiladi AQSh razvedkasi dokladida. Amerika maxsus xizmatining baholashlariga ko‘ra, garchi Isroilning havodan va yerdan G‘azoga qaqshatqich hujumlariga qaramasdan, 7 oktyabrdan buyon HAMAS o‘z jangchilarining bor-yo‘g‘i 20-30 foizidan ayrilgan.
Bu baholashlar Isroilning o‘z oldiga qo‘ygan — Falastindagi ushbu harakatni yo‘q qilish maqsadiga unchalik mos kelmayapti.
The Wall Street Journal nashrining Amerika razvedkasiga havola qilib xabar berishicha, HAMAS hamon Isroil qo‘shinlariga qarshi kurashishga qodir va Isroilga bir necha oylar davomida raketalar yog‘dira olishi mumkin.
Isroil rasmiylari biror dalillarsiz HAMASning 16 ming askari yarador bo‘lgani va ularning yarmi qayta urusha olmasligini aytmoqda. Biroq AQSh baholashlariga ko‘ra, yaradorlar 10,5–11,7 mingni tashkil etadi va ularning aksariyati safga qaytishi mumkin.
Yanvar oyida AQShning maxfiy dokladida va Isroil baholashlariga ko‘ra, HAMAS safida 25–30 ming jangchi bo‘lgani qayd etilgan.
Yevropa Ittifoqi Isroilni HAMASni moliyalashtirganlikda aybladi. Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroil qachonlardir O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilidagi Falastinning FATH harakati hokimiyatini susaytirish uchun HAMASga moliyaviy yordam berganini eslatdi. Natijada okkupatsion hokimiyat o‘zining kelgusidagi dushmanini tashkil etib, ta’minlab kelgan.
«Isroil Falastinga qarshi kurashishga shunchalik kirishib ketganki, o‘zi HAMASni yaratgan. Ha, Isroil hukumati FATH tomonidan boshqarilayotgan Falastin ma’muriyatini susaytirishga urinib ko‘rish uchun HAMASni moliyalashtirib kelgan», — degan Borrel.
Isroil ustidan sud
Belgiya BMT xalqaro sudiga Janubiy Afrika Respublikasining Isroilni genotsidda ayblab berilgan shikoyat arizasini qo‘llab-quvvatladi.
Belgiya hamkorlik masalalari bo‘yicha federal vaziri Karolin Gennez uning mamlakati BMT xalqaro sudining qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
«Belgiya Xalqaro sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ishni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, agar sud Isroildan G‘azoga nisbatan harbiy operatsiyani to‘xtatishni talab qilsa, mamlakatimiz bu qarorni ham qo‘llaydi», – deb yozgan Gennez.
Qayd etib o‘tish kerak, sud masalasida qo‘shnilari — Isroilni qo‘llayotgan Germaniya va Fransiyadan farqli o‘laroq, Belgiya prinsipial pozitsiyada turgan kam sonli Yevropa davlatlaridan biri bo‘ldi
Darvoqe, JARdan so‘ng xalqaro sudga Isroilni genotsidda ayblab Chili, Meksika va Nikaragua ham murojaat qilishini bildirgan.
O‘tgan yilning noyabr oyida yana bir xalqaro sud — Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi bosh prokurori Karim Xon Isroil tomonidan Falastin hududida 2014 yilning 13 iyunida sodir etilgan harbiy jinoyatlar borasida tergov-surishtiruv ishlari boshlanganini e’lon qilgan edi.
Qizil dengizdagi vaziyat
Husiychilar Yamanga qarshi koalitsiya qo‘shinlarining mamlakat qirg‘oqlariga dengiz desanti tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Qizil dengizga kemalarga qarshi minalar o‘rnatishni boshlagan.
Sky News xabarlariga ko‘ra, AQSh va Buyuk Britaniyaning Yamon g‘arbiga bergan aviazarbalari chog‘ida isyonchi husiychilar, «Hizbulloh» hamda Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi ofitserlaridan iborat 75 dan ziyod inson o‘ldirilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 5 kun ichida Ukraina frontida Rossiyaning harbiy texnikalari borasidagi yo‘qotishlari 88 foizga oshgan. Xususan Rossiya armiyasi tanklaridan ikki barobar ko‘proq ajrala boshlagan.
19 yanvar kuni butun front bo‘ylab Rossiya qo‘shinlarining hujumlari miqdori 27 foizga oshgani kuzatilgan. Xususan, bir sutka ichida RF qurolli kuchlari 81 marta havodan zarba bergan, 45 ta raketa zarbalarini amalga oshirgan.
So‘nggi ikki hafta ichida ruslarning butun front bo‘ylab qarshi hujumga o‘tish kampaniyasi intensivligi oshgani kuzatilmoqda. Britaniya razvedkasining qayd etishicha, bunga sabab tuproqning muzlaganidir. Bu zirhli texnikaga loyga botmasdan dalalar bo‘ylab ilgarilash imkoniyatini yaratadi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermakning fikricha, mudofaaga o‘tish mojaroning muzlatilishiga olib keladi
«Mudofaa urushini olib borish noreal. Mudofaa pozitsiyasiga o‘tish mojaroning muzlatilishiga olib keladi. Biz bunga 2014 yildan buyon guvoh bo‘lib kelmoqdamiz. Biz hech qachon Putin bilan muzlatilgan mojaroga rozi bo‘lmaymiz», — degan u Le Figaro nashriga bergan intervyusida.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina Rossiyadan yengilsa, Rossiya jahondagi g‘alla eksportining 30 foizini o‘z nazoratiga oladi.
Parij vakillari jahon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori kelajagidan kutilmalarini shu tarzda e’lon qildi. Ya’ni ular Rossiyaning g‘alabasi Rossiya g‘allasi eksporti hajmi oshishiga olib keladi, deb hisoblamoqda. Bu esa Fransiyadagi inflatsiya va oziq-ovqat krizisini oshiradi.
Agar AQSh Kongressi Ukrainaga harbiy yordamni ma’qullamasa, Rossiya bir necha hafta ichida g‘alaba qozonishi mumkin, degan NBC News manbalari.
AQSh qonunchilari bilan yopiq uchrashuvda bunday baholashni prezident Bayden maslahatchisi Jyeyk Sallivan va Milliy razvedka rahbari Evril Heyns keltirgan. Bayonotga ko‘ra, yaqin haftalar ichida Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimi artilleriyasi uchun o‘q-dorilar tugay boshlaydi.
Gaz qulligidan qutulgan Yevropa
Yevropada gaz narxi keskin tushib ketdi. 2023 yil davomida narxlar 63 foizga, 2024 yilning dastlabki 20 kunida yana 12 foizga pasaygan, deb yozadi Bloomberg nashri.
17 yanvar kuni gaz narxi so‘nggi 5 oy ichida minimumgacha pastlagan va 1 MWh (megavatt-soat) uchun 28,23 yevroga yoki ming metr kubiga 322 dollargacha pasaygan.
Bunga sabab quyosh panellari, shamol generatorlari va atom energetikasiga kiritilgan investitsiyalardir. Gaz energiya ishlab chiqarish uchun avvalgi ahamiyatini yo‘qotgan. Treyderlar «gaz bozoridagi qish tugadi, chunki gaz omborlari limmo-lim to‘la», deb qayd etishmoqda.
Lekin shunga qaramasdan, Yevropada gaz bilan bog‘liq muammolar 2024 yilning oxiriga borib bo‘y ko‘rsatishi mumkin. Chunki o‘shanda Rossiya va Ukraina o‘rtasida gaz tranziti to‘g‘risidagi shartnoma nihoyalanadi. Garchi AQSh, Qatar va Norvegiyadan siqilgan tabiiy gaz yetkazish uchun katta investitsiyalar kiritilayotganiga qaramasdan, yangi quvvatlar 2025–2026-yillardan avval ishga tushmaydi.
Darvoqe, gaz borasida yana bir xabar. Rossiyada Putinning do‘sti Gennadiy Timchenkoga tegishli «Novatek» kompaniyasining yirik gaz terminaliga dronlar hujum qilgani aytilmoqda. Aynan shu terminal orqali Rossiya 2023 yil dekabr oyida Urals (Yurals) neftining 85 foizini Turkiyaga eksport qilib kelmoqda. Shu sabab portlashlar chog‘ida terminal yaqinida boshqa buyumlar qatorida turk tankeri ham bo‘lgan.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025