O‘zbekiston | 11:53 / 20.03.2024
44609
2 daqiqa o‘qiladi

Logoped Dilorom Jabborovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi

O‘tgan yil dekabrida u Jizzaxda duduqlangan bolani qo‘rqitish usulida davolashga uringani aks etgan video tarqalgandi.

Foto: Videodan kadr

Defektolog, logoped Dilorom Jabborovaga nisbatan duduqlangan bolani so‘kinish va qo‘rqitish usulida davolashga uringani tufayli jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda bolalar ombudsmani xabar berdi.

O‘tgan yil dekabr oyida u Jizzax shahrida o‘tkazilgan seminar davomida bir bolani davolayotgani aks etgan video tarqalgan va holat ombudsman nazoratiga olingandi.

Dilorom Jabborovaning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish uchun kiritgan so‘rov asosida defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh o‘rganish o‘tkazgan.

Natijada pedagogning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekani, Jabborovaning duduqlanishni bartaraf etishda qo‘llayotgan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi to‘g‘risida xulosa berilgan, deyiladi ombudsman xabarida.

Ekspertlar ishchi guruhi xulosasi va aniqlangan boshqa holatlar asosida uning harakatlarida aldash va odamlar ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini va uning mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan.

27 fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid