G‘azoda bir oylik otashkesim, G‘arbiy sohilda halok bo‘lgan falastinlik bolalar va Shvetsiyani qo‘llagan Vengriya - kun dayjesti
So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea-hodisalar, bayonotlarning kundalik sharhi bilan odatdagidek dayjestimiz orqali tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil va HAMAS G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olingan isroilliklar va falastinlik asirlarni ozod qilish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgan, deb xabar bermoqda Reuters.
Agentlik xabariga ko‘ra, Bunga Qatar, AQSh va Misr vositachiligida so‘nggi haftalarda olib borilgan intensiv muzokaralar natijasida erishilgan, biroq Isroilning harbiy amaliyotini yakuniy to‘xtatish shartlari bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolgani sababli yangi sulhning amalga oshirilishi kechiktirilmoqda.
HAMAS doimiy otashkesim shartlarini muvofiqlashtirish zarurligini bildiryapti
Isroil va vositachilar tinch aholidan tortib harbiylargacha bo‘lgan turli toifadagi isroillik garovga olinganlarni bosqichma-bosqich ozod qilishga intilmoqda va buning evaziga falastinlik asirlarni ozod etishni hamda G‘azo sektoriga yordamni oshirishni taklif qilmoqda. Muzokaralar chog‘ida HAMASning vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi talablari bir necha oydan 30 kunga qisqartirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil agar HAMAS yetakchilari G‘azo sektoridan chiqib ketsa, harbiy amaliyotni to‘xtatishni taklif qiladi, biroq HAMAS bu talablarni rad etdi hamda vaqtincha sulh va garovga olinganlarni ozod qilish sharti sifatida yana doimiy o‘t ochishni to‘xtatish uchun kafolatlar berishni talab qilgan.
Hozircha rasmiy manbalar Reuters axborotini hali tasdiqlamagan.
Ertaga Isroil harbiy kengashi va vazirlar mahkamasi HAMAS bilan asir almashish to‘g‘risidagi kelishuvni muhokama qilish uchun yig‘iladi.
G‘azodagi qiyinchiliklar
Isroilning G‘azoga keng ko‘lamli bosqini sektorda ko‘plab insonlarning halok bo‘lishi bilan birga humanitar falokat ham keltirib chiqarmoqda.
«G‘azo aholisi tarixda misli ko‘rilmagan darajada yashash uchun zarur narsalardan mosuvo qilinmoqda. Hech narsa G‘azo aholisining kollektiv tarzda jazolanishini oqlab bera olmaydi. Falastin xalqini o‘z davlatini tuzish huquqidan mahrum qilish mojaroning cho‘zilishiga va global xavfsizlikka tahdid paydo bo‘lishiga olib kelmoqda», — degan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde ham «G‘azo aholisi nafaqat Isroilning bombalashlaridan, shuningdek, ocharchilik, yetarli bo‘lmagan tibbiy xizmat, dori-darmonlar va toza ichimlik suviga erisha olmaslik kabi muammolarga ham duchor bo‘lgan”, — degan
Isroil zulmi birgina G‘azo sektorida emas, O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida istiqomat qilib kelayotgan falastinliklarni ham qamrab olgan.
7 oktyabrdan buyon Isroil okkupatsiyasi ostidagi G‘arbiy sohilda isroillik harbiylar va ko‘chkindilar tomonidan kamida 369 kishi o‘ldirilgan. Ularning 95 nafari yosh bolalardir.
BMTning bolalar fondi — UNICEFʼning qayd etishicha, O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili va Sharqiy Quddusda 2023 yil bolalar uchun eng o‘limli yil bo‘lgan: Yil boshidan buyon u yerda 124 nafar falastinlik bolalar va 6 nafar yahudiy bolalari o‘ldirilgan.
AQSh Suriyani tark etadimi?
Foreign Policy jurnaliga asoslanib, AQSh Suriyadan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqish masalasini ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqatildi.
Nashr xabariga ko‘ra, Oq uy endi Suriyada missiya ushlab turishdan manfaatdor emasligi, AQSh ma’muriyati ichida esa qo‘shinlarni qanday qilib Suriyadan olib chiqib ketish masalasi muhokama etilayotgani xabar qilingan.
Biroq Pentagonning oliy martabali mansabdori bunday xabarlar zamirida haqiqat yo‘qligini ta’kidlab chiqqan.
Shvetsiyaning NATO sari yo‘li
Turkiyadan so‘ng Vengriya ham Shvetsiyaning NATOga a’zoligini qo‘llab-quvvatlashga tayyor
«Men hozirgina NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan telefon orqali gaplashdim va Vengriya hukumati Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildim», — degan Vengriya bosh kotibi Viktor Orban.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya parlamenti assambleyasi ham Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi arizasini ma’qullab ovoz bergan edi.
Shu paytgacha Shimoliy alyansning 30 a’zosidan faqat Turkiya va Vengriya Shvetsiyaning tezlashtirilgan tartibda NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini ma’qullashni paysalga solib turgan edi.
Ukrainadagi urush
Armiyasida va iqtisodiyotida odam taqchilligini sezayotgan Ukraina qochqinlarni qaytarish uchun tobora Yevropa Ittifoqiga bosim qilmoqda, deb xabar beradi Politico nashri.
Nashrning yozishicha, Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan 2025 yilgacha mamlakatni tark etgan aholining kattasi qismini Ukrainaga qaytarishni nazarda tutuvchi ma’lum bir yangi qoidalar ustida ish olib bormoqda.
Yevropa Ittifoqining ayrim deputatlari Kiyev bu borada bosim ham o‘tkazayotganini qayd etishgan.
2024 yilda Katta yettilik guruhi — G7ʼga raislikni qo‘lga kiritgan Italiya Ukrainaga yordam ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidlagan. Bu haqda Reuters Rimdagi hukumat manbasiga tayanib xabar qilmoqda.
Ukrainadagi urush kontekstida G7’ning maqsadi Kiyevni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga ishontirish va Rossiyaga hech qanday zaiflik belgilarini ko‘rsatmaslik bo‘ladi, deb yozadi agentlik. Bu yilgi G7 sammitidagi boshqa mavzular orasida — Yaqin Sharqdagi mojaro, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, Afrika rivojlanishi va Xitoy bilan aloqalar ham bor.
G7 yetakchilari sammiti iyun oyi o‘rtalarida Italiyada bo‘lib o‘tadi.
Belgorodda qulagan Il-76
Rossiyaning Belgorod oblastida halokatga uchragan Il-76 samolyotlarida almashtirish uchun olib ketilayotgan ukrainalik asirlar bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotni Ukraina tomoni keskin rad etmoqda. Rossiya OAV tomonidan e’lon qilingan asirlar ro‘yxatidagi ayrim shaxslar allaqachon avvalgi asir almashtirishda Ukrainaga olib kirilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham taqdim etilgan.
Qolaversa, Il-76 samolyoti halokatga uchragan joydan tarqagan suratlarda ukrainalik harbiylarning jasadi ko‘rinmaydi. Faqat uchuvchilarning o‘liklari bor.
Ukraina tomoni samolyot havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi bilan urib tushirilgani, samolyotda qurol-yarog‘ tashilgani, samolyot fyuzelajida esa shunday zarbadan qolgan teshiklar ko‘zga tashlanayotganiga urg‘u berishgan.
Shuningdek, Ukraina tomoni asir almashinuv jarayonida avvalgidek Belgorod oblasti uzra havo kengliklari xavfsizligini vaqtincha ta’minlash yuzasidan bildirishnoma olmaganini qayd etgan.
Bugun o‘zining 46 yoshini nishonlayotgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Il-76 samolyotining qulagani borasida xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlagan.
Yoshlari uchun qayg‘urayotgan Qozog‘iston
Qozog‘istonda veyplarni olib kirish, ishlab chiqarish, sotish va tarqatishga to‘liq taqiq joriy qilindi.
Veyp sotish uchun 50 sutka qamoq, olib kirish va tarqatishga 2 yilgacha, takroriy xatti-harakatlar uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Ostona va Almati shaharlaridagi o‘smirlarning 80 foizi veyp chekishi qozog‘istonlik deputatlarni shunday chora qo‘llashga majbur qilgan.
Qayd etish kerakki, bunday chora Turkmanistonda ham qo‘llangan, u yerda har qanday tamaki mahsulotlari, jumladan nosni ham relizatsiya qilish taqiqlanadi.
Ayni paytda Markaziy Osiyoda veyp va sigaret sotish uchun hech qanday cheklovlar bo‘lmagan yagona davlat Qirg‘iziston bo‘lib qolmoqda. Ekspertlar buni Qirg‘iziston parlamentida tamaki lobbisi juda kuchliligi bilan tushuntirishmoqda.
Mavzuga oid
14:38
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024