Jahon | 13:16 / 13.05.2024
11591
9 daqiqa o‘qiladi

Isroilga qarshi chiqayotgan Misr, boshqa ishga o‘tkazilgan Shoygu va Kiyev mudofaasiga kirishgan Ukraina - kun dayjesti

Dam olish kunlari davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Misr ham Xalqaro jinoyat sudida Isroilga qarshi ochilgan jinoyat ishiga qo‘shilish istagini bildirgan. Bu haqda Misr tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilgan.

Misr hukumati bosib oluvchi maqomidagi yahudiylar davlatini «Xalqaro sudning Isroilga G‘azo sektoridagi falastinliklarning ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli insonparvarlik yordamlari yetkazishini to‘liq ta’minlash majburiyati bo‘yicha vaqtinchalik choralarini bajarish»ga chaqirgan.

1 may kuni Turkiya ham BMT oliy sudining Janubiy Afrika arizasiga ko‘ra ochilgan ishiga qo‘shilish istagida ekanini ma’lum qilgan edi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan rasmiy Anqara buning ustida ishlayotganini ma’lum qilgan edi.

Tayyorgarlik ishlarida ayni paytda Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, universitetlar yuristlari ishlashmoqda.

Noxush statistikani e’lon qilmasak bo‘lmaydi. G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 35 mingdan oshdi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, urushning 219-kuniga kelib qamal qilingan eksklavda o‘lganlar soni 35 ming 34 kishiga yetgan, 78 ming 755 kishi yaralangan.

So‘nggi bir sutka ichida o‘tkazilgan 8 ta ommaviy qirg‘inlar natijasida 63 kishi halok bo‘lgan, 114 kishi yaralangan.

Ukrainadagi urush

Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaning Xarkiv oblastidagi chegaraga yaqin bir qator qishloqlarni ishg‘ol etgani fonida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina front chizig‘ini ushlab qolishiga ishonchi komilligini ma’lum qildi.

Shuningdek, AQSh va Yevropa Ukrainaga qurol-yarog‘larni yetkazishni tezlashtirish bo‘yicha qo‘ldan kelgan barcha ishlarni qilayotganini ta’kidladi.

Blinkenning qayd etishicha, Ukrainaga moliyaviy yordamning oylar davomida kechiktirilishi «oson bo‘lmagan». Biroq, shu haftaning o‘zida Amerika Ukrainaga 400 mln dollarlik ikkinchi harbiy yordam paketini e’lon qilgan.

«Ukraina mamlakat sharqidagi front chizig‘ini va Qora dengizda qo‘lga kiritilgan ustuvorliklarni samarali ushlab qolishiga ishonchim komil… Shuningdek, barcha joydagi, jumladan Qrimdagi Rossiya kuchlari ham agressiyani davom ettira olmasliklari uchun nishon ostida. Biz buning uchun qurol-yarog‘lar yetkazib bermoqdamiz, lekin hozir vaziyat juda murakkab», — degan Blinken.

U AQSh ham, Ukrainaning qolgan 50 ga yaqin ittifoqchilari ham «hech qayerga ketmasligi»ni, yordam davom etishini ta’kidlagan.

«Agar Putin Ukrainani, uning tarafdorlarini charchatishni o‘ylayotgan bo‘lsa, u qattiq xato qiladi», - degan AQSh davlat kotibi.

Kiyev mudofaasi

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya Xarkiv shahrini ishg‘ol etish uchun hujum boshlagach, Kiyev mudofaasiga ham tayyorgarlik ko‘rish kerak, degan qarorga kelishgan.

Ukraina armiyasida 10 ta yangi brigada tuziladi va ularning bir qismi Rossiya bosqini ro‘y bergan holda poytaxt Kiyev mudofaasi bilan mashg‘ul bo‘ladi, degan The Economist nashriga Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Oleksandr Pavlyuk.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hech qachon Ukraina poytaxtini to‘liq egallash g‘oyasidan voz kechmagan.

«Mamlakat sharqidagi vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, Kiyev mudofaasi bizning eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qolaveradi. U Ukrainaning yuragi va biz kelgusida poytaxt mudofaasi qanday muhim rol o‘ynashini bilamiz», — degan Pavlyuk.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinining dastlabki oylarida Pavlyuk Kiyev mudofaasi bilan mashg‘ul bo‘lib ko‘rgan edi. O‘shanda u shahar harbiy ma’muriyati raisi lavozimida ishlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning bugungi harbiy tahdidi urushning dastlabki kunlaridan butkul farq qiladi. Eng katta farq shundaki, Rossiya endi bir necha frontlarda keng miqyosli bosqinlar uyushtira olmaydi, chunki unda katta miqdordagi o‘q-dorilar yo‘q.

«Lekin Rossiya Xarkiv va Sumi oblastlariga hujum uyushtirib, Ukraina front chizig‘ini cho‘zishga, yorib o‘tish uchun eng maqbul yo‘nalishni tanlash maqsadida mudofaa chiziqlarining mustahkamligini tekshirib ko‘rmoqda», degan u.

Belgoroddagi bino portlashi

Rossiyaning Belgorod shahrida ko‘p qavatli uyning bir qismi qulashi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘ldi

Belgorodda qulagan turar joy binosi vayronalari ostidan kamida 14 kishining jasadi topildi. Rasmiy Moskva Ukraina Qurolli kuchlari Xarkiv viloyatidagi Lopan hududidan shaharga raketa uchirganini da’vo qilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 kishi, jumladan, ikki bola qutqarilgan. Qulash joyida qidiruv-qutqaruv ishlari raketa hujumi haqida ogohlantirish signallari bilan besh marta to‘xtatilgan, bu vaqt ichida qutqaruvchilar boshpanaga yo‘l olishgan.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra Ukraina tomoni Belgorodni «Tochka-U» raketa majmuasi, «Olxa» va RM-70 raketa tizimlari yordamida o‘qqa tutdi. Harbiy departament ma’lumotlariga ko‘ra, urib tushirilgan «Tochka-U» raketalaridan birining bo‘laklari shahardagi turar joy binosiga zarar yetkazgan. Shu bilan birga, Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov turar joy binosining kirish qismi «to‘g‘ridan to‘g‘ri snaryadning zarbasi natijasida» qulab tushganini aytdi.

Ukraina tomoni esa Rossiya Ukraina hududiga tashlayotgan FAB-500 aviabombalaridan biri turar joyga tushib ketgani, bunga isbot sifatida binoning pastki qavatida portlash sodir bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Shoyguning yangi lavozimi

Vladimir Putin Rossiya mudofaa vazirini o‘zgartirdi, Shoyguga boshqa lavozim berildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zining inauguratsiya marosimidan so‘ng tuziladigan yangi hukumatda kuchishlatar idoralarning yangi rahbarlari uchun o‘z nomzodlarini taqdim etdi.

Jumladan, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu o‘z lavozimidan olingan. Mudofaa vaziri etib, shu vaqtgacha bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan iqtisodchi Andrey Belousov tayinlangan. Tahlilchilarning fikricha, Putin shu yo‘l bilan Mudofaa vazirligida mustahkam yo‘lga qo‘yilgan korrupsion sxemalarni parchalashni maqsad qilgan.

Shoygu Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlangan. Xavfsizlik kengashining shu vaqtgacha kotibi bo‘lgan Nikolay Patrushevga hozircha boshqa lavozim berilmagan. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov uning yangi lavozimi haqida keyinroq ma’lumot berilishini ta’kidlagan.

Kuchishlatar blokda boshqa lavozim o‘zgarishlari kuzatilmagan.

Afg‘onistondagi tabiiy ofat

BMT ma’lumotlariga ko‘ra Afg‘onistonda kuchli yomg‘ir tufayli yuzaga kelgan kuchli suv toshqini sabab 300 dan ortiq odam o‘lgan, 1000 dan ortiq uy vayron bo‘lgan.

Mamlakatdagi hukmron «Tolibon» harakati ma’lumotlariga ko‘ra, 12 may, yakshanba kuni qurbonlar soni 315 kishiga yetgan, 1600 dan ortiq kishi jarohat olgan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 10 may kuni boshlangan suv toshqini boshqa viloyatlarga qaraganda uchta viloyat – Bag‘lon, Toxar va Badaxshonga ko‘proq zarar yetkazgan.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari tabiiy ofat natijasida 1000 dan ortiq uy vayron bo‘lganini, zarar ko‘rgan hududlarning aksariyatida yo‘llar yuk mashinalari yetib bora olmaydigan holatga kelganini ta’kidladi.

Save the Children xalqaro xayriya tashkiloti tabiiy ofatdan ayniqsa bolalar jabr ko‘rgani haqida ogohlantirdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Bag‘lon viloyatining eng ko‘p jabrlangan beshta tumanida 600 ming kishi, jumladan, 310 ming bola istiqomat qiladi.

Toliblarning tabiiy ofatlar bilan kurashish vazirligi vakili aytishicha, suv toshqinlari Kobulga ham ta’sir ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, jabrlangan hududlarga oziq-ovqat va boshqa yordamlar bilan qutqaruv guruhlari yuborilgan.

Afg‘onistonda aprel oyida butun mamlakat bo‘ylab kuchli yomg‘ir va suv toshqini oqibatida ham kamida 70 kishi halok bo‘lgan edi.

Mavzuga oid