Rabotine mudofaasidagi tankchilar va frontdagi dron ovchilari. Urush suratlari
Ukrainada urushning 785-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Polshada RF maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishda gumonlanuvchi shaxs ushlandi. Tergov versiyasiga ko‘ra, u Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda yordamini taklif etgan.
- RF mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa kuchlari tun davomida uchta region hududida 45 ta dron, snaryadlar va raketalarni urib tushirgani haqida ma’lum qildi. Jabrlanganlar bor.
- Yevropa Markaziy banki rahbari AQShning RFning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘yicha tashabbusida xalqaro huquqni buzish xavfi borligini ma’lum qildi.
- Ukraina Germaniyada kuch bilan olib ketilgan 161 nafar bola borligini ma’lum qildi. Nemis politsiyasi aniqlik kiritishicha, ularning deyarli barchasi qochqinlar sifatida kelgan.
- Germaniyada Rossiya foydasiga ishlashda gumonlanayotgan ikki shaxs qo‘lga olindi, ular Ukrainaga qurol yetkazib berishga xalal berishga harakat qilishgan.
Ukraina qurolli kuchlarining dronlar bilan kurashuvchi mobil o‘t ochish guruhi
Rossiya qo‘shini Ukraina hududiga havodan muntazam ravishda zarbalar bermoqda. Xususan, Ukraina QK havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 19 aprelga o‘tar kechasi RF qo‘shini turlicha 22 ta raketa hamda 14 ta dron bilan hujum qilgan. Rossiya zarbalarini qaytarishda boshqa vositalar qatori dronlar bilan kurashishga ixtisoslashgan mobil o‘t ochish guruhlari ham harakat qilmoqda. Quyida shunday guruhlardan birining faoliyati aks etgan suratlar keltiriladi.
Zaporijjya oblastidagi ukrain tankchilari
Ukraina qurolli kuchlarining 65-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi Rabotine hududini mudofaa qilishda davom etmoqda — Zaporijjya oblastidagi bu posyolka 2023 yil avgust oyi oxirida ukrain qo‘shini tomonidan ozod etilgandi.
Kuraxovodagi vayrongarchilik
Kuraxovo shahri yanvar oyida Rossiya qo‘shini tomonidan egallab olingan Maryinka shahridan 15 kilometr masofada joylashgan. Kuraxovo muntazam ravishda o‘qqa tutiladi. Avvallari 20 ming atrofida odam yashagan shahar qariyb to‘liq vayron bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar front chizig‘i yaqinidagi aholi yashash manzillarida yashovchilardan nisbatan xavfsiz joylarga ketishni so‘rab keladi. Kimnidir bunga ko‘ndirishadi ham. Donetsk oblasti rahbari Vadim Filashkin 16 aprel kuni bergan xabarga ko‘ra, 49 kishi evakuatsiya qilindi, ular orasida Kuraxovo aholisi vakillari ham bor, ammo o‘z uyini tark etishni istamayotganlar ham bor.
Limandagi hayot
Okkupatsiya qilingan Donetskdan taxminan yuz kilometr shimolda joylashgan Liman shahri 2022 yil may oyi oxirida RF qo‘shini tomonidan egallab olingandi. O‘sha yilning 1 oktyabr kunida ukrain harbiylari qarshi hujum davomida shaharni ozod etishadi. Rossiya qo‘shini Donetsk oblastini to‘liq egallash harakatlarini davom ettirmoqda. Takroriy okkupatsiya xavfi mavjudligi va shahar janglar vaqtida kuchli darajada shikastlanganiga qaramay, Limanda qolgan aholi vakillari o‘z uylarini tark etishni istamayapti. Quyida front bo‘yidagi shahar hayoti aks etgan suratlar.
Horlivka o‘qqa tutilishi oqibatlari
Ukrainaning Donetsk oblastidagi Horlivka shahrini nazorat qiluvchi o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR rasmiylari muntazam ravishda Ukraina qurolli kuchlarini ushbu aholi yashash manzilini o‘qqa tutishda ayblab keladi. Xususan, 18 aprel kuni DXR rahbari Denis Pushilin shahar markazi ukrainalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida shifoxona hamda qon quyish markazi binolari shikastlangani, sakkiz kishi jarohatlangani haqida ma’lum qilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi Horlivka o‘qqa tutilishi bo‘yicha tekshiruv olib borilayotgani, «ro‘y bergan hodisa tafsilotlarini aniqlash» va «barcha aloqador shaxslarning harakatlariga huquqiy baho» berilishi haqida xabar bergan.
Mavzuga oid
20:12
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024