Toshkent–Tehron munosabatlari va Yaqin Sharqdagi vaziyat - Eron elchisi bilan suhbat
Dunyodagi eng qizg‘in mintaqa bo‘lmish Yaqin Sharq haqida gap ketganda, Eron faktori tez-tez tilga olinadi. Kun.uz bu mamlakatning mintaqaviy va global siyosati bilan bog‘liq savollar bilan Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariy bilan suhbat tashkil etdi.
— Eron-O‘zbekiston munosabatlarining asosida qaysi omillar yotadi?
— So‘nggi yillarning o‘zida Eron va O‘zbekiston prezidentlari 4 marta uchrashdilar va ushbu uchrashuvlar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Davlatlarimiz rahbarlari uchrashuvlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 1 milliard dollarga yetkazish vazifasini belgilab oldilar. O‘ylaymanki, bu to‘laligicha amalga oshirsa bo‘ladigan ish. Bugungi kunda Eron O‘zbekistonning 18-savdo sherigi hisoblanadi, biz bu raqamni yanada yuqoriroq ko‘tarishimiz mumkin. O‘tgan 2023 yil ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo ayirboshlash hajmi 505 million dollarni tashkil etdi. Ya’ni aytmoqchimanki, ancha yillardan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo ayirboshlash hajmi 500 million dollar chegarasidan o‘tdi, bu shuni ko‘rsatadiki, biz 1 milliard dollarlik chegaraga ham bemalol yetishimiz mumkin.
Nega bemalol yetolamiz, deyapman, bunga bir nechta omillar bor. Birinchisi: Eron va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasida juda ko‘plab madaniy, tarixiy mushtarakliklar mavjud. Ikkinchidan, Eron va O‘zbekiston imkoniyatlari va potensiallari bir-birini to‘ldiruvchi hisoblanadi. Uchinchidan, Eron va O‘zbekiston ko‘plab mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida judayam yaqin va yaxshi hamkorlikni amalga oshirmoqda.
O‘zbekistonlik tadbirkorlar yaxshi bilishadiki, Eron tovarlari ham yaxshi sifatga ega, ham nisbatan arzon. Ammo ikki mamlakat o‘rtasidagi savdoda mavjud bo‘lgan turli ta’riflar ushbu tovarlarni o‘zaro ayirboshlashni, yanada ko‘proq eksport va import qilinishini ma’lum bir darajada to‘sib turuvchi omil bo‘lib qolmoqda.
Eron iqtisodiyoti 3 ta asosiy tayanchga ega. Birinchisi – o‘z-o‘zini himoya qilish va qarshilik ko‘rsatish iqtisodiyoti. Ikkinchisi fan va texnologiyaga asoslanadi. Uchinchisi Eronda deyarli barcha turdagi tovarlarni ishlab chiqarish uchun kerakli bo‘lgan infratuzilma mavjud. Bu shuni ko‘rsatadiki, Eron va O‘zbekiston mana shu imkoniyatlardan foydalangan holda o‘zaro savdoni, o‘zaro eksport va import operatsiyalari miqdorini yanada ko‘paytirish imkoniyatiga ega. Eron hukumati kafolat berib aytoladiki, Eron kompaniyalari O‘zbekistonda e’lon qilayotgani turli xalqaro loyihalarni arzon narxlarda, yaxshi sifatda amalga oshira olishadi.
Oxirgi paytlarda turli sohalardagi, jumladan, savdo iqtisodiy sohadagi yuqori darajadagi delegatsiyalarimizning o‘zaro almashunuvi yanada kuchaydi. Jumladan, so‘nggi oylarning o‘zida Eron Islom respublikasi sanoat konlar va savdo vaziri boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Yaqindagina O‘zbekiston respublikasi energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya Eronga tashrif buyurdi. Bundan 1 yil oldin Toshkent shahrida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo iqtisodiy va ilmiy texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 15-majlisi bo‘lib o‘tgan edi va yaqin oylar ichida ushbu qo‘shma komissiyaning navbatdagi 16-majlisi Eronda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilyapti. Bu faktorlarning hammasi ikkala mamlakat o‘rtasidagi savdo iqtisodiy aloqalarning yanada tartibli ravishda rivojlanishi uchun muhim omillar bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonlik tadbirkorlardan, kompaniyalardan shuni so‘ragan bo‘lardimki, agar xorijdan qaysidir kerakli tovarni import qilmoqchi bo‘lsalar, Eronda ishlab chiqariladigan tovarlar ro‘yxatiga ham bir nazar tashlasinlar. O‘zbekistonda qanaqadir muhim bo‘lgan loyiha amalga oshirish rejalashtirilayotgan bo‘lsa, Eron kompaniyalarning imkoniyatlariga ham qarashsin. Kompaniyalarning imkoniyatlariga, ularning qanaqa sifatda va qanday narxlarda ushbu loyihalarni amalga oshirish mumkinligini ham o‘rganishsin.
Iqtisodiy aloqalardan asosiy maqsadi nimadan iborat, deydigan bo‘lsak. Savdo-iqtisodiy aloqalarda ko‘zda tutilayotgan eng yuksak maqsad bu – xalq uchun sifatli va arzon tovar yetkazib berish. Biz – davlat rasmiylarining vazifamiz xuddi mana shu aloqalarning shu tartibda maqsadli amalga oshishi uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratib berishdan iborat.
Bu o‘rinda o‘zaro savdo aloqalari haqida gapirganimda, faqatgina Erondan O‘zbekistonga tovar eksport qilishni nazarda tutmayapman. Eronning ham O‘zbekistonning ko‘plab tovarlariga ehtiyoji bor. Masalan, qayta ishlangan paxta mahsulotlari, jumladan, kalava, bizda juda katta ehtiyoj bor bu mahsulotga. Yana masalan, tilla mahsulotlari yoki O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan kimyo sanoati mahsulotlari, jumladan, o‘g‘itlar, fosfat o‘g‘itlari Eronda judayam talabgir tovarlar hisoblanadi. Agar biz o‘zaro savdo aloqalarimiz uchun kerakli bo‘lgan shart-sharoitlarni yarata olsak, ushbu oldi-berdilarimiz hajmi yanada ko‘payadi.
Sizni ishontirib aytishim mumkinki, bugungi kunda Eronda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari, tibbiyot jihozlari va qurilish materiallari o‘zining sifati, narxi bo‘yicha O‘zbekistonda bemalol sotib olib ishlatsa bo‘ladigan va shunga arziydigan mahsulotlar hisoblanadi. Ushbu mahsulotlardan tashqari mashinalar, uskunalar ham O‘zbekiston importining katta qismini tashkil etadi va biz bu borada ham O‘zbekistonga tegishli mashinalar va uskunalarni yetkazib berishga tayyormiz.
— O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron yo‘nalishida temiryo‘l tashuvlari nega jadallashmayapti, kechikish sababi nimada?
— Bu savolga javob sifatida birinchi bo‘lib shuni aytib o‘tmoqchimanki, har uchala mamlakat: O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham, Eron ham o‘zaro transport va tranzit sohasidagi aloqalardan manfaatdor va bu aloqalarning rivojlanishini istashadi.
Muammolar nimada, degan savolingizga bevosita javob beradigan bo‘lsam. Birinchi navbatda, o‘rtada vagonlar taqchilligi kuzatilmoqda, shu taqchillik muammolarimizdan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, uchala davlatda bir xil bo‘lmagan, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan bojxona qonunlari va bojxona tariflari bor. Bular ham o‘z navbatida o‘zaro savdodagi yoki o‘zaro transport-tranzit munosabatlardagi xarakterni belgilab beradi. Yana shu narsani aytib o‘tmoqchimanki, Eron har qanaqa transport-tranzit koridorlarining rivojlanishiga, iloji boricha ko‘proq davlatlari ishtirok etishi tarafdori. Sharq-G‘arb koridori bo‘lsin, Shimol-Janub koridori bo‘lsin, bu sohada keng hamkorlikni amalga oshirishga va mintaqamizdagi davlatlar o‘rtasida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikning yanada kengayishi tarafdorimiz.
— Vagonlar yetishmasligi katta muammo emasdir. Lekin tariflar masalasida qaysidir davlatlar tashabbus bilan chiqishi kerak emasmi? Yuqorida aytilganidek, bu narsa uchala davlatning iqtisodi uchun ham manfaatli-ku.
— Biz ochiq-oydin taklif qildikki: Eronni shimolidagi va janubidagi portlardan, jumladan, Bandar Abbos, Chobahor porti imkoniyatlaridan foydalanishni taklif qildik. Mana shu Bandar Abbos va Chobahor portlari doirasida O‘zbekiston kompaniyalari uchun yer ham taklif qildik. Ya’ni o‘zlariga tegishli infrastruktura obektlarini qurish uchun.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab aytmoqchimanki, Eron koridori O‘zbekiston uchun eng qulay va eng arzon koridor hisoblanadi. Masalan, Eron koridori orqali yuk tashish boshqa koridorlarga nisbatan 15 kun vaqtni tejaydi. Bu yerda avtotransport orqali yuk tashish muammolar bor. Ular o‘z yo‘liga, lekin umuman tranzit to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, Eron O‘zbekiston va unga qo‘shni davlatlar uchun ochiq dengizga chiqish yo‘lidagi eng qulay koridor hisoblanadi.
Vagonlar katta muammo emas, deb to‘g‘ri aytib o‘tdingiz, haqiqatan ham vagonlar bu birinchi darajadagi fundamental masala emas, ammo har holda muammo bu ham. Umumiy vagonlar yetishmasligini emas, balki O‘zbekiston va Eron o‘rtasida tovar tashishga ajratilgan vagonlarni kamligini nazarda tutgandim, boshqa bir muammoni xaspo‘shlash uchun aytmadim, rostdan bor muammo bu ham. O‘zbekiston va Turkmaniston hukumatlari Eron qatnaydigan vagonlarni yanada ko‘paytirishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Masalan, yetarli vagonlar bo‘lsa, Saraxsdan Bandar Abbosgacha 3-5 kun vaqt oladi tovar turiga qarab. Biz shunday yetkazib berishimiz mumkin deb O‘zbekiston tomoniga ma’lum qildik. Hatto biz bu boradagi muammolarni yechimini topish maqsadida qo‘shma transport kompaniyasi tuzishni taklif etdik. Ya’ni qo‘shma transport kompaniyasi, qo‘shnma logistik kompaniya, qo‘shma transport ekspeditorlik kompaniyasini taklif etdik, bular doirasida mavjud muammolarni yechimini topish osonroq bo‘lishi uchun.
So‘nggi vaqtlarda Rossiya tranzit muammosi bilan duch kelganidan keyin Eronga keldi va Eron shimolidan janubiga qarab alohida maxsus temiryo‘l liniyasi qurdi. Bu asosan Rossiya va mintaqa davlatlari tovarlarini tashish uchun ishlatiladi. Transport-tranzit koridorlari sohasidagi muammolarni yechish uchun u qadar ko‘p narsa kerak emas. Birinchi navbatda maqsad, xohish-istak kerak, ikkinchidan esa ushbu xohishiga muvofiq bo‘lgan darajada investitsiya zarur. Uchinchidan, davlatlar tomonidan ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlanishi kerak.
— Vagonlar yetishmasligi bilan bog‘liq, tariflar bilan bog‘liq muammolarni gaplashyapmiz. Bular uchala davlat o‘rtasidagi masalami yoki qaysidir davlatga tashqi ta’sir sababmi?
— Yana ta’kidlashim mumkinki, O‘zbekiston uchun Erondan boshqa yaxshiroq transport-tranzit yo‘nalishi mavjud emas. Ikkinchidan, Eron o‘z hududi orqali o‘tadigan transport-tranzit koridoriga judayam katta investitsiya kirgitgan. Lekin shularga qaramasdan, hatto sportni ham siyosiylashtirgani kabi G‘arb davlatlari ushbu iqtisodiy masalalarga ham siyosiy tus berishga harakat qiladi. Lekin shunga qaramasdan, Eron bu hamkorlikka hamisha tayyorligini bildirib kelgan, jumladan, O‘zbekistonga ham ma’lum qilgan. Hozir ham ma’lumot uchun aytib o‘taman: O‘zbekiston uchun 25 foiz chegirma berganmiz. O‘zbekiston Eron orqali tranzitda 25 foizlik chegirmadan foydalanib kelyapti. Biz bu hamkorlik to‘g‘risida O‘zbekistonning tegishli vazirlik va tashkilotlariga ham bir necha bor ma’lum qilganmiz. Eron bu borada eng qulay sharoitlarni yaratib berishga tayyor.
Transport koridori bu jug‘rofiy tushuncha, mening nazarimda, siyosiy tushuncha emas. Shundan kelib chiqqan holda, biz ushbu koridordan iqtisod va biznes maqsadlarida foydalanish uchun hamma sharoitlarni yaratishga tayyormiz.
— 1 aprel kuni Suriyadagi Eron konsulligiga tutash binoga Isroil aviazarba berdi, oqibatda bir necha kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda nima deya olasiz?
— Eronning 3 ta harbiy maslahatchilari Suriyaning rasmiy hukumati taklifiga binoan ushbu davlatda bo‘lib, bizning Suriyadagi elchixonamizda bo‘lib turishgandi. Ular rasmiy hukumat tomonidan taklif etilib, qonuniy tarzda edi faoliyatlari. Lekin shunga qaramasdan sionistik tuzum 5 ta yoki 6 ta raketa vositasida bizning maslahatchilarga, ya’ni ular joylashgan elchixona binosiga hujum qildi. Bu bilan xalqaro qonunlarni, jumladan, diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini qo‘pol tarzda buzdi. Bugungi kunga qadar umumiy qurbonlar soni 13 kishiga yetdi.
— Xabarlarda Eron konsulligi yonidagi bino deyilgan, haqiqatan shundaymi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri konsullik binosiga raketa zarbasi berilganmi?
— Bosh konsullik bilan konsullik farq qiladi. Odatda bosh konsullik binosi alohida bo‘ladi, lekin konsullik binosi alohida bo‘lmaydi, bo‘lsa ham, elchixona tarkibida bo‘ladi. Zarba berilgan bino Eron konsulligi binosi edi, u esa elchixonaning bir bo‘lagi hisoblanadi. Alohida bino emas, aynan Eron elchixonasiga tegishli hudud edi.
Shuni ham aytib o‘tmoqchimanki, sionistik tuzum tarixda birinchi marta diplomatik vakolatxona binosiga ataylabdan va eng zamonaviy raketalarni qo‘llagan holda hujum qildi. Ularning ushbu jinoyati turli xalqaro tashkilotlar va turli davlatlar tomonidan qoralandi. Bu hujum, albatta, javobsiz qolmaydi. Eronning javobi qat’iy va kuchli bo‘ladi. Eronning ushbu hodisaga javobi oqilona bo‘ladi, ya’ni xalqaro qonunlarga va o‘z-o‘zini himoya qilish qonuniga asoslanadi.
— Bugungi Isroilning G‘azodagi harakatlari fonida Eron g‘azoliklarni qanchalik amaliy qo‘llayapti?
— Eron Islom Respublikasi asoschisi Oyatulloh Humayniy tashabbusi bilan har yili Ramazon oyining oxirgi juma kunida Xalqaro Quddus kuni e’lon qilingan, mana 45 yildan buyon dunyo musulmonlari bu kunni nishonlab kelishyapti.
Isroil avval boshida tarixiy Falastin yerlarning bor-yo‘g‘i 1 foizini egalik qilar edi. Shu kunga qadar Falastin xalqini qirg‘in qilish, ularni qochoqlarga aylantirish oqibatida ushbu tarixiy zaminning 95 foizini egallab olgan. Mana shu o‘tgan davr mobaynida 100 mingdan ortiq falastinlik sionistik tuzum tomonidan qurbon qilindi va 7 million falastinlik qochoqqa aylantirildi.
Mana shu o‘tgan bir necha oy davomida G‘azo mintaqasida halok bo‘lgan falastinliklarning 70 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi. Bugunga kelib jahonning aksariyat aholisi, aksar jamiyatlari sionistik tuzumning Falastin xalqiga nisbatan jinoyatlarini qoralamoqda.
Savolingizga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bersam. Eronning G‘azo mintaqasi aholisiga ko‘rsatgan asosiy yordami Falastin xalqiga, jumladan, G‘azo mintaqasi xalqiga bu vaziyatni to‘g‘ri yoritish. Ko‘pchilik Eron G‘azoga raketalar yuboryapti, deb aytishadi. Buning imkoni yo‘q. G‘azo mintaqasi o‘rab olingan, qamalda qolgan joy hisoblanadi. Raketa tugul boshqa narsani yetkazib berish ham juda qiyin ish. Isroil ham bizning elchixonamizga biz G‘azoga qurol-yarog‘ yetkazib berganimiz uchun emas, balki biz vaziyatni matbuotda dunyoga ochiq yoritganimiz uchun zarba berdi.
70 yildan buyon Falastin xalqi o‘z ozodligi uchun, yurti uchun kurashib kelyapti. Oxirgi kurash ham xuddi mana shu Falastin xalqining 70 yillik kurashining davomi hisoblanadi. Eron Islom Respublikasi, ta’kidlab o‘tganimdek, ushbu vaziyatni yoritish, haqiqatni ochib berish nuqtayi nazaridan katta yordam berib kelmoqda.
Eron Falastin xalqining haq-huquqlarini ta’minlanishini, Falastin zaminida adolat o‘rnatilishini talab qiladi. Bizning asosiy yordamimiz ham shundan iborat. Agar bugungi kunda dunyoda xalqaro tashkilotlarda Isroilni qoralashyotgan bo‘lsa, Isroil tanqid qilinayotgan bo‘lsa, bilingki, bu biz kabi davlatlarning xizmati hisoblanadi. Bugungi kunda dunyo axborot ommasining, dunyo jamiyatlarining Isroilga nisbatan, sionistik tizimga nisbatan qarashi o‘zgaradigan bo‘lsa, bu ham bizning xizmatimizdan.
Albatta, biz faqatgina siyosiy sohadagi gaplarning o‘zi bilan emas, balki moddiy jihatdan ham Falastin xalqiga yordam ko‘rsatdik va ko‘rsatib kelmoqdamiz. Jumladan, turli boshqa davlatlari orqali insonparvarlik yordamlari ko‘rinishda.
— To‘ldiruvchi savol bermoqchi edim, balki qo‘polroq tuyular. Eronning siyosiy qo‘llab-quvvatlovi haqida ham aytdingiz, bu yerda harbiy yoki qurol-yarog‘ yetkazish bilan bog‘liq yordamlar ham nazarda tutilganmi?
— Shu o‘rinda sizga qarshi savol beraman men ham. Falastin xalqi birgina Rafahdagi o‘tish punkti orqaligina tashqi dunyoga chiqa oladi va qaytib kiroladi. Hozirgi kunda mana shu birgina yo‘l ham qisqarib qolgan. Oziq-ovqat, ehtiyoji uchun eng zarur dori-darmonlarni, tibbiy jihozlarni olish uchun bitta yo‘l shu – Rafah chegara o‘tkazish punkti. Mana shu kichkinagina, zo‘rg‘a oziq-ovqat olinayotgan joydan qanaqa qilib qurol-yarog‘ kirgizish mumkin? Bunday xabarlarning barchasi tuhmat.
Eron Islom Respublikasiga media sohasida, siyosiy sohada, aytaylik, haqiqatni yoritib himoya qilayotganimizning oldini olish maqsadida bizga nisbatan qilinayotgan tuhmatdan boshqa narsa emas
Mantiqiy savol vujudga keladi. Falastinning o‘zi armiyasi yo‘q-ku. Harbiylari bormidiki, biz yoki boshqalar ularga qurol-yarog‘ topshirsak-da, ular ishlatsa. G‘azo mintaqasi aholi zich yashaydigan maskanlardan iborat bo‘lsa, u qurollarni qayerda saqlaydilar. G‘azo mintaqasi xalqi o‘zida bor katta yo kichik vositalar bilan, imkoniyati boricha o‘zini himoya qilyapti. Agar tashqaridan qurol-yarog‘ berilganda, qurollar olib bo‘lganida edi, bunchalik qurbon bermagan bo‘lardi G‘azo xalqi. Falastin xalqi bugun dushmanga qarshi bo‘sh qo‘li bilan kurashyapti. Oddiy oziq-ovqatga, dori-darmonga ruxsati bo‘lmagan Falastin xalqi qanaqa qilib qurol-yarog‘ga ruxsati bo‘lishi mumkin.
Sionistik tuzumning o‘z vakillari aytishadiki, bu G‘azo mintaqasida isroilliklarga qarshi kurashayotgan guruh a’zolari 2 mingdan 7 ming nafargachani tashkil etadi. Ammo Falastin xalqining kuchi faqatgina manba bu 2 ming yoki 7 ming nafar jangchida emas. Balki butun Falastin xalqining o‘z irodasida. Bor-yo‘g‘i 2 mingdan 7 ming nafargacha bo‘lgan guruh a’zolari qudratli harbiy kuchga ega davlatni shunchalik sarosimaga solib qo‘ygan ekan, bu xalq irodasini, kuchini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda Isroilda turli ma’lumotlarga ko‘ra, 400 tadan 900 tagacha bo‘lgan yadro kallagi mavjud va mintaqadagi eng kuchli harbiy qudratga ham ega. Lekin mana shuncha qudratga qaramasdan, bir guruh qarshisida dosh berishi judayam qiyin bo‘lyapti. Demakki, sionistik tizim o‘z mohiyatiga ko‘ra uncha kuchli emas
— O‘tgan yillar davomida arab davlatlari, Ko‘rfaz davlatlari Quddus, Falastin uchun Isroil bilan bir qancha urushlar qilgan va tarixiy mas’uliyat shakllangan edi. Lekin bu safar aniq bir real qadamlar ko‘rinmayapti. Birdamlik yo‘qligining sababi nimada deb o‘ylaysiz?
— Bugun faqat arab xalqlari emas, balki dunyodagi barcha xalqlar Isroil rejimining jinoyatchiligi, genotsid uyushtirayotgani to‘g‘risida bir xil fikrda. Ikkinchi tomondan Isroilni ham qo‘llovchi davlatlar bor, uning ham homiylari bor. Biror bir xalq, jamiyat shifoxona bombardimon qilinishini ma’qullamaydi, xoh musulmon, xoh nomusulmon – farqi yo‘q buning.
Bu yerdagi asosiy muammo hatto yahudiylar va musulmonlar o‘rtasida ham emas. Yahudiylar va musulmonlar o‘rtasida muammo yo‘q. Muammo shundan iboratki, Amerika va Britaniya yahudiylar davlatini sun’iy ravishda Yaqin Sharqda qurishdi. Bundan asosiy maqsadi – mintaqada notinchlik va beqarorlik keltirib chiqarishdan iborat edi.
— So‘nggi vaqtda Qo‘shma Shtatlarda ham mustaqil Falastin davlatini yaratish haqida so‘zlar aytila boshlandi. Yaqin kelajakda mustaqil Falastin davlati tashkil topishi istiqboli bo‘yicha fikringiz qanday?
— Biz 45 yil oldin ham Falastin masalasi bo‘yicha Eron Islom Respublikasining pozitsiyasini bildirgan paytimizda buni qanaqadir hissiyotlarga asoslangan holda emas, balki mantiqqa asoslangan holda bildirganmiz. Bu yerda bir nechta prinsip bor.
Birinchidan, dunyodagi boshqa xalqlar kabi Falastin xalqi ham o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega va ular o‘zi istagan davlatini tuzmoqchi. Bir davlatda ham har xil dindagi, millatdagi xalqlar bo‘ladi, lekin o‘z davlatini tuzib yashashadi. Misol, Livanda ham bitta millat yashamaydi, turli xalqlar bor, turli konfessiyalar, turli dinlar, lekin bitta davlat tuzib yashayapti ular. Ikkita davlat – ikkita xalq prinsipidan farqli ravishda, bizning pozitsiyamiz: Falastinda bitta davlat tuzilishi kerak. Falastin zaminida yashovchi barcha xalqlar: arablar, yahudiylar va boshqa xalqlar hammasi birgalikda referendum o‘tkazib, o‘zlariga ma’qul kelgan davlat shaklini tanlab birgalikda yashasin. Eron Islom Respublikasi pozitsiyasi shundan iborat.
— Eron Yamandagi husiychilar, Livandagi “Hizbulloh” va G‘azodagi HAMAS harakatlarini qo‘llaydi deyiladi. Bu qanchalik asosli?
— Demokratiya to‘g‘risidagi bahslar bo‘yicha bir nuqtai nazar. AQSh yoki Yevropaning o‘zi uchun demokratiya bo‘lsa – yaxshi. Lekin, aytaylik, Yaman xalqi demokratiya talab qilsa, qo‘yishmaydi. Ular o‘z nuqtayi nazarini shunchaki bildirib qo‘ymaydi, balki majburlab o‘tkazishga harakat qilishadi. Eron husiylarni qo‘llab-quvvatlayapti, faqat qaysi ma’nodaki, biz ularning o‘z taqdirini o‘zlari belgilashga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlayapmiz. Chunki haqiqatan ham Yaman xalqi juda uzoq yillardan beri zulm ostida yashardi, u yerdagi hukumat Amerika tomonidan o‘rnatilgan qo‘g‘irchoq hukumat edi. O‘sha hukumat hozir ketdi, xalqning o‘zi sahnaga chiqdi. Ular har kuni namoyishlar qilib, jahon hamjamiyatiga biz o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilashni xohlaymiz, deyapti. Shunday ekan, nega endi biz ularning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘llamasligimiz kerak.
— Qo‘llov faqat g‘oyaviy tarzdami yoki real vositalar orqali qo‘llov ham mavjudmi?
— Yaman xalqi boshida ko‘chaga chiqishdi: bizga non beringlar, bizga suv beringlar, bizga tijorat qilish uchun tadbirkorlik qilish, rivojlanish imkoniyat bering deb chiqishdi. Lekin 7 yil davomida ularni hech kim eshitmadi. Balki aksincha ushbu xalqqa turli qurollarni qo‘llagan holda hujum qilishdi, ularni o‘ldirishdi va mana shu vaqt davomida biror-bir Eron samolyotini Yamanga kirgazishmadi. Eron samolyoti oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa kerakli vositalar olib borayotgandi. Lekin qo‘yishmadi. Xotiram pand bermasa, hatto mana shunday samolyotlardan birini o‘qqa tutishdi, samolyotga yuzta o‘q tekkan.
Shulardan kelib chiqib aytamizki, biz Yamanga qurol-yarog‘ yetkazmayapmiz, faqat g‘oyaviy, siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaymiz. Albatta, aytib o‘tishim kerak, u yerda bizning harbiy maslahatchilarimiz faoliyat ko‘rsatyapti, qurol-yarog‘ esa yuborganimiz yo‘q. Biz xuddi mana shunaqa shaklda va mana shunaqa formatda biz ularni qo‘llab-quvvatlayamiz.
— “Hizbulloh” masalasida-chi?
— “Hizbulloh” masalasida esa shuni aytib o‘tishim kerak. Dunyoda shunaqa tafakkur shakllanganki, ba’zi bir davlatlar yomon narsani shunchalik qo‘llab-quvvatlashadiki, biz musulmonlar yaxshi narsani qo‘llab-quvvatlashdan tiyilamiz ularga qarab turib. Amerika yoki g‘arb davlatlari, jumladan mana Yevropa davlatlari shunchalik ko‘p urushlar tashkil qilib, shunchalik odamlarni o‘ldirishyapti. Go‘yoki ular bunga haqli, biz o‘sha o‘ldirilgan xalqlarni qo‘llab-quvvatlashga esa haqli emasmiz. Shunaqa bir noto‘g‘ri, qanaqadir bir ahmoqona tafakkurni shakllantirib qo‘yishgan.
Yana bir bor aytaman, biz “Hizbulloh”ga ham xuddi mana shu tarzda yordam ko‘rsatyapmiz, qo‘llab-quvvatlaymiz. Qurol-yarog‘ bermayapmiz. Biz ularni g‘oyaviy qo‘llab-quvvatlayapmiz. Ommaviy media masalasida, OAV va vaziyatni to‘g‘ri yotish masalasida biz ularni qo‘llab-quvvatlaymiz va xuddi mana husiylar bilan bo‘lgani kabi ularga ham bizning harbiy maslahatchilarimiz yordam berishyapti. Lekin biz ularga qurol-yaroq berayotganimiz yo‘q.
Endi shu yerda bitta mantiqiy savol tug‘iladi. G‘azo mintaqasidagi holat boshlangandan buyon AQSh Isroilga ushbu G‘azo mintaqasida urush olib borish uchun 7 milliard dollar qiymatdan ortiq qurol-yarog‘lar berdi. Lekin mana shu muddat ichida Eron G‘azo mintaqasi xalqiga bitta miltiq ham bergani yo‘q. Qanaqa qilib bizni qurol yetkazishda ayblashadi – hayronman.
— Eron-Saudiya raqobatining ildizi nimada?
— Biz Saudiya Arabistoni bilan raqib emasmiz, o‘rtamizda hech qanday raqobat yo‘q. Eron va Saudiya Arabistoni ikkita qo‘shni davlat, ikkita musulmon davlat va xalqaro tashkilotlar doirasida ham biz yaqin hamkorlik qilamiz. Hatto Eron va Saudiya aloqalari eng quyi darajaga tushgan paytida ham bu hamkorlik yo‘qolib qolgani yo‘q.
Xalqaro maydonda o‘z manfaatlarimiz bor va ushbu manfaatlarimiz ro‘yobga chiqarish yo‘lida turli do‘st davlatlar bilan hamkorlik qilamiz xalqaro tashkilotlar doirasida, Saudiya ham bizning yaqin do‘st va hamkor davlatlarimizdan hisoblanadi. Jumladan, mana yaqinda prezidentimiz Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bu yerda muammo ikki tomonlama aloqalarda ham emas. Balki tashqi tomondan, jumladan g‘arb, jumladan, AQSh ikki tomonlama aloqalarda iloji boricha ko‘proq muammo chiqarishga harakat qilishadi. Oxirgi yillarda Eron va Saudiya Arabiston o‘rtasida va Eron bilan boshqa davlatlar o‘rtasidagi ayrim ixtiloflarni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan narsa ham shu. Qaysi bir davlat bilan muammo chiqqanda uni albatta oqilona va xalqlarimiz o‘rtasidagi mavjud bo‘lgan do‘stona aloqalarga tarixiy madaniy mushtarakliklarga asoslangan holda hal qilishga harakat qilamiz
Biz shunday fikrdamizki, mintaqamiz mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalar Amerika yoki umuman G‘arb davlatlari tomonidan o‘rtaga tashlanadigan salbiy omillar ta’sirida shakllanmasligi kerak. Hozirgi prezidentimiz Said Ibrohim Raisiy janobi oliylari boshchiligidagi hukumat tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalish ham bu birinchi navbatda qo‘shni davlatlar bilan yaxshi aloqalarga ega bo‘lish.
Eron xalqaro aloqalar faqatgina qo‘shni davlatlar yoki mintaqa davlatlari bilan cheklanib qolmaydi. Biz xalqaro doirada, dunyoning boshqa qit’alaridagi boshqa davlatlar bilan ham yaxshi do‘stona aloqalar o‘rnatishga, ushbu aloqalarni rivojlantirishga harakat qilamiz. Jumladan, Yevropa mamlakatlari bilan ham yaxshi aloqalarga ega edik. Faqat bu AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati davrida Amerika ta’siri ostida bu aloqalarga ma’lum bir ta’sir o‘tkazildi. Lekin barcha bilan yaxshi aloqalar o‘rnatish harakat qilamiz.
Amerika super qudrat bo‘lishga harakat qiladi va bundan foydalangan holda boshqa davlatlarga tajovuz qilishga harakat qiladi va shuning barobarida biz ham super qudrat bo‘lishga harakat qilamiz va bu kuchimizdan foydalangan holda boshqa xalqlar bilan yaxshi hamkorlik qilishga harakat qilamiz. Yaxshi maqsadda super qudrat bo‘lishga harakat qilamiz. Albatta, bu oson emas, bunga yo‘l bermaslikka harakat qilishadi.
— Eron yadro dasturining bugungi holati qanday? Bu loyiha Eron uchun geosiyosiy majburiyatmi?
— Xalqaro qonun-qoidalarda aniq belgilab qo‘yilganki, dunyodagi barcha davlatlar tinch maqsadlarda yadro energetikasidan foydalanish huquqiga ega. Biz ham xalqaro munosabatlar sub’yekti sifatida yadro energetikasidan foydalanishni o‘zimizning haq-huquqimiz deb bilamiz va buning uchun harakat qilyapmiz. Eron yadro quroli uchun harakat qilyapti, deyish to‘g‘ri emas. Bizning harbiy doktrinamizda yadro quroli haqida gap yo‘q. Oliy diniy rahbarimiz ham bir necha bor aytdiki, yadro quroli yasash bizning maqsadga kirmaydi.
Bundan tashqari, Eron yadro dasturi tegishli xalqaro tashkilotlar, jumladan, MAGATE tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Boshqa davlatlarning yadro dasturlari Eronnikichalik ko‘p nazorat qilinmagan. Xalqaro atom energetikasi tashkiloti (MAGATE) Eron yadro dasturi bo‘yicha jami 15 ta hisobot tayyorlagan. Bu hisobotlarning barchasida Eronda atom bombasi yaratishga intilish yo‘qligi qayd etilgan.
Tinch maqsadlardagi yadro energetikasidan foydalanish huquqimiz bo‘yicha ishlayapmiz, bundan boshqa maqsadimiz yo‘q. Lekin har safar o‘zimizning mavjud huquqimizdan foydalanishimiz uchun ham turli tekshiruvlar o‘tkazib, bir bahona o‘ylab topishadi. Oxirgi marta «oltilik» bilan birga Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga xam erishdik. Bu kelishuv o‘z kuchida. Lekin Tramp hokimiyatga kelgach, men xalqaro qonun-qoidalarga ishonmayman deb kelishuvdan chiqib ketdi.
Juda ham bir qiziq, kulgili holat bor. Isroilning o‘zi xalqaro atom energetikasi bo‘yicha tashkilotga (MAGATE) a’zo emas, lekin 400 tadan 900 tagacha yadro kallaklari ishlab chiqarishgan. Mana shu davlat Eronning yadro dasturi tinch maqsadda emas deb da’vo qilyapti. Bizning asosiy qudratimiz atom bombasida emas, qudratli – Eron xalqida.
— Eron G‘arb bilan yaqinlashmasligining sababi nima, yadro dasturimi yoki Rossiya bilan munosabatlarimi?
— Buning sababi juda oddiy, sababi shuki, Eron xalqining adolat talab qilishi, o‘z huquqlarini, barcha teng huquqli bo‘lishini talab qilishi. AQSh va Yevropa davlatlari boshqa mamlakatlar ularga iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan qaram bo‘lishini istashadi, mustaqil bo‘lishini istashmaydi. Ular oddiy tushuntirishadi: biz bilanmisiz yoki bizga qarshimisiz, deya. AQShning o‘zi Xirosima va Nagasakiga bomba tashlagan, shubha yo‘qki, agar manfaatlari to‘g‘ri kelsa, hozir ham tashlaydi.
— Rossiya Ukrainada Eron dronlaridan foydalanyapti, degan xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin? Mediada dron qoldiqlarining suratlari ham tarqalgan.
— Ilm bir joyda, bir mamlakatda qotib qolmaydi, xalqlardan xalqlarga, davlatlardan davlatlarga o‘tib yuradi. Biz dunyoning ko‘pgina davlatlari, Yevropa bilan, jumladan, Rossiya bilan ilmiy hamkorlikka egamiz. Bu hamkorlikning bir qismi harbiy texnika bo‘yicha bo‘lishi mumkin. Dronlar haqidagi ilmini faqat Rossiyaga emas, boshqa davlatlarga ham berganmiz. Bizga ham boshqa davlatlar yordam bergan shu kabi masalalarda. Ukraina bilan ham ilmiy hamkorligimiz bor, ularning samolyotsozlik ilmidan foydalanganmiz. Ukraina xalqiga hech qanday dushmanligimiz yo‘q, Ukraina hukumati bilan ham muammolarimiz yo‘q. Ukraina hukumati tashqi kuchlar bosimi sabab bu narsalarni aytayotgan bo‘lishi mumkin. Dronlar bo‘lagi bo‘lmasa, boshqa narsani ko‘rsatishardi, deylik, harbiy mashina. Dronlarning urushdagi rolini ham Eron bilan bog‘lab katta masala qilib ko‘rsatishyapti, umuman, bu bir bahona, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. AQSh Eronga bosim qilish uchun turli bahonalar o‘ylab topyapti. Biz ham shunday bahonalarga qarshi kurashishning turli yo‘llarini o‘ylab chiqishimiz kerak. Raqobat, o‘zaro kurash ketyapti, bunday tuhmatlar bo‘lib turadi.
— Eron uchun qaysi loyiha muhimroq: “Bir makon – bir yo‘l” yoki Xalqaro Shimol-Janub transport koridori?
— Har qanday rivojlanish, jumladan, iqtisodiy rivojlanishda muhim omillardan biri transport-tranzit omili hisoblanadi. Eron har doim bunday rivojlanish tarafdori bo‘lgan va shu ma’noda transport-tranzit koridorlari kengayishi tarafdori ham. Bu sohada Eron hech qachon raqobtga intilmagan, balki hamkorlikka intilgan.
Rivojlanish uchun koridorlarga asosiy 3 ta narsa kerak: birinchisi iqtisodiy bo‘lishi kerak, ikkinchisi barqarorlik va uchinchisi arzon bo‘lishi kerak. Mana shu uch jihatni jamlagan koridor eng optimali bo‘ladi biz uchun. Xitoy va Rossiya tomonidan taklif etilayotgan koridorlarga raqobat nuqtai nazaridan qaramaymiz, o‘zimiz ham ular bilan raqib emasmiz, bunday hisoblamaymiz. Ular bir-birini to‘ldiruvchi bo‘lishi mumkin. Bu sohada Xitoy va Rossiyaga raqib bo‘lish niyatimiz ham yo‘q. Mintaqa davlatlarimiz, qo‘shnimiz, barchamiz ShHT a’zolarimiz. Bu masalaga qanaqadir loyqa rang beradiganlar faqat tashqaridagi kuchlardir, jumladan, AQSh OAVlari bu masalada qarama-qarshilik, raqobat qidirishi mumkin, lekin aslida bunday emas.
— Boshqa nuqtadan qarasak, qaysi loyiha Eron qulayroq va foydaliroq?
— Yevropa rivojlanishiga sabab, ulardagi birlik. Ular raqobat, bir-biriga qarshi qandaydir o‘yinlarga kirishmagan. Shuning uchun ham ular rivojlanib ketishdi.
Koridorlar masalasiga kelsak, ularning qaysidir biriga ustuvorlik bermanan bo‘lardik, balki bir-birini to‘ldiruvchi sifatida qaragan bo‘lardim. «Bir makon — bir yo‘l» yo‘l yo‘lagi ham Xitoy boshlanib, Markaziy Osiyoga kelganda 2 yo‘nalish bo‘yicha ketishi mumkin: birinchisi Kaspiy dengizi orqali, ikkinchisi Eron orqali. Shimol-Janub koridori ham xuddi shunday. Biz shunday hisoblaymiz va ulardan biriga ustuvorlik berish fikridan yiroqman.
Mintaqa davlatlarining manfaatlaridan kelib chiqib, kelishgan holda koridor yaratish foydadan xoli bo‘lmaydi. Lekin tashqari kuchlar tomonidan taklif etilgan loyihalarni yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak. Qaysidir davlat mintamiz davlatlari uchun bir necha milliard dollarlik loyihv taklif qilsa, avvalo o‘z manfaatlarini o‘yladi ular, biz ham o‘z manfaatlarimizdan kelib chiqib o‘ylab ko‘rishimiz kerak.
— Eron va Markaziy Osiyo munosabatlari, bog‘liqligida Afg‘oniston omiliga ham to‘xtalsak. Mintaqa xavfsizligi borasida Afg‘oniston kelajagini qanday tasavvur qilyapsiz?
— Birinchidan aytib o‘tmoqchimanki, Afg‘oniston xalqi eng bag‘rikeng, pokdomon, xushaxloq xalq. Bu xalq eng yaxshi hayot tarzida yashashga to‘la haqli. Shundan kelib chiqqan holda, Eron Islom respublikasi Afg‘oniston xalqini doim qo‘llab kelgan, yordam bergan. Bugungi kunda 6 mln afg‘onistonlik qochoqlar Eronda yashab turibdi, ular Erondagi ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishlash imkoniyatlaridan foydalanishmoqda.
Afg‘oniston xalqiga eng katta jabr-zulm yetkazgan AQSh bo‘ladi. Ular turli yolg‘on bahonalar bilan bu xalqning ko‘p odamlarini o‘ldirdi, xuddi Iroqda bo‘lgani kabi, u yerda ham juda ko‘p begunoh odamlar o‘limiga saabchi bo‘lgan edi. AQShning Afg‘onistonga qilgan yomonliklaridan biri shu bo‘ldiki, ular Afg‘onistonni turli terroristik tashkilotlar yig‘iladigan markazga aylantirib qo‘ydi. Bu narsa shunga olib keldiki, Afg‘onistondan kelib chiqadigan odam savdosi, narkotiklar savdosi, qurol-yarog‘ kontrabandasi va terroristik guruhlar faoliyati unga qo‘shni bo‘lgan davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta xavf tug‘diradi.
AQShning o‘zi shuncha jinoyatlarni qilib turib, biz shuncha ish qildik, yana shuncha ish qitishimiz mumkin, deb aytadi. Hatto eshitdimki, ularning vakillari Afg‘onistondagi vaziyatni to‘g‘rilay olamiz, degan gapni ham aytishyapti ekan. 20 yil davomida to‘g‘rilay olishmagan bo‘lsa, endi bundan bu yog‘iga nima qilishar edi. AQSh bu yerda hech narsa qilolmasligini ko‘rsatib bo‘ldi. Vaziyatni Afg‘oniston xalqiga, mintaqadagi qo‘shni davlatlarga qo‘yib berish kerak. Ular ham birlashib vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qilib ko‘rishsin.
— Yaqin 5 yil ichida Afg‘onistondagi holatni qanday tasavvur qilasiz?
— Afg‘onistondagi eng katta muammo haliga inklyuziv hukumat tuzilmagani, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishga erishmagani bo‘lib turibdi. Ikkinchi muammo esa Afg‘oniston hukumatini egallab turgan kuchlar davlatdagi terroristik guruhlar faoliyatiga haligacha chek qo‘yolishmadi. Bunday terroristik guruhlar Afg‘onistonning qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlarila faoliyat olib boryapti.
Uchinchi muammo esa Afg‘oniston xalqi uchun ham tinchlik, barqarorlikni ta’minlay olishmadi, ayollar huquqini poymol qilishdi, ular uchun maktablarni, ta’lim muassasalarini yopib qo‘ydi. Bunday tafakkur bilan bugungi hukumat tan olinishga, biror yutuqqa erishadi deb o‘ylamayman. Ular Afg‘oniston ichida kuchga ega bo‘lishi mumkin, lekin davlat bo‘lish uchun xalqaro darajada tan olinishi kerak, ularda esa bu yo‘q hozir.
— Mintaqamizda tinchlik bo‘lishini, davlatlarimiz o‘zaro savdo-sotiqni rivojlantirsin. Dunyoda, G‘azo mintaqasida tinchlik bo‘lishini tilaymiz. Bugungi tashrifishingiz va tahliliy fikrlaringiz uchun rahmat.
— Men ham o‘z navbatida sizga va Kun.uz nashriga, shu bilan birga O‘zbekiston xalqiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Umid qilamizki, Falastin xalqi ham o‘z qonuniy haq-huquqlarini ro‘yobga chiqara olishadi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
08:39 / 22.11.2024
AEXA rahbari Eron yadro dasturi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
23:14 / 19.11.2024