Jamiyat | 19:25 / 08.02.2024
19993
5 daqiqa o‘qiladi

“Bolalarimga o‘rgatish uchun o‘zim o‘rgandim” – 3 farzandi ham prezident maktabida o‘qiyotgan ona hikoyasi

Bir paytlar o‘zida oliy ta’lim olish imkoni bo‘lmagan navoiylik ona farzandlari ilmli bo‘lishi uchun o‘zida bor barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Hozir uning 3 farzandi ham Navoiy shahridagi prezident maktabida o‘qiydi.

Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi oila 3 nafar farzandini Navoiy shahridagi prezident maktabida o‘qitmoqda. Bolalarning otasi Muruntau koni qo‘riqlash xizmatida ishlaydi, onasi Sarvinoz Xolmanova esa o‘rta ma’lumotli. 3 farzandi ham nufuzli maktabda o‘qiyotgan oila Zarafshondan Navoiyga bolalari maktabga qatnashiga yo‘lkira topib berishga qiynalishadi, biroq bolalarining bilimli bo‘lishi uchun o‘zlarida borini bera olishadi.

Hudud24 nashri bolalarning onasi Sarvinoz Xolmanova bilan suhbatlashdi.

“Bolaligimda asosiy vaqtim dalada o‘tgan, paxta chopardik. Shuning uchun norozi bo‘lardim: bizning ko‘p vaqtimiz paxta chopish bilan o‘tyapti, dars qilishga kam vaqt topamiz deb. Paxtadan qoladigan vaqtimga loviya ekib, o‘zim yig‘ishtirib olib, o‘qishga kirishga mablag‘ yig‘ishga harakat qilardim. Hech kim ishlatmaydigan yerlarga loviya ekib sotib, Samarqand shahrida 3 oylik kompyuter kursida o‘qiganman.

Oilamizda qizlar 17-18 yoshlarida turmushga chiqadi, lekin mening o‘qish niyatim borligi uchun 20 yoshimgacha uzatishmagan”, deb eslaydi Sarvinoz Xolmanova.

Turmushga chiqqach, oilaviy vaziyat tufayli o‘qish rejalari amalga oshmay qoladi. 3 farzandi ketma-ket tug‘ilgan ayol bor vaqtini bolalari yaxshi o‘qishiga sarflaydi.

“Boshidanoq katta o‘g‘limning matematikadan iqtidorli ekanini sezardim, shuning uchun yaxshiroq maktablarda o‘qitishga harakat qilardik.

Uyimizga yangi ko‘chib chiqqan vaqti elektr o‘tkaza olmagandik. 3 yil shu tarzda yashadik va shu orada qizim, kichik o‘g‘lim tug‘ildi. Ular hali chiroq nimaligini bilmasdi, shuning uchun hech qayerga mehmonga olib bormasdim. Agar mehmonga borsak, chiroq nimaligini bilib qolishsa, uyga qaytgach ichi siqiladi deb shunday qilardim.

Bir kuni bolalarimning devordan mo‘ralab qo‘shnining uyidagi televizordan multfilm tomosha qilib o‘tirishganini ko‘rib qoldim. Shundan keyin biz ham naqdga bo‘lmasa-da televizor sotib oldik. Lekin uni ko‘p ko‘rmasdik, bir haftada bir tomosha qilardik, sababi televizordan ko‘p narsa olib bo‘lmaydi. Bolalarim prezidentning kitob o‘qigan bolalar kelajakda televizor tomosha qilgan bolalarni boshqarishi haqidagi gaplaridan motivatsiya olardi”, deydi ona.

Sarvinoz opaning aytishicha, 2013 yili ularning oilasi Zarafshon shahriga ko‘chib keladi. U katta o‘g‘lini gimnaziyaga qo‘yishni, yaxshi ta’lim olishini reja qilgandi. Lekin oilada "propiska" bo‘lmagani uchun bolasini oddiy maktablarga ham olmasdi. Yana rus tilini ham bilmaydi degan sabab bilan maktab direktori Sarvinoz opaning o‘g‘lini maktabga qabul qilmasligini aytadi. Lekin ayolning “Bir imkon berib ko‘ring”, degan gapidan so‘ng maktabga qabul qiladi. “Propiska” tizimi bekor bo‘lgach qizining maktabda o‘qishi muammosiz hal bo‘lgani ona uchun ahamiyatli bo‘ladi.

“Bolalarimga o‘rgatish uchun o‘zim ataylab shaxmat o‘ynashni o‘rgandim. Bolalar ham qiziqish bilan o‘rgandi, lekin viloyat va respublika musobaqalariga olib borishga sharoitimiz bo‘lmagan.

Navoiy shahrida prezident maktabi ochilgan yili ikki farzandim: o‘g‘lim va qizim hujjat topshirgan va ikkalasi ham kirgan. Lekin kambag‘al oila bo‘lganimiz uchun ko‘pchilik “Bu yerda geniylarning bolalari o‘qiydi. Sening bolalaring ham shu maktabga hujjat topshirdimi?” deb kulishgan. Lekin birdaniga har ikkala farzandim ham o‘qishga kirgan ekan”, deydi Sarvinoz Xolmanova.

Keyin esa kichik o‘g‘il ham ayni shu maktabga o‘qishga kiradi.

Sarvinoz Xolmanova farzandlarining oliy ta’limni ham nufuzli joylarda olishini orzu qiladi. Shuning uchun ham ishga kirishga ko‘p harakat qilgan. Aytishicha, “Agar ishga kirsam, men bor pulimni bolalarimning o‘qishiga sarflayman, buning bilan davlatga foydam tegadi”, deyman. Lekin ish topishim qiyin bo‘ldi.

Prezident maktabida Adliya vazirligi mas’ullari bilan bo‘lgan uchrashuvlardan biridan so‘ng 3 farzandi bitta maktabda o‘qiyotgan oila haqida gap boradi va shu voqeadan so‘ng Sarvinoz opa Zarafshon shahar Adliya bo‘limiga ishga kiradi. 

Sarvinoz opaning farzandlari umumta’limni tugatib, xorijdagi xalqaro OTMlarda ta’lim olishni reja qilgan. 

Mavzuga oid