Jahon | 18:30 / 23.05.2024
3744
3 daqiqa o‘qiladi

Bishkekda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari o‘rtasidagi muloqot yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etyapti. Muloqot 2021 yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan. 

Foto: kabar.kg

Bishkekda «Markaziy Osiyo iqtisodiyotida ayollarning roli: raqamli, ijtimoiy va ekologik innovatsiyalarni ilgari surishda yetakchilik» mavzusida Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Qozog‘iston parlamenti Majlisi raisi o‘rinbosari Daniya Espayeva, Turkmaniston Majlisining Fan, ta’lim, madaniyat va yoshlar siyosati qo‘mitasi raisi Bahor Seyidova ishtirok etyapti. Tojikiston hukumati huzuridagi Xotin-qizlar va oila masalalari qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Firuza Nurullozoda onlayn tarzda ishtirok etmoqda. 

Yig‘ilishda Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri o‘rinbosari Jamila Isayeva so‘zga chiqib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda ayollar asosiy rol o‘ynashini ta’kidladi. 

«Global raqamlashtirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash davrida ayollarning asosiy sanoat mezonlaridagi ishtirokini rag‘batlantirish zarur. Ayollar nafaqat iqlim o‘zgarishiga eng zaif, balki iqlim bo‘yicha milliy maqsadlarga erishishda muhim manfaatdor tomondir. Gender tengligini ta’minlash, barcha ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish nafaqat adolat, balki iqtisodiy farovonlik masalasidir», dedi Jamila Isayeva. 

Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston muloqotga raisligi doirasida bir qator tashabbuslarga e’tibor qaratishni taklif etgan. 

«Bu ayollar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy jamg‘armasi, raqamli, ijtimoiy va ekologik innovatsiyalar sohasida yetakchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy tarmog‘i hamda milliy va mintaqaviy darajadagi muvofiqlashtiruvchi kengashni tashkil etishdir. Bu tashabbuslar mintaqaning muloqot sohalaridagi o‘zaro hamkorligi doirasida aloqalarini kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan», dedi Jamila Isayeva. 

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari Muloqoti mintaqa parlamentlari ayol a’zolari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun norasmiy platforma hisoblanadi. 2021 yilda O‘zbekiston, 2022 yilda Turkmaniston, 2023 yilda Qozog‘iston Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari Muloqotiga raislik qilgan.

Mavzuga oid