Jamiyat | 16:10 / 04.05.2024
102471
9 daqiqa o‘qiladi

Kanaldan topilgan sirli sandiq – Popdagi mudhish qotillik tafsilotlari

El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi: 2022 yilning avgust oyida Namangan viloyatining Pop tumanidan oqib o‘tuvchi kanalda sirli sandiq topilgani qisqa fursatda atrofga ovoza bo‘ldi. Yetti yoshli boladan yetmish yoshli nuroniygacha shu sandiqni gapirardi go‘yo. Sababi, uning ichida bo‘laklarga bo‘lingan erkak murdasi bor edi. Jinoyat ishi ochilib, qotil kimligi aniq bo‘lganida esa hamma hayratdan yoqa ushladi.  

2022 yilning 12 avgust kuni Pop tumani Istiqbol mahallasida sodir etilgan jinoyatni ochish tezkor xodimlar uchun qiyin bo‘lmagan. Negaki, hamma dalillar bor, guvohlar yetarlicha edi: erkak yarim tunda o‘z uyida pichoqlab o‘ldirilgan hamda uning og‘zidagi 4 dona tilla tish sindirib olingan. Ammo jinoyat izini yo‘qotish va murdani yashirish maqsadida qilingan harakatlar detektiv kinolardagi voqeliklardan qolishmasdi.  

Tundagi qotillik

Mashhura va Sherzod (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) atrofdagilar nazdida go‘yoki baxtli va namunali oila edi. Ammo er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetgan, o‘rtadan ishonch ko‘tarilgandi. Shu sababli, garchi farzandlari bo‘lsa ham, ular tez-tez janjallashib turishar, nimalarnidir ustida tortishishardi.

Keyinchalik Mashhura sudda bergan ko‘rsatmasida bu tortishuvlar sababini turmush o‘rtog‘i uni arab tilini o‘rganishga, “hijobga” kirishga hamda Qirg‘izistonga birga ketishga majburlagani bilan bog‘lagan.

2022 yilning 12 avgust kuni ham er va xotin o‘rtasida shunday tortishuv bo‘lib o‘tadi. Soat 22:00 larda Sherzod uxlab qoladi. Bundan foydalangan Mashhura oshxona pichog‘i bilan turmush o‘rtog‘ining chap bel, qo‘ltiq hamda chap ko‘krak sohasiga uradi. Xotinidan bunday harakatni kutmagan erkak zarbadan uyg‘onib ketadi, ammo unga qarshilik qilmaydi, aksincha devorga suyanib, o‘rnidan turishga intiladi va shunchaki kulib qo‘ya qoladi. So‘ngra yiqiladi.

“Farzandlarim uxlab qolganidan so‘ng qaytib turmush o‘rtog‘im yotgan xonaga kirdim. U xirillab nafas olardi. Joni chiqishga qiynalyapti deb o‘yladim va yerda yotgan pichoqni olib, ko‘krak qafasiga urdim. Shunda ham u ko‘zlari ochiq holda, menga qarab kulardi. Kulganiga jahlim chiqib, yana pichoq bilan urdim, keyin bo‘ynidan kesib yubordim”, degan  ayol o‘z ko‘rsatmasida. 

Bu orada Mashhura uning 4 dona tilla qoplamali tishini g‘isht bo‘lagi bilan urib, sindirib oladi. Ayol mazkur tilla tishlarni keyinchalik bozorga olib borib, 1,4 mln so‘mga sotib yuborgan.  

Yechimi yo‘q jumboq

Mashhura lahzalar ichida nima ish qilib qo‘yganini bilmasdi. Ammo u qancha afsuslanmasin, g‘isht qolipdan ko‘chgan – qo‘lini qonga botirib bo‘lgandi. Ayol avvaliga IIBga borib voqeani aytib bermoqchi bo‘ladi, ammo o‘zini qamab yuborishlaridan qo‘rqib, bu fikridan qaytadi hamda murdani yo‘q qilish va jinoyat izini yashirish haqida o‘ylay boshlaydi. Albatta, erkak jasadini hech kim topolmaydigan tarzda yo‘q qilish ayol uchun oson ish emasdi. Buning ustiga, qo‘shni xonada farzandlari uxlab yotardi.

Ayol yarim tundan tongga qadar o‘ylab chiqadi. Uning oldida murdani qanday qilib uydan olib chiqib ketaman va yo‘q qilaman degan o‘ta qiyin ish va yechimi yo‘q jumboq turar edi.

 Mashhura jasadni bo‘laklarga bo‘lib, qopga solib olib chiqib ketishni rejalashtiradi. 13 avgust kuni soat 5:30 larda turmush o‘rtog‘ining murdasini avval bo‘yin, keyin esa chap yelka va har ikkala son sohalarini oshxona pichog‘i bilan suyakkacha kesadi. Keyin uni sellofan va to‘shakka o‘rab, sandiq ichiga soladi. Biroq bu bilan jinoyat izi hali to‘liq yo‘q qilinmagandi.  

Sandiq ichida nima bor?

Ayol uchun navbatdagi qadam o‘ta og‘ir sandiqni uydan olib chiqib, yo‘q qilish edi. U sandiqni olib ketish uchun mashina topa olmaydi. O‘ylab-o‘ylab, oxiri ertalab uydan chiqadi va yo‘lovchi mashinada “Chust-Pop” yo‘nalishidagi mashinalar turadigan “pitak”ka boradi. U yerda Damas mashinasi haydovchisi bilan gaplashib, uy-ro‘zg‘or buyumlarini bir manzilga olib borish kerakligini aytadi. O‘zaro kelishuvdan so‘ng haydovchining telefon raqamini olib, ortga qaytadi.

Uyga kelgach, murda solingan sandiqni tortib, amallab koridorga olib chiqadi. Shu vaqtda qizi uyg‘onib, chiqib qoladi. U sandiq ichida nima borligi so‘raydi. Ayol hech narsa yo‘q, undan ko‘ra qarashib yubor, deydi. Qizi yordamlashgan bo‘ladi. 

Mashhura sandiqni ko‘tarishga yordam so‘rash uchun tashqariga chiqadi. Bu paytda qo‘shni erkak pod’yezd oldida sigaret chekib turardi. Ayol undan yordam so‘raydi. “Sandiq ichida nima bor?” deya so‘raydi qo‘shnisi ham uning og‘irligi ko‘rib. Ayol idish-tovoqlar borligini, shu sababli og‘irligini aytadi.

Sandiqni tashqariga olib chiqishgach, Damas haydovchisi ham yordamga kelib, uni ko‘tarishib yuboradi. U ham sandiq ichida nima borligini so‘raydi va ayoldan idish-tovoq bor, degan javobni eshitadi.  

Yo‘ldagi hiyla

Mashhura haydovchiga mashinani Qirg‘iz mahallasi tomonga haydashni aytadi. Biroz yurishganidan so‘ng u kanal bo‘yida sandiqni tushirishga va kanalga tashlab yuborishga qulay bo‘lgan joyni ko‘rib qoladi.

“Meni shu yerda tushirib keting, tanishim keladigan bo‘lib qoldi”, deydi u haydovchiga qarata. Damas haydovchisi xayron bo‘lib, kanal ustida to‘xtaydi hamda ayolni narsalari bilan tushirib, mashina o‘rindiqlarini tuzata boshlaydi.

“Iltimos, tezroq ketsangiz. To‘g‘risini aytsam, o‘ynashim kelyapti, sizni ko‘rsa janjal bo‘lishi mumkin”, deydi Mashhura ayyorlik bilan. Haydovchi ketadi.

Ayol yonidagi farzandlariga nariroqda o‘ynab yurgan bolalar oldiga borib turishni aytadi. Atrofda jimlik edi. Fursati kelganini sezgan Mashhura sandiqni kanalga itarib yuboradi.

Undan kanal atrofida nima qilishini so‘radim. U narsalarini xaridorlar shu yerdan olib ketishiga kelishishganini aytdi. Sandiqni tushirdik. Mashina o‘rindiqlarini qayta o‘rnatayotganimda ayol tezroq ketishimni, hozir o‘ynashi kelib qolishi va janjal bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shundan so‘ng taxminan 200 metr yurib to‘xtadim va mashina o‘rindiqlarini qayta o‘rnatdim. Shu vaqtda yana ayol qo‘ng‘iroq qildi. Qaytib bordim. Uni va farzandlarini olib, Orom mahallasiga tashlab qo‘ydim. Oddiy haydovchiman. Sandiq va uning atrofidagi narsalarda qon yoki shunga o‘xshash shubhali izlarni ko‘rmadim”, deya guvohlik bergan haydovchi o‘z ko‘rsatmasida.

Mashhura Orom mahallasidan bolalari bilan yo‘lovchi mashinada uyiga qaytib keladi va xonani tozalab qo‘yadi. Biroz o‘ziga kelgach esa bozorga chiqib, turmush o‘rtog‘ining tilla tishlarini sotib keladi.  

Jazo

Mashhuraning jinoyati qisqa fursatda fosh etiladi. Uning qilmishi rad qilib bo‘lmas dalillar, turli ekspertiza xulosalari, guvohlarning ko‘rsatmalari bilan o‘z isbotini topadi.

1988 yilda tug‘ilgan Mashhura jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining hukmi bilan 13 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.

Marhumning yaqinlari sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritadi. Ular shuncha ishni ayolning yolg‘iz o‘zi bajarganiga ishonmagandi. Shu sababli, apellyatsiya shikoyatida jinoyat ishini qayta o‘rganib chiqib, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortishni so‘rashadi. Ammo bu o‘z tasdig‘ini topmaydi va apellyatsiya instansiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldiradi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud hujjatlari asosida tayyorlandi.
 

Mavzuga oid