Bombalangan Rafah, qurollanishga chorlagan NATO va Orbanning Ukraina bo‘yicha yangi taklifi - kun dayjesti
Dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarni muxtasar ko‘rinishda kundalik dayjestimiz orqali yetkazishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Ko‘plab ogohlantirishlarga qaramasdan Netanyahu G‘azoning janubidagi Rafaqa shahrini bombalashni boshladi. Tunda Isroil harbiy havo kuchlari Rafahdagi 50 dan ortiq obektlarga, jumladan HAMAS bosh qarorgohiga ham aviazarbalar berishgan.
Ayni paytda Rafahda 1,5 millionga yaqin falastinlik qochqinlar jon saqlashmoqda. Ularning asosiy qismi vayronaga aylantirilgan G‘azoning shimoliy va markaziy qismidan ko‘chirilgan.
Bugungacha Misr agar Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridagi Rafah shahriga kirib kelsa, Isroil bilan Kemp Devid kelishuvlarini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qilayotgan edi.
1979 yilda Misr va Isroil AQSh homiyligida tinchlik shartnomasini imzolangan. Jarayon Kemp Devid kelishuvlari deb nomlanadi. Shartnomaga ko‘ra Misr 1967 yilda Isroil tomonidan bosib olingan Sinay yarimorolini qaytarib oladi. Tinchlik shartnomasi tuzilgandan keyin tomonlar diplomatik munosabatlarni o‘rnatgan. Kemp Devid kelishuviga ko‘ra, Misr Isroil bilan chegarada cheklangan harbiy kontingentini saqlab qolishi mumkin.
Misr HAMAS harakati oldiga ham ultimatum qo‘ygan edi. Misr hokimiyati HAMASga Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish borasida kelishuv imzolash uchun ikki hafta vaqti borligini yetkazgan. Aks holda Isroil qo‘shinlari Rafah shahriga kirib borishi ta’kidlangan.
Misrning jonsarak bo‘lishiga sabab — Agar Isroil rafah shahriga hujum qiladigan bo‘lsa, urushdan qochgan falastinliklar chegarani buzib o‘tib, Sinay yarimoroliga yo‘l olishlari mumkin.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Jo Bayden bilan Rafahga hujum masalasini muhokama qilmaganini aytdi
“Men Bayden bilan gaplashganim yo‘q. Chunki u Isroilning harbiy javobini haddan ziyod deb hisoblaydi. Biroq biz bu urushda HAMAS g‘olib chiqishiga yo‘l qo‘yib bermaymiz”, — degan Netanyahu.
Bungacha AQSh prezidenti Jo Bayden Netanyahuni Rafahda 1 mlndan ortiq odamning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “ishonchli qozonadigan rejasiz” harbiy operatsiya boshlamaslikka chaqirgan edi.
Netanyahu Amerikaning hazir bo‘lish haqidagi chaqiriqlarini ham e’tiborsiz qoldirgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Isroilning G‘azo janubidan falastinliklarni evakuatsiya qilish rejalaridan tashvishda ekanini ma’lum qilgan.
Tashkilot bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus bu rejani amalga oshirish “qayerga borishini bilmaydigan va amalda hech qayerda tibbiy yordam ko‘rsatilmaydigan” 1,5 million odam uchun jiddiy oqibatlar keltirib chiqarishidan ogohlantirgan.
Shu kungacha Isroilning hujumlari tufayli G‘azo sektorida halok bo‘lgan falastinliklar soni 28 ming 64 nafarga yetdi. Ularning 8190 nafari ayollar, kamida 12 ming nafari yosh bolalardir. Yana 67 ming 611 kishi turli darajada yarador qilingan.
Urushga bog‘langan Rossiya iqtisodiyoti
Ukrainada urush yakunlanadigan bo‘lsa Rossiya iqtisodiyoti qulaydi.
Rossiyadagi hozir kuzatilayotgan iqtisodiy o‘sish faqat qurol-yarog‘ ishlab chiqarish hisobiga bo‘lmoqda, biroq urushga asoslangan iqtisodiy yuksalish barqaror bo‘la olmaydi, degan Oksford universitetining Avliyo Antoniya kollejida dars beruvchi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Yevrosiyo iqtisodiyoti fanlari professori Mixael Roxlits.
«Rossiyaliklar Ukrainada sarflanayotgan qurol-yarog‘larni qayta-qayta ishlab chiqarmoqda. Ishlab chiqarilishi kerak bo‘lgan har bir potensial snaryad iqtisodiy o‘sishning ijobiy omili bo‘lib xizmat qiladi. Lekin u kelajakka investitsiya bo‘la olmaydi. Bu iqtisodiyot urush tugagani zahoti qulaydi», — degan Mixael Roxlits.
Aynan shu sababga ko‘ra bir paytlar sovet ittifoqi iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutgan, deb hisoblaydi professor.
NATO Yevropani qurollanishga chaqirdi
NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg qurollanish va Rossiya bilan o‘nlab yillar davom etishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilikka tayyorlanishga chaqirdi.
Stoltenberg alyansga a’zo davlatlarga Yevropa hududida qurol-yarog‘ ishlab chiqarishni ko‘paytirish yuzasidan murojaat qildi. U Welt am Sonntag nashriga bergan intervyusida hozirgi ishlab chiqarish sur’atlari tinchlik hukm surgan davrlar uchun xosligi, keng ko‘lamli qarama-qarshilik uchun yetarli emasligini urg‘ulagan.
NATO bosh kotibining qayd etishicha, alyans Rossiya bilan urushga intilmaydi, lekin uzoq davom etuvchi qarama-qarshilikka tayyor bo‘lishi kerak.
«Agar Putin Ukrainada g‘alaba qozongudek bo‘lsa, Rossiya agressiyasi boshqa davlatlarga ham tarqalmasligiga hech qanday kafolat yo‘q», — deb hisoblaydi Stoltenberg.
Turkiya uchun F-16 sotuvi ma’qullandi
AQSh Kongressi F-16 qiruvchi harbiy uchoqlarini Turkiyaga yetkazib berish bo‘yicha bitimni ma’qulladi. To‘g‘rirog‘i, e’tiroz bildirmadi.
AQSh Kongressi Turkiyaga 40 ta yangi F-16 qiruvchi uchoqlarini sotish, shuningdek, Turkiyada mavjud shu tipdagi eski uchoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha bitimni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqida AQShning Anqaradagi elchixonasi ma’lum qilgan.
“Shu hafta ichida Kongress tomonidan qabul qilingan 40 ta yangi samolyot sotish va 79 ta samolyotni modernizatsiya qilib berish to‘g‘risidagi qaror oldinga tashlangan katta qadam bo‘ladi. Turkiyaning F-16 uchoqlaridan iborat aviaparki ittifoqchilarning kelgusida operativ hamohangligini ta’minlash borasida NATO kuchlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega”, — deyiladi elchixona bayonotida.
Orbanning yangi taklifi
Vengriya bosh vaziri Ukrainada Rossiya va G‘arb o‘rtasida bufer zona yaratishni taklif qildi.
“Bizga va ukrainaliklarga yoqadimi-yo‘qmi, Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishdan koz kechib, faqat Rossiya va G‘arb o‘rtasida bufer zona bo‘lsagina davlat sifatida saqlanib qolishi mumkin”, — degan Orban Avstriyaning sobiq kansleri Volfgang Shyussel bilan suhbatda.
Uning fikricha, agar bunday qilinmasa “Ukraina o‘z mamlakatini yo‘qotadi”. “Ruslar yana va yana uni vayron qilish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Rossiya hech qachon o‘z ostonasida Yevropa Ittifoqi va NATOning bunday a’zosini hazm qila olmaydi. Hech qachon”, — deya ta’kidlagan Orban.
Uning fikricha, Kiyev bu tuzilmalarga integratsiya bo‘lish imkoniyatini 2008 yili Buxarestda o‘tgan sammitda qo‘ldan boy bergan. Orbanning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda “Rossiya o‘shanda NATOning kengayishiga monelik qilish uchun juda ojiz davlat bo‘lgan”, biroq mamlakatlar bir to‘xtamga kela olishmagan.
Darvoqe, Vengriyada mamlakat prezidenti iste’foga chiqdi. 2022 yilda xalq deputatlari tomonidan saylangan Katalin Novak pedofiliya asosidagi jinoyatni sodir etgan insonni afv qilgani fonidagi mashmashalardan so‘ng iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Uning iste’fosini Vengriyadagi barcha muxolif partiyalar talab qilgan.
Prezidentlik saylovlari
Prezidentlar haqida gap borar ekan, o‘tgan haftada o‘tgan saylovlar natijalari bilan ham gap orasida tanishtirib ketaylik.
Boku ko‘chalarida keng bayram qilingan Ozarboyjon prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovlarning rasmiy natijalari e’lon qilindi. Ozarboyjon Markaziy saylov komissiyasi rasmiy bayonotiga ko‘ra Ilhom Aliyev Ozarboyjon prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda 92,12 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozongan.
Finlandiyada ham prezidentlik saylovlari natijalari e’lon qilindi.
Ikkinchi turda berilgan ovozlarning 100 foizi sanab chiqilganidan so‘ng sobiq bosh vazir, o‘ngmarkazchilar Milliy koalitsiya partiyasi yetakchisi Aleksandr Stubb g‘olib chiqqani oydinlashdi. Finlandiyaning 13-prezidentini 51,6 foiz saylovchilar qo‘llashgan. Uning raqibi, sobiq tashqi ishlar vaziri Pekku Haavistoga 48,4 foiz ovoz berilgan.
Finlandiya davlatiga 10 yildan buyon rahbarlik qilayotgan amaldagi prezident Sauli Niinistyo Aleksandr Stubbni g‘oliblik bilan tabrikladi.
Mavzuga oid
14:38
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024