O‘zbekiston | 14:52 / 29.01.2024
6828
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida mehmonxona ochildi

Reys vaqti o‘zgargan, parvozi qoldirilgan yoki tranzit uchuvchi yo‘lovchilar uchun poytaxt aeroportining jo‘nab ketish terminalida 24 kishilik mehmonxona rasman ish boshladi. Mehmonxona Alisher Navoiyning «Xamsa» asaridagi birinchi doston - «Hayrat ul-Abror» nomi bilan atalgan. Kelgusida yana 4 ta shaharda shunday mehmonxona tashkil qilinadi.

Foto: Uzbekistan Airports

29 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroportidagi kichik mehmonxonaning rasman ochilishi bo‘lib o‘tdi. Mehmonxona aeroport jo‘nab ketish terminalining kutish zalida, «Art Bazar» majmuasining chap tomonida joylashgan. 2 qavatli mehmonxona 24 ta kichik xonalardan iborat.

Birinchi qavatida ro‘yxatdan o‘tish, yuvinish joylari va 13 ta individual xona mavjud. Ikkinchi qavatida esa xonalar soni 11 ta.

Mehmonxona direktori Abduqayum Abdullayevning aytishicha, 24 ta xonaning bittasi lyuks, bittasi oilaviy va yana biri esa nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan.

«Xonalar bir kishilik bo‘lib, yotoq, chiroq, oyna, kiyim ilgich, qo‘l yuki uchun javon, stol bilan jihozlangan. Mehmonxonamizda yo‘lovchi transfer paytida aeroportdan chiqmasdan yoki tranzit zonasini tark etmasdan bir necha soat qolishi mumkin. Dastlabki 10 soatli xizmat kishi boshiga 600 ming so‘m. 10 soatdan oshib, bir kunga aylansa, bu narx 1 mln 200 ming so‘mga chiqadi», — deydi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mehmonxona bepul xizmat ko‘rsatadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy maydoni 240 kv.m bo‘lgan mehmonxona auksion orqali xususiy kompaniya boshqaruviga o‘tkazilgan.

Abdullayevning ta’kidlashicha, mehmonxona Alisher Navoiyning «Xamsa» asaridagi birinchi doston — «Hayrat ul-Abror» nomi bilan atalgan.

«O‘zbekistonning jami 5 ta shaharida shunday kichik mehmonxona qurib, ishga tushirishni reja qilganmiz. Shuning uchun mehmonxona tarmog‘ini «Xamsa» deb atab, birinchisini rasman ochdik. Bundan tashqari, Samarqand, Urganch, Farg‘ona, Qarshi shaharlarida ham shunday mehmonxona qurilishi reja qilingan», — dedi Abduqayum Abdullayev.

Qayd etilishicha, yo‘lovchilar xonalarni ham oflayn, ham onlayn (booking.uz yoki xalqaro agregatlar orqali) tarzda band qilishlari mumkin.

Mavzuga oid