Jahon | 23:09 / 30.05.2024
5790
2 daqiqa o‘qiladi

Sloveniya hukumati Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oldi 

Mamlakat parlamenti ushbu masalani 4 iyun kuni ovozga qo‘yadi. 

Foto: Getty Images

Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya ortidan Sloveniya hukumati Falastin mustaqilligi va suverenitetini tan olishga qaror qildi. Bu haqda RBK mamlakat tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi. 

Falastin mustaqilligining tan olinishi Sloveniyaning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olingan isroilliklarni ozod qilish borasidagi sa’y-harakatlari bilan mutanosib, deyiladi vazirlik xabarida. Endi bu qaror 4 iyun kuni mamlakat parlamentida ma’qullanishi lozim. 

22 may kuni Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya hukumati mustaqil Falastin davlatini tan olganini e’lon qilgan edi. Mamlakatlarning qarorlari 28 maydan kuchga kirdi. 

Bunga javoban Isroil uchala davlatdagi o‘z elchilarini maslahatlashuvlar uchun chaqirib oldi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu bayonotlarni «terrorchilarning mukofotlanishi» deb atadi. Uning fikricha, Falastin mustaqilligini tan olish qarori Tel-Avivning HAMASni mag‘lub etishiga to‘sqinlik qiladi. Uning ta’kidlashicha, Isroil hozirgi bosqichda Falastin davlati tashkil etilishiga rozi bo‘lmaydi. 

Falastin davlatining mustaqilligini 140 dan ortiq davlatlar, jumladan Rossiya, Xitoy va Turkiya tan olgan. 

Mavzuga oid