Jahon | 08:21 / 03.06.2024
10061
4 daqiqa o‘qiladi

FT: Rossiya va Xitoy gaz narxi borasida kelishmovchiliklarga ega

Xitoy «Sibir qudrati 2»dan gazga narxni Rossiya Federatsiyasidagi ichki narxlar darajasida belgilashni talab qildi, deb yozadi FT. Moskva bunga qarshi.

Foto: Reuters

Rossiyaning Xitoy bilan «Sibir qudrati 2» gaz quvurini qurish bo‘yicha kelishuv tuzishga urinishlari narx siyosatidagi kelishmovchiliklar va Pekin Moskvadan sotib olmoqchi bo‘lgan gaz miqdori tufayli to‘xtab qoldi. Bu haqda Financial Times gazetasi 2 iyun, yakshanba kuni muzokaralar borishi bilan tanish bo‘lgan o‘zining uch manbasiga tayanib yozdi

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Xitoy «Sibir qudrati 2» orqali yetkazib beriladigan gaz uchun Rossiya Federatsiyasidagi ichki yonilg‘i narxiga yaqin narxni to‘lamoqchi, garchi ular davlat subsidiyalari tufayli ma’lum darajada ushlab turilsa ham. Bundan tashqari, Pekin gaz quvuri quvvati yetkazib berishga mo‘ljallangan yonilg‘i miqdorining faqat kichik qismini sotib olmoqchi. 

Ushbu masala bo‘yicha kelishmovchiliklar «Gazprom» YoAJ direktorlar kengashi raisi Aleksey Millerning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga 2024 yil may oyida Xitoyga safarida hamrohlik qilmaganiga sabab bo‘ldi. FT manbalariga ko‘ra, Xitoy banklarining Rossiya Federatsiyasidagi faolligini oshirish talablari va Pekinni tinchlik konferensiyasini o‘tkazib yuborishga chaqirish bilan birga, Putin Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan uchrashuv chog‘ida quvur bo‘yicha kelishuvni ham muhokama qilgan.

Millerning bunday jiddiy muzokaralarda yo‘qligi «juda ramziy» edi, dedi Kolumbiya universitetining Global energiya siyosati markazi tadqiqotchisi Tatyana Mitrova FT’ga bergan intervyusida. Shu bilan birga, Pekinning «Sibir qudrati 2» bo‘yicha qat’iy pozitsiyasi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi RFni iqtisodiy ko‘mak uchun Pekinga tobora ko‘proq qaram qilib qo‘yganini ta’kidlaydi, deb yozadi gazeta.

Pekinga «Sibir qudrati» juda muhim emas

Xitoyga gaz quvuri qurilishini ma’qullash «Gazprom»ning pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin, u 2023 yilda Yevropa Ittifoqiga gaz eksporti deyarli to‘xtatilgani tufayli 629 milliard rubl miqdorida rekord darajada zarar ko‘rgan, deb yozadi FT. 

Biroq, «Sibirning qudrati 2» bo‘yicha kelishuvga erishishga hali erta va quvur qurilsa ham, «Gazprom» Xitoyga yiliga jami 98 milliard kubometr gaz yetkazib bera oladi. Taqqoslash uchun, «Gazprom» Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berishni sekinlashtirib, keyin butunlay to‘xtatishidan oldin, Rossiya konserni Yevropa davlatlariga yiliga 200 milliard kub metrga yaqin gaz sotgan. 

Rossiya yonilg‘isini eksport qilishning muqobil yo‘llari yo‘qligi sababli, «Gazprom» Pekin shartlarini qabul qilishi kerak, dedi Berlindagi Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganish Karnegi markazi direktori Aleksandr Gabuyev FT bilan suhbatda. Xitoy «yaxshiroq sharoitlar uchun kutish qobiliyatiga ega», dedi tahlilchi. 

Xitoyning import qilinadigan gazga bo‘lgan talabi ortib bormoqda va 2030 yilga borib qariyb 250 milliard kub metrga yetishi mumkin, deb yozadi gazeta. Biroq Xitoy o‘zini shunday hajm bilan ta’minlash uchun yetarli miqdorda, jumladan, AQSh, O‘zbekiston va Myanma bilan shartnomalarga ega. Shu bilan birga, Rossiya Xitoyga gazni boshqa yetkazib beruvchilarga qaraganda arzonroq sotmoqda. 

Mavzuga oid