O‘zbekiston | 23:06 / 29.02.2024
9006
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Xorazmda quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berdi

Tuproqqal’a tumanida Fransiyaning Voltalia kompaniyasi tomonidan quvvati 100 megavattlik quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida 29 fevral kuni Fransiyaning Voltalia kompaniyasi tomonidan quvvati 100 megavattlik quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi o‘tkazildi. 

Marosimda davlat rahbari bu sohaning strategik ahamiyatini qayd etdi. 

– Energetika sanoatida barqarorlikka erishish global integratsiya sharoitida har bir davlatning strategik maqsadi. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi generatsiyalar – zamonaviy taraqqiyotga erishish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda kuch-quvvat bo‘ladigan asosiy «drayver»lardan biridir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muqobil energetika hisobiga bu yil respublikaning elektr generatsiyasida «yashil energiya» ulushi 15 foizga yetishi ta’kidlandi. 2030 yilga borib, aholisi 40 milliondan ortadigan O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan energiyaning 40 foizini «yashil energiya» hisobidan qoplash maqsad qilingan. 

Bu Xorazmdagi ilk shunday yirik loyiha bo‘ladi. Uning natijasida yiliga 254 million kilovatt soat «yashil energiya» ishlab chiqariladi. Bu esa Xorazm viloyati yillik elektr energiyasi iste’molining 11 foizini qoplaydi. Ushbu stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan. 

Umuman bu loyiha ishga tushsa, Xorazm viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 30 foizga oshib, 424 mega-vattga yetadi. Xususan, Tuproqqal’a tumanining elektrga bo‘lgan yillik 135 million kilovatt soat talabi to‘liq qondiriladi. 

Shu bilan birga, iste’moldan ortgan 40 foiz energiyani qo‘shni tumanlarga uzatish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ya’ni, 85 ming xonadonni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashga erishiladi.

Eng muhimi, ushbu loyiha orqali 76 million metr kub tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 106 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi. 

Yana bir e’tiborli tomoni, mazkur loyiha doirasida ilk bor agrovoltaika tajribasi qo‘llanadi. Bu bir maydonning o‘zida energiya va qishloq xo‘jaligini birlashtirish usuli bo‘lib, quyosh panellari ostida sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi. 

Davlat rahbari bunday innovatsion loyihalar O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘pqirrali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab, investor va muhandislarga minnatdorlik bildirdi. 

Mavzuga oid