O‘zbekiston | 22:02 / 04.06.2024
6797
7 daqiqa o‘qiladi

4 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yo‘lida muhim qadam tashladi: bir qator yirik monopolistlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlar bekor qilinadi. Futbol o‘yini vaqtida IIB xodimlariga tosh otib, qarshilik ko‘rsatgan 13 kishi qamaldi. O‘zbekistonlik merganlar Turkiyadagi xalqaro musobaqada chempion bo‘ldi.

JSTga intilish jadallashadi

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi yo‘lida muhim o‘rin tutuvchi prezident farmoni e’lon qilindi. Farmon bilan bir qator yirik kompaniyalarning eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi, import bojlari qayta ko‘rib chiqiladi, davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlar tugatiladi, investitsiya bitimlar va mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.

Eksklyuziv huquqlari bekor qilinayotgan kompaniyalar ro‘yxatidan “O‘zmetkombinat”, “O‘zikkilamchiranglimetall”, “O‘ztreyd”, “O‘zkimyoimpeks”, “O‘ztelekom”, “O‘zgaztreyd” va “O‘zenergosotish” kabi monopol kompaniyalar o‘rin olgan. Xususan, 2025 yildan boshlab O‘zbekistondagi provayderlar “O‘ztelekom” orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlari mustaqil ravishda tashqi internet tarmoqlariga ulanishi mumkin bo‘ladi. “O‘zgaztreyd” va “O‘zenergosotish” esa tabiiy gaz va elektr energiyasi oldi-sotdisi bo‘yicha yagona operatorlik vakolatlaridan ayriladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan boshlab, ya’ni 2 yildan keyin davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlar va preferensiyalar bekor qilinadi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab eksportchilarga to‘lab kelinayotgan subsidiyalar va amaldagi preferensiyalarni bekor qilish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, eksportchilarni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan taqiqlanmagan shaklda qo‘llab-quvvatlash davom etadi.

Farmonga asosan, 2024 yil avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan barcha mahsulot taqsimotiga oid bitimlarning to‘liq xatlovi o‘tkaziladi. Shu muddatgacha hukumat tomonidan imzolangan barcha investitsiya bitimlarni ham xatlovdan o‘tkazib chiqish vazifasi topshirildi.

Yana bir muhim yangilik: 2025 yil 1 yanvardan boshlab loyiha hujjatlari hali tasdiqlanmagan yoki loyiha hujjatlarini tayyorlash qurilish-montaj ishlari bilan parallel ravishda olib borilayotgan qurilishlarni davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish taqiqlanadi.

Poytaxtning qoq markazida oshkora jinoyat

Toshkent shahri markazidagi sobiq MXX binosi atrofida joylashgan daraxtlar noqonuniy ko‘chirib ketilgani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.

Prokuraturaning tasdiqlashicha, “Muna Mag” MChJ tomonidan sog‘lom o‘sib turgan jami 53 tup qimmatbaho navli ko‘p yillik daraxtlar (eman, qarag‘ay, aylantus va boshqalar) belgilangan talablarga zid ravishda noqonuniy ravishda ko‘chirib olib ketilgan. Holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan kompaniya mas’ullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ta’kidlash kerakki, Kun.uz bu holatda daraxtlar noqonuniy ko‘chirilayotgani haqida bundan 9 kun oldin xabar bergan edi. Ekopartiya Bosh prokuraturadan zudlik bilan chora ko‘rishni so‘raganiga esa 12 kun bo‘ldi. Jinoyat ishining ertaroq qo‘zg‘atilishi, ehtimol, bir qancha daraxtlarni o‘z joyida saqlab qolishga imkon bergan bo‘lardi.

“Baxti Tashkentskiy” ustidan sud boshlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, uning akasi, o‘g‘illari va boshqalar – jami 37 kishiga nisbatan ochiq sud jarayoni boshlandi.

Sudlanuvchilar tovlamachilik, jinoiy uyushma tashkil etish, firibgarlik, qasddan badanga shikast yetkazish, bezorilik va JKning boshqa moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.

Dastlabki sud majlisida prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Baxtiyor Qudratullayev va aksariyat boshqa sudlanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi. Faqat 3 nafar sudlanuvchi qisman o‘z aybiga iqrorligini bildirdi. Shuningdek, sudya OAV vakillarining sud jarayonini yoritishiga cheklovlar belgiladi. Sud o‘z ishini 5 iyun kuni davom ettiradi.

Futboldagi janjal: 13 kishi qamaldi

Surxondaryoda ichki ishlar xodimlariga tosh otib, qarshilik ko‘rsatgan 13 kishi qamaldi. Voqea Oltinsoy tumanida 31 may kuni ro‘y bergan. Shu kuni futbol musobaqasi paytida tartibsizlik kelib chiqqan, tartibbuzarlar ichki ishlar xodimlariga hatto tosh ham otishgan.

Viloyat IIBB xabariga ko‘ra, futbol o‘yini boshlanishidan oldin tomoshabinlardan biri maydonni tark etmasdan, musobaqani boshlashga xalaqit bergan. Fuqaro uni maydondan chiqarish uchun kelgan ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatgan. Keyin unga yana 12 nafar mahalladoshi qo‘shilib, futbol maydonida shovqin ko‘targan va jamoat tartibini buzib, musobaqa buzilishiga sababchi bo‘lishgan.

Sud bu 13 kishining barchasiga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Ular mayda bezorilik, ichki ishlar organ xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va ularga qarshilik qilish moddalari bilan aybdor deb topilgan.

Toshkentdan Issiqko‘lga avtobus qatnay boshladi

Toshkentdan Issiqko‘lga mavsumiy avtobus qatnovlari boshlanadi. Transport vazirligi xabariga ko‘ra, 10 iyundan boshlab Toshkent shahridan Qirg‘izistonning Cho‘lponota (Issiqko‘l) kurort shahrigacha mavsumiy avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.

Qatnovlar oyning juft kunlarida, ya’ni kunora Yutong avtobuslarida amalga oshiriladi. Avtobus soat 15:00 da Toshkent avtovokzalidan jo‘naydi. Chipta narxi 300 ming so‘m etib belgilangan. Toshkent-Cho‘ltonota xalqaro avtobus yo‘nalishida safar vaqti 20 soat, yo‘nalish uzunligi esa 1060 kilometrni tashkil qiladi.

O‘zbekistonlik merganlar – chempion

O‘zbekistonlik merganlar Turkiyadagi xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 20−31 may kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tgan “Eng ilg‘or merganlar jamoasi” musobaqasida g‘olib chiqqan.

Musobaqada 11 davlatdan 36 ta jamoa ishtirok etgan. Unda O‘zbekiston merganlari turli shartlarda besh marta rekord o‘rnatib, yuqori natija qayd etgan. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari birinchi, mezbon Turkiya ikkinchi, Bahrayn terma jamoasi uchinchi o‘rinni egallagan.

Mavzuga oid