«Urush matematigi». Ukraina armiyasining yangi bosh qo‘mondoni haqida asosiy faktlar
Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni kim ekan va bu tayinlovdan nimalar kutish mumkin?
BBC Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni kim ekani va bu tayinlovdan nimalar kutish mumkinligi haqida hikoya qildi.
Oleksandr Sirskiyning tanishlari aytishicha, u urush Ukraina g‘alabasi bilan tugamasligi haqidagi har qanday gap-so‘zni qat’iyan rad etadi.
«U urushga matematik nuqtayi nazardan qaraydi. Uning uchun bu hal qilinishi kerak bo‘lgan masala va u bu masalani yechmoqchi. Bu vazifa shartlari: dushman bor va uni yo‘q qilish kerak», — deydi Ukraina mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, xizmatdaligida Sirskiy bilan yaqindan hamkorlik qilgan Anna Malyar.
«U harbiy amaliyotlarni shu qadar puxtalik bilan rejalashtiradiki, har birining boshlanishi va yakunlanishi kerak bo‘lgan kun va soati bo‘ladi. Orkestrda har bir cholg‘u asbobi va uning qismlari bo‘lgani kabi, unda ham har bir bo‘linma va uning vazifalari bor», — deya davom etadi u.
Volodimir Zelenskiy va Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi ziddiyat yaqqol ko‘zga tashlana boshlagach, mamlakat ichkarisidagilar va xorijdagi kuzatuvchilarning ko‘pchiligi Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni aynan Sirskiy bo‘lishini prognoz qilayotgandi. Ukrainaning Rossiyaga qarshi hozirgi urushdagi eng katta ikki g‘alabasi uning nomi bilan bog‘liq, 58 yoshli generalning biografiyasi va tajribasi ham ushbu tayinlovni oqlaydi. Bu tayinlovga qarshilar yangi bosh qo‘mondonning oddiy harbiylar orasidagi obro‘si joyida emasligiga e’tibor qaratib, hozirgi vaziyatda Ukraina QK qo‘mondonligidagi har qanday o‘zgarish jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartira olmasligini, shu bilan birga Ukraina hukumatini jiddiy siyosiy xavf-xatarga duchor qilishini aytishgan.
Moskvadan Kiyevga qadar
Oleksandr Sirskiy 1965 yilda RSFSRning Vladimir oblasti Novinki qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi harbiy bo‘lgan va u bolalikdan uning ortidan borishni orzu qilgan. 70-yillarda Sirskiyning otasi Ukrainada xizmat qilishga yuborilgan, butun oila u bilan birga ketgan. Oleksandr maktabni Xarkivda tamomlagan va bu shaharni o‘z ona shahri deb biladi.
Vladimirda uning qarindoshlari qolgan, ammo uning akasi Oleg Sirskiy Rossiya davlat agentligiga shunday degan: «
Men u bilan muloqot qilmayman, hatto uning qayerdaligidan bexabarman. <…> Men u haqida hech narsa bilmayman. Ancha oldin, juda ko‘p vaqt oldin u u yerga [Ukrainaga] ketgan. U butun hayotini o‘sha yerda qurgan, u o‘sha yerda xizmatga kirgan va uni davom ettirmoqda, oilasi o‘sha yerda». Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ko‘ra, Oleg Rossiya bosqinini qo‘llaydi.
Oleksandr Sirskiy a’lochi sifatida Moskva oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtiga yuboriladi, u bu yerni 1986 yilda a’lo baholarga tamomlaydi. Bilim yurtida Sirskiy 1982 yildan 1986 yilga qadar o‘qigan. Rossiya 58-armiyasining sobiq qo‘mondoni, hozir esa Davlat dumasi deputati va asosiy rossiyalik harbiy spikerlardan biriga aylangan Andrey Kartapolov ham u bilan bir vaqtda o‘qigan, ammo bilim yurtini bir yil oldinroq, 1985 yilda tamomlagan. 1987 yilda esa bu yerni LDPRdan duma deputati bo‘lgan, sobiq razvedkachi Aleksandr Litvinenkoni o‘ldirishda gumonlangan Andrey Lugovoy bitirgan.
Ammo Oleksandr Sirskiyning harbiy xizmati to‘liq Ukraina bilan bog‘liq. 80-yillarda u Poltava oblasti Lubni shahridagi motoo‘qchilar vzvodiga komandirlik qilgan, 90-yillarda — Ukraina milliy gvardiyasining bazasi Xarkiv oblastida joylashgan 6-diviziya batalyoni va polkiga rahbarlik qilgan, 2000-yillarda — Ukraina QK 72-brigadasi shtabini boshqargan va qo‘mondonlik qilgan.
1996 yilda u Ukraina qurolli kuchlari akademiyasini, 2005 yilda — Ukraina milliy mudofaa akademiyasini a’lo baholar bilan tamomlaydi. U dissertatsiyani ham Ukrainada yoqlaydi va harbiy fanlar nomzodi bo‘ladi. 2009 yilda Sirskiy prezident Viktor Yushchenko farmoni bilan general-mayor unvonini oladi.
2013 yilda, Ukraina uchun so‘nggi tinch yilda Sirskiy Ukraina QK Bosh qo‘mondonlik markazi birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan. U bu lavozimda ukrain armiyasining NATO bilan hamkorligiga va Ukraina qurolli kuchlarida alyans standartlarining bir qismini bajarishga mas’ul bo‘lgan.
Sirskiyni taniydigan odamlarning aytishicha, u ingliz tilida erkin gaplashadi. Katta urushga qadar repetitor bilan shug‘ullangan, hozir esa tilni mustaqil ravishda o‘rganmoqda.
Debalsevodan chiqish
Donbassda harbiy harakatlar boshlangach, Sirskiy aksilterror amaliyotlar (ATO - ukrain kuchishlatar tuzilmalarining Ukraina sharqidagi amaliyoti 2018 yilga qadar shunday nomlangan) shtabiga rahbar bo‘lgan.
2015 yil fevralida Sirskiy Donetsk oblastidagi Debalsevo shaharchasi chekkasiga shaxsan tashrif buyuradi. Bu yerda ATO davridagi eng qizg‘in janglar ketayotgandi: Debalsevo va atrofdagi qishloqlar o‘zini o‘zi e’lon qilgan «DXR» nazoratidagi hududga sanchilgan xanjar shaklini hosil qilgandi. Ukraina qurolli kuchlari kelgusi hujum amaliyotlarida platsdarm vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan ushbu shaharni ushlab qolishga harakat qilardi, Rossiya harbiylari tomonidan ochiqchasiga qo‘llanayotgan ayirmachilar esa (DXR tomonida turib jang qilayotgan buryat tankchilarini ilk bor shu yerda payqashgandi) Debalsevo bo‘rtig‘ini «kesib tashlash»ni istayotgandi.
Sirskiy bu yerga dastlab vaziyatni tushunib olish uchun tashrif buyurgandi, yakunda esa aynan u ayrim to‘qnashuvlarda qo‘mondonlik qiladi, keyin esa — shahardan ukrain kuchlari olib chiqish bilan shug‘ullanadi.
Rossiya propagandasi Ukraina qurolli kuchlari Debalsevoni tark etishini ko‘p sonli qurbonlar bergan holda vahimaga tushib qochish sifatida tasvirlaydi. Sirskiy esa keyinroq buning aksini ta’kidlagan: chekinish sinchkovlik bilan rejalashtirilgan va yaxshi tashkillashtirilgandi.
«Men o‘z bo‘linmam bilan chekinish amalga oshiriladigan yo‘l bo‘yidagi ikki tepalikni egalladim. Bu yerga desantchilar joylashishdi va o‘sha tepaliklarni bo‘linmalarimiz Debalsevoni tark etguniga qadar ushlab turishdi… Chiqish vaqtida raqibning barcha asosiy tayanch punktlari va bo‘linmalari bostirilgan, raqib bizning ketishimizga ta’sir ko‘rsata olmasdi. Shuning uchun chiqish — xoh piyoda, xoh mashinada bo‘lsin, uyushqoqlik bilan amalga oshirilgandi», — degandi u keyinroq «Ukrainskaya pravda» nashriga.
Debalsevo amaliyotining siyosiy jihati ham bor edi. Shahar uchun janglar ketayotgan mahalda Belarus poytaxtida Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya yetakchilarining uchrashuvi o‘tkazilayotgandi. Unda Vladimir Putin «Debalsevo kotyoli»da minglab ukrain askarlari qamalib qolgani, ularni qutqarish uchun Kiyev jiddiy yon berishi kerakligini aytadi.
Shaharni Minsk muzokaralari yakunlangunicha ushlab turish, keyin esa — Ukraina qurolli kuchlari Debalsevodan nisbatan tashkillashtirilgan holda olib chiqilishi Ukrainaning o‘sha vaqtdagi rahbariyati tomonidan ijobiy baholanadi. Bu voqea uchun Sirskiyni 3-darajali Bogdan Xmelnitskiy ordeni bilan taqdirlashadi.
Keyinroq Sirskiy Donbassdagi ukrain qo‘shinlari qo‘mondonlik tuzilmasida yuqori lavozimlarni egallaydi: Ukraina QK Birlashgan operativ shtabini boshqaradi, ATO qo‘mondoni bo‘ladi, keyinroq – ATO o‘rniga tuzilgan Birlashgan kuchlar operatsiyasiga qo‘mondonlik qiladi.
2019 yil avgustida prezident Volodimir Zelenskiy Oleksandr Sirskiyni Ukraina QK Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni etib tayinlaydi. 2020 yil 23 avgustida – Ukraina mustaqillik kuni munosabati bilan – Sirskiy general-polkovnik unvonini oladi.
Kiyev mudofaasi
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanishi arafasida Sirskiy mamlakat rahbariyatidan o‘zini Kiyev mudofaasi qo‘mondoni etib tayinlashni taklif qilgan. Keyinroq general rossiyaliklar Ukraina poytaxtiga bu qadar taptortmasdan yurish qilishi mumkinligiga ishonmaganini tan olgan.
«Menga faol harbiy harakatlar boshlansa ham, bu katta ehtimol bilan sharqda — Donetsk va Luhansk oblastlari chegaralarida yoki shunga yaqinroq joylarda kechadigandek tuyulgandi», — degandi u Washington Post nashriga bergan intervyusida.
«Ammo biz harbiylarmiz. Shuning uchun men bunga ishonganim yoki ishonmaganimdan qat’i nazar va barchasi qanday ko‘ringan bo‘lsa ham, men baribir barcha zarur tayyorgarlikni ko‘rib qo‘ygandim», — deya davom etadi u.
Kiyev mudofaasi uchun Sirskiy ikki mudofaa halqasi tashkil etadi — biri shahar ichkarisida, boshqasi shahar chekkasida. General tezlik bilan markaziy qo‘mondonlik va shahar hamda uning atrofiga yoyib joylashtirilgan sektorlar o‘rtasida kommunikatsiya tizimini yaratadi. Shu bilan bir vaqtda u taktik xarakterdagi shoshilinch qarorlarni qabul qilishni joylardagi zobitlarning o‘ziga qoldiradi.
Asosiy kuchlar mamlakat sharqiga joylashtirilgani tufayli Kiyevni himoya qilish uchun harbiy kadrlar yetarli bo‘lmasligini anglagan holda Sirskiy Ukrainaning boshqa shaharlaridagi o‘quv-mashg‘ulot markazlari hamda harbiy bilim yurtlar negizida vaqtinchalik batalyonlar tuzish va poytaxt tomon olib kelishga buyruq beradi.
Bundan tashqari, armiya aviatsiyasi, artilleriya bo‘linmalari va havo hujumidan mudofaa tizimlari Rossiya bosqinidan oldinroq o‘zining doimiy joylashuv manzillaridan tashqariga olib chiqiladi.
Bu qadamlarning barchasi, Sirskiyning aytishicha, Ukraina poytaxtini egallash uchun uch kun muddat berilgan rossiyaliklarning dastlabki zarbasiga dosh berishga imkon beradi. BBC’ning o‘shanda Kiyevdagi qo‘mondonlik punktlaridan birida bo‘lgan suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Sirskiy rossiyaliklar bosqinining to‘rtinchi kuniga kelibgina uyquga yotgan.
«Ikki hafta deyarli uyqusiz, ahyon-ahyonda mizg‘ib olish. Ammo barcha vazifalar bajarildi», — deya xotirlaydi u keyinroq «Kiyev uchun jang» hujjatli filmida.
Sirskiy Kiyev yaqinida vaziyat kritik bo‘lgan yana bir palla sifatida poytaxtdan shimoldagi Moshchun qishlog‘i uchun janglarni keltiradi, bir qancha muhim yo‘llar shu yer orqali o‘tgandi. Rossiyaliklar bu yerga desantchilar va dengiz piyodalari bilan to‘lib-toshgan ikki yuzga yaqin texnikalarini olib keladi. O‘shanda Kiyev mudofaasi uchun muhim qaror qabul qilinadi: Irpin daryosidagi to‘g‘on portlatilishi rossiyaliklarning rejalashtirilgan hujumini to‘xtatadi. Katta ehtimol bilan, aynan shu qaror Kiyevdan xavfni uzil-kesil aritadi.
Mart oyining so‘nggi kunlarida Rossiya qo‘shini Ukraina poytaxti atrofidan butunlay ketadi. Bir oydan uzoq vaqt davom etgan ushbu amaliyot uchun Oleksandr Sirskiy davlatning oliy davlat mukofoti — Ukraina Qahramoni Oltin yulduzi bilan taqdirlangan.
Xarkiv atrofidagi yurish
Rossiyaliklar Kiyevdan chekingach, urushning asosiy voqealari Ukraina sharqiga ko‘chadi. Sirskiy frontning sharqiy uchastkasi uchun mas’ul bo‘lgan «Xortitsa» operativ-strategik qo‘shinlar guruhi boshqara boshlaydi.
Sirskiyni Ukraina qurolli kuchlarining «Slobojanskiy yurishi» nomini olgan amaliyotining bosh arxitektori deb hisoblashadi — 2022 yil sentabrida ukrain armiyasi shiddatli hujumga o‘tib, bir hamlada Xarkiv, Donetsk va Luhansk oblastlarida 500 dan oshiq aholi yashash manzillarini ozod etadi.
«[Ukrain harbiylari o‘shanda] chekinishdan bezor bo‘lgandi. Biz dushman gandiraklab qolib, parokanda bo‘lishiga olib keladigan zarba berishimiz kerakligini his qilardik», — deya xotirlaydi Sirskiy keyinroq TSN uchun intervyuda.
Ukraina hukumati o‘shanda barcha axborot kanallari orqali tez orada janubiy yo‘nalishda yurish boshlashini anons qiladi va bu bilan rossiyaliklarni jangga shay qismlarini Xerson mudofaasi uchun olib o‘tishga majbur qiladi. Sirskiy qo‘mondonligidagi qo‘shin esa raqib Xarkiv yo‘nalishida kuchsizlanganidan foydalanib qoladi.
Balakliyada turgan rossiyaliklar raqib keng front bo‘ylab yurish qilishini kutganida ukrain qo‘shini shaharni aylanib o‘tadi va qanotlardan zarba berib, shaharni himoya qilishga tayyorlangan kuchlarni g‘aflatda qoldiradi.
Sirskiy chekinayotgan ruslarni ta’qib qilaturib mudofaaga o‘tishni o‘z ichiga oluvchi dastlabki rejadan chetga chiqishga qaror qiladi va qochayotgan dushmanni quvishda davom etishga buyuradi.
Slobojanskiy yurishi davomida ukrain kuchlari ulkan miqdordagi harbiy texnikalarni o‘lja qilib oladi. Wall Street Journal gazetasi Oryx tahlilchilariga asoslangan holda Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlari uchun og‘ir qurollar yetkazib beruvchi asosiy «ta’minotchiga aylangani» haqida yozgandi.
«[Yurish] natijasi biz kutganimizdan ancha kattaroq bo‘ldi. Biz taxminan ikki ming kvadrat kilometr kamroq hududni [ozod etishni] reja qilgandik», — deya tabassum bilan hikoya qiladi keyinroq Sirskiy.
Ammo, generalning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyotning asosiy natijasi boshqa narsada edi: «Barcha ko‘rdiki, Rossiya armiyasi, dunyodagi ikkinchi armiya, mag‘lub etildi. Uni ham yengish mumkin va yengish ham kerak, ular qochishadi va ancha tez qochishadi».
Ukrain kuchlarining aynan o‘sha muvaffaqiyatli harakatlari Vladimir Putin qisman safarbarlik e’lon qilishiga sabab bo‘lgan, deb hisoblaniladi. Ukraina qurolli kuchlarining Svatove va Kreminna tomon hujumlarini faqat minglab yangi chaqirilgan askarlarni oldingi chiziqqa tashlash orqaligina to‘xtatish mumkin bo‘lgandi.
Baxmut masalasi
Agar Slobojanskiy yurishi shubhasiz Ukraina armiyasi uchun Rossiyaga qarshi urushning eng shonli sahifalaridan biriga aylangan bo‘lsa, Baxmut uchun janglarga aniq baho berish qiyin.
Sirskiyning o‘zi ham uning boshqaruvidagi guruh mas’uliyatida bo‘lgan bu shahar harbiy ahamiyatga ega bo‘lmaganini tan olgan. Ammo 2022 yil kuzida uning egallanishi asosan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi otryadlaridan iborat bo‘lgan Rossiya qo‘shini uchun juda muhim ahamiyatga egadek tuyulgandi. Mohiyatan Baxmut uchun janglar «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojinning shaxsiy piar-proyektiga aylandi, uning zabt etilishi esa Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv atrofidagi mag‘lubiyatini ramziy jihatdan kompensatsiya qilishi kerak edi.
Natijada 2022-2023 yillar qishida Baxmut uchun kechgan janglar Rossiya-Ukraina urushidagi eng qonli to‘qnashuvlarga aylandi, harbiy harakatlar ikki tomondan o‘n minglab kishilar hayotiga zomin bo‘ldi.
BBC manbasi tasdiqlashicha, ma’lum pallaga kelib Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ukrain kuchlarini shahardan olib chiqish tarafdori bo‘lgan. Ammo o‘sha vaqtda Baxmut ukrain siyosiy rahbariyati uchun muhim timsolga aylangandi: «Baxmut Fortetsі (qal’asi)» Ukraina qurolli kuchlari askarlarining matonati va o‘z yurtini oxirigacha himoya qilishga bo‘lgan qat’iyati ramzi bo‘lishi kerak edi. BBC ma’lumotiga ko‘ra, Zalujniy o‘shanda shaharni tashlab chiqish bo‘yicha taklifiga «ruxsat» ololmagan, Baxmut uchun qonli janglar esa u 2023 yil mayida rossiyaliklar tomon egallanguniga qadar davom etgan.
Sirskiyning tarafdorlari Baxmut uchun janglarni ukrain qurollarining g‘alabasi deb bilishadi. «Agar biz o‘shanda dushmanni Baxmutda ushlab turmaganimizda, u sanoqli kunlar ichida butun Donetsk oblastini egallab olishi mumkin edi. „Vagner“ga qarshi kechgan og‘ir janglar bizning g‘alabamiz bilan yakunlandi, chunki „Vagner“ Prigojinning o‘limidan oldinroq ham butkul yakson etilgandi», — degan BBC ga Ukraina mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Anna Malyar.
«Baxmut qirg‘inbaroti» chindan ham «Vagner» XHKning jangovar qobiliyatini sezilarli darajada pasaytirgandi: Sirskiy o‘sha vaqtda bergan intervyularidan birida ushbu xususiy harbiy kompaniya tarixiga yakun yasalgani haqida ham aytgandi. Aftidan, Sirskiy qo‘mondonligidagi qo‘shin bu vaziyatdan foydalanib qolishga qaror qilgan va 2023 yil iyunidayoq Baxmutni qaytarib olish uchun yurish boshlagandi.
New York Times ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil yozida qo‘shma yig‘ilishlardan birida amerikalik harbiy strateglar ukrain generallariga kuchlarni Baxmutga yangi hujumlar va janubiy yo‘nalishda tayyorlanayotgan yirik yurish o‘rtasida bo‘lib yubormaslikni qat’iy tavsiya etishgan. Jurnalistlar o‘z manbalariga tayanib yozishicha, o‘shanda Valeriy Zalujniy bu fikrga qo‘shilgandi.
Ammo amalda Sirskiy boshchiligidagi ukrain qo‘shini Baxmutni qaytarib olish uchun ketma-ket urinishlarni amalga oshirishda davom etadi. Sirskiyning o‘zi o‘sha vaqtlarda tez-tez g‘arb nashrlarida chiqish qilgan va ushbu yarim vayrona holatdagi shaharga hujumlarni davom ettirish zarurligini bot-bot ta’kidlagan.
«Bu prinsipial masala, sharaf masalasi. Biz Baxmutni himoya qilayotganimizda ko‘plab birodarlarimizni, harbiy xizmatchilarimizni yo‘qotdik… Biz uni qaytarishga shunchaki majburmiz», — degandi u 2023 yil iyulida BBC uchun bergan intervyusida.
Taxminan o‘sha kunlarda AVS telekanali muxbirining Baxmutni qaytarib olish ehtimoli haqidagi savoliga javoban Sirskiy yuzda tabassum bilan inglizchada shunday degan: «Yes, of course. I’m sure».
Ukraina qurolli kuchlarining yozgi-kuzgi kampaniyasi yakunida Baxmutni qo‘lga kirita olmadi, keyinroq ayrim ekspertlar resurslarning bir qismi ushbu shahar uchun janglarga ajratilishi ukrain qo‘shini Azov dengizi yo‘nalishida rejalashtirgan yorib o‘tish amalga oshmasligi sabablaridan biri bo‘lganini qayd etishgan.
O‘z navbatida, Sirskiyning atrofidagi odamlar uning guruhi Baxmutni ozod etish vazifasini amalga oshirish uchun yetarli miqdorda o‘q-dorilar bilan ta’minlanmaganini da’vo qilishgan: o‘shanda ustuvorlik janubdagi qarshi hujumga berilgandi.
Ukraina QK bosh qo‘mondoni bo‘lishigacha Sirskiy 2022 yil kuzida ozod etilgan Kupyansk va Liman ham javobgarlik zonasi bo‘lgan «Xortitsa» operativ-strategik qo‘shinlar guruhini boshqarishda davom etdi. Bu hududlarda Rossiya qo‘shini ukrain pozitsiyalariga tinimsiz hujum qilib keladi.
«Bizning maqsadimiz o‘zgarmas: o‘z pozitsiyalarimizni saqlab qolish… dushmanga maksimal darajada yo‘qotish yetkazish yo‘li bilan uni holdan toydirish», — deya ta’riflagan Sirskiy yanvar oyida Reuters uchun bergan intervyusida frontning o‘ziga biriktirilgan uchastkasidagi vaziyatni.
«Imkoniyat doim bor»
2014-15 yillarda Donbassda kechgan harbiy harakatlar vaqtidayoq Sirskiy — «Bars» chaqiruv belgisini olgan.
«Menga bu jonivor yoqadi, u ayyorlik, kuch va jasoratni o‘zida mujassam etadi, o‘zidan vazn va kuch borasida ortiqroq bo‘lgan raqib bilan kurashga kirishdan qo‘rqmaydi. Biz hozir shunday vaziyatdamiz», — degan u TSN uchun intervyusida .
Umuman olganda, Sirskiy Guardian gazetasiga berilgan boshqa bir intervyuda shunday degan: «Men hech qachon son jihatdan bizdan kichikroq bo‘lgan raqibga qarshi jang qilmagan; ular doimo bizdan ko‘pchilik bo‘lgan».
Sirskiyning harbiy boshliq sifatidagi o‘ziga xos xususiyatlari ham shu bilan belgilanadi. Uni taniganlar general o‘zining barcha harakatlarini ikir-chikirigacha rejalashtirishga mukkasidan ketganini aytishadi.
«Asosiy prinsip — tikka hujumlar, ro‘paradan qilinadigan harakatlardan qochish. Shunchaki o‘z imkoniyatingiz, kuchli va kuchsiz tomonlaringizni bilishingiz kerak. Va dushmanni yaxshi bilish, uni o‘rganish, uning kuchli va kuchsiz tomonlaridan foydalanish darkor», — deydi Sirskiy.
O‘z vaqtida Economist Sirskiy ilk harbiy ta’limni Moskva oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida — bu Amerikadagi Vest-Poyntning sovetcha muqobili — zamonaviy Rossiya armiyasining ko‘plab qo‘mondonlari bilan birgalikda tolganiga e’tibor qaratgan.
«Ammo o‘xshashlik shu yerda tugaydi. Uning boshqaruv uslubi sovet va rus iyerarxik amaliyotidan keskin farqlanadi. U NATOning markazlashmagan qo‘mondonlik tamoyillariga rioya etadi va jangovar ruhning muhimligini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy komandir doimiy aloqada bo‘lib turishi kerak. U har kuni askarlardan 300 tagacha xabar oladi», – deya yozgan nashr.
Shu bilan birgalikda, Oleksandr Sirskiy ma’lum ma’noda Valeriy Zalujniyning teskarisiga o‘xshaydi. Sobiq qo‘mondon oddiy askarlar uchun doim ularning yonini oluvchi «otadek» bo‘lib qolgan, harbiylar o‘zaro suhbatda u haqda uni yaqindan taniydigandek gapirishadi. Sirskiy esa, BBC suhbatdoshlari fikricha, oddiy askarlar orasida u qadar taniqli emas, u bilan uchrashganlar uni faqat o‘zini o‘ylaydigan odam sifatida bilishadi, u hatto yaqin xodimlaridan ham masofa saqlaydi.
Sirskiy bilan gaplashgan odamlar uning kundalik hayotda asketik (tarkidunyo qilganlar hayoti) ekanini qayd etishadi: u kuniga to‘rt yarim soatdan uxlaydi. Guardian nashriga intervyusida u urushga qadar besh soatdan, dam olish kunlari esa besh yarim soatdan uxlaganini aytgan.
Sirskiy bir kun oldin tungi soat ikkilarda oldingi chiziqdan qaytgan bo‘lsa ham, ertalab soat 5:20 da uyg‘onishi ma’lum. U kunni bir soat trenajyorda mashq qilish bilan boshlaydi (trenajyorni o‘z shtabiga ham o‘rnatgan). Agar imkoniyat bo‘lsa, kunning ikkinchi yarmida ham yana bir bor sport bilan shug‘ullanadi.
Sirskiy chekmaydi, deyarli ichmaydi, imkon qadar — sog‘lom ovqatlanishga rioya qiladi. Uning kabineti doimo ideal darajada tartibli turadi.
Imkon tug‘ilishi bilan Sirskiy oldingi chiziqqa yo‘l oladi, deyishadi uning yaqin xodimlari. Generalning noodatiy hobbilari ham shunday sayohatlardan kelib chiqqan.
«Qoidaga ko‘ra, ular oldingi chiziqqa juda barvaqt chiqib ketadi, qaytish esa juda kech. Shu tufayli Ukraina sharqida osmon juda go‘zal ekanini payqaydi va bu go‘zallikni, dahshatli urush va tabiat chiroyi uyg‘unligini tasvirga ola boshlaydi», — deydi Anna Malyar. Sirskiy fotosuratlarini eng yaqin safdoshlariga yuboradi. Malyarning aytishicha, u generalni Ukraina g‘alabasidan keyin fotosuratlar ko‘rgazmasini tashkil etishga undamoqda, ammo hozircha uning roziligini ololmagan.
Hech qachon Ukraina armiyasining taniqli generallari sirasiga kirmagan Sirskiy qanday qarashlarga amal qilishini aniq aytish qiyin. O‘zidan oldingi rahbardan farqli o‘laroq, u qariyb ikki yillik katta urush davrida u biror marta ham matbuotda uning armiya, urush va uning kelajagi borasidagi pozitsiyasini tavsiflovchi siyosiy maqolalar e’lon qilmagan.
Lavozimga tayinlanganidan keyin, 9 fevral kuni o‘z telegram-kanalida e’lon qilgan ilk postida Sirskiy barcha harbiy qo‘mondonlik va nazorat organlari, qo‘shinlar va qismlarning harakatlarini aniq va batafsil rejalashtirish birinchi galdagi vazifa ekanini qayd etgan.
«Yangi texnik yechimlarni joriy etish va muvaffaqiyatli tajribani kengaytirish, masalan, uchuvchisiz tizimlar va zamonaviy elektron urush tizimlaridan foydalanish ozodlik uchun urushda g‘alaba qozonishning kelajakdagi vektorlaridan biridir. Faqatgina urush vositalari va usullarini o‘zgartirish va doimiy takomillashtirish bu yo‘lda muvaffaqiyatga erishish imkonini beradi», — deya yozgan u.
Boshqa tomondan, BBC korrespondenti Jonatan Bilning yozishicha, Sirskiy armiyada katta hurmatga ega: u go‘yoki o‘z diqqat-eʼtibori, qat’iyati va ayyorligi bilan askarlarni hayratga soladi. Generalning o‘zi unda xizmat qilayotgan oddiy odamlarni ukrain armiyasining eng oliy qadriyati deb atagan. «Odamlar — bu birinchi qadriyat, Haymarslar, MLRS, havo hujumidan mudofaa, artilleriya esa keyin», — degan u TSN uchun intervyuda.
«Harbiy xizmatchilar hayoti va sog‘ligi hamisha ukrain armiyasining bosh qadriyati bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi», — deyiladi Sirskiyning telegramdagi postida.
Boshqa tomondan — Ukraina qurolli kuchlarining BBC bilan gaplashgan bir qancha zobitlari Sirskiy qattiqqo‘l qo‘mondon sifatida tanilgani, u o‘ziga biriktirilgan bo‘linmalardan ular erisha olishi mumkin bo‘lganidan ham ko‘proq natijani talab qilishini aytishgan. «Harbiy harakatlar olib borishdagi qat’iy yondashuvi tufayli askarlarning bir qismi u haqda yaxshi fikrda emas», — deya yozgan Economist. «Quruqlik kuchlari qo‘mondoni vazifaning bajarilishini uni bajarish uchun qurbon qilinadigan odamlar sonidan ko‘ra muhimroq deb bilgan odam sifatida gavdalanadi», — deya ta’kidlaydi «Ukrainskaya pravda».
Sirskiyning tarafdorlari bu kabi ayblovlarni ham rossiyaliklar, ham Ukraina ichidagi raqiblari tomonidan uyushtirilgan axboriy xurujlar deb atashadi. BBC suhbatdoshlari Ukraina ichkrisidagi raqiblar deb kim nazarda tutilganiga aniqlik kiritishmagan: ular urush davrida qarama-qarshiliklarni yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq emasligi, ular bilan huquq-tartibot organlari xodimlari shug‘ullangani ma’qul ekanini bildirishgan.
G‘arb nashrlarining Sirskiy bilan gaplashgan jurnalistlari uning bilimdonligini tez-tez tilga olishadi.
«U tarixga juda qiziqadi. Agar vaqtingiz bo‘lsa va uning gapini bo‘lmasangiz, u tarixiy syujyetlarni, masalan, Rim imperiyasi davrini cheksiz uzoq vaqt davomida eng kichik tafsilotlari bilan aytib berishi mumkin. U shunchaki noyob xotiraga ega», — deydi Anna Malyar.
O‘tgan yil iyunida Xarkiv oblastining qaysidir nuqtasidagi maxfiy qo‘mondonlik punktida ushbu generaldan intervyu olgan Guardian muxbiri Sirskiyning karavoti yonidagi tumbochkada Karl fon Klauzevitsning bir jildi turganini ko‘rganini aytgan.
«Plutarx va boshqa mualliflarni o‘qib, Qadimgi Yunoniston tarixi haqidagi hujjatli filmlarni ko‘rib chiqqan odam sifatida men sizga aytaman: ular ham biz bugungi kunda qo‘llayotgan urush tamoyillaridan foydalangan. Chunki urushlarning asosiy tamoyillari o‘zgarmagan. Kannda Gannibalning rimliklar bilan jangi [eramizdan avvalgi 216 yil] haqida o‘qir ekansiz, prinsiplar bir xilligini ko‘rasiz: raqibni qanotlardan aylanib o‘tish, uni qurshab olish, asosiy zarbdor kuchni dushmanning eng zaif nuqtasida to‘plash, dushmanni sinchkovlik bilan o‘rganish zarurati. Hech narsa o‘zgarmagan. Xo‘p, qurollarning murakkabligi va jarayonlarning avtomatlashtirilganlik darajasi o‘zgargan», - deya uning so‘zlarini keltirgan nashr.
Yanvar oyida Reuters agentligiga bergan intervyusida Sirskiy ayni vaqtda urush yangi bosqichga o‘tganini aytgandi – yuqori texnologik urush bosqichiga. Va bu, g‘arblik kuzatuvchilar qayd etishicha, Ukraina qurolli kuchlari yangi bosh qo‘mondonining urush kelajagi borasidagi pozitsiyasi sobiq bosh qo‘mondon nuqtayi nazariga yaqinligini ko‘rsatishi mumkin.
Har holda, Sirskiy o‘sha intervyuda ukrain armiyasi faol mudofaalanish taktikasiga o‘tishi haqida shunday degandi: «Biz shunchaki mudofaada o‘tirmasdan, doimiy ravishda qarshi hujumlar uyushtirsak, ba’zi yo‘nalishlarda esa hujumga o‘tsak, dushman buni bilib turadi».
Hozirgi sharoitda urush Ukraina foydasiga hal bo‘lishi mumkinmi, degan savolga javob berarkan, Sirskiy shunday degan: «Imkoniyat hamisha bor. Ularni topish va foydalanish kerak».
«G‘alabamizdan keyin»
G‘arb matbuoti azaldan Oleksandr Sirskiyni Zalujniydan keyingi ikkinchi muhim ukrain generali deb ataydi. Rossiyaliklar ham Sirskiyning ahamiyatini o‘ziga xos tarzda baholashgan: yaqinda Reuters uchun bergan intervyusida u o‘z hayotiga «bir necha bor» suiqasd uyushtirilgani haqida aytgan. Rossiyadagi harbiylashgan telegram-kanallar kamida ikki bor Sirskiy yo‘q qilingani haqida xabar berishgan. Sirskiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘ziga qilingan suiqasdlar tafsilotlarini ochiqlamagan. «Aytaylik, biz shunday raketa zarbalari haqida bilardik», — degan u.
Sirskiy dushmanni juda jiddiy qabul qiladi. «Rossiyaliklarga to‘g‘ri baho bera olmaganlarning har biri mag‘lubiyatga mahkum», — degan u Economist’ga bergan intervyusida.
O‘tgan yil may oyida jurnalistlar Sirskiy RF Jinoyat kodeksining qaysidir moddalari bo‘yicha Rossiya IIV tomonidan qidiruvga berilganini aniqlashgan. Generalning o‘zi bu faktga hech qanday munosabat bildirmagan.
Sirskiy 2019 yilda ham, yangi saylangan prezident Volodimir Zelenskiy Ruslan Xomchakni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlaganida bu lavozim uchun nomzodlarning short-listida bo‘lgan, 2021 yil iyulida, Xomchak o‘rniga Sirskiy qo‘li ostidagi Valeriy Zalujniy qo‘yilganida ham u nomzodlardan biri edi.
«Parda ortidagi ayrim siyosiy o‘yinchilar bu faktdan foydalanib, o‘zaro ziddiyat qo‘zg‘ashi mumkin. Hatto prezident administratsiyasi mashhur, ammo mustaqil fikrli Zalujniyni sobiq rahbariga almashtirishga moyilligi haqida mish-mishlar bor», — deya yozgandi 2022 yil dekabridayoq Economist.
Bu nashr bilan suhbatda Sirskiy bunday mish-mishlarni keskin rad etgandi: «Armiya siyosatdan xoli. Shunday bo‘lishi ham kerak, qonun shuni talab qiladi».
«Sirskiy Zalujniyga hasad qilishi haqida yozganlar shunchaki Sirskiyni yaxshi bilishmaydi. Bu odam shunchaki boshqacha ruhiyatga ega», — degan BBC’ga yangi bosh qo‘mondonning tanishlaridan biri.
Shunga qaramay, Kiyevdagi hukumatga yaqin doiralarda Zelenskiyning Sirskiyga shaxsan yaxshi munosabatda ekani haqida xabarlar tarqalgan — Valeriy Zalujniy esa 2022 yil bahoridan buyon bunday munosabat ko‘rmagan.
Aslini olganda, yangi bosh qo‘mondonning lavozimdagi asosiy muammolaridan biri iste’foga chiqarilgan o‘tmishdoshi bilan sirtdan raqobatlashish bo‘ladi. Ukrainalik kuzatuvchilar hozirdanoq shunday prognoz qilishmoqda: uning har qanday qadamidan keyin, xoh muvaffaqiyatli, xoh muvaffaqiyatsiz bo‘lsin, uni Valeriy Zalujniy bilan solishtirishadi. Va bunday taqqos, katta ehtimol bilan Sirskiyning foydasiga bo‘lmaydi — «Zalujniy vaqtida bunday bo‘lmasdi» deyishadi — ayniqsa, yangi bosh qo‘mondonning mashhurligini keskin oshirishi mumkin bo‘lgan katta muvaffaqiyatlar kutilmayotgan, Ukraina esa jamoatchilikda yaxshi qarshi olinmayotgan navbatdagi safarbarlik ostonasida turgan mahalda.
Sirskiyning startdagi pozitsiyalari ham sobiq bosh qo‘mondonniki bilan solishtirganda ko‘ngildagidek emas: Kiyev xalqaro sotsiologiya institutining dekabr oyidagi so‘rovlari ko‘rsatishicha, Valeriy Zalujniyga ukrainlarning 92 foizi ishonch bildirgan, mamlakat aholisining 72 foiz qismi uning iste’fosiga qarshi chiqqan. Taqqoslash uchun: Sirskiyga ukrainlarning faqat uchdan bir qismi ishonch bildirgan, so‘rovnomada qatnashganlarning teng yarmi uni shunchaki tanimagan.
Valeriy Zalujniyning iste’foga chiqarilishi bilan bog‘liq holatlar ham olovga moy sepmoqda, bu birinchi navbatda prezident jamoasi kommunikatsiya blokining sa’y-harakatlari bilan yomon ssenariydagi uzoqqa cho‘zilgan serialga aylangandi. Bunday vaziyatda, deydi ukrain ekspertlari, Zelenskiy Zalujniy o‘rniga Napoleonni tayinlagan taqdirda ham — baribir millionlab ukrainlar bu general tayinlovini butunlay prezident xohishi bilan bo‘lgan siyosiy tayinlov deb bilishadi.
Biroq, bizni hali «Sirskiy — Zelenskiy — armiya — jamiyat» ko‘pburchagida munosabatlar qanday qurilishi kutmoqda.
Hozir esa Sirskiy, aftidan, Zelenskiyning boshqa, bugungi Ukraina uchun eng muhim masala bo‘yicha pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. O‘tgan yil yozida, ABC News muxbiri Yan Pannelning u urushni qanday yakunlamoqchi ekani haqidagi savoliga Sirskiy jilmaygancha javob qaytargandi: «Biz tinchlik tarafdorimiz. Ammo faqat bizning g‘alabamizdan keyin».
Jurnalistni bunday formulirovka qoniqtirmaydi va u savolni konkretlashtiradi: «Urushning fizik yakuni bo‘yicha tasavvurlaringiz bilan o‘rtoqlashing. Bu qanday ko‘rinishda bo‘ladi?»
«Qachonki Ukraina bayroqlari bizning butun chegaralarimiz bo‘ylab, jumladan Qrimda ham hilpiray boshlaganida», — deya endi to‘la jiddiy ohangda javob bergandi general.
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024