Jahon | 20:01 / 10.05.2024
48230
5 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgda daryoga qulagan avtobus. So‘nggi ma’lumotlar

Avtobus haydovchisi tojikistonlik ekani ma’lum bo‘ldi, u qo‘lga olingan, avtobus suvdan chiqarib olingan. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi - klinik o‘lim holatida.

Foto: «Bumaga»

Sankt-Peterburgda yo‘nalishli avtobus Moyka daryosiga tushib ketishi oqibatida halok bo‘lganlar soni uch nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda FVVning shahar bo‘yicha boshqarmasi xabar qilgan.

Hodisa 10 may kuni kunduzi, Markaziy harbiy-dengiz muzeyi ro‘parasidagi Potseluyev ko‘prigida ro‘y bergan. OAV tomonidan kuzatuv kameralaridan olib tarqatilgan kadrlarga ko‘ra, avtobus sohil bo‘ylab harakatlanayotganida u yoqdan bu yoqqa silkina boshlagan, shundan keyin ko‘prik tomon keskin burilib, ikki avtomobilga to‘qnashgan, to‘siqni buzib o‘tib, daryoga tushib ketgan.

Shu atrofdan suzib o‘tayotgan daryo tramvayi yo‘lovchilari, ko‘chadagi avtomobillar haydovchilari hamda yaqindagi qurilish hududida ishlayotgan ishchilar avtobus yo‘lovchilarini qutqarish uchun yetib kelishgan — ular daryoga qutqaruv halqalarini tashlashgan, bir necha kishi o‘zini suvga otgan.

Ko‘p o‘tmay voqea joyiga qutqaruvchilar va politsiyachilar yetib kelishgan — qutqaruv amaliyotiga jami 69 kishi jalb etilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa chog‘ida avtobusda 15 kishi bo‘lgan. Shundan olti nafari o‘zlari mustaqil ravishda va guvohlar yordamida suvdan chiqib olgan, yana to‘qqiz kishini avtobusdan FVV xodimlari olib chiqishgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, uch qurbondan tashqari to‘rt kishi klinik o‘lim holatida shifoxonaga yotqizilgan, yana ikki jabrlanuvchining holati og‘ir deb baholanmoqda.

Ayni vaqtga kelib avtobus suvdan chiqarib olingan.

Avtobus haydovchisi qo‘lga olingan, dastlab uni ham shifoxonaga, keyin so‘roq qilish uchun olib ketishgan. «Ostorojno, novosti» kanali ma’lumotiga ko‘ra, bu 44 yoshli tojikistonlik Rahmatshoh Qurbonov, u Rossiya fuqaroligini olgan. Uning turmush o‘rtog‘i  «112» telegram-kanali muxbiri bilan suhbatda uni 20 soatlik smenadan keyin erta tongda reysga chiqishga majburlashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qurbonov uyga soat tungi ikkilarda kelgandi, ungacha ertalab soat beshdan buyon ishda bo‘lgan. Soat 7:30 da, besh soatlik uyqudan uyg‘otib, ishga chiqishni so‘rashgan. Shu bilan birga, mahalliy rasmiylar ishga chiqishdan oldin haydovchi zarur ko‘rikdan o‘tkazilganini ma’lum qilgan.

RF davlat dumasi deputati Sergey Mironov avariya sababi aynan haydovchining millati bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan.

«Haydovchi — Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birining vakili. […] Va biz shuning uchun shunday qonun loyihasini kiritganmiz: migrantlarga jamoat transportida ishlashni taqiqlash, maktablarda ishlashni taqiqlash, ta’lim tizimida ishlashni taqiqlash haqidagi», — degan deputat. 

Avtobus «Taksi» MJChga tegishli bo‘lgan. Peterburg sudlari matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu kompaniya so‘nggi ikki yarim yil ichida transport sohasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablarini qo‘pol ravishda buzgani uchun 23 marta, jami 3,6 million rubl miqdorida jarimaga tortilgan. Kompaniyada ma’lum qilishlaricha, avtobus 7 may kuni rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatishdan o‘tkazilgan va yaxshi holatda bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan ikkita jinoiy ish ochilgan. Birinchisi — ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish haqidagi modda bo‘yicha (RF JK 264-moddasi 5-qismi, maksimal jazo — yetti yilga ozodlikdan mahrum etish). Ikkinchisi — xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish haqidagi modda bo‘yicha (RF JK 238-moddasi 3-qismi, maksimal jazosi — o‘n yilga ozodlikdan mahrum etish).

Mavzuga oid