O‘zbekiston | 13:26 / 30.01.2024
11773
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda gaz ballon portlashi oqibatida O‘zbekiston fuqarolari og‘ir jarohatlandi

Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, yetti kishi jarohatlangan, shundan ikki nafari o‘zbekistonliklar.

Foto: Orda.kz

Qozog‘istonning Qarag‘anda oblastidagi ikki qavatli uyda gaz balloni portlashi oqibatida O‘zbekiston fuqarolari ham jarohatlangan. Bu haqda O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi xabar berdi.

Qarag‘anda oblastidagi portlash 30 yanvarga o‘tar kechasi Buxoro-Jirau rayoni, Bo‘taqara posyolkasida sodir bo‘lgan. Bu yerda 12 xonadonli uyning ikkinchi qavati qulab, birinchi qavatni bosib qolgan. Oqibatda jami maydoni 300 kv.m bo‘lgan yettita kvartiraga zarar yetgan.

Uyda jami 46 kishi yashagan, portlash vaqtida 35 kishi bo‘lgan. Qutqaruv ishlari davomida yetti kishi vayronalar ostidan olib chiqilgan, shundan besh kishi mahalliy shifoxonaga yotqizilgan, ularning uch nafari bolalar. Hudud rahbari yana ikki kishi xarobalar ostida halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Rayon hokimi Ablay Sultangalining ma’lum qilishicha, dastlabki versiyaga ko‘ra, portlashga gaz ballondan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgan — gaz ballon sovuqdan issiq xonaga olib kirilgan.

Elchixona jabrlanganlar orasida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ham og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qilgan. Jumladan, 1989 yilda tug‘ilgan Rustem Umaraliyevich Xoldarov tanasining 80 foizi, 1987 yilda tug‘ilgan Nuriddin Odiljonovich Hakimov tanasining 35 foizi kuygan, yopiq miya shikastlanishi, umurtqa sinishi kuzatilgan.

Elchixona bu masalani nazoratga olgani, Qarag‘anda oblasti politsiyasi, favqulodda vaziyatlar bo‘limlari bilan aloqada bo‘lib turganini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid