O‘zbekiston | 11:33 / 22.05.2024
29495
2 daqiqa o‘qiladi

Termizdagi restoranda harbiy xizmatchi fuqaroga tan jarohati yetkazdi. Zobit mast holda bo‘lgani aytilmoqda

O‘zaro kelib chiqqan tortishuvdan so‘ng harbiy qism zobiti omma oldida fuqaroni so‘kib haqorat qilgan va urib tan jarohati yetkazgan.

Termiz shahrida joylashgan restoranda harbiy zobit (ismi-sharifi tahririyatga ma’lum) fuqaro bilan janjallashib qolgan va uni urib tan jarohati yetkazgan. Bu haqda Kun.uz’ga Termiz shahrida yashovchi Komil Jumayev xabar bermoqda.

Uning ma’lum qilishicha 2024 yil 19 may, yakshanba kuni kapitan harbiy unvoniga ega bo‘lgan zobit fuqarolik kiyimida 30 ga yaqin harbiy xizmatchi bilan Termizdagi Al-Qasr restoraniga kelib tamaddi qilishgan va spirtli ichimliklar ichishgan.

So‘ng ular restoranning yuqori qavatidan turib pastda tug‘ilgan kunini nishonlab o‘ynayotgan qizlarni videoga ola boshlashgan. Shunda Komil Jumayev ularga “qizlarni videoga olmanglar” deganda o‘rtada kelishmovchilik kelib chiqqan.

Shundan so‘ng fuqaro kiyimida bo‘lgan harbiylar va Komil Jumayev restoran hovlisiga chiqishgan va shu yerda zobit uni urib, jarohat yetkazgan.

Tahririyatda jabrlanuvchi taqdim etgan foto va video lavhalar bor. Ularda jamoat joyida sigaret chekib turgan harbiy zobit fuqaroni so‘kib haqorat qilgani va uni urgani tasvirlangan.

Shundan so‘ng jarohatlangan fuqaro tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketilgan.

Jabrlanuvchining yozishicha, oradan bir kun o‘tgach 20 may kuni zobit u yotgan kasalxonaga kelgan va da’vosidan kechishini talab qilgan.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati holat harbiylar ishtirokida sodir bo‘lgani bois ishni harbiy prokuratura ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.

Kun.uz mazkur holat bo‘yicha izoh so‘rab Mudofaa vazirligi va Harbiy prokuraturaga so‘rov yubordi.

Mavzuga oid