Jamiyat | 21:45 / 10.06.2024
27867
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘nlab qo‘shiqchilar ustidan sudga ariza kiritganmiz” – Avazbek Olimovni sudda yutgan shoira

Shoira Mahliyo Ahrorova Kun.uz bilan suhbatda qo‘shiqchi va bastakorlardan she’rdan foydalanishdan oldin uning muallifini rozi qilishlarini so‘radi. U xonanda Avazbek Olimovni sudga berishdan maqsadi faqat pul bo‘lmaganini aytdi.

Foto: Flickr

Kun.uz she’rini ruxsatisiz qo‘shiq qilgani uchun xonanda Avazbek Olimovni sudga bergan shoira Mahliyo Ahrorova bilan bog‘landi. Shoira suddan 540 million so‘m emas, 400 million so‘m tovon puli so‘raganini, tarqalgan xabarlarda tovon puli bo‘rttirib yuborilganini aytdi.

Shoira xonanda Avazbek Olimov uning “Go‘zal yorim” she’rini o‘zgartirib, “Sevar yorim” nomi ostida muallifning ruxsatisiz ijro etib kelgani ustidan sudga da’vo arizasi kiritgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, “Go‘zal yorim” she’ri 2009 yilda yozilgan va “So‘zi gavharim” kitobida chop etilgan. Olimov she’rni 2015 yildan hozirgacha muntazam ravishda nomini o‘zgartirib, turli davralarda ijro etib kelganini ta’kidlagandi.

Mahliyo Ahrorovaning aytishicha, u 2015 yilda Turkiyaga o‘qishga ketib, hozirgacha Istanbulda yashab keladi. U Avazbek Olimovni oradan 10 yil vaqt o‘tib nega endi sudga berganini shunday izohladi.

Turkiyada ham ishlab yurganim uchun O‘zbekiston telekanallari, qo‘shiqlarini eshitib yurishga vaqtim ham, imkonim ham yo‘q. Hozir chaqalog‘im bor, O‘zbekistonga kelganmiz. Shu yerdaligimda Intellektual mulk agentligi yuridik vakili Dilshod Xo‘janov bilan maslahatlashdik. Yaqinda Yulduz Usmonova va bir shoir o‘rtasida bo‘lib o‘tgan sud keng yoyilgandi. Bu bo‘yicha qonunlar ishlayotganini aytganlaridan keyin biz ham sudga da’vo arizasi kiritishga qaror qildik”, – dedi u.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda Yulduz Usmonova “Xasta bo‘lma” she’rini uning muallifi shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev bilan kelishmasdan qo‘shiq qilib kuylab kelgani uchun 185 million so‘m tovon puli to‘lashi belgilangan edi.

Ahrorovaning aytishicha, uning ko‘plab she’rlari boshqa xonandalar tomonidan ham ruxsatsiz qo‘shiq qilingan. Ayni damda ular bo‘yicha sudga ariza kiritilgan.

Talabalik davrimda she’rlar kitobim nashrdan chiqqan edi. O‘shanda kitobni xursandchilik uchun tarqatganman. U paytlari bastakorlarga musiqaga ham she’rlar yozib berar edim. O‘shanda keyin kitobimni bastakorlar olib, she’rlarini qo‘shiqchilar bilan kelishib, qo‘shiq qilib efirga chiqarib yuborishgan”, – dedi u.

Shoiraning aytishicha, qo‘shiq telekanallarda tarqalib ketganda uning oila a’zolari qo‘shiq ijodkorlari bilan bog‘lanib, qo‘shiq muallifi xato ko‘rsatilgani va she’r uchun ruxsat olinmaganini aytgan. Lekin bunga e’tibor qilinmagan.

Sud jarayoni haqidagi xabarlarning izohlar qismida odamlar negativ fikrlarni ko‘p bildirishgan. Lekin bu voqea birovning uyiga kirib, narsasini so‘roqsiz olib ketish, o‘g‘rilik bilan tengligiga e’tibor qaratmayotganlar ham bor. She’rni olayotganda hech bo‘lmaganda hurmat yuzasidan ham ruxsat so‘rash kerak”, – deydi u.

Mahliyo Ahrorova Avazbek Olimovdan 200 million so‘m moddiy va xuddi shuncha ma’naviy zarar so‘raganini va sud qaroridan rozi ekanini, maqsadi pul bo‘lmaganini aytadi.

Mening dardim pul emas edi. O‘zimga yetarli ishim, biznesim bor. Intellektual mulk agentligiga ariza bilan chiqqanimizdan keyin Avazbek Olimov biz bilan bog‘lanib qiziqib ko‘rib, uzr so‘rasa, gaplashib olishimiz ham mumkin edi. Hozir ham ko‘pchilikka she’r yozib beraman. Hatto tekinga ham yozib bergan vaqtlarim bo‘ladi. Agar hurmatsizlik qilib, sizdan ruxsat so‘ramay o‘zlashtirishsa, so‘zlarini sizdan so‘roqsiz o‘zgartirishsa, qonun yo‘li bilan haqqini talab qilish kerak”, – dedi u.

Shuningdek, u qo‘shiq orqasidan kelayotgan daromadda bastakor va shoiraning haqqi borligini unutmaslik kerakligini eslatdi.

Xonandalarga aytadigan gapim shu, birovning mehnati yoqsa, undan foydalanishni xohlayapsizmi, zahmat chekib bu she’rni kim yozgan ekan deb qiziqib ko‘ring. Bitta qo‘shiq bilan mashhur bo‘lib ketgan qo‘shiqchilar bor. Siz shu bilan repertuaringizni boyitib, davralarda aytib, rizqingizni topyapsiz. Shoirlarning rizqi esa she’rlarida. Ustaning peshonasidagi teri qurimasdan haqqini rozi qilish kerak degan gap bor. Biz ham ustaning o‘rnidamiz”, – dedi u. 

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi. 

Mavzuga oid