Jamiyat | 09:48 / 13.05.2024
34694
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda Tracker yuk mashinasiga urilishi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 59 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Tracker katta tezlikda yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga borib urilgan. YTH oqibatida ikki kishi voqea joyida, uch kishi shifoxonada vafot etgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida bir necha inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, YTH 12 may kuni soat 9:50 lar atrofida Sherobod tumani Uzunsoy mahallasi hududida sodir bo‘lgan. 1965 yilda tug‘ilgan Sh.D. Tracker mashinasini “Toshkent-Sherobod” yo‘nalishida boshqarib kelib, boshqaruvni yo‘qotgan. Buning oqibatida mashina yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga borib urilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada YTHga yo‘ldagi notekislik sabab bo‘lgani aytilmoqda.

YTH oqibatida haydovchi Sh.D. va uning turmush o‘rtog‘i M.Sh. voqea joyida halok bo‘lgan. Mashinada yo‘lovchi sifatida kelayotgan 70, 44 hamda 50 yoshli 3 nafar ayol og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan. 

YTH yuzasidan hozircha rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Avvalroq Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida odam o‘limi bilan yakun topgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid