G‘azo bo‘yicha rezolyutsiya, Ukrainaga raketa zarbalari va Xitoy-Tayvan mojarosi istiqbollari - kun dayjesti
Kun davomida dunyoda ro‘y bergan muhim yangiliklar, voqea-hodisalarning yana batafsil sharhini sizga taqdim etishda davom etamiz.
VIDeO
G‘azodagi vaziyat
BMT Xavfsizlik kengashida — G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilinishi mumkin. Rezolyutsiya loyihasi BMT Xavfsizlik kengashiga AQSh tomonidan kiritilgan va 22 mart juma kuni ko‘rib chiqiladi hamda ovoz berish o‘tkaziladi.
Rezolyutsiya loyihasida «tinch aholini har tomondan himoya qilish, muhim humanitar yordam ko‘rsatish va insonlar azobini yengillashtirish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi» ta’kidlangan. «Xavfsizlik kengashi barcha garovga olinganlarni ozod qilish bilan bir qatorda, shunday otashkesimga erishish bo‘yicha olib borilayotgan xalqaro sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», — deya hujjatdan iqtibos keltiradi dpa agentligi.
Ushbu rezolyutsiya qabul qilinishi Isroil davlatining G‘azoga bostirib kirganidan buyon va BMT Xavfsizlik kengashi bu mojaroda doimiy otashkesim tarafdori ekanini bildirganidan beri ilk marta sodir bo‘ladi.
Ukraina energetika infratuzilmalariga zarba
Rossiya armiyasi Ukrainaga navbatdagi yopirilma raketa zarbalarini yo‘lladi. 22 martga o‘tar kechasi butun mamlakat hududlari bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilingan.
Energetika vaziri German Galushenko rossiyaliklarning bu safargi zarbalarini so‘nggi vaqtlarda Ukraina energetika tizimiga qilingan eng keng ko‘lamli hujum deb atagan. «Maqsad — shunchaki shikastlantirish emas, balki o‘tgan yilda bo‘lgani kabi mamlakat energiya tizimi faoliyatida keng miqyosli uzilishlar keltirib chiqarishga urinishdir», — degan vazir.
Turli oblastlarda ishlab chiqarish inshootlari, elektr uzatish va tarqatish tizimlarida zarbalar va shikastlanishlar qayd etilgan. Qator regionlarda elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan.
Xarkiv shahri amalda to‘liq elektr va ichimlik suv ta’minotisiz qolgan.
Zaporijjyaga rossiyalik harbiylar 12 ta raketa zarbasi bergan. Yettita uy vayron bo‘lib, yana 35 tasi shikastlangan. Yaralanganlar bor.
Zaporijjya AES faoliyati ham to‘xtash yoqasiga kelgan — hujum vaqtida AESni Ukraina energiya tizimi bilan birlashtirib turuvchi tashqi havo elektr uzatish liniyasi uzilgan.
Kriviy Rih shahrida dronlar va raketalarning birgalikdagi hujumi natijasida kritik infratuzilma obektlari shikastlangan.
«Ukrgidroenergo» xabariga ko‘ra, gidrotexnik inshootlar va Dnipro GES to‘g‘oniga zarba berilgan. Stansiyada yong‘in chiqqan. «Suv toshib chiqishi xavfi yo‘q. Stansiya to‘g‘onidagi vaziyat nazorat ostida», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Sumi, Vinnitsa, Lviv, Ivano-Frankovsk, Mikolayiv oblastlaridagi muhim infratuzilma obektlari ham zarbalar nishoniga aylangan.
Ukrainaga yordam
Xalqaro valuta fondi direktorlari ijroiya kengashi Ukrainaga 880 million dollar miqdorida navbatdagi kredit ulushi ajratish bo‘yicha kelishuvlarni ma’qulladi.
Ukrainaga navbatdagi transh ajratish bo‘yicha kelishuvga fevral oyida erishilgan edi. To‘rt yillik kengaytirilgan kredit dasturi doirasidagi avvalgi 900 million dollarlik transh fond tomonidan 2023 yil dekabr oyida tasdiqlangan. Jamg‘arma avvalroq ushbu mexanizm bo‘yicha Ukraina uchun to‘rt yillik dasturni 15,6 milliard dollar miqdorida moliyalashtirishni tasdiqlagan edi.
Yevropa banki ham keyingi besh yil ichida Ukrainaga 10 mlrd yevro investitsiyalar ajratadi, deb xabar beradi Forbes.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yaqin besh yil ichida Ukrainadagi loyihalarga har yili 1,5 mlrddan 2 mlrd yevrogacha pul ajratadi.
Investitsiyalar energetik xafsizlik, kritik infratuzilma, oziq-ovqat xavfsizligi, biznes va savdoni moliyalashtirish kabi mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olinayotgan foyda Ukraina uchun qurol-yarog‘ sotib olishga yo‘naltirilishi kerak, degan Germaniya kansleri Olaf Shols.
Kansler Bryusselda o‘tayotgan Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari sammiti chog‘ida jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan, G‘arb davlatlari Ukrainani qancha kerak bo‘lsa shuncha qo‘llab-quvvatlashi borasida Putinga aniq signallar berayotganiga ishonchi komil ekanini aytgan.
Amerikadan yangi harbiy yordam paketi depsinib qolgani sababli Ukraina Qurolli kuchlari bir qator hududlardan «mudofaani mustahkamlash» maqsadida chekinish bilan bog‘liq «murakkab» qarorlarga kelishi kerak, degan Pentagon matbuot kotibining o‘rinbosari Sabrina Singh.
Darvoqe, Rossiya floti yana bir kemasidan ayrildi. Bu marta voqea Qora dengizda ro‘y bergan emas va ko‘nikib qolganimiz — kema ukrainlarning zarbasiga duchor bo‘lgani yo‘q. Kemaga ruslarning o‘zlari zarba berishgan: halok bo‘lganlar va yaradorlar bor.
Rossiya ommaviy axborot vositalari «Kapitan Lobanov» trauleriga Boltiq dengizidagi o‘quv mashqlari davomida adashib raketa zarbasi berilganidan so‘ng kema cho‘kib ketganini xabar qilmoqda. Kema ekipajidan uch kishi halok bo‘lgan va to‘rt kishi yarador bo‘lgan.
Ukrainaga xalqaro bosim
Ukraina Fransiya va Xitoyning bosimlari ostida o‘zi tuzgan urush homiylari ro‘yxatidan voz kechmoqda.
Bunday ro‘yxatga Rossiya bilan biznes qilishda davom etayotgan kompaniyalar va jismoniy shaxslar kiritib borilayotgan edi. Reuters manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevni ro‘yxatni yuritishni bekor qilishiga asosan ikki davlat majburlagan. «Bu nafaqat Xitoy», degan manbalardan biri va Fransiyaga ham shama qilgan. Ikkinchi manba Fransiya va Xitoydan tashqari Avstriya va Vengriya ham Kiyevga bosim o‘tkazganini aytgan.
Ro‘yxatni Ukrainaning korrupsiyaning oldini olish milliy agentligi yuritgan va shu paytgacha 50 dan ziyod firmalar unga kiritilgan. Eng ko‘p kompaniyalar Xitoyniki — 14 ta. Ular orasida CNPC, Sinopec Group, va CNOOCdek neft va gaz kompaniyalari, Alibaba onlayn riteyleri, Xitoy temiryo‘l qurilish kompaniyasi, Xitoy davlat injyenerlik qurilish kompaniyasi, HikVision videokuzatuv vositalari ishlab chiqaruvchisi kabilar bor.
Fransiya kompaniyalaridan to‘rttasi qora ro‘yxatga tushgan: Auchan, Leroy Merlin, Yves Rocher va Bonduelle. Ro‘yxatda shuningdek, AQSh, Germaniya, Italiya, Shveytsariya boshqa davlat firmalari ham bor. Jumladan Bacardi, Nestle, Knauf, Uniliver kabi mashhur brendlar egalari.
Xitoy-Tayvan mojarosi
Xitoy 2027 yilda Tayvanga bostirib kirishga tayyorlanmoqda, deb xabar bermoqda, Bloomberg nashri. Amerikaning Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi rahbari, admiral Jon Akilinoning nashrga bergan intervyusiga ko‘ra, barcha belgilar Xitoyning bostirib kirishiga ishora qilmoqda.
Xitoyning rasmiy mudofaa budjeti so‘nggi yillarda 16 foizga o‘sib, 223 mlrd dollarga yetgan. So‘nggi uch yil ichida Xitoy armiyasi 400 dan ziyod qiruvchi samolyotlar, 20 dan ortiq yirik harbiy kemalar bilan mustahkamlangan
Shuningdek, 2020 yildan buyon Xitoy Xalq Respublikasi ballistik va qanotli raketalari zaxiralarini ham ikki barobarga oshirib olgan. Tahlilchilarning qayd etishicha, Xitoy o‘zining harbiy va yadroviy arsenalini «Ikkinchi jahon urushidan buyon misli ko‘rilmagan darajada» oshirib bormoqda.
Mavzuga oid
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024