O‘zbekiston | 17:49 / 29.01.2024
14326
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosarlaridan biri o‘zgardi

Chinoz tumani hokimi Botir Alimbekov Xolmirza Niyozov o‘rniga Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Alimbekov avval ham viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xolmirza Niyozov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xolmirza Niyozov. Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Xolmirza Niyozov muqaddam Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani hokimi bo‘lgan, 2022 yil fevralidan buyon Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli qarori bilan Botir Bahodirovich Alimbekov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Botir Alimbekov. Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Botir Alimbekov 1978yilda Zangiota tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1999 yilda Toshkent davlat agrar universitetini, 2009 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (hozirgi Davlat boshqaruvi akademiyasi) tamomlagan. Mutaxassisligi – zoomuhandis, iqtisodchi (qishloq xo‘jaligi).

U faoliyati davomida davlat soliq inspektori (2002–2005), «Qishloqxo‘jalikkimyo» hududiy AJ mutaxassisi, tuman filiali mudiri, rais o‘rinbosari va boshqaruv raisi (2005–2016), Toshkent viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i (2016–2017), «Toshkentagrokimyohimoya» hududiy AJ direktorining birinchi o‘rinbosari va jamiyat direktori (2017–2019) lavozimlarida ishlagan.

2020 yil aprelidan 2021 yil yanvariga qadar ham Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgandi. 

2021 yil yanvarida Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid