O‘zbekiston | 11:12 / 15.03.2024
9567
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Farg‘onadagi maktablarda yonida pichoq olib yurgan o‘quvchilar aniqlandi

Joriy yil 11 mart kuni Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida ta’lim muassasalarini qo‘riqlashning yangi tizimi doirasida o‘quvchi va o‘qituvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida maktablarda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan pichoq olib yurish bilan bog‘liq ikkita holat aniqlangan.

Foto: Milliy gvardiya

Qo‘qon shahrida soat 13:50 larda 35-sonli maktabga kirishga uringan bir yigitni yangi tizim asosida xizmat qilayotgan maktab qorovuli to‘xtatib qolgan. Shu maktabda o‘qiysizmi, degan savolga u o‘qimayman, deb javob bergan va nima uchun maktabga kelganini tushuntira olmagan. Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmatiga qarashli tezkor harakatlanuvchi guruh chaqirilib, yigit ichki ishlar organlari profilaktika inspektoriga topshirilgan. U 2007 yilda tug‘ilgan kollej o‘quvchisi I. X. ekanligi aniqlangan. Profilaktika inspektori yigitning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilgan, uning huzurida shaxsiy tintuv vaqtida oshxona pichog‘i topilgan.

Shu kuni kechki soat taxminan 18:20 larda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-sonli maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibotni saqlash maqsadida xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati xodimlariga 4-sinf rahbari jismoniy tarbiya darsi oldidan kiyim almashtirish xonasida 10-sinf o‘quvchilari U.I. va T.A. sinfdoshlariga sport sumkasida olib yurgan pichoqni ko‘rsatgan.

O‘quvchilar U.I. va T.A.ning ota-onalari maktabga taklif etilib, ular bilan Mirzo Ulug‘bek tumani IIB profilaktika inspektori va maktab direktori profilaktik suhbat o‘tkazgan. O‘smirlardan pichoq olib qo‘yilib, ularning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi (“Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik”) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Mavzuga oid