Erdo‘g‘anning mag‘lubiyati, qirolning qaytishi va Qozog‘istonda toshqinlar - kun dayjesti
O‘tgan kun ichida dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan endi kunduz kunlari tanishtirib boramiz.
Turkiyadagi saylovlar
Yakshanba kuni Turkiyada mahalliy idoralarga saylovlar o‘tkazildi. Turkiyada shahar merlari, viloyatlarning voliylari ham erkin va ochiq saylov orqali aniqlanadi.
Turkiyadagi 206 ming 845 saylov uchastkasida 61 million 441 ming 882 saylovchi ovoz berish imkoniyati ega bo‘lgan. Saylovlarda 34 ta siyosiy partiya qatnashgan.
Kamolistlarning Jumhuriyat xalq partiyasi Turkiya aholisining 64 foizi yashaydigan va Turkiya iqtisodiyotining 80 foizi jamlangan shaharlarda Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasi vakillari ustidan ishonchli g‘alaba qozongan.
Erdo‘g‘an uchun eng og‘riqli mag‘lubiyat mamlakatning iqtisodiy poytaxti sanaladigan, 16 million kishi yashaydigan Istanbulda kuzatildi. 2019 yilda shaharni boy bergan Erdo‘g‘an keyingi 5 yil davomida qasos olish ishtiyoqida edi. Ammo shaharning amaldagi hokimi, saylovchilar orasida katta mashhurlikka erishgan Akrom Imomo‘g‘li 50 foizdan ziyod ovoz to‘plab, AK partiyasi vakili, 40 foiz ovoz jamg‘argan Murod Qurumdan o‘zib ketgan. Odamlar tunda Istanbul ko‘chalarida Imomo‘g‘lining g‘alabasini bayram qilishdi, uning o‘zi ham tarafdorlari qarshisida chiqish qildi.
Mamlakatning siyosiy poytaxti Anqara shahri meri Mansur Yavash esa qariyb 60 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan, uning asosiy raqibi Turg‘ut Oltino‘q 31 foizdan ortiqroq ovoz olgan.
Erdo‘g‘anning hukmron partiyasi Istanbuldan tashqari Turkiyaning keyingi to‘rt yirik shahri — Anqara, Izmir, Bursa va Adanada ham JXPchilarga mag‘lub bo‘lgan.
Jumhuriyat xalq partiyasi butun mamlakat bo‘yicha ham Erdo‘g‘an partiyasidan ustun kelgan – ovozlar nisbati 37,43 foizga 35,7 foiz ko‘rinishida.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an saylov yakunlari bo‘yicha chiqish qilgan.
«Turkiya xalqi o‘z fikrini bildirdi. Bu siyosiy yetakchilarga signal bo‘ldi. Turkiya demokratiyasi o‘zining yetuk ekanini yana bir bor isbotladi. Bugungi saylovlar — biz uchun intiho emas, burilish nuqtasi bo‘ladi.
Men xalqimiz saylagan poytaxt hokimlarini tabriklayman.
14–28 maydagi g‘alabamizdan 9 oy o‘tib, biz afsuski, imtihondan o‘ta olmadik va mahalliy idoralarga saylovlarda o‘zimiz umid qilgan natijaga erisha olmadik.
Bizga ovoz bergan-bermaganidan qat’i nazar, bundan har bir saylovchi yutdi. Men har bir saylovchiga tashakkur bildiraman», — degan Erdo‘g‘an.
Bu Erdo‘g‘anning 22 yil ichidagi ilk mag‘lubiyati bo‘lmoqda. 1 apreldan Turkiya siyosiy tarixida yangi siyosiy davr boshlanadi. 52 yoshli Imomo‘g‘li uchun bu g‘alaba 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘yish uchun zamin tayyorladi.
Rossiyada armiyaga chaqiruv boshlandi
Vladimir Putin Rossiyada harbiy xizmatga chaqiruv to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu chaqiruv yoshi 27 yosh bilan chegaralangan so‘nggi chaqiruv bo‘ldi.
1 apreldan 15 iyulgacha o‘tkaziladigan chaqiruv jarayonida 150 ming erkak armiyaga harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqiriladi.
2023 yil kuzida hukumat 130 ming odamni chaqirishni mo‘ljallayotgan edi. 2024 yilning 1 yanvaridan chaqiruv yoshi 30 yoshgacha qilib belgilangan. 2023 yil oxirigacha 27 yoshni to‘ldirganlar hozircha yangi me’yor ostiga tushmaydi. Lekin 30 yoshga kirishga ulgurmaganlar kelgusi chaqiruvda qamrab olinadi.
Yangi harbiy islohot doirasida elektron chaqiruv qog‘ozlari ham amaliyotga joriy etildi. Endi davlat xizmatlari shaxsiy kabinetiga jo‘natilgani hamono, fuqaro uni ochib qaragan-qaramaganidan qat’i nazar, chaqiruv jo‘natilgan hisoblanadi. Bunday chaqiruv qog‘ozi jo‘natilgan kundan boshlab fuqaroga mamlakatni tark etish taqiqlanadi.
Qirol qaytdi
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III onkologik kasallik aniqlanganidan buyon ilk bor omma qarshisida ko‘rinish berdi. Monarx yakshanba kuni qirollikning asosiy qarorgohlaridan biri joylashgan Vindzor qasridagi Pasxa bayramida ishtirok etdi.
Charlz cherkovga rafiqasi, qirolicha Kamilla hamda qirollik xonadonining boshqa a’zolari bilan birga tashrif buyurgan.
U o‘zi bilan salomlashish uchun kelgan odamlar bilan gaplashib, qo‘l berib ko‘rishgan.
Ayni vaqtda 75 yoshda bo‘lgan Charlz onkologik kasallikdan davolanayotgani tufayli so‘nggi haftalarda jamoat joylarida ko‘rinish bermayotgandi.
U yakshanba kuni cherkovga tashrif buyurgani va odamlar bilan uchrashgani hali jamoat hayotida yana faol qatnasha boshlashini ko‘rsatmaydi. Bu hozircha shunday qaytish sari birinchi qadam bo‘ldi.
Bukinghem saroyi Charlzga onkologik kasallik tashxisi qo‘yilgani haqida fevral oyi boshida e’lon qilgandi. Uning kasalligi yanvarda aniqlangan, o‘shanda u prostata bezi kattalashgani yuzasidan davolanishga yotgandi. Qirollik oilasi unda aniqlangan kasallik prostata saratoni emasligini bildirgan.
Qirol jamoat joylarida ko‘rinish bermay qo‘yishi ortidan mart oyining ikkinchi yarmida ijtimoiy tarmoqlarda u vafot etgani haqida xabar ham tarqalgandi, ammo bu xabarlar tezda saroy tomonidan rad etib chiqildi.
Mart oyida qirolning kelini, Uels malikasi Keyt Middlton ham saraton kasalligiga chalingani va kimyoterapiya qabul qilayotgani ma’lum bo‘lgandi.
G‘azodagi vaziyat
G‘azodan esa xunuk xabarlar kelishi davom etmoqda. Isroil harbiylari G‘azoni o‘qqa tutishi oqibatida navbatdagi qurbonlar va yaralanganlar bor.
Isroil harbiylari so‘nggi kun davomida G‘azo sektoridagi dengiz sohiliga yaqin joylashgan Shati qochqinlar lageriga hamda G‘azo shahrining An-Nasr va Ar-Rimal mavzelariga zarbalar yo‘llagan.
Isroil armiyasi majburiy tarzda o‘z turar joylaridan ko‘chirilganlar joylashgan chodirlarga, shuningdek, «Al-Aqso» shifoxonasidagi bemorlarga qarash uchun kelgan shaxslar joylashgan manzillarga hujum qilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabariga ko‘ra, «Al Aqso» shifoxonasiga uyushtirilgan hujum qurbonlari soni 4 kishini tashkil etgan. Yana 17 kishi yaralangan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Shati lagerida ikki kishi Isroil aviatsiyasi hujumi qurboni bo‘lgan, o‘n kishi yaralangan. An-Nasr va Ar-Rimal mavzelaridan jabrlangan haqida ma’lumotlar hali yetkazilmagan.
Avvalgi kuni Xon Yunus shahrining chetida joylashgan Bani Suhayl shaharchasiga berilgan zarbalardan so‘ng 11 kishi qurbon bo‘lgan, ko‘plab insonlar yarador bo‘lgan edi.
G‘azo bo‘lgasida vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Ramazonda ham urush to‘xtamadi, odamlar Isroil raketa zarbalaridan tashqari, ochlikdan o‘lishda davom etyapti. BMT bir necha oydan buyon sektordagi oziq-ovqat yetishmovchiligi kritik darajaga yetgani haqida ogohlantirib keladi. G‘azoda yaratilgan ochlik harbiy jinoyatga tenglashtirilishi mumkin.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, qayd etilayotgan statistikalar G‘azodagi gumanitar inqiroz allaqachon sun’iy yaratilgan ocharchilikka aylanib bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Oqibatda Isroilga bo‘lgan xalqaro bosim yanada oshdi. Davlatlar va xalqaro tashkilotlar Isroildan huquqiy burchlarini bajarib, tinch aholini himoya qilish va tinch aholi uchun gumanitar yordamni o‘tkazishni so‘rashmoqda.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha yuqori martabali mulozimi Volter Tyurk BBC bilan suhbatda Isroil G‘azodagi ochlikdan urushdagi qurol sifatida foydalanayotganini aytgan. Bu isbotlansa, sun’iy ochlik Isroil tomonidan amalga oshirilgan harbiy jinoyatga tenglashtirilishi mumkin.
Turli davlatlarning G‘azoga yuborayotgan insonparvarlik yordamlari Misr chegarasidagi Rafah postida turib qolib, Isroil ularni juda uzoq byurokratik to‘siqlardan keyingina o‘tkazmoqda. Oqibatda Iordaniya, Britaniya va AQSh G‘azoga osmondan yordam yuklarini tashlashga qaror qildi.
Bu eng samarasiz yo‘l ekani ma’lum bo‘ldi. Hozirgacha yordam yuklarini olayotganda 12 kishi dengizga cho‘kib o‘lgan, 5 kishi ustiga parashyuti ochilmagan quti tushishi oqibatida halok bo‘lgan.
Shengen zonasi kengaydi
Yevropa Ittifoqi a’zolari bo‘lmish Ruminiya va Bolgariya 13 yillik kutishdan so‘ng nihoyat rasman Shengen zonasiga ham a’zo bo‘ldi. Bu ikki mamlakatning havo va dengiz chegaralaridagi nazorat 21 martdan to‘xtatiladi.
Hozircha mamlakatlarning a’zoligi qisman statusga ega. Chunki quruqlikdagi chegaralarda nazorat saqlanib qoladi. Bunga sabab — bu ikki mamlakatning to‘laqonli a’zoligiga Avstriya Yevropaga qochqinlar oqimi ko‘payishidan cho‘chib, veto qo‘ygan.
Ruminiya va Bolgariyaning Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan quruqlikdagi chegaralarida nazoratni olib tashlash bo‘yicha qarorni Yevropa Ittifoqi Kengashi qabul qilishi kerak. Buxarest va Sofiyada bu qaror yil so‘ngiga qadar qabul qilinishiga umid bildirishmoqda va muzokaralar davom etmoqda.
Qozog‘istonda suv toshqinlari
So‘nggi 2-3 kun ichida qo‘shni Qozog‘istonning turli hududlarida kuchli suv toshqinlari kuzatilmoqda.
Qarag‘anda va Shimoliy Qozog‘iston oblastlarida daryolarga tiqilib qolgan muzlarni tarqatish uchun portlash ishlari ham olib borilmoqda.
Qozog‘iston hukumati ko‘plab shaharlar, jumladan, Aqto‘be, Aqmo‘la, Qo‘stanoy, Abay oblastlarida, Ko‘kchatov, Uralsk va boshqa aholi punktlarida tabiiy ofat oqibatlari bilan kurashmoqda. Atirau oblastining Qizioko‘gin rayonida favqulodda vaziyat rejimi e’lon qilingan. Mamlakat miqyosi bo‘yicha rekord suv toshqinlarini boshidan kechirmoqda. 53 ta aholi punkti suv qamaliga tushib qolgan. 12 mingdan ziyod kishi evakuatsiya qilingan.
Qozog‘iston hukumati toshqindan zarar ko‘rganlarning ziyonini qoplash masalasini ham muhokama qilgan. Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri Nurlan Baybazarovning aytishicha, jabrdiydalarga zararni qoplash uchun mahalliy ijroiya organlari hisobidan pul to‘lab beriladi.
Turar joylari avariyaviy holga kelgan deb topilganlarning ro‘yxatini mahalliy hokimiyatlar tuzadi.
Mavzuga oid
13:50
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024