Xonanda Avazbek Olimovdan intellektual mulk huquqini buzgani uchun 540 mln so‘m undirish so‘ralmoqda
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida ko‘rib chiqilayotgan ish hujjatlariga ko‘ra, san’atkor shoira Mahliyo Ahrorovaning “Go‘zal yorim” she’rini uning ruxsatisiz yillar davomida “Sevar yorim” nomi ostida o‘zgartirib kuylab kelgan. Da’vogar mualliflik huquqlari buzilgani uchun 200 mln so‘m ma’naviy zarar hamda 340 mln so‘m tovon puli talab qilmoqda.
Shoira Mahliyo Ahrorova xonanda Avazbek Olimov ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Kun.uz buni sud majlislarining onlayn jadvali orqali aniqladi.
Toshkent shahar sudidan tahririyatga ma’lum qilinishicha, da’vogar Mahliyo Ahrorova javobgar Avazbek Olimovga nisbatan mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi talab bilan 2024 yil 2 fevralda fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan.
Mahliyo Ahrorova da’vo arizasida xonanda Avazbek Olimov uning “Go‘zal yorim” she’rini o‘zgartirib, “Sevar yorim” nomi ostida muallifning ruxsatisiz ijro etib kelganligini, “Go‘zal yorim” she’ri 2009 yilda yozilganligi va “So‘zi gavharim” kitobida chop etilganligi, xonanda uni 2015 yildan hozirgi kunga qadar muntazam ravishda nomini o‘zgartirib, turli davralarda ijro etib kelganligini ta’kidlagan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, ayni shu holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining 2023 yil 4 dekabr kungi qarori bilan Avazbek Olimov ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shoira xonandadan o‘zining foydasiga 200 mln so‘m ma’naviy zarar hamda 340 mln so‘m tovon puli undirib berishni, xonandaga “Sevar yorim” qo‘shig‘ini ijro etishni, barcha tele va radiokanallarga mazkur qo‘shiqni efirga uzatishni taqiqlashni so‘ragan.
Dastlab sud majlisi 2024 yil 14 mart kuniga belgilangan. Ammo xonanda (yoki uning ishonchli vakili) sud majlisiga kelmaganligi sababli ishni ko‘rish 28 mart va 8 aprel kunlariga qoldirilgan. 8 aprel kunidagi sud majlisida javobgarning advokati ishtirok etib, ish hujjatlari bilan tanishish uchun sud majlisini boshqa kunga qoldirish haqida iltimosnoma kiritgan.
23 aprel kuni navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgan va taraflar tinglangan. Navbatdagi sud majlisi 7 may kuni davom ettirilishi belgilangan.
Xonanda Avazbek Olimov avvalroq o‘zi xizmat o‘tayotgan to‘y marosimlaridan birida boshlovchiga qo‘pollik qilgani uchun O‘zbekkonsert rahbari nomiga tushuntirish xati yozgandi.
O‘shanda xonanda to‘yda navbat bergan boshlovchini yoniga chaqirib, ismi Avaz emas, Avazbek deb e’lon qilinishi kerakligini aytgan va boshlovchini haqorat qilgandi.
Mavzuga oid
21:45 / 10.06.2024
“O‘nlab qo‘shiqchilar ustidan sudga ariza kiritganmiz” – Avazbek Olimovni sudda yutgan shoira
10:14 / 29.05.2024
Xonanda Avazbek Olimov sudda yutqazdi. Undan shoira foydasiga 170 mln so‘m undirish belgilandi
09:58 / 26.04.2024
O‘zbekiston AQShning intellektual mulk huquqiga oid qora ro‘yxatidan chiqarildi
19:48 / 04.04.2024