Fan-texnika | 18:45 / 21.02.2024
53831
9 daqiqa o‘qiladi

“Markaziy Osiyoni Kremniy vodiysi bilan bog‘lamoqchimiz” - AQShda ayti hab ochgan Asror Arabjonov

Stenford universiteti bitiruvchisi, o‘zbekistonlik Asror Arabjonov qozog‘istonlik sherigi bilan “Silkroad Innovation Hub” platformasini ochdi. U Markaziy Osiyo, Mongoliya, Ozarboyjon va Turkiyadagi startaplarni Kremniy vodiysi bilan bog‘laydi.

Asror Arabjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi ayti korxonalar qanday qilib Kremniy vodiysi bilan ishlay olishi, ayti eksportini qanday oshirish mumkinligi haqida gapirdi.

“Texnologik kompaniyalarni birlashtiradigan platforma ochdik”

— Bundan 7-8 oy ilgari Stenford universitetiga yaqin joydan ofis ijaraga olib, “Silkroad Innovation Hub” degan platformani ochganmiz. Biz 5 ta Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston,Tojikiston Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Mongoliya, Ozarboyjon va Turkiyadan chiqqan startap asoschilari bilan ishlaymiz. Ularning Kremniy vodiysiga kelishini osonlashtiramiz. Biz startap asoschilari jamiyatini tuzmoqchimiz.

Kimdir sal orqada bo‘lsa, kimdir venchur investorlardan pul yig‘gan va kimdir mahsulotini AQSh bozorida sotyapti. Ular yangi kelganlardan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga ega, bir-biri bilan ma’lumotlarni bo‘lishish ham shu platforma orqali bo‘ladi. Bizdagi logistika yoki Amerikada rivojlangan boshqa sohalar jamiyati (comunity) qandaydir tadbirlar va konferensiyalarda bir-birini ko‘rib tanib turishadi. Ammo texnologik kompaniyalarga kelganda ularni birlashtiradigan platforma yo‘q. Vaholanki, startaplar hammasi, o‘zbekcha qilib aytganda, tanish-bilish atrofida qurilgan, chunki qancha tanishlaringiz ko‘p bo‘lsa, shuncha venchur moliyasini olish va birinchi mijozlarni topish oson bo‘ladi. Biz hamma sohada – venchur kapitalida, startapda, boringki, istalgan korxonada ishlaydigan odamlar bir hududdan bo‘lsa, ularni birlashtirishni osonlashtiramiz.

Deylik, siz biror-bir dasturiy ta’minot o‘ylab topdingiz, uni AQSh bozoriga taqdim qilmoqchisiz va sizning xaridorlaringiz katta texnologik kompaniyalar. Masalan, Google, Facebook va shu kabi joylarda ishlaydigan odamlar bor. Kimlardir dasturni sotib olishga javob beradi. O‘sha odamlar bilan shu platforma orqali tanishsangiz, ishingiz ancha osonlashadi.

Silikon vodiysiga kelish juda katta tushuncha, pandemiyadan keyin tushundikki, bu yerga kelib o‘tirish ham shart emas. Ko‘pchilik aytishi mumkin, hamma o‘zgarishlar Silikon vodiysidan chiqmaydi, deb. Chunki Hindiston, Isroil va bizga o‘xshagan sharoitdan chiqqan Belarus ham o‘zining ayti hablarini tashkil qilgan. Ammo Kremniy vodiysi baribir eng oldi ayti habi bo‘lib turibdi.

“Silikon vodiysidagi katta ayti korxonalari bilan shartnomalar qilish kerak”

— Aloqa vazirligining oldiga qo‘ygan vazifalardan biri – 2030 yilgacha dunyoga 5 mlrd dollarlik ayti servisini olib chiqish. Buning yo‘llaridan biri – chet el korxonalariga xizmatlarni taklif qilish.

Oxirgi yillarda bizning ko‘rsatkichimizni oshirgan narsa katta korxonalarning bizga kelgani bo‘ldi, masalan, EPAM ba’zi sabablarga ko‘ra ko‘chib o‘tdi. Lekin baribir 5 mlrd dollar juda katta raqam. Buni qilish yo‘llaridan biri Silikon vodiysidagi katta ayti korxonalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar qilish. Bu degani O‘zbekistondagi bor ayti korxonalar autsors mexanizmiga o‘tib, bu yerdagi katta korxonalarga xizmatini taklif qilishni boshlashi kerak. Google’mi, Microsoft’mi, ulardan shartnomalar olishi kerak. Masalan, Hindistonning “Infosys” kompaniyasining eng katta mijozlaridan biri Microsoft hisoblanadi. Microsoft atrofida 3-4ta ofis qurib ham AQSh, ham Hindiston bozoriga xizmatlar taklif qilishadi. O‘zbekiston ham shu yo‘ldan ketyapti, bu degani ayti mutaxassislarimiz tashqi bozorlarga xizmatlarini taklif qilishni boshlashdi. Lekin bugun Microsoft yoki Google’ga xizmatlarimizni taklif qilib, Hindiston kabi bozorlar bilan raqobat qila olmaymiz. Birinchidan, boshqa davlatlarda narxlar bizdan ancha arzon. Chunki oxirgi paytlar ayti mutaxassislar yetishmasligi sababli bizning narxlarimiz ham ancha ko‘tarilib ketgan. Buning yo‘llaridan biri startapga servis mahsulotlarini taklif qilishga yo‘naltirilgan.

“O‘zbekistondan Skype’ga o‘xshagan kompaniya chiqsa…”

— Nega Ukraina va Belarus bozorlari, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari ham katta ayti hablariga aylantirildi, nimaga juda ko‘p autsorsinglar AQShdan turib u yerga qilinadi degan savolimizga javob bersak, ularning o‘zida mahsulot va xizmatlar taklif qilish boshlangan.

Yevropada birinchi bo‘lib Skype kompaniyasi Unicorn (1 milliard AQSh dollaridan ortiq baholanadigan xususiy kompaniya) darajasiga chiqdi va kompaniya startapi juda katta baholanib, tashqi bozordagi investorlarga sotildi. Shuning orqasidan davlatning o‘zida startap va venchur ekosistemasi rivojlandi. Natijada juda katta kompaniya va startaplar paydo bo‘ldi.

Aytaylik, O‘zbekistondan Skype’ga o‘xshagan kompaniya chiqadigan bo‘lsa, butun dunyo bozoriga xizmatini taklif qiladi. Kompaniya asoschisi o‘ylaydigan birinchi narsa bu – O‘zbekiston bozori. O‘zbekistonda 36 mln aholi bor, bundan 1 millioni ingliz tilida gaplasha oladi, 700 mingi ayti mutaxassisligiga ega, kod yoza oladi. Kompaniya “Kremniy vodiysida bitta ishchiga yiliga 150 ming dollar maosh to‘lagandan ko‘ra O‘zbekiston bozoridan arzon ishchi olay,” deb O‘zbekiston bozoriga yuzlanadi. Buni hozir ham ko‘ryapmiz: men tanigan bilgan qozog‘istonlik, qirg‘izistonlik AQSh bozorida mahsulotlarini taklif qilayotgan startaplarning hammasining asosiy ofisi o‘z davlatida joylashgan.

Bizning argumentimiz bozorlarimiz, ayti korxonalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri autsors qilish masalasini qo‘yish. Birinchi navbatda, o‘zimizning davlatimizda startaplarni qo‘llagan holda ayti mahsulotlarini taklif qilib yunikornlarini yetishtirishimiz kerak. Yunikornlarni yetishtirish qaysidir darajada ayti eksportidan tushadigan tushumdan ko‘p bo‘lmasligi mumkin, lekin birinchisi ikkinchisisiz bo‘lmaydi. Biz ishlayotgan davlatlardan qanday aqlli startap asoschilari chiqadigan bo‘lsa, bizga kelishi kerak va biz bilan suhbatlashishi lozim.

Biz venchur fondlari ustida ishlayapmiz, ular ertaga bu yerda pul ko‘tarmoqchi bo‘lsa, biz bilan bog‘lanishsa, ularga moliya kiritishni ham o‘ylab chiqamiz. Har bir startap asoschisini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak deb shu ishga qo‘l urganmiz.

Bizning maqsadimiz startap jamiyatini yig‘ish va ularni bir-biri bilan birlashtirish, keyinchalik treninglar, musobaqalar uyushtirish, Kremniy vodiysining eng oldi spikerlarini olib kelib, ular bundan foyda olishlari uchun paltforma va hab yaratish.

“Kattaroq va tezroq o‘sayotgan bozorlarning muammolarini yechishdan boshlash kerak”

— Juda ko‘p o‘zbekistonlik startap asoschilari bilan gaplashganimda, ularda bor xatoliklardan biri juda kichkina bozorga e’tibor berishlari ekanini tushunaman. Boshqa davlatda qilib bo‘lingan, yechib bo‘lingan masalani yechish harakatida bo‘lishadi.

O‘zbekistonning 36 mln aholisi bor, YaIM 60-70 mln mlrd atrofida. Lekin bu baribir juda kichik bozor, bu bozordan yunikornlar chiqishi qiyin. Startaplarga maslahat bergan bo‘lardim, agar hozir boshlaydigan bo‘lsangiz, kattaroq va tezroq o‘sayotgan bozorlarning muammolarini yechishdan boshlang.

Aytaylik, Hindiston bozori katta va tez o‘sayotgan bozor, Lotin Amerikasi ham katta va tez o‘sayotgan bozor, Yevropa katta, lekin tez o‘sayotgan bozor emas, Yaponiya ham xuddi shunday. Shu sababli yirik va tez o‘sayotgan bozorlarga qarash kerak. Global o‘ylab, global muammolarga yechimlar taklif qilsak, O‘zbekistondan ham 1 mlrd dollardan ortiqqa baholangan kompaniyalar chiqadi deb o‘ylayman.

Hozir ham Kremniy vodiysida venchur fondlaridan eng ko‘p pul olayotgan startaplar sun’iy intellektni ishlatayotgan va sun’iy intellektni produkt servis sifatida taklif qilayotganlardir. Ular eng katta baholanib, venchur fondlaridan tezroq va kattaroq pul olyapti. Shu narsa ustida ishlashimiz kerak. 20 yildan keyin ham orqaga qarab afsuslanmaslik uchun matematika fizika maktablarimizni kuchaytirishimiz kerak, dasturiy ta’minot sohasida katta ixtirolar ham shu yo‘nalishda bo‘lyapti.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid