Shartlarni qabul qilgan HAMAS, AQSh senatorlarning Haaga sudiga tahdidi va dengizdan haydalgan “yashirin flot” - kun dayjesti
O‘tgan sutka davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
HAMAS Misr va Qatar tomonidan taklif etilgan, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitim shartlarini qabul qilgan, deb xabar beradi Associated Press. Bu haqda HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya Qatar bosh vaziri va Misr razvedkasi rahbariga telefon orqali ma’lumot bergan.
HAMAS raisining G‘azodagi o‘rinbosari Xalil Al-Hayyaga ko‘ra, vositachilar tomonidan taklif etilgan bitim har biri 42 kunlik uchta bosqichdan iborat bo‘ladi. Taklif G‘azo sektoridan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqish, majburan ko‘chirilganlarni turar joylariga qaytarish va asir almashinuvini qamrab olgan.
Birinchi bosqichda Isroil okkupantlari G‘azo sektorining ichidagi chegaraga yondosh hududlarga chiqib ketadi. Shu bosqichda majburan ko‘chirilganlar o‘z turar joylariga qaytishadi va bir necha asirlar almashiladi.
Ikkinchi bosqichda harbiy va dushmanlik harakatlari doimiy to‘xtatilishi e’lon qilinadi.
«Biz vositachilarimizga o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish taklifi bo‘yicha o‘z pozitsiyamiz haqida ma’lumot berib bo‘ldik. Vositachilar bitimni amalga oshirishni aniq qo‘llab-quvvatlayotganini xabar qilishdi. To‘p endi Isroil tomoniga uzatildi», — degan Xalil Al-Hayya.
Isroil tomoni rasman izoh bermagan. Biroq Isroil mulozimlaridan biri Reuters agentligiga HAMAS Misrning Isroil uchun nomaqbul bo‘lgan yumshatilgan taklifini qabul qilganini aytgan.
«Aftidan, bu Isroilni har qanday bitimni rad etuvchi tomon qilib ko‘rsatishga yo‘naltirilgan hiylaga o‘xshamoqda», — degan nomini oshkor etmagan mulozim.
Isroil armiyasi radiosi «HAMAS tomonidan ma’qullangan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklif hali Isroil tomonidan ma’qullanmagan»ini ta’kidlagan.
Isroil armiyasi esa «Biz garovga olingan insonlarni qaytarish uchun berilayotgan takliflarning har birini harbiy bosimni to‘xtatmagan holda o‘rganib chiqishga tayyormiz», deya bayonot bergan.
Isroil Milliy xavfsizlik vaziri, radikal ultrao‘ng millatchi Itamar Ben-Gvir: «Rafahni zudlik bilan egallab olishimiz kerak, aks holda bizga bosim ortib boraveradi», — degan.
G‘azoda HAMASga nisbatan yerusti operatsiyasi o‘tkazayotgan Isroil avval Rafah shahridan 100 mingdan ziyod falastinliklarni qamrab oluvchi evakuatsiyaga chaqirgan edi. Dushanba kuni Isroil hukumati tinch aholini shahardan 20 km uzoqlikdagi kengaytirilgan humanitar zonaga ko‘chishga chorlagan edi.
Ammo G‘azoda otishmalar va bombalashlar ham, tinch aholining halok bo‘lishi ham davom etmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, urushning 213-kuniga kelib, qamal qilingan eksklavdagi qurbonlar soni 34 ming 735 kishi, yaradorlar jsa 78 ming 108 kishiga yetgan. So‘nggi bir sutka ichida Isroil harbiylari 5 ta ommaviy qirg‘in uyushtirib, 52 kishining halok bo‘lishiga, 90 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lgan.
AQSh senatorlarining tahdidi
AQShning 12 nafar senatori Haagadagi xalqaro jinoyat sudiga tahdid bilan xat yozgani ma’lum bo‘ldi. Ular xat orqali Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun order berilishiga qarshi turli-tuman tahdidlar yo‘llashgan.
«Agar Isroil hukumat mansabdorlari uchun order berilsa, biz buni Isroilning o‘ziga emas, AQShga ham qaratilgan tahdid o‘laroq qabul qilamiz», — deyilgan xatda.
«Agar siz Isroilga hujum qilsalaring biz sizlarga hujum qilamiz», — deyilgan asosiy tahdidda.
Shuningdek, ogohlantirish xatida agar Netanyahuni hibsga olish uchun order berilsa xalqaro jinoyat sudiga Amerika yordami butunlay bas qilinishi, xalqaro jinoyat sudi xodimlari va hamkorlariga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishi, sudyalar va ularning oilalariga AQShga kirish uchun taqiq joriy etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ukrainadagi urush
Rossiya Kuraxove va Pokrovsk qishloqlarini egallashni maqsad qilgan. Frontda vaziyat juda og‘ir, degan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy.
«Bunday shart-sharoitlarda bizning bosh vazifamiz — egallab turgan sarhadlar va pozitsiyalarimizni artilleriya va zarbdor dronlar vositasida qo‘ldan boy bermaslik, barcha kuchlarni to‘lab dushmanga maksimal ziyon yetkazish, uni holdan toydirish, shu yo‘l bilan dushmanning rejalarini barbod qilib, zaxiralarimizni shakllantirish va tayyorlab olish uchun vaqtdan yutish» — degan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni.
Ukraina qurolli kuchlari Chasiv Yar posyolkasi yaqinidan o‘tuvchi Shimoliy Donetsk–Donbass kanali ustidagi ko‘priklarni portlatgan. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari zaxiradagilar kengashi raisi Ivan Timochko ma’lum qilgan.
Shu yo‘l bilan Rossiya qo‘shinlarining posyolkaga qanotlar bo‘ylab bostirib kelishining oldi olinmoqda.
«Kanalning o‘zi ham posyolkaga hujum uyushtirish, dushman qo‘shinlarining siljishi uchun jiddiy to‘siq bo‘la oladi. Boshqa tomondan olib qaralganda, kanal uzra o‘tgan ko‘prikning portlatilishi uning narigi qirg‘og‘ida afsuski bizning qo‘shinlarimiz qolmaganini anglatadi», — degan Timochko.
Ukraina G‘arb davlatlaridan harbiy texnika va qurol-yarog‘lar kutayotgan bir paytda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi F-16 samolyotlarining modifikatsiyasidan qat’i nazar, Ukrainada paydo bo‘lishini yadroviy qurol tashuvchi texnikalar yetkazilgani sifatida baholashini e’lon qildi. Bu orada Vladimir Putin Qozog‘iston yaqinidagi poligonlarda taktik yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazish to‘g‘risida buyruq berdi.
Xitoy rahbarining Fransiyaga tashrifi
Yevropa Ittifoqi yetakchilari Xitoyning ta’siridan foydalanib, Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun Si Jinpingni bu bo‘yicha Putinga bosim o‘tkazishga chaqirishdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Jinping bilan o‘tkazgan muzokaralari chog‘ida tomonlar Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi savdo-sotiqning adolatli qoidalari, shuningdek, Ukrainadagi urushni yakunlash uchun Pekinning harakatlari masalalarini muhokama qilishdi.
«Biz Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlariga chek qo‘yish uchun Xitoy o‘zining bosimidan foydalanishidan umid qilib turibmiz», — degan fon der Lyayyen.
Fransiya Moskva bilan urush olib borayotgani yo‘q, degan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron.
«Biz Rossiya va rus xalqi bilan urush holatida emasmiz va bizda Moskvadagi rejimni o‘zgartirishga intilish yo‘q», — degan u Si Jinping bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Makronning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy raisi Parijda o‘tadigan olimpiada chog‘ida otashkesim rejimini joriy etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.
«Yashirin flot» haydab solindi
NATO floti Rossiya neftini tashiyotgan tankerlarni O‘rta Yer dengizidagi eng yirik bandargohdan haydab yubordi. Rossiya neftini tashiyotgan tankerlar O‘rta Yer dengizdagi muhim bandargoh Lakon qo‘ltig‘ini tark etishdi. Bu yerda neft xomashyosi Osiyo davlatlariga yetkazish uchun kemadan-kemaga quyilayotgan edi.
Bloomberg nashrining xabariga ko‘ra, may oyi boshidan buyon Putinning «yashirin floti» tankerlari materikdagi butun Yevropa va Gretsiyaning eng janubiy qo‘ltig‘iga kirmay qo‘ygan. Bu yerdan Skvaysh kanaligacha eng yaqin yo‘l bor.
Bunga sabab NATO davlatlari floti o‘tkazayotgan harbiy dengiz mashqlaridir. Gretsiya gidrografik xizmati Lakon qo‘ltig‘ida 1 maydan 9 maygacha manyovrlar o‘tkazilishini anons qilgan edi. Umuman, oy oxirigacha O‘rta yer dengizida NATO flotining 5 ta harbiy mashqi o‘tkaziladi.
«Neptun zarbasi» deb nom olgan va 10 maygacha davom etuvchi mashqlarda AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Ruminiya, Ispaniya, Turkiya, Shvetsiya, Bolgariya, Daniya va Albaniyaning kemalari, suvosti kemalari va aviatashuvchilari ishtirok etadi.
Mavzuga oid
14:13 / 09.11.2024
G‘azodagi harbiy jinoyatlar, NATOdan Ukrainaga yangi yordam va G‘arbni ochko‘zlikda ayblagan Putin - kun dayjesti
15:34 / 08.11.2024
G‘azodagi kasalxonalarga hujum, husiychilarning ogohlantirishi va Trampdan umid qilayotgan Gurjiston - kun dayjesti
13:12 / 07.11.2024
Livan qishlog‘iga hujum, Tramp g‘alabasidan xursand Isroil vazirlari va Germaniyada parchalangan koalitsiya - kun dayjesti
14:30 / 06.11.2024