Jahon | 20:05 / 12.03.2024
16695
9 daqiqa o‘qiladi

HAMASga tashlanayotgan Netanyahu, NATOning Makronga javobi va Rossiyaning harbiy salohiyati - kun dayjesti 

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz. 

Falastindagi vaziyat

BMT vakili Isroil Falastin xalqini ataylab ochlik bilan qiynamoqda, deya bayonot berdi.

Tashkilotning oziqlanish huquqi bo‘yicha maxsus dokladchisi Maykl Fahri BMTning Jyenevadagi bo‘limida jurnalistlar bilan uchrashib, Isroil hujumlariga duchor bo‘layotgan G‘azodagi so‘nggi voqealar va oziq-ovqat krizisi bo‘yicha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

BMT dokladchisi Fahrining xabar qilishicha, Isroil ataylab G‘azo xalqini ochlik iskanjasida qoldirib qiynamoqda. Fahrining qayd etishicha, «insonlarni oziq-ovqatdan ataylab mosuvo qilish — shubhasiz harbiy jinoyatdir».

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan keltirilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir sutka ichida G‘azoda 67 kishi o‘ldirilgan, 106 kishi yarador qilingan.

7 oktyabrdan buyon Isroil agressiyasi qurbonlari soni 31 ming 112 nafarga yetgan. 72 ming 760 kishi turli darajada yarador qilingan. Isroil agressiyasi qurbonlarining 72 foizi — 22 mingdan ortig‘i bolalar va ayollardir. Vazirlik, shuningdek, G‘azoda ochlik va tashnalikdan o‘lganlar soni 25 kishiga yetganini ta’kidlagan. 

Isroil rahbarlari bayonotlari

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu arab davlatlari HAMASning yo‘q qilinishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. U buni nemislarning Bild nashriga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tgan.

«Men mintaqamizdagi davlatlar yetakchilari bilan suhbatlashganimda ular HAMAS — Eronning terroristik tarmog‘ining bir bo‘lagi ekanini mohiyatan tushunib turishgani va ularga ham bizga ham tahdid solayotgan bir tashkilot ekanini tasdiqlashadi», — degan Netanyahu Isroilni o‘rab turgan arab davlatlarini nazarda tutib.

Netanyahu milliondan ortiq falastinlik qochqinlar qochib o‘tgan Rafah shahriga bostirib kirish va G‘azo sektorida urushni davom ettirishni qo‘llashini bildirgan hamda G‘azo aholisining azob-uqubatlarida Isroil armiyasi emas, aynan HAMASni ayblagan

«Biz uchun bu tragediya, ular uchun bu strategiya», degan Netanyahu. G‘azoda ochlik ro‘y berayotgani to‘g‘risidagi axborotlarni esa to‘liq rad etgan. Shuningdek, Netanyahu Falastin mustaqil arab davlati bo‘lishiga keskin qarshi chiqqan.

Bu orada Isroil BMT xavfsizlik kengashidan HAMASni terrorchilik tashkiloti deb tan olishni talab qilgan. Bu haqda Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats HAMAS tomonidan garovga olingan isroillik fuqarolarning qarindoshlari qurshovida BMT xavfsizlik Kengashining maxsus yig‘ilishida chiqish qilib, harakat yetakchilariga qat’iy sanksiyalar joriy etishga ham chaqirgan.

Isroil tomonining fikricha, HAMAS garovga olingan fuqarolardan qalqon sifatida foydalanmoqda. Isroil Kats esa BMT HAMASning harakatlari bo‘yicha uzoq vaqtdan buyon sukut saqlab kelayotgani, o‘tgan yilning 7 oktyabridan buyon BMT 40 dan ortiq yig‘ilish o‘tkazib, biror marta HAMASni qoralamaganini tilga olib o‘tgan. 

Amerikada Ukrainaga yordam masalasi

Amerikada yana Ukrainaga zudlik bilan yordam ko‘rsatish masalasi kun tartibiga chiqdi

«Agar AQSh Ukrainaga yordam berishni paysalga solsa, 2024 yilda biz yanada ko‘proq Avdiyivkalarni ko‘ramiz», — degan AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byorns. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Ukrainaga zudlik bilan yordam berilmasa, bu AQSh uchun tarixiy xato bo‘ladi.

Amerika maxsus xizmatlari Kiyevning harbiy salohiyati borgan sari susayib bormoqda, deb hisoblashmoqda.

«Ukrainaning Avdiyivkadan chiqib ketishi va uning boshqa hududlarni qo‘ldan chiqarmaslikka bo‘lgan urinishlari so‘nggi bir nechta hafta ichida tashqi harbiy yordamlarning kamayib borish fonida Ukrainaning harbiy salohiyati yemirilib borayotganini ko‘rsatib berdi», — degan AQSh Milliy Razvedkasi direktori Evril Heyns AQSh Kongressi Senatining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi eshittiruvlarida. 

NATOning Makronga javobi

NATOning birorta davlati alyansning boshqa ishtirokchilari roziligisiz Ukrainaga qo‘shin jo‘nata olmaydi, degan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. NATO bosh kotibi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Ukrainaga qo‘shin kiritish bo‘yicha bayonotlariga shunday javob bergan.

Stoltenbergning alohida ta’kidlashicha, NATOda hanuzgacha Ukrainaga qo‘shin kiritish bo‘yicha biror reja yo‘q, chunki alyans o‘zini «mojaro tomonlaridan biri» deb hisoblamaydi.

Alyans rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar NATOga a’zo davlatlar individual tartibda Ukrainaga qo‘shin jo‘natgan taqdirda ham, bu alyans bo‘yicha ittifoqchilarning barchasiga ta’sir ko‘rsatadi, chunkilar ular kollektiv mudofaa pakti bilan o‘zaro bog‘langan. 

Zelenskiyning bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fransiyaning BFM-TV telekanaliga bergan intveryusida mamlakat qurolli kuchlari o‘q-dori yetishmovchiligi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelganini aytgan.

Zelenskiy Makronning g‘arb davlatlari Ukrainaga yordamga qo‘shin jo‘natish haqidagi bayonotini sharhlar ekan, «Ukraina o‘z hududida xorijiy qurolli kuchlarga muhtoj emasligi, ularga ko‘proq o‘q-dori kerakli ekani»ni ta’kidlagan. NATO davlatlaridan murabbiylar va texnik personalga ehtiyoj borligini aytib o‘tgan.

Zelenskiyga ko‘ra, uzoqdan nishonga oluvchi qurollar borasida Rossiya ayni damda Ukrainadan 20 km ilg‘orroq.

Ukraina prezidenti Rossiyaning qarshi hujumi to‘xtatilgani, frontda ayni damdagi holat oldingi uch oyga nisbatan ancha yaxshi ekanini qayd etib o‘tgan.

Zelenskiy Putin reallikdan uzilib qolganini aytgan. «Yevropa yetakchisi chiqish qilib turgan joydan bir necha yuz metr joyga qanotli raketa bilan zarba berish uchun menimcha, inson juda kasal bo‘lishi kerak», degan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti ayni damda frontga tin olishga yo‘l qo‘ymaslik kerakligiga urg‘u bergan. «Sulh Putin uchun «tin olish» bo‘lardi, chunki u o‘z armiyasining jangovar holatini tiklab, o‘q-dori ishlab chiqarishni ko‘paytirib olgan bo‘lardi. 

Rossiyaning harbiy salohiyati

Yuqoridagi AQSh, NATO va Zelenskiyning bayonotlari bekorga yangramayapti. Chunki o‘z iqtisodiyotini harbiy relsga o‘tkazib olgan Rossiya AQSh va Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yetkazib berishi mumkin bo‘lganidan 3 barobar ko‘p snaryad ishlab chiqarmoqda.

Bir oyda Rossiya 250 ming dona, bir yilda esa 3 millionga yaqin artilleriya snaryadlari ishlab chiqarmoqda, deb xabar bergan CNN kanali NATO razvedkasiga asoslanib. O‘z navbatida AQSh va Yevropa Ittifoqi birgalikda bir yilda Ukrainaga jo‘natish uchun 1,2 mln snaryad ishlab chiqara olishi mumkin xolos.

Suhbat asnosida NATO vakili vaziyatni «ishlab chiqarishlar urushi» deb atagan. Uning fikricha, Ukrainadagi urush yakuni tomonlarning tayyorgarligiga bog‘liq bo‘ladi. AQSh 2025 yilning so‘ngiga qadar o‘z oldiga oyiga 100 ming snaryad ishlab chiqarish vazifasini qo‘ygan. Hozircha hattoki shu maqsadga erishib bo‘lmaydi, chunki Kongress Ukrainaga 60 mlrd dollarlik yordam paketini hanuzgacha tasdiqlagani yo‘q.

2022 yilning fevralidan buyon davom etayotgan urushda qurol-yarog‘ tanqisligi bo‘y ko‘rsatdi, deb yozadi CNN. Rossiya frontning old chizig‘ida tashabbusni o‘z qo‘liga oldi, front ortida esa uning harbiy ishlab chiqarish kompleksi to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. NATO ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi mudofaa sektorida 3,5 mln kishi mehnat qilmoqda, bu urushgacha bo‘lgan davrdan 1 mln kishiga ko‘proq.

G‘arb davlatlari esa endi-endi ishlab chiqarish infratuzilmasini yo‘lga qo‘ya boshlagan.

Mavzuga oid