O‘zbekiston | 11:36 / 15.05.2024
17638
10 daqiqa o‘qiladi

“Farzandim 40 kunligidayoq o‘qishga chiqqanman” – bilimi sabab 20 dan ortiq davlatda bo‘lgan xorazmlik qiz hikoyasi

Xorazmlik O‘g‘ilnur Atayeva bir necha yil oldin prezident taklifi bilan Toshkentda vazirliklardan birida ish boshlagan. “1,5 yoshda dadam vafot etib, bolalik nimaligini bilmay katta bo‘lganman. 19 yoshda turmushga chiqqach, qaynota-qaynonam o‘qitishdi. Shundan keyin muvaffaqiyatlarim boshlandi”, deydi O‘g‘ilnur o‘zi haqida.

O‘g‘ilnur Atayeva Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimi, bir vaqtning o‘zida 2 ta universitetda: AQShning Mayami universitetida iqtisod yo‘nalishida magistraturada, shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining magistraturasining ikkinchi bosqichida tahsil oladi.

O‘g‘ilnur shu paytgacha 20 dan ortiq davlatlarda bo‘lgan. U bu davlatlarning barchasiga turli grantlar orqali borgan. Vazirlikka O‘g‘ilnur shaxsan prezidentning taklifi bilan ishga olingan. “Mikrofon qizlarda” loyihasida O‘g‘ilnur bularga qanday erishgani haqida gapirib berdi.

1,5 yoshda otasiz qoldim...”

Bolalik nimaligini bilmay katta bo‘ldim. 1,5 yoshda dadam vafot etgan. Opam, men va hali onamning qornida bo‘lgan ukam – 3 bola, 25 yoshli onamning yolg‘iz o‘ziga qolgan. Dadamning vafotidan keyin otamning uydagilari onamga javob berishgan. “Hali yoshsan, turmush qurishing mumkin”, deyishgan. Biroq onam qayta turmush qurmagan. “Boshqa oila qurish niyatim yo‘q, menga bolalarim yetadi”, deb javob bergan.

Biz onamning onasining uyida katta bo‘lganmiz. Bittagina xonada ovqatlanganmiz, uxlaganmiz, dars qilganmiz.

Qishloq joy, harakat qilib amallasa bo‘lardi: onam ham maktabda ishlardi, ham repetitorlik qilardi. Undan tashqari, dala ishlari, kundalik turli ishlar bilan daromad qilishga harakat qilardi. Biz ham onamga yordam berish uchun sholi, bug‘doy, paxta ishlarini qilardik. 6-sinf bo‘lganimizda o‘zimiz harakat qilib ikki xonali uy olganmiz. Uning ham faqat bir xonasida yashash uchun sharoit bor edi.

Biz uchun yozgi ta’til – daromad qilish uchun imkoniyat edi. Pul topib uyimizni ta’mirlashga harakat qilardik.

Onamdan umuman pul so‘ramasdik, paxta terimda ham, sholi o‘roqda ham hammadan ko‘p mehnat qiladiganlardan edik.

Onam biz uchun ham ota, ham ona bo‘lgani uchun oliy ta’limda o‘qishimiz uchun sharoit qilib berib yo‘naltira olmagan. Lekin qishloqda ko‘p bolalarni tayyorlab o‘qishga kiritgan.

Doim o‘quv yili boshlangandan keyinroq, to‘rtinchi yo beshinchi sentabrda maktabga borardik. Mayda ham xuddi shunday 25 may kelmasdan dala ishlariga chiqib ketardik.

Chet tiliga qiziqtirgan olimpiada

Maktabda fan olimpiadasi bo‘lgan va qatnashib, maktab bosqichida birinchi o‘rinni olganman. Bizga chet tilidan onam dars berardi, birinchi o‘rinni olgan bo‘lsam ham, onam menga maktabda omadim kelganini, boshqa bir sinfdoshim mendan kuchliroq ekanini aytib, tuman bosqichiga uni olib borishini aytgan. O‘shanda birinchi marta onamga qarshi gapirib, olimpiadaga boraman deb qat’iy turganman. Lekin tuman bosqichidan viloyatga o‘tib, bu bosqich tayyorgarliklarida biroz erkalik qilganman shekilli, to‘rtinchi o‘rinni olganman. Onamga bu yoqmagan, sababi shu paytgacha o‘quvchilari viloyat bosqichida doim o‘rin olib kelishgan. Shuning uchun ham to Urganchdan Gulranga, qishlog‘imizga kelguncha men bilan gaplashmasdan kelgan.

Shundan so‘ng menda chet tiliga qiziqish paydo bo‘lgan. Hozirgi kunda nemis tilidan C1 darajam, ingliz tilidan esa IELTS 8 darajam bor.

19 yoshimda turmush qurdim”

Maktabdan keyin pedagogika kollejida sport yo‘nalishini tugatib, yana sport sohasida ketmoqchi edim. Lekin onam xohlamagan, shuning uchun onam ishlaydigan maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlay boshladim.

19 yoshimda turmushga chiqdim. Hayotdagi eng katta muvaffaqiyatim – ziyoli oilaga kelin bo‘lganim bo‘lsa kerak. 7 kunlik kelinlik paytim qaynotam chaqirib olib, “Qizim o‘qishni xohlaysanmi? O‘qishga kirish niyating bormi? Hali yoshsan, bizning oilada hamma o‘qishi kerak. Mening nabiralarimning onasi o‘qimishli bo‘lishi kerak”, degan. Va onamnikiga repetitorga borib o‘qiy boshladim. To‘g‘risi boshida kelinlik hayotim, ishimdan ortib, o‘qishni uncha xohlamaganman, shu hayotimdan rozi edim. Lekin qarshilik qilolmasdan tayyorgarlikni boshlaganman. Talaba bo‘lganimni tug‘uruqxonada eshitgandim. Bir necha soatdan so‘ng esa farzandim dunyoga kelgan. Farzandim 40 kunlik bo‘lgandanoq o‘qishga chiqqanman, bola bilan o‘qish ancha qiyin bo‘lgan.

O‘qishda birinchi kurs paytimda Samarqandda Germaniya tomonidan tashkillashtirilgan xalqaro dastur uchun hujjat topshirib, unda qatnashish imkonini qo‘lga kiritganman. Garchi qatnashish imkoniyati universitetdan faqat menga nasib qilgan bo‘lsa ham, uydagilar ruxsat berisharmikin deb rosa ikkilanganman. Lekin oilam meni tushunib 1 yoshli qizimni olib qolib, 21 kunga Samarqandga jo‘natishgan.

Mana shu yerda men o‘zimning shunchaki yashashni xohlamasligimni, ko‘proq narsaga erishishni istashimni tushunganman. Shu paytgacha uydagilarimning turtkisi bilan nimalargadir erishishga harakat qilgan bo‘lsam, endi o‘zim harakat qilishim kerak degan qarorga kelganman.

Germaniya va dunyoga yo‘l

Samarqandda Germaniyaga DAAD (Nemis akademik almashinuv xizmati) dasturi orqali grant yutib borib o‘qib kelish mumkinligini bilganman va 2018 yil Germaniyaning DAAD dasturi Stipendianti bo‘lib Germaniyaning Triyer universitetida o‘qish imkonini ko‘lga kiritganman.

Lekin yana uydagilarimga, turmush o‘rtog‘imga qanday aytishni bilmaganman. Sababi chet davlatga 3 oyga ketishni qanday qabul qilishlarini bilmaganman. Ketish sanasiga oz qolganda jur’at topib grant yutganimni aytganman, qaynona-qaynotam rosa xursand bo‘lib, hammaga “kelinimiz Germaniyaga ketyapti” deb maqtanib chiqishgan. Lekin turmush o‘rtog‘im men bilan Germaniyada bo‘lgan 3 oy muddatda gaplashmagan. Uni ham tushunaman, uzoq davlatga ketishimni xohlamagan. Lekin vaqt o‘tib turmush o‘rtog‘im meni tushundi va qo‘llab-quvvatlashni boshladi.

Germaniyadan boshlangan safardan so‘ng dunyoning 20 dan ortiq davlatiga turli grantlar orqali pul sarflamasdan borish imkoniga ega bo‘ldim.

O‘qishni tugatib onam ishlayotgan maktabda bir yil o‘qituvchi bo‘lib ishladim va “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganman.

Hozir 2 nafar farzandim bor, ularga “mana sen teng yoshlar unaqa qilyapti, bunaqa qilyapti”, deganimda ular “Siz ham yosh bo‘lgansiz-ku, siz nega erishmadingiz?” degan savol berishlarini xohlamaganman, ular uchun o‘zim birinchi navbatda o‘rnak bo‘lishni xohlayman.

Prezident bilan uchrashuv va Toshkent

Xorazmlik faol yoshlar qatorida prezident bilan uchrashuvlarda qatnashganman. Prezident bilan Xorazmdagi uchrashuvlardan birida men ham bo‘lganman va Shavkat Mirziyoyev to‘satdan menga “Turing, qizim, siz gapiring” deb qolganlar. Shu uchrashuvda men bilan bir soatga yaqin gaplashgan. Va “Qizim endi Toshkentda men bilan ishlaydi”, deb aytgan, Toshkentdan 2 xonali uy sovg‘a qilgan.

Shundan so‘ng Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida ish faoliyatimni boshladim. Chet tilini bilishim ish faoliyatimda katta yordam beradi, biroq ta’limdan iqtisod sohasiga o‘tish oson bo‘lmadi: ikkalasi boshqa-boshqa yo‘nalishlar. Shuning uchun ham iqtisod yo‘nalishida ham ta’lim olishni xohladim va hozirgi kunda AQShning Mayami universitetida magistratura bosqichida o‘qiyman. Aslida, magistraturada o‘qish uchun 100 foizlik grant yutgandim, biroq yanvar oyida AQShga borib, biroz muddat o‘qigach, hamma tarafni birday olib borish uchun o‘qishimni onlayn shaklga ko‘chirdim.

Qizlarga aytgan bo‘lardimki, har bir qiz o‘z hayoti uchun kamida 60 foiz o‘zi javobgar bo‘ladi, o‘zi uchun o‘zi harakat qilishi lozim. Maqsad qo‘yishdan hech qachon to‘xtamaslik, men uchun imkonsiz degan so‘zlardan esa voz kechish kerak.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi. 

Mavzuga oid