O‘zbekiston | 13:41 / 24.01.2024
2730
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda bog‘cha xodimlari majburiy mehnatga jalb qilindi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bog‘cha direktoriga chora ko‘rilganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Pop tumanidagi yangi bog‘chada xodimlar og‘ir ishlarni qilishga majburlangani aytilgan xabarlar va ularga ilova qilingan fotosuratlar tarqaldi.

Fotosuratlarda bog‘cha xodimlari bo‘lgan ayollarning og‘ir toshlarni, chiqindilarni tashiyotgani, atrofni supurib, yer chopayotgani tasvirlangan.

Holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati munosabat bildirdi. Unga ko‘ra hodisa Pop tumanidagi 56-sonli davlat bog‘chasida sodir bo‘lgan.

Bog‘cha direktori muassasa ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkilot xodimlarini obodonlashtirish, bezak ishlari bajarilishiga jalb etgan.

Qayd etilishicha, o‘rganish natijalari yakunida bog‘cha direktoriga nisbatan xodimlarni Mehnat kodeksining 115-moddasiga zid ravishda mehnat shartnomasida ko‘rsatilmagan, o‘z xizmat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilingani sababli MJtKning 49-moddasi, 1-qismi bilan ma’muriy jarima qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, MJtKning 46-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima jazosi belgilangan.

Mavzuga oid