Jahon | 20:07 / 15.02.2024
16159
12 daqiqa o‘qiladi

Niyatidan qaytmayotgan husiychilar, Rossiyaning yangi raketasi va yoshlarga tanbeh bergan Lukashenko — kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundaligimizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azo sektorida HAMAS ustidan to‘liq va uzil-kesil g‘alaba qozonilgunga qadar urushadi. Buning uchun anklavning janubidagi Rafah shahriga ham u yerda tinch aholi vakillari olib chiqilganidan so‘ng qaqshatqich zarbalar berishga tayyor, degan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu. G‘azo sektorida garovda ushlab turilgan isroilliklarni ozod etishning kaliti — kuchli harbiy bosim va juda qat’iy muzokaralardir, degan Netanyahu.

Isroil milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta o‘ngchi va irqchi Itamar Ben-Gvir vazirlar mahkamasi yig‘ilishida ochiqchasiga falastinlik ayollar va bolalarni o‘ldirishga chaqirdi.

«Dushmanlarimiz qanday harakat qilishini bilasizmi? Ular ayollar va bolalarni chegaraga jo‘natib, bizning sabrimizni sinamoqchi bo‘lishadi, anavilar esa diversant bo‘lib chiqadi. Biz ayollar va bolalarga chegaraga yaqinlashishga qo‘yib bera olmaymiz. Bunday qilishga jazm qilgan har qanday odam boshidan otib o‘ldirilishi kerak», — degan Ben Gvir.

Endi qayg‘uli statistikaga o‘tamiz: G‘azo sektoridagi Isroil agressiyasi qurbonlari soni 28 ming 576 kishiga yetgani xabar qilinmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi xabarlariga ko‘ra, urushning 131-kuniga kelib qamal qilingan G‘azoda yaradorlar soni 68 ming 291 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi bir sutka ichida isroillik harbiylar 11 marta ommaviy qirg‘in o‘tkazishdi. Oqibatda 103 kishi vafot etgan, 145 kishi yaralangan.

G‘arbiy sohil va Quddusda hibsga olingan falastinliklar soni esa 7 mingdan oshgan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamandagi husiychilarning «Ansorulloh» harakati yetakchisi Sayid Abdulmalik Badruddin al-Husiy bayonot bilan chiqish qildi.

«Amerika va Britaniyaning hujumlariga qaramasdan, biz Qizil dengiz hamda Bob ul-Mandib bo‘g‘ozidagi operatsiyalarimiz sonini ko‘paytiramiz», — degan u.

Husiychilar yetakchisi Isroil bilan bog‘liq birorta kema Bob ul-Mandib bo‘g‘ozidan o‘ta olmayotganini ta’kidlab o‘tgan.

«So‘nggi haftalar ichida Isroil bilan bog‘liq bo‘lgan birorta kema Bob ul-Mandib bo‘g‘ozidan o‘ta olgani yo‘q. Bu chinakam g‘alaba va juda katta yutuq. Bizning Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tutgan pozitsiyamiz dushman o‘z maqsadlariga yetisha olmasligini namoyish etib berdi», — degan al-Husiy.

Al-Husiyning ta’kidlashicha, husiychilarning harbiy harakatlari natijasi sionislarning nafaqat Umm ar-Rashrasha (Isroilning Eylat shahri)dagi, umuman, ularning yalpi iqtisodiy ahvolini og‘irlashtirmoqda.

Uning bu chiqishgacha Buyuk Britaniya va AQShning qurolli kuchlari «Ansorulloh» harakatidagi husiychilarning Hudayda viloyatidagi Ras-Iso portidagi obektlariga aviazarbalar bergani xabar qilingan. Zarbalarning oqibatlari haqidagi axborotlar taqdim etilmagan. 

Ukrainadagi urush

Germaniya 2024 yilda Ukrainaga 2023 yilga nisbatan «3-4 barobar ko‘proq» o‘q-dorilar yetkazib berishni va’da qildi.

«Biz quvvatlarimizni yanada oshirishda davom etamiz», — deb ta’kidlagan Germaniya mudofaa vaziri Bryusellda o‘tgan Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhining yuzma-yuz uchrashuvida. Boris Pistoriusning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilda Germaniya budjetida birgina o‘q-dorilar ishlab chiqarish uchun 3,5 milliard yevro mablag‘ ajratilgan.

Ukrainadagi urush taqdiri alaloqibat qurol ishlab chiqaruvchi davlatlarning konveyerlarida hal bo‘ladi, deb hisoblaydi Boris Pistorius.

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp agar prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqsa, Ukrainani Rossiya bilan sulh tuzishga majburlashni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Bloomberg agentligi.

Oq uyning sobiq xo‘jayini maslahatchilaridan birining ta’kidlashicha, Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni bas qilish Ukrainani sulh muzokaralari olib borishga majburlashi mumkin.

Kremldagilar esa Ukraina bilan hali uzoq davom etadigan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirishdi.

G‘arb davlatlari Ukrainada «maxsus harbiy amaliyot»ning tezgina o‘tkazilishi bo‘yicha Rossiyaning rejalarini barbod qilgan va endi urush cho‘zilib ketishi mumkin, degan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

«Maxsus harbiy amaliyot Ukrainaga qarshi operatsiya ko‘rinishida boshlangan edi, biroq vaqt o‘tishi bilan kollektiv G‘arbga qarshi urush ko‘rinishini oldi», — degan Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh boshchiligidagi «nodo‘stona» davlatlar «bu mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmoqda», buning oqibatida urush «yanada cho‘zilishi mumkin». Biroq bu voqealarning borishiga ta’sir qilmaydi, Peskovga ko‘ra, «Rossiya baribir o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlariga erishadi». 

Rossiyaning yangi quroli

Rossiyaning gipertovushli «Tsirkon» raketasi Ukraina qurolli kuchlari uchun haqiqiy boshog‘riq bo‘lishi mumkin. Biroq AQSh harbiylari Rossiya qurolli kuchlari bir hafta oldin aynan o‘sha yangi raketadan foydalanganini tasdiqlamagan.

Rossiya harbiylari K-300 qirg‘oq mudofaasi tizimini «Tsirkon» raketasini uchirishga moslashtirgani haqida Britaniya razvedkasi avvalroq xabar qilgan edi.

Ularning bunday taxminga kelishiga sabab 7 fevral kuni raketa zarbasi berilganida bunday raketani tashishi mumkin bo‘lgan «Admiral Gorshkov» frengati yoki «Yasen» suv osti kemasi kabi kemalar Qora dengizda bo‘lmagan.

Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, Ukrainalik harbiylar bunday raketalarni ularning tezligi va manyovrlashgani bois urib tushirishi juda qiyin bo‘ladi, deydi Britaniya mudofaa vazirligidagilar.

Ukraina tomonining xabariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari 7 fevral kuni Kiyevga «Tsirkon» raketalari bilan ikki bor zarba bergan. AQSh esa bunday raketalardan foydalanilganini tasdiqlamagan. Rossiya Mudofaa vazirligi ham raketa ishga tushirilgani haqida xabarlar bermagan. 

Rossiyadan cho‘chiyotgan AQSh

AQSh Rossiyaning kosmosga yadroviy qurol olib chiqishi rejasi haqida bayonot berdi. Bu haqda ABC News telekanalining AQSh Kongressidagi manbalari xabar berishgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Vakillar palatasining razvedka ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Mayk Tyorner «milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid» haqidagi bayonoti aynan mana shu holat bilan bog‘liq. Tyorner prezident Jo Baydendan bu boradagi barcha axborotlarni ochiqlashni talab qilgan.

Telekanal suhbatdoshlarining aniqlashtirishicha, gap Rossiyaning yadroviy bombani kosmosdan Yerga tashlab yuborishi haqida ketmayapti, ruslar bunday bombadan sun’iy yo‘ldoshlarni ishdan chiqarish yo‘lida foydalanishi mumkin. «Bu esa o‘ta ta’sirchan va nozik masala», degan manbalardan biri ahvol jiddiyligiga urg‘u berib.

Reuters agentligi suhbatdoshlari ham tahdil «Rossiyaning koinotdagi operatsiyalari» bilan bog‘liqligini ta’kidlashgan. O‘z navbatida, CNN telekanalining razvedka ma’lumotlari bilan tanish manbasining ta’kidlashicha, gap nisbatan yaqinda oshkor bo‘lgan va «Rossiyaning juda tashvishli va beqarorlashtiruvchi harbiy salohiyati» bormoqda. 

Rossiyadan himoyalanayotgan Yevropa

Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiyaning bostirib kirishiga qarshi tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu maqsadda NATOning eng ojiz qanoti — Rossiya bilan ming kilometrlik chegara mustahkamlanmoqda.

«Boltiqbo‘yi mudofaa chizig‘i»ga potensial bosqinchilarni to‘sib turish uchun barcha vositalardan foydalanmoqda. Chegaralar tanklarga qarshi minalar bilan jihozlanmoqda. Shuningdek, xandaqlar qazilmoqda, tikanli simlar tortilmoqda va «ajdarho tishi» deb ataluvchi beton piramidalar o‘rnatib chiqilmoqda.

Artilleriya zarbalaridan himoyalangan har bir bunker 37 metr kvadrat maydonga ega bo‘ladi va 10 ta askarni sig‘dira oladi.

Umuman olganda, Yevropa davlatlari AQShning yordamisiz yana kamida o‘n yil davomida o‘zining xavfsizligini ta’minlay olmaydi, deb yozadi Bloomberg.

Yevropa ayni paytda qayta qurollanish uchun vaqt bilan poyga o‘ynamoqda. Ko‘hna qit’aning oliy martabali mulozimlari Yevropa mudofaasi masalasida ko‘p ham AQShga ishonavermaslik kerakligini yaxshi anglashadi, biroq o‘zining harbiy salohiyatini yuksaltirish uchun qat’iyat zarur bo‘ladi. Tayyorgarlik ishlaridan boxabar insonlarning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa tashqi yordamsiz o‘zini himoya qila olish darajasiga yetishi uchun kamida o‘n yil kerak. 

Yoshlarga yopishgan Lukashenko

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat yoshlariga o‘zidan yaxshiroq kiyinishni taqiqladi. Aks holda mamlakat boshiga Ukrainaning kuni tushishi mumkinligini aytdi.

Ta’lim bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda u oliy ta’lim vaziriga qarata talabalar sifatli va brend kiyimlarni kiyishga intilayotgani va bu Belarus uchun yoqimsiz oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab o‘tgan.

«Barchasi talabalarning Belarusda emas, xorijda ishlab chiqarilayotgan brend liboslarni kiyishga intilayotganidan. Bu narsalar hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarga eltuvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘ldir», — degan Lukashenko.

Mavzuga oid