G‘azoda o‘ldirilgan xorijliklar, Istanbuldagi yong‘in, Tataristonga yetib borgan dronlar - kun dayjesti
O‘tgan kun ichida dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan endi kunduz kunlari tanishtirib boramiz.
G‘azodagi vaziyat
Falastinning G‘azo sektorida Isroil aviazarbasi tufayli World Central Kitchen insonparvarlik tashkilotining yetti xodimi o‘ldirilgan.
O‘ldirilganlarning orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya va Polsha fuqarolari bor. World Central Kitchen hujumni «kechirib bo‘lmas» deb baholagan va kuzatuvchi avtomobilga tashkilotning logotiplari yopishtirilgani, ularning harakati esa isroillik harbiylar bilan muvofiqlashtirilgan holda tashkil etilganini ta’kidlagan.
Ular G‘azoning och qolgan aholisiga oziq-ovqat yetkazilishini kuzatib borayotgan bo‘lishgan. Endi World Central Kitchen G‘azodagi faoliyatini noma’lum muddatga to‘xtatgan.
TsAXALning rasmiy bayonotida «oliy darajada bu fojiali hodisaning sabablari o‘rganilishi» aytilgan, biroq Isroil armiyasi zarba uchun javobgarlikni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z zimmasiga olmagan.
Isroil bosh vaziri «bunday hodisa boshqa takrorlanmasligiga ishonch hosil qilish uchun» qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi, «urush paytida bunday voqealar yuz berib turishi»ni ta’kidlagan.
World Central Kitchen urush chog‘ida G‘azoda harakat qilayotgan asosiy insonparvarlik tashkiloti edi. Urush boshidan buyon tashkilot 32 million porsiya oziq-ovqat tarqatgan.
Xalqaro tashkilotlarning baholashicha, G‘azodagi 300 mingga yaqin aholi yaqin vaqt ichida ocharchilik bilan to‘qnash keladi. G‘azo aholisining yarmi to‘yib ovqatlanmayapti, 1 milliondan ortiq inson uysiz qolgan, 75 foiz aholi majburan uy-joylarini tashlab chiqib ketgan, deyiladi Jahon banki va BMT ma’lumotida.
G‘azodagi «Ash-Shifo» kasalxonasi Isroil qamalidan so‘ng butkul vayronaga aylangan, yuzlab insonlarning jasadi topilmoqda. Falastin tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, «Ash-Shifo»da bo‘lib o‘tgan qirg‘inda 1500 dan ortiq falastinliklar o‘ldirilgan, yarador qilingan va bedarak yo‘qolgan. Ularning teng yarmini ayollar va bolalar tashkil etadi.
78 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelgan, arabchadan tarjimasi «shifoxona» bo‘lgan tibbiyot maskani Isroil talamonidan so‘ng «o‘likxona»ga aylangan.
«Ash-Shifo» vayronalari G‘arb davlatlarining Yaqin Sharqdagi noinsoniy siyosati va asosiy maqsadi yerli aholini qirib yuborish bo‘lgan Isroilning Falastinni okkupatsiya qilishining dahshatli oqibatlari ramziga aylanmoqda.
Eronning talabi
Isroil Suriya poytaxtidagi Eron konsulligiga aviazarba berganidan so‘ng Eron zudlik bilan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini chaqirishga chorlamoqda.
Dushanba kuni berilgan avizarba tufayli kamida yetti kishi halok bo‘lgan. Ularning orasida Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining oliy martabali ikki generali ham bor.
BMTga yo‘llagan xatida Eronning BMTdagi doimiy vakili Zahro Ershodiy «ushbu toqat qilib bo‘lmas buzmakorlik»ni qoralashga va kelgusida diplomatik missiyalarni xavf ostida qoldirishi mumkin bo‘lgan harakatlarning oldini olishga chaqirgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyonning aytishicha, Tehron hujum uchun Isroilni javobgar deb biladi. Eronning Damashqdagi konsulligiga zarba berish «barcha xalqaro konvensiyalarni buzishdir», dedi Abdullohiyon. Isroil harbiylari bu xabarlarga izoh bermasligini aytgan.
Istanbulda dahshatli yong‘in
Turkiyaning Istanbul shahrida ta’mirlanayotgan tungi klub yonib ketgan. 29 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Istanbul markazidagi Beshiktosh tumanida joylashgan 16 qavatli turar joy binosining yerto‘la qismida joylashgan «Maskarad» tungi klubida 2 aprel kuni kunduzi kelib chiqqan yong‘inda bir kishi yarador bo‘lgan, 29 kishi halok bo‘lgan.
Yong‘inni o‘chirish uchun 31 ta o‘t o‘chiruvchi avtomobil 86 nafar qutqaruvchi jalb qilingan.
Yong‘in nimadan kelib chiqqani noma’lum. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barchasi tungi klubni ta’mirlayotgan quruvchilar bo‘lgan.
Yong‘in ortidan olti kishi hibsga olingan, jumladan tungi klub menejyeri. Voqea joyiga Istanbul meri Akram Imomo‘g‘li va Beshiktosh hokimi Dovut Gul kelishgan.
Ukraina-Rossiya urushi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiĭ 25 yoshdan boshlab harbiy safarbarlikka yollash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Oliy Rada qonunni qariyb 1 yil avval qabul qilgan edi.
Qonun bilan Ukrainaning «Harbiy majburiyat to‘g‘risida»gi qonuniga ham o‘zgartirish kiritilgan. Qonunning avvalgi talqinida muddatli harbiy xizmatni o‘tamagan 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni harbiy safarbarlikka yollash mumkin emasdi.
Zelenskiy bu qonunni imzolashni paysalga solib kelayotgandi. Rada uni o‘tgan yilning 30 mayida qabul qilgan edi. Ukraina parlamenti 7 fevral kuni keng miqyosli safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini ham bir o‘qishda qabul qilgan. Unga ko‘ra, muddatli xizmat bekor qilinadi va o‘rniga umumqo‘shin tayyorgarligi o‘taladi.
Darvoqe, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina, albatta, NATO a’zosiga aylanishini ta’kidlab, galdagi masala bu maqsad sari harakat qilish uchun aniq yo‘l xaritasi ishlab chiqishga borib taqalayotganini aytgan.
Ukraina dronlari Tataristonda dronlar ishlab chiqaruvchi zavod hamda neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgan. 13 kishi yaralangani aytilmoqda.
Ushbu zavodlar Ukrainadan 1200 km olisda joylashgan. Dronlar hujumidan so‘ng Alabug‘a shahridagi «Shahed» dronlari ishlab chiqaruvchi zavodning yotoqxonasida portlashlar sodir bo‘lgan.
Nijnekamskdagi Rossiyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodlari beshligiga kiruvchi TANeKO neft zavodiga qilingan hujumda uch kishi jarohatlangan. Dron qurilmalardan biriga borib urilgan. Ayni paytda Rossiyadagi benzinning 6 foizi, dizel yoqilg‘isining 10 foizini ishlab chiqaruvchi zavodda ish vaqtincha to‘xtatilgani ma’lum qilinmoqda.
Rossiyalik ayrim rasmiylar Ukraina 1200 km masofaga dron uchira olishi mumkin emasligi, dronlar Qozog‘iston hududidan uchirilgan bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlagan.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Rossiyaning Tatariston Respublikasidagi nishonlarga hujum qilgan dronlar o‘z hududidan uchirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida Rossiyaning hamkor davlatlaridan bo‘lgan Armanistondan so‘ng Qirg‘iziston ham Rossiyaning «Mir» to‘lov kartalariga joriy etilgan sanksiyalarga qo‘shildi. Taqiq 5 apreldan kuchga kiradi.
AQSh «Mir» to‘lov tizimiga qarshi sanksiyalarni fevral oyi oxirida joriy etgan edi. Ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo‘lmaslik uchun Xitoyning UnionPay to‘lov tizimi, Turkiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ham «Mir»dan voz kechgan.
Rossiyadagi eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz loyihasi sanksiyalar tufayli to‘xtab qolgan, deb yozadi Reuters.
Rossiyaning NOVATEK holdingi «Arktik SPG-2» loyihasida sanksiyalar va suyultirilgan tabiiy gazni tashish uchun tankerlar yetishmayotgani tufayli ishlab chiqarishni to‘xtatgan.
Fevral oyida kompaniya Janubiy Koreyaning Hanwha Ocean kemasozlik kompaniyasidan uchta gaz tashuvchi kemani ololmayotganini xabar qilgan edi. Chunki kemalarning buyurtmachisi AQSh sanksiyalari ostiga tushgan «Sovkomflot»ning tuzilmalaridir. Yana uchta tanker ishchi kuchi yetishmasligi tufayli o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmayapti.
Rossiyaga kemalarni yetkazishdan bosh tortayotgan Janubiy Koreya Ukrainaga 2,1 mlrd dollar kredit ajratadigan bo‘ldi. Bu pullar urushdan ziyon ko‘rgan hududlarni tiklashga sarflanadi.
2024–2029 yillar mobaynida Ukrainaga 2,1 mlrd dollar miqdoridagi davlat kafolati ostidagi imtiyozli kredit taqdim etiladi.
Mavzuga oid
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024
G‘azodagi ocharchilikdan ogohlantirgan Erdo‘g‘an, Eron yadroviy obektiga zarbani tan olgan Netanyahu va Trampning migrantlar bo‘yicha rejasi - kun dayjesti
13:40 / 18.11.2024