Vakolati o‘zgargan parlament, sochi olingan o‘quvchilar va Yevro-5ga o‘tish - hafta dayjesti
Navoiydagi maktab direktori ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ishga qo‘l urdi. Ehtiyojmand aholi qatlamiga ijtimoiy karta tarqatiladi. Rossiyadan gaz importini ko‘paytirish uchun chetdan qarz olinadi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Qonun chiqaruvchi hokimiyat vakolatlarida o‘zgarishlar
O‘zbekiston prezidenti Oliy Majlisning vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Qonun bilan, parlament palatalarining vakolatlari yangi Konstitutsiyaga moslashtirildi. Xususan, shu yil oktyabrda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan saylovdan boshlab, Senat a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga kamayadi. 150 kishidan iborat Qonunchilik palatasi deputatlari soni o‘zgarishsiz qoladi. Endilikda har ikki palata o‘z-o‘zini tarqatib yuborish huquqiga ega bo‘ldi. Buning uchun palataning tarqalib ketishiga deputatlar yoki senatorlarning kamida uchdan ikki qismi rozi bo‘lishi kerak.
Yangi tartibga asosan, ayni bir shaxs tomonidan surunkasiga ikki muddatdan ortiq egallanishi taqiqlangan lavozimlar ro‘yxatiga prezidentda tashqari Senat raisi, Qonunchilik palatasi spikeri va bosh prokuror ham qo‘shildi. Konstitutsiyaga ko‘ra, bunday taqiq Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi raislari va ularning o‘rinbosarlari, Markaziy saylov komissiyasi raisi, hokim va mahalliy kengash raisi lavozimlariga ham taalluqli bo‘ladi.
Asosiy o‘zgarishlardan yana biri – endi bosh vazir nomzodini parlamentdagi eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan partiya emas, prezident taqdim etadi. Davlat rahbari bosh vazirni tayinlashdan oldin parlamentga kirgan barcha partiyalar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi. Agar deputatlarning yarmidan ko‘pi nomzodni ma’qullasa, bosh vazir lavozimga tasdiqlanadi. Agar quyi palata nomzodni uch marta rad etsa, prezident bosh vazirni tayinlab, Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli.
Shuningdek, bosh vazir nomzodini ma’qullash, rad etish yoki unga ishonchsizlik votumi bildirish bo‘yicha parlament vakolatlari to‘liq Qonunchilik palatasiga o‘tkazilib, bu jarayonlarda Senatning ishtiroki bekor qilindi. Quyi palata spikerining o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirildi.
Shu o‘rinda, qonunchilikni o‘zgargan konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha hamma vazifalar ham o‘z vaqtida bajarilmayotganini eslab o‘tishi kerak. Masalan, Toshkent propiskasi haqidagi qonunni bekor qilish masalasi ham unutilib ketgandek. Vazirlar Mahkamasi bu haqdagi qonun loyihasini o‘tgan yili 8 iyulgacha parlamentga kiritishi kerak edi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili propiska qonuni yangi konstitutsiyaga zid deb e’lon qilingandi.
Navoiydagi maktab sportzali sartaroshxonaga aylandi
Kun tartibidan tushmay qolgan maktab ta’limidagi sifat masalasi bu hafta yangicha bo‘lmasa ham, biroz boshqacharoq rakursda muhokama maydoniga chiqdi. Juma kuni Navoiy shahridagi 2-maktabda bir guruh o‘g‘il bolalar dars paytida sport zalga yig‘ilib, ommaviy ravishda sochi olindi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, bunday tashabbus maktab direktori Nurqobil Yusupovdan chiqqan. U maktabga sartarosh chaqirtirib, turli sinflardagi sochi o‘sgan o‘g‘il bolalarning sochini namoyishkorona oldirish haqida topshiriq bergan.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova o‘rganish ishlari boshlangani, agar direktor haqiqatan ham shunday topshiriq bergani o‘z tasdig‘ini topsa, u ishda qolishi mumkin emasligini aytdi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham bolalarga nisbatan bunday harakatlarga “mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi”ni ta’kidlab, mas’ullarga chora ko‘rish kerakligini bildirdi. “Bu – bolaning Konstitutsiyada kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik huquqiga, uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga tahdid soladi”, – deyiladi bola huquqlari bo‘yicha vakilning bayonotida.
Hozircha ixtiyorimizda holat aks etgan faqat bitta surat bor. Unda bolalarning sochi olinayotganini ikki nafar Milliy gvardiya xodimi kuzatib turganini ko‘rish mumkin. Oxirgi haftalarda bu organ maktablarda davomatni ko‘tarishga faol jalb etilgan edi. Milliy gvardiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Ramazon Kubayevning aytishicha, 2-maktabga biriktirilgan xodimlar davomatni nazorat qilish uchun borganida soch olish tadbirining ustidan chiqqan. “Bu, albatta, mumkin emas. Shu sababli maktab direktoriga jarayonni to‘xtatishni hamda o‘quvchilarni darsga qaytarishni aytishgan”, dedi Milliy gvardiya rasmiysi.
Maktab o‘quvchilarini noodatiy ishga majburlash holati o‘tgan hafta Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida ham ro‘y bergan edi. 17 fevral, shanba kuni tumandagi maktab o‘quvchilari va budjet tashkilotlari xodimlari qahraton sovuq bo‘lishiga qaramasdan, kinomobilda kino ko‘rishga olib borilgan. Ustiga ustak, chiptalar bolalarga 10 ming so‘mdan, kattalarga 20 ming so‘mdan sotilgan. Bu haqdagi topshiriq hokimlik tomonidan berilgani aytilyapti.
Import maishiy texnikalarning energosamaradorligi: faqat “A” toifaga ruxsat bor
Xorijdan O‘zbekistonga maishiy texnika olib kirishda yana bir yangi talab kuchga kirdi. Ma’lum bo‘lishicha, fevral oyidan boshlab import qilingan sovutkich, muzlatkich va konditsionerlarni energosamaradorlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazish boshlangan. Bu sinovni hozircha faqat bitta – “O‘zeltexsanoat”ga tegishli “Eltech-Lab” nomli firma o‘tkazayotgani sababli uzun navbatlar paydo bo‘lgan, natijada bu turdagi tovarlarni bojxonadan o‘tkazish muddati 1 oydan oshiqroqqa cho‘zilib ketgan. Bu esa o‘z-o‘zidan importyorlarning tovarlarni bojxona omborida saqlash xarajatlarini oshirgan. Qolaversa, tadbirkorlar yangi paydo bo‘lgan xarajat – laboratoriya sinovi uchun belgilangan narxlar yuqoriligidan shikoyat qilyapti.
Sinovdan o‘tmagan maishiy texnikalarga muvofiqlik sertifikati berilmaydi, bu degani, ularni O‘zbekistonga olib kirib bo‘lmaydi. Kun.uz suhbatlashgan tadbirkorlarning aytishicha, hozirda 30dan ortiq importyor o‘zlari olib kelgan sovutkichlar va konditsionerlarning sinovdan o‘tishini kutib turibdi.
Texnik tartibga solish agentligining ma’lum qilishicha, bunday tartib aslida 2 yil oldin joriy etilishi kerak edi. Laboratoriyalarni ishga tushirish katta mablag‘ talab qilgani sababli, bu masala kechikkan. 2019 yilda chiqqan qarorga asosan, nafaqat sovutkich, muzlatkich va konditsionerlar, balki jami 18 xil turdagi maishiy texnikalar importiga nisbatan yangi cheklov kiritilgan. Unga ko‘ra, energiya samaradorligi bo‘yicha “B” va undan past toifaga kiruvchi maishiy elektr priborlarini O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlangan. Yangi laboratoriyalar tashkil etilganidan keyin, qolgan turdagi maishiy texnikalarga nisbatan ham tekshiruvlar boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, shu oydan boshlab O‘zbekistonda dilerlik markazini ochmagan xorijlik ishlab chiqaruvchilarning maishiy texnika tovarlarini import qilishga cheklov kuchga kirdi. Bu sohadagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa imtiyozlar va preferensiyalarning yangi paketidan bahramand bo‘lyapti.
Toshkent ko‘chalari tig‘iz vaqtda yuk mashinalaridan xoli bo‘ladi
Toshkent shahrida 1 martdan e’tiboran kunning tig‘iz vaqtlarida yuk avtomobillari harakati taqiqlanadi. Taqiq to‘la vazni 10 tonnadan ortiq yuk mashinalariga taalluqli bo‘ladi. Maxsus xizmatlar va ayrim davlat tashkilotlarining yuk mashinalari bundan mustasno. Bu – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2024 yilgi davlat dasturida ko‘zda tutilgan. Tig‘iz vaqtlar deganda odatda ertalab ishga borish va oqshomga yaqin ishdan qaytish vaqtlari tushuniladi, lekin aynan qaysi soatlar haqida gap ketayotgani va bu talabni buzgan haydovchilarga qanday chora ko‘rilishi hozircha ma’lum emas.
Bundan tashqari, farmonga binoan, O‘zbekistonning yirik shaharlarida Yevro–5 ekologik standartiga mos bo‘lmagan avtomashinalardan foydalanish 2030 yilgacha bosqichma-bosqich cheklanishi belgilandi. Avtomobillarning ekologiyaga zararini kamaytirishga qaratilgan bu cheklov aynan qanday shaklda bo‘lishi, uni amaliyotga joriy etishning kelgusi 6 yillikdagi bosqichlari, qachon va qayerda, aynan qanaqa avtomobillarga nisbatan tatbiq etilishi bo‘yicha aniqroq izohlarga katta zarurat bor. Chunki nafaqat eski avtomobillar, balki UzAuto Motors shu kecha-kunduzda O‘zbekiston bozori uchun ishlab chiqarayotgan avtomobillarining sertifikatida ham Yevro-2 standarti ko‘rsatilgan. Qolaversa, O‘zbekistondagi yoqilg‘ining sifatidan kelib chiqib, xorijda ishlab chiqarilgan bir qator avtomobillarning texnik xususiyatlari ham maqsadli ravishda Yevro-5 standartidan pasaytirilgan.
Hafta davomida avtomobillarga doir yana bir yangilik haydovchilar e’tiborini tortdi. Strategik islohotlar agentligi bir yilda ikkitadan ko‘p avtomobil sotgan fuqarolar uchun soliq joriy etishni taklif qildi. Bu taklif agentlikning o‘tgan hafta prezident huzuridagi taqdimotiga kiritilgan. Taklif mualliflariga ko‘ra, 2022 yilda 33 mingga yaqin fuqaro uchta va undan ortiq avtomobil sotib olgan. Rasmiylarga ko‘ra, avtomobil olibsotarlarining daromadlarini soliqqa tortish orqali budjetga qo‘shimcha 30 milliard so‘m tushum qilish mumkin. Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash tartib anchadan beri uy-joy oldi-sotdisida amal qilib keladi. Fuqaro xarid qilgan uyini 3 yil ichida sotsa, xarid qilgan va sotgan narxi o‘rtasidagi musbat farqdan 12 foizlik daromad solig‘i hisoblanadi.
Ijtimoiy himoya sohasidagi o‘zgarishlar
O‘zbekistonda aholining ehtiyojmand qatlami uchun “ijtimoiy karta” joriy etiladi. Bu haqda seshanba kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 1 oktyabrdan boshlab aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtiriladi. Eng avvalo “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlari, keyinchalik esa bosqichma-bosqich 74 turdagi ijtimoiy nafaqa va yordamlar shu tizimga o‘tkaziladi. Ijtimoiy karta orqali transport va kommunal sohalardagi imtiyozlardan ham foydalanish mumkin bo‘ladi.
Selektorda ma’lum qilinishicha, barcha mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mahallada ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishlab chiqilib, protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz deb e’tirof etish kabi 49 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushiriladi. Olish mumkin bo‘lgan protez vositalari soni 18 turdan 30 turga oshiriladi.
Prezident 2021 yilda O‘zbekistonning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyaga qo‘shilishi tarixiy voqea bo‘lgani, lekin hokimlar o‘z hududida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlar yaratish bilan yetarlicha shug‘ullanmayotgani, ularning uyushmalari bilan muloqot qilmayotganini ta’kidladi. Yig‘ilishda aytilishicha, Toshkent shahridagi jamoat transporti, avtobus bekatlari va ayniqsa metroni nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish bo‘yicha 2 yillik dastur amalga oshiriladi. Hududiy rahbarlarga ham bu yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlar qilish topshirig‘i berildi.
Muhim yangiliklardan yana biri – qurilish loyihalari nogironligi bor shaxslar uchun qulay muhit yaratilganligi bo‘yicha majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Buning uchun yil oxirigacha chet ellik ekspertlarni jalb qilgan holda, kamida 500 nafar loyihachi va arxitektor nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratish kurslarida o‘qitiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash yo‘nalishida esa, ularni ayti sohasiga o‘qitish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yiladi. Xodimlarining 50 foizida nogironlik bo‘lgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati beriladi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Toshkent yana havosi eng iflos shaharlar antireytingida 1-o‘ringa chiqdi. Chorshanba kuni poytaxtdagi havo ifloslanishi darajasi AQSh standartlari bo‘yicha eng xavfli – zarg‘aldoq rangli darajagacha ko‘tarildi, shaharni achchiq tutun hidi bosib ketdi. Ekologiya vazirligining izohlashicha, bunchalik darajadagi ifloslanish – sovuq kunlarda gaz bosimi tushishi sababli elektr va issiqlik stansiyalarida ko‘mir va mazutdan foydalanish ortgani, qolaversa, qorni eritish uchun asfaltga sepilgan aralashmalar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Olmaliqda misni boyitish fabrikasi qurilishida ishlayotgan hindistonlik ishchilarni tom bosib qoldi. Seshanba kuni ertalab ro‘y bergan hodisada Enter Engineering kompaniyasining metall tayyorlash sexida vaqtinchalik o‘rnatilgan tom qor va shamolga bardosh berolmay qulab tushgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hodisa oqibatida sexda ishlovchi 32 nafar Hindiston fuqarosi jabrlangan, ulardan 4 nafari vafot etgan. Prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bundan avval, metall konstruksiyali navesning qorni ko‘tara olmay qulashi o‘tgan shanba kuni Tashkent Index savdo majmuasida ham kuzatilgandi. Bozor ma’muriyatiga ko‘ra, 50 metrlik soyabonning qulashi natijasida 6 ta avtomobilga zarar yetgan.
Panorama Airways aviakompaniyasi bilan bog‘liq jinoyat ishi kattalashadiganga o‘xshaydi. Kompaniya avvalroq Umra ziyoratiga borgan 4 mingga yaqin o‘zbekistonlikni vaqtida qaytarib olib kelolmagani ortidan bir kishi qamoqqa olingan edi. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan 39 ta turfirmaning faoliyatini to‘xtatib turishni so‘ragan. Bu firmalar Panorama Airways bilan hamkorlik qilgani aytilyapti. Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, mingdan oshiq fuqaro Panorama Airways bilan hamkorlikda ishlagan turfirmalarga pul to‘lab qo‘ygan, lekin Umraga ham bora olmay, pulini ham qaytarib ololmayapti.
O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi ketma-ket beshinchi yil pasaydi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2024 yil yanvar oyida 4 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo‘lib, bu o‘tgan yilning yanvariga nisbatan 7,4 foizga kam. Shu kunlarda gazga oid yana bir nechta xabarlar paydo bo‘ldi. Xususan, Gazlida joylashgan O‘zbekistondagi eng yirik gaz omborining asosiy ta’sischisi o‘zgargan: Rossiyaning “Forus” kompaniyasi o‘rnini Hongkongda ro‘yxatdan o‘tgan noma’lum Daxon holdingi egallagan. Shuningdek, Rossiyadan gaz importini 3,5 barobarga oshirib, kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha yetkazishga qaror qilingan. Buning uchun xorijiy bankdan 500 mln dollar kredit olinadi va bu mablag‘ evaziga shimoldan gaz import qilish infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi.
Mavzuga oid
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
22:40 / 19.10.2024