O‘zbekiston | 12:15 / 30.03.2024
5667
2 daqiqa o‘qiladi

Sudlar raislarining mahalliy kengashlarga axborot taqdim etish qoidasi bekor qilinmoqda

Endilikda sudlar o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi.

Foto: Senat axborot xizmati

Senat yalpi majlisida ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish institutini takomillashtirish orqali protsessual kodekslarga fuqarolar uchun qulay hamda soddalashtirilgan tartibni yaratishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishiga va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qo‘yilgan.

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilishni, sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishini, shuningdek, sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ta’kidlanishicha, qonun sudyalar zimmasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan biror-bir majburiyat yuklatilishining oldini olishga hamda ular faoliyatining shaffofligini ta’minlashga, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlar va ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid