O‘zbekiston | 21:00 / 11.05.2024
15265
13 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’limdagi o‘zgarishlar va qaytayotgan muhojirlar - hafta dayjesti

Yozda abituriyentlarni katta o‘zgarishlar kutyapti. Bitmagan uydan kvartira sotib olayotgan fuqarolarni himoya qilish choralari ishlab chiqildi. Yil davomida 400 mingdan ortiq xorijdagi vatandoshlar qaytib kelishi taxmin qilinyapti. O‘zbekiston qirg‘iz-tojik chegarasi bo‘yicha vositachilik qilishi mumkin. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

9 may: Zulfiya Zokirova xotirasiga yana bir yodgorlik va oqlangan Sa’dulla Qosimov

Insoniyat tarixining eng qonli davrlari ortda qolganiga bu yil 79 yil to‘ldi. 1945 yil 9 mayga o‘tar kechasi, sovet qo‘shinlari Berlinni egallaganidan 7 kun o‘tib, fashistlar Germaniyasining kapitulyatsiya haqidagi hujjati imzolangan. 70 milliondan ortiq insonning o‘limi, aql bovar qilmas genotsidlar, ommaviy qiynoqlar, vahshiyliklar, ochlik va vayronagarchiliklar, frontdagi va front ortidagi insoniy og‘riqlardan iborat Ikkinchi jahon urushi, eng avvalo, yakka shaxs hukmronligi, davlat hokimiyatining cheklanmagan vakolatlarga ega bo‘lishi qanchalik dahshatli oqibatlarga olib kelishiga eng katta misol sifatida tarixda qolgan.

Bu urush butun insoniyat qatori, O‘zbekiston xalqining ham taqdiri va kelajagini o‘zgartirib yuborgan. Urush boshlanishidan oldin O‘zbekiston aholisi taxminan 6 mln 800 ming kishi bo‘lgan bo‘lsa, fashistlarning sovet ittifoqiga bosqinidan keyin 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik urushga ketgan, ulardan yarim million nafari jang maydonlariga halok bo‘lgan, 640 mingdan ortig‘i yaralangan. Urush yillarida xalqimiz butun ittifoq hududlaridan ko‘chirib kelingan 1,5 millionga yaqin insonga boshpana bergan.

Hozirda mamlakatimizda II jahon urushi qatnashchilari soni 112 nafarni tashkil etadi. Bu yil ularga 20 mln so‘mdan pul mukofoti berildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, urush faxriylarining eng ko‘pi, ya’ni 42 nafari Toshkent shahrida yashaydi. Sirdaryo viloyatida esa faqatgina bir nafar veteran hayot kechiryapti va uning uchun bu yilgi 9 may boshqacha yodda qoladigan bo‘ldi: prezident Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Mudofaa vazirligi gospitaliga borib, urush qatnashchilarining holidan xabar oldi va shu yerda salomatligini mustahkamlayotgan boyovutlik 101 yoshli O‘skan ota Hojimanovga uy sovg‘a qildi.

Davlat rahbari 8 may kuni G‘alaba bog‘ida ham bo‘lib, Zulfiya Zokirova siymosidagi “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. 9 may kuni esa xuddi shunday yodgorlik Nurafshon shahrida ham ochildi. Majmuada urushga ketgan beshala o‘g‘li ham halok bo‘lib, to‘rt kelini va besh nabirasi bilan qolgan zangiotalik ona siymosi aks etgan.

9 may arafasida, shuningdek, Oliy sud tomonidan yana 11 ta jinoyat ishi doirasida 198 nafar qatag‘on qurbonlarining nomlari oqlandi. Oqlanganlar orasida O‘zbekiston sud tizimining ilk rahbari, 1920-yillarda O‘zSSR Oliy sudi raisi lavozimida ishlab, qatag‘onlar vaqtida otib tashlangan Sa’dulla Qosimov ham bor. U bilan birga “qosimovchilik ishi”da ayblangan yana boshqa shaxslar ham aybsiz deb e’tirof etildi.

Oliy ta’limda kutilayotgan o‘zgarishlar

Oliy ta’lim vazirligi sohada kutilayotgan bir qancha o‘zgarishlarni e’lon qildi. Dushanba kuni prezidentga taqdimot qilinib, keyin matbuot anjumani o‘tkazish orqali e’lon qilingan o‘zgarishlar bakalavriat va magistraturaga qabul tartibi, kvotalar va grantlardan tortib ta’lim shakllarigacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Taklif etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, abituriyentlar o‘qishga kirishda avval imtihondan o‘tib, keyin qayerda o‘qishni tanlaydi. Ya’ni abituriyent avvaliga o‘zi tanlagan fanlar bo‘yicha test topshirib, imtihon natijalari e’lon qilinganidan keyin to‘plagan balliga qarab ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi. Testdan keyin abituriyentga yo‘nalish tanlashi uchun 10-15 kun vaqt berilishi aytilyapti. Bu tartib shu yilning o‘zidan kuchga kirishi mumkin.

Asosiy o‘zgarishlardan yana biri – davlat grantiga oid. Unga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, qayerda o‘qishni tanlashidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Buning yaxshi tarafi – yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi. Ma’lumot uchun, avvalgi yillarda qaysidir oliygohda bir abituriyent atigi 90 ball bilan ham grantga o‘qishga kirgan bo‘lsa, boshqa universitetning xuddi shu yo‘nalishiga topshirgan abituriyent hatto 160 ball bilan ham imtihondan yiqilishi odatiy hol edi.

Bundan tashqari, yangi tartib asosida oliygohga kirishda eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga o‘qishi uchun davlat granti hozirgidek 4 yilga emas, 1 yilga beriladi va grantlar a’lochi talabalar o‘rtasida har yili qaytadan taqsimlanadi. Ya’ni 1-kursga grantga kirgan talaba yaxshi o‘qimasa, keyingi yili kontraktga tushib qoladi. Yoki aksincha, kontraktda o‘qiyotgan talaba yaxshi baholar olib, keyingi yili grant asosida o‘qishi mumkin bo‘ladi. Bunda ikki xil – 100 foizlik va 50 foizlik grantlarni joriy etish reja qilinyapti. Shu bilan birga, maqsadli qabul doirasida va imtiyozli tarzda o‘qishga kirganlarga davlat granti hozirgidek butun o‘qish davri uchun beriladi. Rasmiylarga ko‘ra, yangi tartib kuchga kirgan taqdirda ham, amalda grant asosida o‘qiyotgan talabalarga taalluqli bo‘lmaydi – ular bitirgunicha, nechi bahoga o‘qishidan qat’i nazar, davlat hisobidan tahsil olishda davom etadi.

Ma’lum qilinishicha, grant asosida o‘qigan talabalar o‘qishni tugatganidan keyin 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinishi mumkin. Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda kvotalar qisqartirilib, bo‘shagan kvotalarni muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlarga o‘tkazish taklif qilingan. Shuningdek, o‘qishga kirish uchun minimal o‘tish ballarini ko‘tariladi, sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich tugatiladi.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlar qatorida, umumiy qabul parametrlarini belgilashni oliygohlarning o‘ziga topshirish orqali ularning mustaqilligini oshirish ham ko‘zda tutilgan. Lekin akademik mustaqillikni oshirish, xususan rektorlarni saylash borasida hozircha yangilik yo‘q. Oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Kun.uz muxbirining rektorlarni saylash haqidagi savoliga “hozir tayyor emasmiz” deb javob berdi.

“Endi, hozir, menimcha, biz tayyor emasmiz. Vaqt kerak bunga. Bilasizlar, bizning o‘zimizga yarasha mentalitetimiz bor. Buni qachonki jamoatchilik nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, shunda qilsak bo‘ladi”, – dedi vazir.

Xaridor puli bilan quriladigan “novostroyka”lar tartibga solinadi

Odamlar hali bitmagan uydan kvartira sotib olib, firibgarlar tuzog‘iga ilingan qator holatlardan keyin, ulush kiritish asosida uy-joy qurilishida qatnashish tartibi belgilanadigan bo‘ldi. Prezident farmoniga ko‘ra, shu oy oxirigacha tegishli hujjat loyihasi hukumatga kiritilishi kerak. Undagi asosiy yangilik – investor va quruvchi o‘rtasidagi shartnomalarni notarial tasdiqlash bo‘ladi. Ya’ni ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uy-joy qurishda ishtirok etish haqidagi shartnomalarni majburiy ravishda notarial tasdiqlash talabini kiritish ko‘zda tutilyapti.

Bundan tashqari, tegishli reyestrga kirmasdan turib odamlarning pullari evaziga qurilish boshlagan kompaniyalarga nisbatan javobgarlik belgilash, reyestrdagi kompaniyalarning faoliyatini monitoring qilib borish ham rejalashtirilgan. Obektlarni belgilangan muddatlarda topshirmagan quruvchilarning reytingi pasaytiriladi.

Bundan tashqari, prezident “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini 2 oy ichida hukumatga kiritish bo‘yicha topshiriq berdi. Qonunda ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan ko‘p qavatli uy-joylarni renovatsiya qilishning huquqiy asoslari belgilanadi. Respublikadagi birinchi renovatsiya loyihasini Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Oqtepa dahasida xitoylik investorlar amalga oshirishni boshlagan. Bunday loyihalar respublikaning barcha hududlarida boshlanishi kutilyapti. Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputatlar “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilmay turib, eski uylarni buzishni boshlamaslikka chaqirgan edi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Bu yil 400 mingdan oshiq o‘zbekistonlik mehnat muhojiri vatanga qaytib kelishi mumkin. Shavkat Mirziyoyevning juma kungi selektordagi so‘zlariga ko‘ra, yil boshidan beri 115 ming kishi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi prognoz qilinyapti. Prezident ularni ishga joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi oshib, o‘tkazmalar tarkibida Rossiyaning ulushi qisqargani ma’lum bo‘lgandi.

Isroilning Toshkentdagi elchixonasini yoqib yuborishga uringan talaba 5 yilga qamaldi. Ma’lum bo‘lishicha, Jahon tillari universitetining 2-kurs talabasi bo‘lgan 20 yoshli yigit o‘tgan yili 19 oktyabr kuni Isroil elchixonasi oldiga borib, devor osha ichkariga kerosin solingan shisha idishni uloqtirgan vaqtda uni harakatlarini Milliy gvardiya xodimlari to‘xtatib qolgan. U sudda G‘azodagi shifoxonaga bomba tashlangani uchun Isroildan o‘ch olish maqsadida shunday qilganini aytgan. Yakkasaroy tuman sudi yigitni terrorizm moddasi bo‘yicha 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlarining rahbarlari Farg‘onada uchrashdi. O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov qo‘shni davlatlardagi hamkasblari bilan xavfsizlik masalalari, shu jumladan qirg‘iz-tojik chegarasini belgilash masalasini muhokama qilgan. Taxminlarga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni chegara masalasida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida vositachilik qilayotgan bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston tomonining rasmiy xabarida aytilishicha, muzokaralar yakunida Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasiga oid ikki tomonlama shartnomani tayyorlashga kelishib olingan.

Farg‘onaning Qo‘shtepa tumani prokurori o‘rinbosari 2 ming dollar bilan qo‘lga olindi. DXX xabariga ko‘ra, u ishi sudda ko‘rilayotgan bog‘cha rahbaridan unga yengilroq jazo qilib berish va’dasi bilan jami 3 ming dollar olgan. Namanganning Chortoq tumanida esa tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari ushlandi, u 2,5 ming dollarlik korrupsion jinoyat ishiga aloqadorlikda aylanyapti. Yana bir holatda Toshkent viloyati Angren shahar elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘z rahbarining og‘zaki topshirig‘iga asosan 40 mln so‘m pora olgan vaqtida ushlangan.

Toshkentda daraxt qulashi oqibatida 1 yoshli chaqaloq halok bo‘ldi. Chilonzor 5-mavzesidagi voqeaga issiqlik suv quvurlaridagi ta’mirlash ishlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Issiqlik tizimi operatori – Veolia Energy xodimlari bu yerda qurib qolgan daraxt borligiga qaramay, unga juda yaqin joyda qazish ishlarini olib borgan, bu esa yoshini yashab bo‘lgan daraxtning qulashini tezlashtirib yuborgani aytilyapti. Qazish ishlari vaqtida hudud xavfsizlik talablari asosida o‘rab qo‘yilmagan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgach, Veolia kompaniyasi ish jarayonlariga o‘zgartirish kiritishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid