G‘azo bo‘yicha berk ko‘chaga kirgan muzokaralar, AQShda Ukrainaga yordam muhokamasi va Qorabog‘ni tark etayotgan Rossiya - kun dayjesti
Dunyoda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari bilan tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar yana boshi berk ko‘chaga kirib qolganga o‘xshayapti.
Qatarning bosh vaziri Muhammad ibn Abdurrohman Ol Soniy G‘azoda otashkesimga erishish va garovdagi asirlarni ozod qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan muzokaralarning yangi tafsilotlarini ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar boshi berk ko‘chaga kirib qolishgan.
«Ushbu bosqichda jarayon cho‘zilmoqda, biz imkon qadar muammoni hal qilishga harakat qilmoqdamiz», — degan Muhammad ibn Abdurrohman Ol Soniy.
Uning qayd etishicha, rasmiy Doha «urush boshlanganidan buyon mojaroning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirib kelganiga qaramasdan, bugunga kelib mojaro turli frontlarga tarqalib ketdi».
Qatar Misr va AQSh bilan birgalikda bir necha haftadan buyon G‘azoda tinchlikka erishish, garovda ushlab turilgan isroilliklarni mahbus falastinliklarga almashish bo‘yicha parda ortida muzokaralar olib bormoqda. Ramazon oyi tugagach, tarixda ilk bor Eronning Isroilga ochiq hujumi ro‘y bergach, G‘azodagi cho‘zilib ketgan urush mintaqaviy mojaroga aylanib ketish xavfi paydo bo‘ldi.
Ukraina shahriga zarba
Rossiya qo‘shini Ukrainaning Chernihiv shahriga raketa zarbasi berdi. Ko‘p qavatli uylar vayron bo‘lgan, kamida 17 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralangan. Qurbonlar soni oshishi mumkin.
Oblast ma’muriyati rahbari Vyacheslav Chaus shaharga «Iskander» tizimining uchta raketasi bilan zarba berilganini aytgan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Oleksiy Kulebaga ko‘ra, shahar o‘qqa tutilishi oqibatida sakkiz qavatli turar joy binosi vayron bo‘lgan, shuningdek to‘rtta ko‘p qavatli uy, shifoxona, oliy ta’lim muassasasi va o‘nlab avtomobillarga zarar yetgan. Chernihiv shahar ma’muriyati rahbari Dmitro Brijinskiy shaharda jami 16 ta uy shikastlanganini aytgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, qurbonlar va jabrlanganlar soni ortishi mumkinligini qayd etgan.
«Agar Ukraina yetarlicha havo hujumidan mudofaa vositalari olganida va dunyoning Rossiya terroriga qarshi qat’iyati yetarli bo‘lganida bu ish bo‘lmasdi», — deya yozgan Zelenskiy telegram-kanalida.
Amerikada Ukraina yordam muhokamasi
AQSh Kongressining Vakillar palatasida Ukrainaga 61 mlrd dollarlik yordam ajratish bo‘yicha qonun loyihasi e’lon qilindi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, AQSh Ukrainaga ATACMS raketalarini ajratadi.
Hujjatga ko‘ra, Ukrainaga 61 mlrd dollar yordam puli ajratish, shu jumladan, AQShning Ukrainaga berib yuborilganidan so‘ng bo‘shab qolgan arsenallarini to‘ldirish uchun 23 mlrd dollar ajratish ham ko‘zda tutilgan.
Yordam puli kredit asosida ajratilishi nazarda tutilmoqda. Bunda AQSh prezidenti Ukrainaga iqtisodiy yordam ko‘rsatilgani sabab uning gardanidagi qarzlarning 50 foizidan kechib yuborishga haqli bo‘ladi, biroq 2024 yilning 15 noyabridan keyin.
Shunindek, xarajatlarni qoplash uchun Rossiyaning aktivlarini musodara qilish ham nazarda tutilmoqda.
Qonun qabul qilinganidan so‘ng 45 kuni ichida Davlat departamenti va Pentagon Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha AQSh strategiyasini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni 20 aprel, shanba kuni bo‘lib o‘tadi.
Ukrainadagi urush qurbonlari
Ukrainada ikki yil davom etayotgan urushda kamida 50 ming rossiyalik askar halok bo‘lgani nomma-nom tasdiqlangan.
BBC rus xizmati va mustaqil «Mediazona» sayti rasmiy bayonotlar, gazetalardagi nekrologlar hisobotlari va ijtimoiy tarmoqlardagi postlar orqali halok bo‘lgan rossiyalik askarlar soni haqidagi statistikani yuritmoqda.
2023 yilda e’lon qilingan hisobotda 27 ming 300 nafar rossiyalik askarlar halok bo‘lgani, ularning mutlaq ko‘pchiligi muddatli harbiy xizmatchilar ekani aytilgan edi.
Jurnalistlarga ko‘ra, qurbonlarning haqiqiy soni ancha yuqori bo‘lishi mumkin. O‘limlar haqidagi statistikaga Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Donetsk va Lugansk respublikalaridagi raqamlar kiritilmagan.
Halok bo‘lgan 50 ming harbiy xizmatchilarning 3300 dan ortig‘i ofitserlardan iborat. Ularning 390 nafari podpolkovnik va undan yuqori unvonda bo‘lgan.
Gurjistonda e’tirozli qonun qabul qilindi
Gurjistonda noroziliklarga sabab bo‘lgan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun birinchi o‘qishdayoq qabul qilindi. 150 kishilik parlamentda hujjatni yig‘ilishda qatnashgan hukmron koalitsiyaning 83 nafar deputatlarining barchasi yoqladi. Muxolifat ovoz berishda qatnashmagan.
Bir kun avval parlament oldida qonun loyihasiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar politsiya tomonidan tarqatib yuborildi.
Biroq, namoyishchilar yangi kuch bilan yana norozilik bildirish uchun parlament joylashgan maydonga yig‘ilishdi.
Namoyishchilar va muxolifatdagi partiyalar amaldagi hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi rossiyaparast ekanini ta’kidlab keladi va bunday qonunni qabul qilishlaridan maqsad Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyasini savol ostiga qo‘yish, deb bilishadi.
Chet el agentlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi AQSh qonunining qisqartirilgan versiyasi bo‘lgan mazkur qonun loyihasida moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalariga chet el davlat manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tish majburiyatini yuklash nazarda tutilgan. Ro‘yxatdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun jarima solish taklif qilinmoqda.
Qonunga qarshi bo‘lganlar uni Rossiya qonunchiligidan ko‘chirilgan va joriy yilning kuzida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan muxolifatni obro‘sizlantirish uchun shoshilinch qabul qilinganini ta’kidlab, e’tiroz bildirishmoqda.
Pokistonga joylashayotgan Amerika
Pokiston Eron va Afg‘oniston bilan chegaralari yaqinidagi ikkita harbiy bazasini AQSh ixtiyoriga topshirgan, deb xabar beradi Atlas Press.
Nashr Afg‘oniston islom amirligi Tashqi ishlar vazirligining Hirotdagi vakili o‘rinbosari Rahmatulloh Fayzanga tayanib, ushbu ma’lumotni tarqatgan. Endilikda chegara hududidagi ikkita Pokiston (harbiy) bazasi AQSh nazoratida bo‘ladi.
Pokistondagi «Tahriki insof» partiyasi a’zosi Sherafzal Marvatga ko‘ra, amerikaliklarga topshirilgan bazalar Pokistonning Balujiston viloyati hududida joylashgan.
Nashrlar mazkur bazalarga AQSh tomonidan harbiy kontingent joylashtirilishi ehtimoli haqida yozgan. Vashington rasmiylari bu borada hech bir ma’lumot tarqatmagan.
Qorabog‘dan chiqayotgan Rossiya
Rossiya tinchlikparvar kuchlari Ozarboyjonning Qorabog‘ hududini tark etishni boshladi. Kontingent 2020 yil kuzida mojaro avj olganidan so‘ng Qorabog‘ga kiritilgan va 5 yil davomida joylashtirilishi ko‘zda tutilgan edi.
Rossiya tinchlikparvar kuchlarini Tog‘li Qorabog‘dan olib chiqish jarayoni to‘g‘risidagi ma’lumotni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham tasdiqladi.
«Ha, bu haqiqat», deya qisqa javob bergan Peskov kundalik matbuot brifingida. U boshqa hech qanday qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
Avvalroq, Ozarboyjon matbuoti 16 apreldan tinchlikparvar kuchlarni olib chiqish boshlangani haqida yozgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jarayon bir necha kundan beri davom etmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik tinchlikparvar kuchlarning Qorabog‘ni tark etayotgani videolari paydo bo‘ldi. Kadrlardan ko‘rinishicha, askarlar o‘z narsalarni yuk mashinalariga ortmoqda. Shundan so‘ng yuk mashinalaridan iborat kolonna temiryo‘l stansiyasiga yo‘l olgan. Askarlar esa poyezdga chiqishgan.
2023 yil 19 sentabrda Ozarboyjon bir kunlik operatsiya davomida Qorabog‘ni butunlay o‘z nazorati ostiga oldi. Shundan so‘ng, u yerda yashovchi o‘n minglab armanlar bir necha kun ichida mintaqani tark etdi. 2024 yil 1 yanvardan armanlar tomonidan e’lon qilingan Tog‘li qorabog‘ respublikasi tugatildi.
Mavzuga oid
14:13 / 09.11.2024
G‘azodagi harbiy jinoyatlar, NATOdan Ukrainaga yangi yordam va G‘arbni ochko‘zlikda ayblagan Putin - kun dayjesti
15:34 / 08.11.2024
G‘azodagi kasalxonalarga hujum, husiychilarning ogohlantirishi va Trampdan umid qilayotgan Gurjiston - kun dayjesti
13:12 / 07.11.2024
Livan qishlog‘iga hujum, Tramp g‘alabasidan xursand Isroil vazirlari va Germaniyada parchalangan koalitsiya - kun dayjesti
14:30 / 06.11.2024