Sport | 12:10 / 15.05.2024
18905
14 daqiqa o‘qiladi

Holand va ikkinchi darvozabonning superseyvi «Siti»ni tarixiy chempionlikka yaqinlashtirdi

«Shaharliklar» so‘nggi tur arafasida birinchi o‘ringa chiqishdi, «Tottenhem» muxlislari mag‘lubiyatdan xursand.

Foto: MARC ATKINS/GETTY IMAGES

«Tottenhem» — «Manchester Siti» 0:2
Gollar:
Holand (51, 90+1 penalti).
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, Dregushin, van de Ven, Hyoyberg (Skipp, 85), Meddison (Mur, 90+3), Bentankur (Kulusevski, 55), Sarr (Lo Chelso, 85), Son, Jonson.
«Manchester Siti» – Ederson (Ortega, 69), Uoker, Diash, Akanji, Gvardiol, Kovachich, de Bryuyne (Doku, 69), Bernardu Silva, Rodri, Foden, Holand (Alvares, 90+5). 
Ogohlantirishlar: Bentankur (36), Sarr (57), Romero (63), Kovachich (70), Foden (88), Silva (90+11). 

Xosep Gvardiola — futbolchilarning salomatligi uchun qayg‘uradi va muntazam ravishda tig‘iz taqvimni tanqid qiladi. Tabiiyki, u futbolchilarda nafaqat jismoniy imkoniyatlarning, balki hissiyotlar zaxirasining ham chegarasi borligini tushunadi.

Shu tufayli, o‘tgan turda «Fulhem» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Pep o‘tgan mavsumdagi trebl ortidan pasayish bo‘lishini kutganini, ammo reallik boshqacharoq bo‘lganini tan oldi. Shu tufayli u futbolchilardan biror narsadan xafa bo‘lishsa ham, hissiyotlarini yashirmaslikni so‘radi. Va ispaniyalik mutaxassis o‘yin arafasida «Tottenhem» maydoniga safar qilishning qiyinchiliklariga to‘xtaldi, bu stadionda «Manchester Siti» yanvardagi kubok o‘yiniga qadar APL doirasida qatorasiga besh mavsumda g‘alaba qozona olmagan, bu o‘yinlarda birorta gol ham urmagandi. Hozir esa bu seriyaga chek qo‘yish orqali alohida maqsadga erishish — APLda qatorasiga to‘rt mavsumda chempion bo‘lgan ilk jamoaga aylanish talab etilardi.

«Tottenhem» muxlislari uchun esa bu aralash tuyg‘ularga boy kun edi. Ular uchun nima afzalligini aniqlash qiyin edi - azaliy raqib bo‘lgan «Arsenal»ga yordam berish yoki Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish imkoniyatidan foydalanish. Stadion atrofida muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari ham shunga mos edi, fanatlarning eng ajoyib va kinoyali javobi esa Sky efirida yangradi: «Biz mag‘lubiyatsiz vaziyatdamiz. Agar g‘alaba qozonsak, bundan yutamiz va hatto yutqazsak ham yutuqda bo‘lamiz».

Va tribunalar odatiy qo‘shig‘ini kuyladi: «Agar siz «Arsenal»dan nafratlansangiz, o‘rningizdan turing!» O‘yinning  boshi esa jamoa bosh murabbiyi Angelos Posteko‘g‘lining so‘zlariga mos kechdi. U o‘zining sevimli jamoasi yutqazishini istaydiganlarni tushuna olmasligini, «Tottenhem» «Arsenal» uchun emas, o‘zi uchun o‘ynashini aytdi. O‘yin debyutidayoq APLdagi250-o‘yinida maydonga tushgan Ederson Bentankurning zarbasidan keyin to‘sin ostiga ketayotgan to‘pni qaytarishiga to‘g‘ri keldi.

Shu kuni urugvaylik yarimhimoyachi birinchi bo‘lim davomida Fodenni ta’qib qildi. Avvaliga u ochiqchasiga angliyalik futbolchining oyoqlariga butsasining ostki qismi bilan zarba berdi, ammo negadir ogohlantirishsiz qoldi. Keyin uni yana bir marta yiqitdi va bu safar o‘z qarshisida sariq kartochkani ko‘rdi.

Birinchi bo‘limdagi eng xavfli vaziyat mezbonlar darvozasi tomonda ro‘y berdi. 16-daqiqada Heyberg to‘pga omadsiz teginib, darvoza qarshisidan chiqqan Fodenga ideal pas berdi, ammo u 10 metr masofadan aniq zarba bera olmadi. Mavsumning eng yaxshi darvozabonlaridan biri Vikario mavsumning eng yaxshi seyvlaridan birini namoyish etdi.

Mezbonlar raqib hujumlarini mardonavor qaytarishdi va gol urish uchun oldinga tashlanishdi. Jamoa dastlabki o‘n daqiqalikning 61 foiz qismida to‘pga egalik qildi, birinchi bo‘limda esa bu ko‘rsatkich 54,7 foizni tashkil qildi - Gvardiola jamoasiga qarshi o‘yinlarda anchadan buyon biror jamoa buni uddalay olmagandi. O‘tgan turda «Enfild»da 0:4 hisobidan keyin ham o‘z prinsiplaridan chekinmay, oldinga tashlangan «Tottenhem» bu o‘yinda «shaharliklar»ning pressingidan ancha ishonch bilan chiqishdi va raqibga o‘zini jarima maydoniga qamab qo‘yishga yo‘l qo‘ymadi.

Mehmonlar birinchi bo‘lim oxirlarida qator xavfli vaziyatlar yaratdi. Bo‘limning katta qismida tezkor Jonson uchun orqada bo‘shliqlar qoldirmaslik uchun deyarli oldinga chiqmagan Gvardiol hujumga qo‘shilib, xavfli zarba yo‘lladi. Keyin esa Vikario darvozasi oldida palapartishlik yuzaga keldi. Bu epizodlarda Romero va Dregushin o‘zini ko‘rsatdi, birinchisi Holandning zarbasi yo‘lidan chiqdi, ruminiyalik himoyachi esa darvozaga kirib borayotgan to‘pga bosh qo‘yishga ulgurdi. Bu vaziyatlarni Londonning qizil-oq qismi ham mezbon himoyachilar bilan birga nishonlashgani aniq. Xususan, shu kuni «Tottenhem»ning katta fanatiga aylanishni va’da qilgan «Arsenal» forvardi Havers ham.

Vikario esa tanaffusdan keyin yana bir mo‘jizaviy seyv namoyish etdi — italiyalik posbon De Breyne jarima maydoni markazida o‘girilib bergan zarbani to‘sdi. Keyin esa «Manchester Siti» bilan o‘yinda vaziyatlardan foydalana olmaslik qanday oqibatlarga olib kelishiga guvoh bo‘ldik. Birinchi bo‘lim oxirida ham «4 ga 2» holatidagi hujumni noaniq uzatma bilan yo‘qqa chiqargan Son Hyon Min bu safar Jonsonning uzatmasidan keyin darvozabon maydonida turib to‘pni to‘rga joylay olmadi. «Shaharliklar» esa darhol haqiqiy master-klass o‘tishdi. Bu hujum Foden maydon markazidagi yakkakurashda Romerodan ustun kelishi va to‘pni qanot bo‘ylab oldinga olib borishi bilan boshlandi. Sariq kartochkasi bor Bentankur esa unga jiddiy qarshilik ko‘rsatishdan tiyildi. Keyin to‘p jarima maydoniga qarama-qarshi tomondan kirib kelgan Bernardu Silvaga yetib bordi, u De Bryuyneni oldinga tashladi, belgiyalik yarimhimoyachi esa bo‘sh darvoza qarshisidagi Holandni to‘p bilan ta’minladi.

Erling mavsumdagi 26-golini oddiy nishonladi, translatsiya rejissyori uning xotirjam yuzini ko‘rsatdi. U bu vaziyatda golni nishonlagan londonlik muxlislarni ham va golda o‘zini aybdor his qilgan, almashtirilganidan keyin zaxira o‘rindig‘ini jahl bilan tepgan Bentankurning reaksiyasini ham namoyish etdi.

Gol o‘tkazib yuborganidan keyin «shporlar» qo‘pol o‘ynashga o‘tishdi, Sarr De Bryuynening oyog‘iga ship bilan zarba berdi, Romero ham qolishmadi va to‘pga birinchi bo‘lib ulgurgan Ederson bilan to‘qnashdi. Natijada jabrlanuvchilarning ikkisini ham almashtirishga to‘g‘ri keldi, braziliyalik posbon esa murabbiyning qarorini o‘ta og‘riqli qabul qildi va maydon chetidagi sumkani kuch bilan tepdi.

Pepning sabablari tushunarli edi. U darvozabonning salomatligi haqida qayg‘urish bilan birgalikda, riskni maksimal darajada istisno qilishni istardi. Yengil miya chayqalish holatida ham jabrlanuvchi o‘z holatini xolis baholay olmasdi — bu muhim epizodda o‘zini ko‘rsatishi va chempionlik boy berilishi mumkin edi. 

Uning o‘rniga tushgan Ortega esa 69 daqiqa maydonda bo‘lgan Edersondan ko‘proq seyv qilishiga to‘g‘ri keldi. «Siti»ning ikkinchi darvozaboni Kulushevskining yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi, ammo asosiysi — Son bilan yakkama-yakka vaziyatda o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Koreyalik hujumchi odatda vaziyatlardan foydalanishda mohirligi bilan ajralib turardi, ammo bu o‘yinda emas.

Bunga o‘xshash holat JCh-2022 finalida ro‘y bergandi, o‘shanda Emiliano Martines Kolo Muani bilan birga-bir vaziyatda qutqargandi. Ortega ham deyarli shunday seyv amalga oshirib, Akanjining qo‘pol xatosini tuzatdi. Bu lahzalarda Gvardiola nimalarni xayoldan o‘tkazganini faqat o‘zi biladi. Bu epizod yakunlanganidan keyin Pep oyoqda tura olmay qoldi.

«Siti» ustozining yiqilishi — memlar kolleksiyasidan o‘rin oldi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa Fodenning yana bir muhim harakatidan keyin jarima maydoniga kirib borgan Doku o‘z driblingi bilan raqibni xato qilishga majburladi, u ishlagan penaltini Holand bunuqson ijro etdi - 2:0. Gvardiola chempionlik masalasi hal bo‘lganini his qilmoqda.

Zaxira o‘rindig‘i ortidan joy olgan fanatlardan biri butun o‘yin davomida «Tottenhem»dan yutqazishni so‘radi, o‘yin oxirida esa Posteko‘g‘li o‘zini tutib tura olmadi.

Bu natijadan keyin Birminghemda ham bayram boshlandi — Unai Emeri «Aston Villa»ni Chempionlar ligasiga olib chiqdi. «Tottenhem» fanatlari esa chempionlik «Arsenal»ga ketganidan ko‘ra sevimli jamoasi Yevropa Ligasida o‘ynashiga rozi.

«Kanonirlar» endi «Vest Hem»ga muxlislik qilishi kerak

Endi Pep istaganidek — so‘nggi turda barchasi jamoaning o‘z qo‘lida bo‘ladi. «Manchester Siti» birinchi o‘ringa chiqdi va turnir jadvalining yuqori qismidagi vaziyat o‘zgarib ketdi.

«Manchester Siti» — 88 ochko
Chempionlik uchun nima kerak: g‘alaba (ma’lum holatlarda durang yoki mag‘lubiyat ham yetarli bo‘lishi mumkin)

«Shaharliklar»ning vaziyati osonlashdi. Gvardiola navbatdagi sovrinni qo‘lga kiritish uchun so‘nggi turda «Vest Hem»ni mag‘lub etishi kifoya. Hatto durang o‘ynash va yutqazish ham yetarli bo‘lishi mumkin — ammo faqat «Arsenal» ham «Everton» bilan o‘yinda ochko yo‘qotsa.

«Vest Hem» bahor boshlanganidan buyon APL doirasida faqat uchta g‘alabaga erishgani, so‘nggi besh o‘yindan faqat bittasida «Luton» ustidan g‘alaba qozongani (3:1) va ikki o‘yinda yirik hisobda yutqazgani inobatga olinsa, Xosep Gvardiola ko‘p qayg‘urmasa ham bo‘ladi. «Vest Hem»da turnir motivatsiyasi yo‘q, shunday ekan bu o‘yinda favorit aniq. «Bolg‘achilar»ga qarshi o‘yinda nafaqat xotirjamlik bilan chempionlikni qo‘lga kiritish, balki prestij uchun to‘plar nisbatini ligadagi eng yaxshisi qilib olish ham mumkin.

«Arsenal» — 86 ochko
Chempionlik uchun nima kerak: faqat g‘alaba + «Siti» ochko yo‘qotishi

Intriga o‘xshamadi — «Siti» «shporlar»ni yengdi va endi tashabbus Pep Gvardiola jamoasida. «Arsenal»da chempionlik uchun ikkita ssenariy bor va ikki holatda ham londonliklar asosiy rolda emas. Har qanday holatda ham «kanonirlar» so‘nggi turda uyda «Everton» ustidan g‘alaba qozonishi, keyin esa «Siti»ning natijasiga qarashi kerak.

Agar «shaharliklar» «Vest Hem»ga yutqazsa, «Arsenal» — chempion. Agar «Siti» durang o‘ynasa — to‘plar nisbatiga qaraladi. 38-tur arafasida hisob londonliklar foydasiga 61:60, shunday ekan, raqobatchining o‘yinida durang qayd etilishi «kanonirlar»ni chempion qiladi.

Lekin «Everton» ustidan g‘alaba qozonish ham muammo bo‘lishi mumkin — «irislar» bir oydan buyon yuqori sport formasi namoyi etmoqda. «Chelsi» bilan o‘yindagi sharmandalikdan keyin (0:6) Shon Daych shogirdlari o‘ziga kelib oldi va APLning keyingi besh turida faqat bitta gol o‘tkazdi, bu vaqt oralig‘ida to‘rt o‘yinda «quruq» g‘alabalarga erishildi va bitta durang qayd etildi («Luton» bilan 1:1). Hatto chempionlik poygasida bo‘lgan «Liverpul» mag‘lub etildi (2:0). Shunday ekan, «Arsenal» diqqatni jamlab o‘ynashi talab etiladi.

Mavzuga oid